Oʻzbekiston Respublikasi bilan Bolgariya Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Jinoiy ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisida
2003-yil 24-noyabr, Sofiya
Mazkur Shartnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2004-yil 30-apreldagi 623–II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Bolgariya Respublikasi oʻrtasida jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam toʻgʻrisidagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi qarori bilan ratifikatsiya qilingan.
(2004-yil 11-noyabrdan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Bolgariya Respublikasi, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
jinoiy ishlarni odillik bilan sud qilishni amalga oshirish va jinoyatchilikning oldini olish sohasidagi xalqaro huquq normalariga amal qilib,
jinoyat-huquq sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
I-Boʻlim. Umumiy qoidalar
1-modda
Huquqiy yordam koʻrsatish
Huquqiy yordam koʻrsatish
Ahdlashuvchi Tomonlar milliy qonunchiligi hamda ushbu Shartnoma shartlariga muvofiq jinoiy ishlar boʻyicha bir-birlariga huquqiy yordam koʻrsatadilar.
Ushbu Shartnoma tutib topshirish, jinoiy ishlar boʻyicha hukmlarni ijro etish, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni oʻtashni davom ettirish uchun oʻtkazish va sudda koʻrib chiqish uchun jinoiy ish materiallarini berish masalalariga daxl qilmaydi.
2-modda
Huquqiy yordamning hajmi
Huquqiy yordamning hajmi
Huquqiy yordam soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligida nazarda tutilgan protsessual, tezkor-qidiruv va boshqa harakatlarni bajarishni oʻzida mujassam etadi, shu jumladan:
1) hujjatlar tuzish va joʻnatish, tegishli hujjat va materiallarning asl yoki tasdiqlangan nusxasini, shu jumladan bank, moliyaviy, yuridik va boshqa hujjatlarni taqdim etish;
2) olib qoʻyish va tintuv oʻtkazish, narsa va hujjatlarni olib qoʻyish, yozma va ashyoviy dalillarni berish;
3) koʻzdan kechirish va tekshirib chiqish;
4) ekspertiza oʻtkazish;
5) jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, guvoh va ekspertlarni soʻroq qilish;
6) shaxsni aniqlash;
7) oʻgʻirlangan mulkni qidirish va berish;
8) jinoiy yoʻl bilan topilgan daromadlarni qonuniylashtirish orqali erishilgan mulkning qidiruvi;
9) nazorat qilinadigan yetkazib berish;
10) sud hujjatlarini taqdim etish;
11) sud chaqiruv qogʻozlari va boshqa hujjatlarni topshirish;
12) huquqiy axborot almashish.
3-modda
Huquqiy yordam koʻrsatishni rad etish
Huquqiy yordam koʻrsatishni rad etish
Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma, agar uni bajarish inson huquqlari buzilishiga, davlat suverenitetiga yoki xavfsizligiga zarar keltirsa yoxud Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligiga zid boʻlsa, toʻla yoki qisman rad etilishi mumkin.
Iltimosnomani qondirish rad etilgani toʻgʻrisida qaror qabul qilingan hollarda, soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon bu haqda, rad etish sababi koʻrsatilgan holda yozma ravishda xabardor qilinadi.
4-modda
Munosabatlar tartibi
Munosabatlar tartibi
Ahdlashuvchi Tomonlarning sud, prokuratura, ichki ishlar organlari hamda jinoyat ishlarini tergov qilish vakolatiga ega boʻlgan boshqa muassasalar oʻzlarining markaziy organlari orqali huquqiy yordam koʻrsatadilar. Markaziy organlar bir-birlari bilan bevosita yoki ushbu Shartnomada belgilangan boshqa tartibda munosabatda boʻladilar.
Markaziy organlar boʻlib:
Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi;
Bolgariya Respublikasi uchun — Bolgariya Respublikasi Adliya vazirligi va Bolgariya Respublikasi Oliy kassatsiya prokuraturasi hisoblanadi.
Ushbu Shartnomaning kuchga kirishidan soʻng bir oy muddat ichida Ahdlashuvchi Tomonlar markaziy organlari toʻgʻrisida maʼlumot, shuningdek adres va boshqa kerakli axborot bilan almashadilar. Ushbu maʼlumotga kiritilgan barcha oʻzgarishlar toʻgʻrisida Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz vaqtida bir-birlarini xabardor qiladilar.
