Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 21.11.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
HUQUKIY MAʼRIFAT TARGʻIBOTI MARKAZINI TAShKIL QILISh VA HUQUQIY ADABIYOTLARNI AHOLIGA YETKAZIB BERIShNI YOʻLGA QOʻYISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-noyabrdagi 528-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy maʼrifat sohasidagi faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini oʻrganish ishini yaxshilash haqida” 1997-yil 25-iyundagi PF-1791-son Farmoniga muvofiq aholining huquqiy bilimi va ongini yuksaltirish, jamiyat aʼzolarining huquqiy faolligini oshirish, islohotlarni yangi mazmun bilan boyitish yuzasidan olib borilayotgan ishlar davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilanganligini inobatga olib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent Davlat yuridik instituti huzuridagi Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari adliya boshqarmalari huzurida uning mintaqaviy boʻlimlari tashkil etilsin. Markazning tuzilmasi hamda Ustavi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
― mamlakatda huquqiy taʼlim faoliyatini kuchaytirish va uslubiy jihatdan taʼminlash, aholi oʻrtasida huquqiy bilimlarni targʻib qilish;
― aholi, turli ijtimoiy guruhlarining huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy tarbiya va taʼlimning zamonaviy turlarini tatbiq etish borasida tavsiyalar ishlab chiqish;
― aholining huquqiy bilimini oshirish maqsadida yangi qonunchilik va meʼyoriy huquqiy hujjatlarni davriy umumlashtirish, ularni aholiga yetkazish uchun Markazning mintaqaviy boʻlimlariga yuborish;
― huquqiy taʼlimning ahvolini umumlashtirish va tahlil qilib borish, bu sohani takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
― joylarda huquqiy targʻibot ishlarini muvofiqlashtirish;
― ommabop huquqiy adabiyotlarni, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarni va darsliklarni tayyorlashni muvofiqlashtirish;
― aholining huquqiy madaniyati va saviyasini oshirishga qaratilgan tashkiliy-targʻibiy ishlarda jamoat birlashmalari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik qilish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura, sud, ichki ishlar va adliya idoralari, Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Fanlar akademiyasi Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazining vazifalarini amalga oshirishda unga yaqindan amaliy yordam koʻrsatsinlar.
4. Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Kamolot”, “Mahalla” jamgʻarmalari va boshqa jamoat birlashmalariga aholining huquqiy bilimlarini oshirish yuzasidan aniq maqsadga yoʻnaltirilgan targʻibiy ishlarni amalga oshirish tavsiya etilsin.
Mazkur masala bilan bogʻliq boʻlgan Ommaviy, maʼrifiy, targʻibiy-tashkiliy ishlarning Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritilishining muhim ekanligi taʼkidlansin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklariga Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazining hududiy boʻlimlarini zarur asbob-uskunalar, ofis mebeli, tashkiliy-texnika vositalari bilan jihozlashda, huquqiy targʻibot ishlarini yuritishda yaqindan yordam koʻrsatish yuklansin.
Tuman (shahar) hokimliklari huzurida jamoatchilik asosida Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazining hududiy boʻlimlarini tashkil qilish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga topshirilsin.
Huquqiy-maʼrifat targʻiboti markazining tuman (shahar)lardagi hududiy boʻlimi ishini tashkil qilish, huquqiy targʻibot ishlarini muvofiqlashtirish tuman (shahar) hokimlari zimmasiga yuklansin.
6. Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazi va uning hududiy boʻlimlari xodimlariga davlat hokimiyati organlari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning amaldagi shartlariga muvofiq tarif stavkalari belgilansin.
7. Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazi huzuridagi ilmiy-ommabop huquqiy adabiyotlar nashr etish boʻyicha idoralararo respublika muvofiqlashtiruvchi-uslubiy Kengash tuzilsin.
Mazkur Kengashga nashr etishga tavsiya qilingan huquqiy adabiyotlarni ilmiy-ommabop adabiyotlar maqomiga kiritish huquqi berilsin.
8. Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Respublika Prezidenti farmonlari va farmoyishlari, Oliy Majlis sessiyalari hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning meʼyoriy hujjatlari va statistik toʻplamlarini oluvchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazini maxfiy boʻlmagan bosma asarlar va kitob mahsulotining (ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, tarixiy) nazorat nusxalari yuboriluvchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritsin.
