O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA ADVOKATURA INSTITUTINI YANADA ISLOH QILISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Sud-huquq tizimini yanada liberallashtirish, fuqarolarning tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqini mustahkamlaydigan konstitutsiyaviy normani amalga oshirish, advokaturaning tashkiliy mustaqilligini ta’minlash, uni yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirish, advokatlarning mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish, advokatlik kasbining obro‘si va nufuzini oshirish maqsadida:
1. Advokatura institutini yanada isloh qilish fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga hamda inson huquqlari va erkinliklarining samarali himoya qilinishini har tomonlama ta’minlashga qaratilgan sud-huquq tizimi sohasidagi islohotlarning bugungi kundagi eng muhim vazifasi deb hisoblansin.
Quyidagilar advokatura institutini yanada isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida fuqarolik jamiyatining asosiy institutlaridan biri bo‘lgan advokaturaning samarali o‘zini o‘zi boshqaradigan markazlashtirilgan tizimini tashkil qilish;
advokatlikka nomzod shaxslarning malakasiga nisbatan qo‘yilayotgan talablarni kuchaytirish, ularning yuridik soha bo‘yicha ish tajribasiga ega bo‘lishi va advokatlik tuzilmalarida amaliyot o‘tashini belgilash, shuningdek advokatlarning muntazam ravishda kasbga oid malakasini oshirishning majburiyligini joriy qilish;
advokaturani halol va kasb mahorati yuqori mutaxassislar bilan to‘ldirishni ta’minlaydigan samarali litsenziyalash tizimini tashkil etish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 432-sonli “Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
advokatlik tuzilmalarining vakolatlarini aniqlashtirish va huquqiy maqomini belgilab berish;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-avgustdagi 432-sonli “Advokatlik faoliyatini maxsus elektron tizim orqali litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
jinoyat protsessida ayblov va himoya taraflarining protsessual huquqlari tengligini ta’minlash;
huquqshunoslik sohasida maxsus bilimga ega bo‘lmagan shaxslarning sud ishida ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaslikka qaratilgan taraflar vakilligi institutini bosqichma-bosqich takomillashtirish;
advokatlar tomonidan kasb etikasi qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish mexanizmi va advokatlarga nisbatan intizomiy ish yuritish tizimini takomillashtirish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va O‘zbekiston Advokatlar assotsiatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi barcha advokatlarining majburiy a’zoligiga asoslangan O‘zbekiston Advokatlar assotsiatsiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasini tashkil etish haqidagi taklifi ma’qullansin.
3. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:
advokatlik tuzilmalari faoliyatini markazlashgan holda muvofiqlashtirib borish;
advokaturani yanada rivojlantirishga, insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishda uning obro‘-e’tibori va ahamiyatini oshirishga ko‘maklashish;
aholining huquqiy bilimi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot ishlarini amalga oshirish;
islohotlarning qonunchilik bazasini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, huquqiy tartibga solishning yaxlitligini hamda qonunchilik normalarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritish;
advokatura faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish, ular bo‘yicha takliflar tayyorlash;
advokatlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning vakili sifatida qatnashish, shu jumladan sudda hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan bo‘lgan munosabatlarda;
advokatlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan ta’qiblardan, cheklashlar va tajovuzlardan himoya qilish choralarini ko‘rish;
advokatlarni kasbiy tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tashkil qilish;
respublika tuman va shaharlarida yuridik maslahatxonalar tashkil etish yo‘li bilan aholining yuridik yordamga bo‘lgan talabini qondirish;
advokatura faoliyati to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni to‘plash va o‘rganish, advokatlarning ijobiy ish tajribasini ommalashtirish, advokatlik tuzilmalariga uslubiy yordam ko‘rsatish;
advokatlar tomonidan qonunchilikka va kasb etikasi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatish.
4. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi:
yuridik shaxs maqomiga ega notijorat tashkiloti hisoblanib, o‘zining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tuziladigan hududiy tuzilmalari bilan birgalikda advokaturaning yagona o‘zini o‘zi boshqarish tizimini tashkil etadi;
advokatlarning qonunchilikka muvofiq amalga oshirayotgan faoliyatiga aralashmaslik tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatadi;
advokatlar tomonidan to‘lanadigan kirish va a’zolik badallari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi;
O‘zbekiston Advokatlar assotsiatsiyasining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki hafta muddatda ushbu Farmonni bajarish va O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasini tuzishning tashkiliy masalalarini hal qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida Hukumat qarorini qabul qilsin;
ikki oy muddatda advokatura institutining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi hamda “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutgan qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga advokatlar tomonidan fuqarolarning ayrim toifalariga ko‘rsatilgan huquqiy yordam uchun davlat hisobidan haq to‘lash mexanizmini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda amaldagi qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.B. Abdullayev zimmalariga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 1-may,
PF-3993-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 18-son, 144-modda)