5-modda
Hujjatlarning haqiqiyligi
Hujjatlarning haqiqiyligi
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida muassasa yoki bunga maxsus vakolatlangan shaxs tomonidan ularning vakolati doirasida belgilangan shaklda tayyorlangan yoki tasdiqlangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan hujjatlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida hech qanday boshqa maxsus guvohnomasiz qabul qilinadi.
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida rasmiy hujjatlar sifatida qaraladigan hujjatlar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida ham rasmiy hujjatlarning isbotlovchi kuchi bilan foydalanadi.
6-modda
Tillar
Tillar
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomani bajarish doirasida bir-biri bilan munosabatlarda rus tilidan yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat tilidan foydalanadilar.
Ahdlashuvchi Tomonlarning davlat tillarida yoki boshqa tillarda joʻnatiladigan hujjatlari rus tilidagi tarjimasi bilan ilova qilinishlari lozim. Shuningdek, Ahdlashuvchi Tomonlar zarur boʻlgan boshqa hollarda ham rus tilidagi yozma va ogʻzaki tarjimasini taʼminlaydilar.
Hujjatlarning yozma tarjimasining toʻgʻriligini tasdiqlash Ahdlashuvchi Tomonlar qonunchiligi va ushbu Shartnoma qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
7-modda
Huquqiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar
Huquqiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlar
Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon huquqiy yordam koʻrsatish boʻyicha xarajatlarni qoplashni talab qilmaydi. Agar ushbu Shartnoma boʻyicha boshqa holat nazarda tutilgan boʻlmasa, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz hududlarida huquqiy yordam koʻrsatishdan yuzaga keladigan barcha xarajatlarni oʻzlari qoplaydilar.
Ushbu Shartnomaning 6-moddasiga muvofiq qamoqda saqlanayotgan yoki ozodlikdan mahrum etilib, jazo oʻtayotgan shaxslarni vaqtincha guvohlik berish uchun boshqa Tomonga berish vaqtida, ularni tashish bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, ushbu Shartnomaning 12-moddasi 2-bandida nazarda tutilgan xarajatlar soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon tarafidan qoplanadi.
8-modda
Huquqiy masalalar boʻyicha axborot
Huquqiy masalalar boʻyicha axborot
Ahdlashuvchi Tomonlarning markaziy organlari iltimosga binoan bir-birlariga oʻz davlatlarida amaldagi yoki amalda boʻlgan qonunchilik hamda uning qoʻllash tajribasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek, huquqiy masalalari boʻyicha boshqa axborotlarni taqdim etadilar.
II-Boʻlim. Huquqiy yordam koʻrsatish tartibi
9-modda
Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma va uni bajarish tartibi
Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma va uni bajarish tartibi
Ushbu Shartnomada nazarda tutilgan jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam yozma iltimosnomalarga muvofiq amalga oshiriladi. Bunday iltimosnomalarni Ahdlashuvchi Tomonlarning markaziy organlari bir-birlariga bevosita yoki diplomatik kanallar orqali joʻnatishlari mumkin.
Ushbu moddada nazarda tutilgan yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligiga mos ravishda va iltimosnomada koʻrsatilgan tartibda bajariladi, agar ular ushbu Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligiga zid boʻlmasalar.
Zarur hollarda, markaziy organlar iltimosning bajarilishini yengillashtiradigan qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilishga haqlidirlar. Agar iltimosnomaning bajarilishi soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon tarafidan amalga oshirilayotgan jinoiy ish tergoviga yoki boshqa harakatlarga xalaqit qiladigan boʻlsa, uning bajarilishi kechiktirilishi yoki maʼlum shartlar bilan bogʻlanishi mumkin. Iltimosning bajarilishini kechiktirish muddatlari va shartlari soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon bilan kelishib olinadi.
Markaziy organlar huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi uchun barcha zarur choralarni koʻradilar. Agar ushbu Shartnomaning 3-moddasiga binoan huquqiy yordam koʻrsatishning imkoni boʻlmasa, soʻralayotgan markaziy organ huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnomani va unga ilova qilingan hujjatlarni soʻrayotgan markaziy organga qaytarib beradi.