10. Ommabop huquqiy adabiyotlarni nashr etishni koʻpaytirish va ularni respublika aholisiga arzon narxlarda sotishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi mavjud “Adolat” nashriyotining moddiy-texnikaviy negizini mustahkamlashga yaqindan yordam bersin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat matbuot qoʻmitasi, “Kitob savdosi” davlat-aksiyadorlik uyushmasi, “Matbuot tarqatish uyushmasi” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda huquqiy ilmiy-ommabop adabiyotlar, darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarini aholiga 50 foiz arzonlashtirilgan narxlarda sotish tartiblarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi buyurtmasiga muvofiq Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazini jihozlash, transport vositalari olish va uning faoliyatini tashkil etish uchun zarur mablagʻlar ajratsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi B. Gʻulomov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 22-iyul,
367-son
Vazirlar Mahkamasining
1997-yil 22-iyuldagi 367-son qaroriga
1-ILOVA
Toshkent Davlat yuridik instituti huzuridagi Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazining
TUZILMASI
Vazirlar Mahkamasining
1997-yil 22-iyuldagi 367-son qaroriga
2-ILOVA
Toshkent Davlat yuridik instituti huzuridagi Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazining
USTAVI
1. Umumiy qoidalar
Toshkent Davlat yuridik instituti huzuridagi Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazi (keyingi oʻrinlarda — “Markaz”) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini oʻrganish ishini yaxshilash haqida” 1997-yil 25-iyundagi PF-1791-son Farmoniga muvofiq tashkil etilgan.
Markaz Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari adliya boshqarmalari huzurida hududiy boʻlimlari, tuman (shahar) hokimliklari huzurida jamoatchilik asosida ishlovchi oʻz boʻlimlariga ega boʻlgan, huquqiy maʼrifat targʻiboti bilan shugʻullanuvchi, ilmiy-ommabop huquqiy adabiyotlarni nashr etish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi, nashr etishga tavsiya qilinayotgan huquqiy adabiyotlarga ilmiy-ommabop adabiyotlar maqomini berish huquqiga ega boʻlgan muassasa hisoblanadi.
2. Markazning asosiy vazifalari
Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
― mamlakatda huquqiy taʼlimni tashkil etishga yordamlashish, aholi oʻrtasida huquqiy bilimlarni targʻib qilish, huquqiy sohadagi taʼlim ishlarini uslubiy jihatdan taʼminlash;
― aholi turli ijtimoiy guruhlarining huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy tarbiya va taʼlimning zamonaviy turlarini tatbiq etish borasida tavsiyalar ishlab chiqish;
― aholining huquqiy bilimini oshirish maqsadida yangi qonunchilik va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar davriy umumlashtirilishini amalga oshirish hamda ularni Markazning mintaqaviy boʻlimlariga yetkazish;
― huquqiy taʼlimning ahvolini umumlashtirish va tahlil qilib borish, ularni yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
― joylarda huquqiy targʻibot ishlarini muvofiqlashtirish;
― yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini oʻz vaqtida aholiga yetkazish va ularni targʻib qilish;
― ommabop huquqiy adabiyotlar, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va darsliklar tayyorlash;
― respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Kamolot”, “Mahalla” jamgʻarmalari va boshqa jamoat birlashmalari bilan hamkorlikda aholining madaniy, maʼrifiy va huquqiy saviyasini oshirish borasida ish olib borish.
3. Markazning maqomi
Markaz Adliya vazirligining Toshkent Davlat yuridik instituti huzuridagi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan mustaqil tuzilmasi boʻlib, u tashkiliy-uslubiy huquqiy maʼrifat targʻiboti muassasasi hisoblanadi.
Markaz Oʻzbekiston Respublikasining Gerbi tasviri tushirilgan muhriga, bankda mustaqil schyotiga va oʻz balansiga ega boʻladi.
Markaz oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, Respublika Prezidentining farmonlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda Adliya vazirligining buyruqlari, yoʻriqnomalari, shuningdek Ushbu Ustavga asosan amalga oshiradi.
