|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 02.03.2018
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
AKSIZ SOLIGʻIGA TORTILADIGAN AYRIM TURDAGI TOVARLARNING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDI ORQALI TRANZIT YOʻLI BILAN OLIB OʻTILIShINI YaNADA TARTIBGA SOLISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi PF-5366-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitni amalga oshirish jarayonlarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aksiz soligʻiga tortiladigan ayrim turdagi tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit harakati ustidan tegishli bojxona nazoratini taʼminlash maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2007-yilning 10-oktabridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali alkogolli va tamaki mahsulotlarining avtomobil va temir yoʻl transporti vositasidagi tranzit harakati quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsatiga binoan amalga oshiriladi:
yuk olib oʻtuvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarining depozit hisobvaragʻiga tegishli bojxona toʻlovlarining barcha summasi toʻlanishi shart, keyinchalik tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga olib chiqib ketilganligi tasdiqlangandan soʻng toʻlangan summalar qaytariladi;
tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati, uni yetkazib berish shartnomasi (bitimi), tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yoʻli bilan tashilgan taqdirda, uni olib oʻtish jadvalining mavjudligi.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 30-dekabrdagi PF-4494-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 1-son, 2-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali olib oʻtiladigan alkogolli va tamaki mahsulotlarini bojxona organlarining kuzatib borishi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit yoʻli bilan alkogolli va tamaki mahsulotlarining olib oʻtilishiga ruxsat berish toʻgʻrisidagi qarorining amal qilish muddati qaror qabul qilingan kundan boshlab uzogʻi bilan olti oyni tashkil etadi;
tranzit maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan alkogolli va tamaki mahsulotlari, agar ularga Vazirlar Mahkamasining tranzit harakat qilish uchun ruxsatnomasi boʻlmasa yoki bojxona toʻlovlari toʻliq hajmda toʻlanmagan boʻlsa, ushbu mahsulotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq qaytarib olib chiqib ketiladi.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali alkogolli va tamaki mahsulotlarining tranzit harakatiga ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga* muvofiq;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit yoʻli bilan olib oʻtiladigan alkogolli va tamaki mahsulotlariga nisbatan bojxona toʻlovlari pulini Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari depozit hisobvaragʻiga toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tildagi matnda berilgan.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda 2007-yilning 10-oktabrigacha boʻlgan muddatda bojxona organlari depozit hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatuvchi vakil banklarni belgilasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tovarlarning tranzit harakati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritilgani toʻgʻrisida xorijdagi diplomatik vakolatxonalar orqali tegishli davlatlar tashqi ishlar vazirliklarini belgilangan tartibda xabardor qilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining boj olinadigan hududi orqali tashiladigan aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarni nazorat qilishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1997-yil 12-noyabrdagi 509-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirliklar va idoralarning meʼyoriy hujjatlari mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri SH.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 4-oktabr,
PQ-703-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 40-son, 415-modda; 2013-y., 1-son, 2-modda)