10-modda
Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning mazmuni
Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning mazmuni
Huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnoma quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
1) soʻrayotgan tomon markaziy organining nomi va soʻralayotgan tomon markaziy organining nomi;
2) huquqiy yordam soʻralayotgan ishning nomi, iltimosnomaning maqsadini bayoni va soʻralayotgan huquqiy yordamning bayoni tavsifi;
3) ishning mohiyati toʻgʻrisida imkoniyat darajasida toʻliq maʼlumotlar, shu jumladan, tergov obyekti boʻlmish jinoyatning sodir etilgan vaqti, joyi va holatlari, sodir etilgan xatti-harakatning baholanishi, shuningdek, agar ushbu xatti-harakati oqibatida yetkazilgan zararning miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
4) jabrlanuvchi, guvoh, gumonlanuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jazoga hukm etilganning ism va familiyalari, ularning tugʻilgan sanasi va joyi, fuqaroligi va mutaxassisligi, yashash yoki turish joylari, yuridik shaxslarning nomlanishi, yuridik adresi yoki boʻlish joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
5) 4-bandda koʻrsatilgan shaxslarning vakillari mavjud boʻlsa, ularning ism, familiya va manzillari;
6) soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning tegishli qonunlari hamda boshqa huquqiy hujjatlarining matnlari yoki bayoni;
7) bajarilishi talab etilayotgan aniq harakatlar yoki tartibni qoʻllash sabablari va bayoni, agar zarur boʻlsa;
8) amalga oshirilishi soʻralayotgan harakatlar yoki aynan shunday natijalarga olib keluvchi boshqa har qanday choralar soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida uning qonunchiligiga muvofiq koʻrilishi ham mumkinligi toʻgʻrisida bayonot;
9) zarur boʻlgan hollarda, iltimosnomaning qaysi muddatda bajarilishi kutilayotganligini koʻrsatish.
Zarur boʻlgan hollarda iltimosnomaga sud, prokuratura va tergov organlari tomonidan chiqarilgan rasmiy hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari, shuningdek iltimosnomaning bajarilishini yengillashtiradigan boshqa hujjatlar yoki ularning tasdiqlangan nusxalari yoxud ulardan olingan koʻchirmalar ilova qilinadi.
Iltimosnoma soʻrayotgan markaziy organning tegishli mansabdor shaxsi tomonidan imzolangan va rasmiy muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
11-modda
Huquqiy yordam koʻrsatishda vakolatli organlar vakillarining ishtiroki
Huquqiy yordam koʻrsatishda vakolatli organlar vakillarining ishtiroki
Soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari vakillari soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning roziligi bilan jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnomaning bajarilishida ishtirok etishlari mumkin.
12-modda
Jabrlanuvchilar yoki ularning vakillarini, fuqaroviy daʼvogarlar va fuqaroviy javobgarlarni, guvohlar va ekspertlarni chaqirish
Jabrlanuvchilar yoki ularning vakillarini, fuqaroviy daʼvogarlar va fuqaroviy javobgarlarni, guvohlar va ekspertlarni chaqirish
Zarur boʻlganda Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududida amalga oshiriladigan dastlabki tergovda yoki ishning sudda koʻrilayotganda qatnashish uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidagi jabrlanuvchilar yoki ularning qonuniy vakillari, fuqaroviy daʼvogarlar, fuqaroviy javobgarlar, guvohlar va ekspertlar chaqirtirilishi mumkin.
Soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, guvoh va ekspertga kelib-ketishlari hamda soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlganliklari bilan bogʻliq xarajatlar hamda chalgʻigan kunlari uchun olinmagan ish haqini qoplaydi. Ekspert ekspertiza oʻtkazganligi uchun ham haq olish huquqiga egadir. Chaqiruv qogʻozida chaqirilgan shaxslar qanday toʻlovlarni olishga haqli ekanligi koʻrsatilishi lozim. Bunday shaxslarning iltimosiga koʻra soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning markaziy organi ularga tegishli xarajatlarni qoplash uchun avans toʻlaydi. Avans toʻlanishi soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning diplomatik vakolatxonasi orqali amalga oshirilishi mumkin.
Jabrlanuvchini yoki uning qonuniy vakilini, fuqaroviy daʼvogarni, fuqaroviy javobgarni, guvohni va ekspertni chaqirish toʻgʻrisidagi hujjatda kelmaganligi uchun majburlov choralari qoʻllash haqida tahdid boʻlishi mumkin emas.
13-modda
Immunitet
Immunitet
Ushbu Shartnomaning 12-moddasiga muvofiq chaqirilgan jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili, fuqaroviy daʼvogar, fuqaroviy javobgar, guvoh va ekspert, uning fuqaroligidan qatʼi nazar, soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida uning davlat chegarasidan oʻtgungacha sodir etilgan qandaydir xatti-harakati munosabati bilan jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi yoki jazolanishi mumkin emas. Ushbu shaxslar oʻzlarining koʻrib chiqilayotgan ish boʻyicha koʻrsatmalari yoki ekspertlar sifatidagi xulosalari munosabati bilan ham jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi yoki jazolanishi mumkin emas.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar, agar ular soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududidan, buning uchun imkoniyatga ega boʻlishsa-da, ularga bundan buyon ularning bu yerda boʻlishlariga zarurat yoʻqligini xabar qilgan kundan boshlab oʻn besh kun oʻtgungacha ketishmasa, ushbu band bilan nazarda tutilgan kafolatlarni yoʻqotadilar. Ushbu shaxslar soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududidan oʻziga aloqador boʻlmagan ayb bilan joʻnab keta olmagan vaqt ushbu muddat hisobiga kirmaydi.
14-modda
Hujjatlarni topshirish tartibi
Hujjatlarni topshirish tartibi
Chaqiruv qogʻozlar va boshqa hujjatlar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon iltimosiga va uning hududida amalda boʻlgan qoidalarga muvofiq topshiriladi, agar topshirilayotgan hujjatlar ushbu Shartnomaning 6-moddasiga muvofiq tasdiqlangan tarjima bilan ilova qilingan boʻlsa. Aks holda, oluvchi ularni ixtiyoriy ravishda qabul qilishga rozi boʻlsa, hujjatlar oluvchiga beriladi.
Hujjatlarning yozma tarjimasi toʻgʻriligini tasdiqlash Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi va ushbu Shartnoma qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Agar hujjatlarni iltimosnomada koʻrsatilgan manzil boʻyicha topshirish mumkin boʻlmasa, soʻralayotgan markaziy organ oʻz davlati qonunchiligiga muvofiq manzilni aniqlash uchun zarur chora-tadbirlar koʻradi. Manzilni aniqlashning imkoni boʻlmagan hollarda, soʻralayotgan markaziy organ soʻrayotgan markaziy organni bu haqda xabardor qiladi va topshirilishi lozim boʻlgan hujjatlarni unga qaytaradi.
Hujjatlarning topshirilganligini tasdiqlash soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida amalda boʻlgan qoidalarga muvofiq rasmiylashtiriladi. Tasdiqnomada topshirilgan vaqti, joyi va usuli, shuningdek, hujjatlar topshirilgan shaxs koʻrsatilishi lozim. Hujjatlarni topshirish tasdiqnomasi soʻrayotgan markaziy organga joʻnatiladi.
15-modda
Diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari vakolatlari
Diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari vakolatlari
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining diplomatik vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida boʻlgan oʻz fuqarolariga hujjatlarini topshirish huquqiga ega. Bunda majburiy tusdagi choralar qoʻllash yoki qoʻllashga tahdid qilish mumkin emas.
III-Boʻlim.
Jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi maxsus qoidalar
Jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi maxsus qoidalar
16-modda
Qamoqqa olingan yoki ozodlikdan mahrum etish koʻrinishidagi jazoni oʻtayotgan shaxslarni vaqtincha berib turish
Qamoqqa olingan yoki ozodlikdan mahrum etish koʻrinishidagi jazoni oʻtayotgan shaxslarni vaqtincha berib turish
Zarur hollarda Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga koʻra boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida qamoqqa olingan yoki ozodlikdan mahrum etish koʻrinishidagi jazoni oʻtayotgan shaxsni, uning fuqaroligidan qatʼi nazar, uning roziligi bilan jinoiy ishi boʻyicha guvohlik berishi uchun soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonga, uni qamoqda saqlash va belgilangan muddatda qaytarish sharti bilan, vaqtincha berib turilishi mumkin.
Shaxsni vaqtincha berib turish soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon tarafidan ushbu shaxsga nisbatan amalga oshirilayotgan tergov harakatlariga yoki uning ozodlikdan mahrum etish koʻrinishidagi jazo muddatini oʻtashiga zarar yetkazmasdan Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro kelishib oladigan muddatda amalga oshirilishi lozim.
Ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq vaqtincha berib turiladigan shaxsga nisbatan ushbu Shartnomaning 13-moddasida nazarda tutilgan kafolatlar tatbiq etiladi.
Muhim asoslar mavjud boʻlgan taqdirda vaqtincha berishni rad etish mumkin.
17-modda
Tintuv va olib qoʻyish
Tintuv va olib qoʻyish
Ushbu Shartnomaning 18-moddasida nazarda tutilgan shartlarga amal qilgan holda, Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon oʻz qonunchiligiga muvofiq soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning jinoiy ishi boʻyicha dalil sifatida foydalanish uchun tintuv oʻtkazish, predmetlar va hujjatlarni olib qoʻyish va berish toʻgʻrisidagi iltimosnomasini bajaradi.
18-modda
Mulkni berish
Mulkni berish
Tegishli iltimosnoma mavjud boʻlganda, huquqiy yordam soʻralgan jinoyat oqibatida oʻgʻirlangan hamda soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida topilgan barcha mulk soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonga beriladi. Mulkni berishning aniq shartlarini Ahdlashuvchi Tomonlar belgilaydilar. Bunda topshirilayotgan mulk soliqlar, bojxona bojlari, yigʻimlar va boshqa toʻlovlardan ozod qilinadi. Mulkni berish ushbu mulkka aloqador boʻlgan uchinchi tomonlarning huquqlariga toʻliq rioya qilinadigan tartibda amalga oshiriladi.
Agar koʻrsatib oʻtilgan mulk soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonga jinoiy ishi boʻyicha dalil sifatida zarur boʻlsa, uning topshirilishi ish yurituvi tugaguniga qadar kechiktirilishi mumkin.
Agar soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida ushbu mulk xatga olinishi yoki musodara qilinishi lozim boʻlsa, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon uni berishni rad qilishi yoki vaqtinchalik berib turishi mumkin.
Agar soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon qonunchiligi yoki uchinchi tomon huquqlarini himoya qilish manfaatlari taqozo etsa, shunday yoʻl bilan berilgan har qanday mulk sud muhokamalari tugashi bilan soʻrov soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonga, agar buni ushbu Ahdlashuvchi Tomon talab qilsa, qaytarilishi lozim.
19-modda
Nazorat qilinadigan yetkazib berish
Nazorat qilinadigan yetkazib berish
Zarur hollarda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz milliy qonunchiligiga muvofiq yurgizilishi maxsus qoidalar bilan tartibga solinadigan predmetlar, vositalar va moddalarni nazorat qilinadigan yetkazib berish usulidan foydalanishda, ushbu predmetlar, vositalar va moddalarning noqonuniy yurgizilishida ishtirok etadigan shaxslarni aniqlash va ularni jinoiy javobgarlikka tortish maqsadida bir-birlariga yordam koʻrsatadi.
20-modda
Ikkala Ahdlashuvchi Tomon sudlariga taalluqli ishlarni koʻrib chiqish tartibi
Ikkala Ahdlashuvchi Tomon sudlariga taalluqli ishlarni koʻrib chiqish tartibi
Ahdlashuvchi Tomonlar sudlariga taalluqli boʻlgan, bir qancha jinoyatlarni sodir etishda ayblanayotgan shaxs yoki bir guruh shaxslarga nisbatan boʻlgan jinoiy ishni koʻrib chiqishga, hududida dastlabki tergov harakatlari nihoyasiga yetgan Ahdlashuvchi Tomonning sudi vakolatlidir. Bunday hollarda jinoiy ish ushbu Ahdlashuvchi Tomonning sudda ishni koʻrib chiqish qoidalariga binoan koʻrib chiqiladi.
21-modda
Maxfiylikni saqlash
Maxfiylikni saqlash
Tegishli iltimosnoma mavjud boʻlganida:
1) soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosnomani, iltimosnoma va unga ilova qilinayotgan hujjatlar mazmunini, shuningdek, bunday yordam koʻrsatish holatlarini maxfiylikda saqlash uchun zarur choralarini koʻradi. Agar ushbu iltimosnomani maxfiylikni saqlay olmasdan qondirishning iloji boʻlmasa, soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon bu haqda soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonni xabardor qiladi, u esa oʻz navbatida ushbu iltimosni qondirishni soʻrash kerak yoki yoʻqligini oʻzi hal etadi;
2) soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon taqdim etgan guvohliklar va axborotlarning maxfiyligini saqlaydi. Ushbu guvohliklar va axborotlar iltimosda koʻrsatib oʻtilgan tergov harakatlari va sud muhokamalarini oʻtkazish uchun kerak boʻlgan hollar bundan mustasno.
22-modda
Foydalanishni cheklash
Foydalanishni cheklash
Soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning roziligisiz taqdim etilgan dalillar va axborotlardan huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimosda koʻrsatib oʻtilgan tergov harakatlari va muhokamalardan boshqa harakatlarni amalga oshirishda foydalanmaydi va berib yubormaydi.
Ammo ayblov oʻzgargan holda ushbu Shartnomaga muvofiq huquqiy yordam koʻrsatishni taqozo etadigan jinoyatni tashkil etganda taqdim etilgan materialdan shu darajada foydalanish mumkin.
23-modda
Guvohlarni, jabrlanuvchilarni va jinoiy protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish
Guvohlarni, jabrlanuvchilarni va jinoiy protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish
Zarur hollarda, Ahdlashuvchi Tomonlar jinoiy ishlari boʻyicha birgalikda tergov harakatlarini amalga oshirayotganlarida, shuningdek, bunday ishlar sudda koʻrilayotganda odillik bilan sud qilishni amalga oshirish manfaatlari talab qilinganida, protsessda ishtirok etayotgan guvohlar, jabrlanuvchilar va boshqa ishtirokchilarni himoya qilish boʻyicha oʻz qonunchiliklarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni koʻradilar.
24-modda
Ayblov hukmlar toʻgʻrisida xabardor qilish va sudlanganlik toʻgʻrisida maʼlumotlar
Ayblov hukmlar toʻgʻrisida xabardor qilish va sudlanganlik toʻgʻrisida maʼlumotlar
Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni har yili boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolari va boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida doimiy yashaydigan shaxslarga nisbatan chiqarilgan va qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmlari haqida xabardor qiladi va shu bilan birga hukm qilinganlarning fotosuratlarini va barmoq izlarini joʻnatadi.
Ahdlashuvchi Tomonlar iltimosnomaga koʻra bir-birlariga ilgari oʻz sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarning sudlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar haqida xabar beradilar, agar ushbu shaxslar soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududida jinoiy javobgarlikka tortiladigan boʻlsa.
IV-Boʻlim. Yakuniy qoidalar
25-modda Bahslarni hal qilish
Ushbu Shartnomani talqin qilish yoki qoʻllashda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida bahslar paydo boʻlgan hollarda, Ahdlashuvchi Tomonlar kelishmovchiliklarni maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal qilishga harakat qiladilar. Zarur boʻlgan hollarda Ahdlashuvchi Tomonlar Shartnomani qoʻllanilishini kuzatish va vujudga kelishi mumkin boʻlgan kelishmovchiliklarni hal qilish uchun qoʻshma komissiyani tuzishlari mumkin.
26-modda
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Boshqa xalqaro shartnomalarga munosabat
Ushbu Shartnoma qoidalari Ahdlashuvchi Tomonlar ishtirokchilari boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning majburiyat va huquqlariga daxl qilmaydi.
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomada tilga olingan masalalar boʻyicha, uning qoidalarini toʻldirish yoki kuchaytirish unda oʻrnatilgan tamoyillarni qoʻllashni yengillashtirish maqsadida, oʻzaro, shu jumladan, idoralararo bitimlar tuzishlari mumkin.
27-modda
Qoʻshimcha va oʻzgartirishlarni kiritish
Qoʻshimcha va oʻzgartirishlarni kiritish
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Shartnomaga bayonnomalar orqali rasmiylashtiriladigan qoʻshimcha va oʻzgartishlarni kiritishi mumkin. Ular ushbu Shartnomaning 28-moddasida koʻzga tutilgan tartibda kuchga kirganidan soʻng uning ajralmas qismi hisoblanadi.
28-modda
Kuchga kirish
Kuchga kirish
Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinishi shart va ratifikatsiya yorliqlari almashinuvidan soʻng oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
29-modda
Amal qilish muddati va denonsatsiya
Amal qilish muddati va denonsatsiya
Ushbu Shartnoma noaniq muddatga tuzilgan.
Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilib ushbu Shartnomani denonsatsiya qilishi mumkin. Ushbu holda Shartnoma mazkur Ahdlashuvchi Tomon xabarnomani olgan kundan soʻng olti oy oʻtgandan keyingi oyning birinchi kuni oʻz kuchini yoʻqotadi.
30-modda
Shartnomani qoʻllash
Shartnomani qoʻllash
Ushbu Shartnoma u kuchga kirgunga qadar vujudga kelgan xatti-harakatlar boʻyicha huquqiy yordam toʻgʻrisida iltimosnomalarni amalga oshirishda ham qoʻllanishi mumkin.
Sofiya shahrida 2003-yil 24-noyabrda ikki asl nusxada har biri oʻzbek, bolgar va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Shartnoma qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 3-4-son)