Markazning toʻliq nomi:
Toshkent Davlat yuridik instituti huzuridagi Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazi.
4. Markazning huquqlari
Markaz oʻz faoliyatini mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Huquqiy maʼrifat targʻiboti markazi va uning hududiy boʻlimlari xodimlariga davlat hokimiyati va boshqaruv organlari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning amaldagi shartlariga muvofiq tarif stavkalari belgilanadi.
Markaz oʻquv-uslubiy ishlarni va darsliklarni belgilangan tartibda ishlab chiqadi, ularni kelgusida takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi.
Respublikadagi oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari va xorijiy mamlakatlardagi oʻquv yurtlari bilan ilmiy-amaliy va madaniy aloqalarni rivojlantirish hamda oʻzaro yordam koʻrsatish maqsadida shartnomalar tuzadi. Shuningdek respublikadagi va xorijiy mamlakatlardagi oʻquv yurtlari bilan oʻquv-uslubiy ishlar boʻyicha tajriba almashadi.
Ajratilgan budjet mablagʻlari yoki Markazning oʻz mablagʻlari hisobiga zarur boʻlgan jihozlarni sotib, olishi va ularni ijaraga berishi mumkin.
Tejab qolingan mablagʻlarni, shuningdek shartnoma asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlarni oʻzining moddiy-texnik bazasini yaxshilashga, yangi oʻquv qoʻllanmalari, darsliklar va boshqa adabiyotlar sotib olishga, xodimlarni ragʻbatlantirishga sarflashi mumkin.
Oʻquv dasturlari, darsliklar, oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy maqolalar toʻplamlarini nashr qilishi mumkin.
Oʻquv-uslubiy ishlarga yuqori malakali huquqshunos olimlar, tajribali amaliyotchi xodimlar va yetakchi mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qiladi. Shuningdek chet ellik mutaxassislarni shartnoma asosida ishga taklif etadi.
Markazni rivojlantirish uchun ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy himoya qilish, moddiy ragʻbatlantirish, valyuta ajratmalari jamgʻarmalari tashkil qilinishi mumkin.
Markaz oʻz moddiy bazasini mustahkamlashi, davolash-profilaktika va sogʻlomlashtirish, maishiy, kommunal va umumiy ovqatlanish tarmoqlari ochishi va ularni kengaytirishi mumkin.
5. Markazning tuzilmasi
Markaz direktor, direktor oʻrinbosari, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari adliya boshqarmalari huzuridagi, shahar, tuman hokimliklari huzuridagi hududiy boʻlimlar, muvofiqlashtiruvchi-uslubiy boʻlim, maʼruza-targʻibot boʻlimi, nashriyot boʻlimi, kompyuter boʻlimi, umumiy boʻlim va boshqa tuzilmalardan iborat boʻladi. Markaz huzurida ilmiy-ommabop huquqiy adabiyotlarni nashr etish boʻyicha Idoralararo respublika muvofiqlashtiruvchi-uslubiy Kengashi tuziladi.
Markaz faoliyatiga direktor rahbarlik qiladi.
Markaz direktori va uning oʻrinbosari Toshkent Davlat yuridik instituti rektori tavsiyasiga koʻra Adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Markaz direktori oʻz vakolati doirasida amaldagi qonunlar asosida buyruqlar chiqaradi va uning bajarilishini taʼminlaydi. Direktor amaldagi qonunlarga va mazkur Ustavga muvofiq:
barcha korxona, muassasa, tashkilotlarda Markaz nomidan ish koʻradi, Markazning mol-mulki, mablagʻlarini boshqaradi. Shartnomalar tuzadi, ishonchnomalar beradi, bankda hisob-kitob schyotlari ochadi;
Markaziy apparat xodimlari oʻrtasida vazifalarini taqsimlaydi;
xodimlarni ishga qabul qiladi, boshqa ishga oʻtkazadi va ishdan boʻshatadi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi barcha organlarida, muassasalar va tashkilotlarda Markaz nomidan vakillik qiladi;
Markazning boʻlinmalari, Markazga qarashli muassasalar va tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlaydi;
Markazning targʻibot-maʼruza, oʻqitish, ilmiy-tadqiqot, maslahatlar va boshqa boʻlinmalari rahbariyatini tasdiqlaydi;
Markaz boʻlinmalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish haqida qarorlar qabul qiladi;
maʼruzalarning mavzu rejalarini, oʻqish dasturlarini tasdiqlaydi;
Markazning moliyaviy faoliyati bilan bogʻliq masalalarni hal qiladi;
Markazni mablagʻ bilan taʼminlash xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
Toshkent Davlat yuridik institutining rektori bilan kelishgan holda boʻlinmalar uchun lavozimlar roʻyxatini belgilaydi, lavozim maoshlari jadvallarini, oylik tarif stavkalari va mehnatga soatbay haq toʻlash miqdorlarini mavjud mablagʻlar doirasida tasdiqlaydi;
Markaz xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni mukofotlash shakllarini hamda tizimlarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va mazkur Ustavga muvofiq boshqa faoliyatni amalga oshiradi.
