Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING 2008 YILGI INVESTITSIYa DASTURI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni yanada chuqurlashtirish, korxonalarning investitsiya faoliyatini jadallashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta qurollantirish dasturlarini amalga oshirishga xorijiy investitsiyalarni, eng avvalo toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb etish va ulardan samarali foydalanish, ilgʻor texnologiyalarni tadbiq etish, yangi ish oʻrinlari yaratish va shu asosda respublika iqtisodiyotining barqaror va bir maromda rivojlanishini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yilgi Investitsiya dasturining asosiy parametrlari 1 va 2-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
* 1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Quyidagilar tasdiqlansin:
davlat budjeti mablagʻlari hisobidan 2008-yilgi markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limitlari 3-ilovaga* muvofiq;
budjetdan tashqari Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2008-yilgi markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limitlari 4-ilovaga* muvofiq;
budjetdan tashqari Respublika maktab taʼlimi jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2008-yilgi markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limitlari hamda Islom taraqqiyot bankining imtiyozli krediti hisobidan 2008-yilda quriladigan umumtaʼlim maktablarining aniq manzilli roʻyxati 5 va 5a-ilovalarga* muvofiq;
2008-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Taraqqiyot va tiklanish jamgʻarmasi mablagʻlarini jalb etgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining aniq manzilli dasturi 6-ilovaga* muvofiq;
korxonalarning shaxsiy mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash boʻyicha 2008-yilgi investitsiya loyihalarining aniq manzilli qurilishlari roʻyxati 7-ilovaga* muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolati bilan xorijiy kreditlarni jalb etgan holda amalga oshiriladigan 2008-yilgi investitsiya loyihalarining aniq manzilli dasturi 8-ilovaga* muvofiq.
* 3—8-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Quyidagilar maʼqullansin:
toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etgan holda amalga oshiriladigan 2008-yilgi investitsiya loyihalarining aniq manzilli dasturi 9-ilovaga* muvofiq;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning shaxsiy mablagʻlari hisobidan kasb-hunar kollejlari qurilishining 2008-yilgi aniq manzilli roʻyxati 10-ilovaga* muvofiq;
ustuvor investitsiya takliflarining yigʻma roʻyxati 11-ilovaga* muvofiq.
* 9—11-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, buyurtmachi vazirliklar va idoralar:
oʻn kun muddatda davlat budjeti, budjetdan tashqari Respublika yoʻl jamgʻarmasi, Maktab taʼlimi jamgʻarmasi va Oʻzbekiston bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar boʻyicha 2008-yilgi qurilishlarning dastlabki aniq manzilli roʻyxatini, 2007-yilning 1-noyabrigacha boʻlgan muddatda esa 2008-yilgi qurilishlarning maromiga yetkazilgan uzil-kesil aniq manzilli roʻyxatini kelishib olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligiga taqdim etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi bilan birgalikda 2008-yilda qurilishi yangi boshlanadigan umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar obyektlari boʻyicha — 2007-yilning 20-oktabrigacha, davlat budjeti va budjetdan tashqari Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar boʻyicha esa 2007-yilning 25-oktabrigacha tanlov savdolarini oʻtkazishni taʼminlasin;
2007-yilning 1-noyabrigacha pudratchi tashkilotlar bilan birgalikda, belgilangan tartibda, yildan-yilga oʻtkaziladigan obyektlarning 2008-yil 1-yanvar holatiga koʻra qoldiq narxini qayta hisob-kitob qilsin;
2007-yilning 1-dekabrigacha korxonalarning shaxsiy mablagʻlari, xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar boʻyicha 2008-yilgi loyihalarni amalga oshirishning belgilangan tartibda tasdiqlangan tarmoqli jadvallarini Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga taqdim etsin;
tanlov savdolarining natijalari tasdiqlangandan soʻng oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va uning hududiy organlariga, shuningdek xizmat koʻrsatuvchi banklarga moliyalashni ochish maqsadida taqdim qilish uchun yangidan boshlanadigan obyektlar boʻyicha pudrat shartnomalari tuzilishini taʼminlasin va qurilishlarning titul roʻyxatlarini tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda qurilishlarning aniq manzilli roʻyxatlari belgilangan tartibda buyurtmachi tomonidan taqdim etilgandan soʻng, ikki hafta muddatda davlat budjeti, budjetdan tashqari Respublika yoʻl jamgʻarmasi, Maktab taʼlimi jamgʻarmasi va Oʻzbekiston bolalar sportini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar boʻyicha 2008-yilgi qurilishlarning uzil-kesil aniq manzilli roʻyxatlarini kelishib olsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan kelishilgan holda bir oy muddatda mintaqaviy investitsiya dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “Oʻzinfoinvest” agentligi 11-ilovaga kiritilgan investitsiya loyihalarining tashabbuskorlari bilan birgalikda ustuvor investitsiya takliflari boʻyicha ularni sifatli tayyorlash va xorijiy investorlarni tanlab olish tadbirlarini tashkil etsin.
Vazirliklar va idoralar — xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning qarz mablagʻlarini jalb etgan holda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining buyurtmachilari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda vakil banklar bilan birgalikda qarz bitimlarining kuchga kirishi boʻyicha chora-tadbirlarni 2008-yilning 1-yanvarigacha yakuniga yetkazsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2007-yil yakunlari boʻyicha 2007-yilgi Investitsiya dasturining amalga oshirilishi natijalarini tanqidiy koʻrib chiqsin, zarurat tugʻilganda 2008-yilgi Investitsiya dasturining asosiy parametrlariga tegishli aniqliklarni kiritsin.
9. Xorijiy sarmoyalar ishtirokidagi yirik va strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengashga Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining qoʻshma taqdimnomasi boʻyicha 2008-yil mobaynida tasdiqlangan Investitsiya dasturining umumiy parametrlari doirasida investitsiya loyihalarining aniq manzilli dasturiga va ayrim buyurtmachilar boʻyicha kapital mablagʻlar limitlariga aniqliklar kiritish, shu jumladan investitsiya loyihalarini yigʻma roʻyxatdan dasturning aniq manzilli qismiga yoki aniq manzilli qismidan yigʻma roʻyxatga oʻtkazish huquqi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, oʻtkazilgan tanlov savdolari hamda ayrim qurilishlar va obyektlar boʻyicha mablagʻlarni amalda oʻzlashtirish natijalariga koʻra tasdiqlangan limitlar doirasida buyurtmachilar qurilishlarining aniq manzilli roʻyxatiga oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi:
loyiha va qurilish-montaj ishlarining sifati, shahar qurilishi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari, qoida va standartlariga investitsiya loyihalari amalga oshiriladigan butun davr mobaynida rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirsin;
tanlov savdolari natijalari boʻyicha tuzilgan shartnoma majburiyatlari ijrosi monitoringi, markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan obyektlar qurilishi muddatlari va shartnoma majburiyatlariga rioya etilishi ustidan nazorat amalga oshirilishini taʼminlasin.
2008-yilning har choragi yakunlari boʻyicha monitoring natijalari toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot berib turilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda markazlashtirilgan manbalar hisobidan amalga oshiriladigan kapital qurilishda narxlarning shakllantirilishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
12. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va N.M. Xanov zimmalariga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 9-oktabr,
PQ-704-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 41-42-son, 418-modda)