6. Markazning moliya-xoʻjalik faoliyati
Budjetdan ajratilgan mablagʻlar va davlat boshqaruvi turli organlari, tijorat tuzilmalari, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, shu jumladan xorijiy firmalar bilan tuzilgan shartnomalar Markaz moliya-xoʻjalik faoliyatining asosi hisoblanadi.
7. Markazga quyidagi huquqlar beriladi:
belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
Markazga ajratilgan mablagʻlar yoki oʻz jamgʻarmalari hisobiga davlat yoki tijorat korxonalaridan zarur asbob-uskunalarni va boshqa moddiy resurslarni sotib olish, ularga buyurtma berish;
oʻziga tegishli mol-mulkka, intellektual va boshqa mulkka, xoʻjalik yoki boshqa xil faoliyatdan olingan mahsulotga, daromadlarga, shuningdek, amaldagi qonunchilik yoʻl qoʻyadigan boshqa asoslar boʻyicha sotib olingan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish;
jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy yordam koʻrsatish;
ilmiy, ilmiy-texnika mahsulotlari, xalq isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va sotish;
Markaz tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarga va tovarlarga, koʻrsatiladigan xizmatlarga tariflar va narxlarni mustaqil belgilash;
moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, Markaz xodimlariga va taklif etilgan mutaxassislarga mehnat haqi toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish, ularning uy-joy, turmush sharoitlarini yaxshilash, shuningdek mazkur Ustavda nazarda tutilgan ijtimoiy va boshqa vazifalarni hal qilish uchun ishlab topilgan va boshqa shaxslar hamda tashkilotlardan olingan mablagʻlarni oʻz ixtiyoriga koʻra sarflash;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan va mazkur Ustavga zid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish.
Markaz bank kreditidan foydalanadi va kredit shartnomalarining bajarilishi va hisob-kitob intizomiga rioya qilinishi uchun javob beradi;
pul mablagʻlarini saqlash va hisob-kitob, kredit hamda kassa operatsiyalarining barcha turlarini amalga oshirish uchun bank va boshqa kredit muassasalarida oʻzining schyotlari (shu jumladan, valyuta schyotlari)ga ega boʻladi.
Markaz oʻz mablagʻlari va oʻziga qarashli muassasalarning xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy badallari hisobidan Markazni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etadi. Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va sarflash tartibi Toshkent Davlat yuridik instituti rektori bilan kelishgan holda Markaz tomonidan ishlab chiqilgan maxsus nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Xalqaro faoliyat
Markaz huquqiy-maʼrifiy targʻibot, ilmiy-tadqiqot ishlarini yuritishda, maʼruzachi, professor-oʻqituvchilar tarkibi malakasini oshirish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, xorijiy tashkilotlar bilan kontrakt tuzish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish huquqiga egadir.
9. Markaz faoliyatini qayta tashkil etish va tugatish
Markaz faoliyati tegishli vakolatlarga ega boʻlgan organning qarori bilan tugatilishi yoki qayta tashkil etilishi mumkin.
Markaz qayta tashkil etilgan (boshqa tashkilot bilan qoʻshilgan, birlashgan yoki ajralib chiqqan) taqdirda uning huquq va majburiyatlari huquqiy vorisga oʻtadi.
Markaz faoliyatining tugatilishi belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
10. Ustavga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish
Ushbu Ustavga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritiladi.