|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2005
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSh VAZIRI OʻRINBOSARINING KOTIBIYATI TOʻGʻRISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-fevraldagi 73-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash hamda baʼzilariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 1997-yil 20-maydagi 248-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining Kotibiyati toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Namunaviy nizom tasdiqlansin.
Bosh vazir oʻrinbosarlari Bosh vazir bilan kelishgan holda ushbu Namunaviy nizom asosida tegishli komplekslarning Kotibiyatlari toʻgʻrisidagi Nizomlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 3-iyul,
338-son
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining Kotibiyati toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining Kotibiyati (bundan keyin — Kotibiyat deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
2. Kotibiyat faoliyati Bosh vazir oʻrinbosariga uning kompleksni samarali funksional boshqarishi uchun zarur tashkiliy sharoitlar yaratishga qaratilgandir va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati apparatining boshqa boʻlinmalari bilan oʻzaro amaliy hamkorlik asosida quriladi.
3. Kotibiyat oʻz ishida “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining Ish tartibiga, Vazirlar Mahkamasining Raisi, Bosh vazir, Bosh vazir oʻrinbosari topshiriqlariga, Ish yuritish boʻyicha yoʻriqnomaga va ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Kotibiyat mudiri Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Kotibiyatning boshqa xodimlari Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
II. Kotibiyatning asosiy vazifalari
5. Quyidagilar Kotibiyatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
xalq xoʻjaligidagi islohotlar siyosati boshqaruvning funksional tamoyili asosida amalda roʻyobga chiqarilishini taʼminlash;
Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan takliflarni ularni Bosh vazir oʻrinbosari koʻrib chiqishiga taqdim etish uchun ekspert ishlab chiqilishini tashkil qilish. Vazirlar Mahkamasining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Bosh vazirning oʻrinbosari topshiriqlariga binoan Hukumat qarorlari loyihalarini tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va farmoyishlarining, Hukumat qarorlari, farmoyishlarining, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati topshiriqlarining vazirliklar va idoralar tomonidan oʻz vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
tegishli kompleksga kiruvchi vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar va uyushmalarning Kotibiyatga yuklangan funksional yoʻnalishlar boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
Hukumat komissiyalarining samarali ishlashini taʼminlash, ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
Kotibiyat vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha tahliliy materiallarni tayyorlash va muhim axborotlarni tartibga solib borish;
III. Kotibiyatning huquqlari
6. Kotibiyat quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlar Mahkamasining boshqa tarkibiy boʻlinmalaridan va tasarrufidagi tashkilotlardan, shuningdek mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, bevosita xoʻjalik yurituvchi subyektlardan Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan koʻrib chiqiladigan masalalarni hal etish uchun zarur boʻlgan materiallarni soʻrash va olish;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari, shuningdek mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, bevosita xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlari ishtirokida kengashlar oʻtkazish, ularning hayʼatlari ishida, Vazirlar Mahkamasi, ijro etuvchi hokimiyat mahalliy organlari majlislarida, uyushmalar, birlashmalar va korxonalardagi kengashlarda qatnashish;
zarur boʻlgan hollarda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va xoʻjalik boshqaruvining boshqa organlari xodimlarini tegishli materiallarni tayyorlashda qatnashish uchun jalb etish;
Vazirlar Mahkamasining Ish tartibini buzgan holda tushgan hujjatlarni koʻrib chiqmasdan qaytarish.
IV. Kotibiyat ishlarini tashkil etish
7. Kotibiyat Bosh vazir oʻrinbosari rahbarligida, tashkiliy masalalar boʻyicha esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Apparati Ishlar boshqaruvchisining oʻrinbosarlari koʻrsatmalariga binoan ishlaydi.
8. Kotibiyat xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash kompleksning tegishli rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
9. Kompleks rahbarlarining Kotibiyat tarkibiga kirmaydigan yordamchilari Bosh vazir oʻrinbosarining bevosita rahbarligida ishlaydilar.
10. Kotibiyat ishlari Vazirlar Mahkamasining ish rejalariga muvofiq ishlab chiqiladigan rejalar asosida amalga oshiriladi.
11. Masalalar boshqa tarkibiy boʻlinmalar manfaatlariga daxldor boʻlgan hollarda ushbu masalalarni hal etish boʻyicha takliflar mazkur boʻlinmalar bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
12. Kotibiyat tomonidan tayyorlangan materiallarni Bosh vazir oʻrinbosariga Kotibiyat mudiri, u boʻlmagan vaqtda materiallarni tayyorlagan xodim maʼlum qiladi.
V. Kotibiyat xodimlarining vazifalari va huquqlari
13. Kotibiyat mudiri:
Kotibiyat ishlariga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, ushbu Nizom bilan Kotibiyatga yuklangan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun toʻliq javob beradi;
xodimlar oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning ishlarini muvofiqlashtirib boradi;
Kotibiyat ishlarini takomillashtirish, xodimlarning ish malakasini oshirish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
ijro intizomining zarur darajada boʻlishini taʼminlaydi, Kotibiyat ishlarining yuritilishini tashkil qiladi, hujjatlar oqimini qisqartirish chora-tadbirlarini koʻradi;
quyidagi huquqlarga ega:
Bosh vazir oʻrinbosari koʻrsatmalariga binoan vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korporatsiyalar, korxonalar va tashkilotlar rahbarlariga Kotibiyat vakolatiga kiruvchi joriy masalalar boʻyicha ogʻzaki topshiriqlar berish;
Vazirlar Mahkamasi, uning Prezidiumi, doimiy va vaqtinchalik komissiyalar majlislarida Vazirlar Mahkamasi rahbariyati kengashlarida qatnashish;
tasarrufidagi vazirliklar idoralar hayʼatlari ishida va kengashlarida ishtirok etishi;
maʼlumotnoma-axborot tusidagi soʻrovlarga javoban yuboriladigan xat-xabarlarni imzolash;
Kotibiyatda ishlashga tavsiya etilayotgan nomzodlar, Kotibiyat xodimlarini ragʻbatlantirish yoki ularga nisbatan tanbeh choralari qoʻllash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Apparati Ishlar Boshqaruvchisining oʻrinbosari va Bosh vazir oʻrinbosari bilan kelishilgan takliflarni Kadrlar shuʼbasiga kiritish;
Vazirlar Mahkamasining Kotibiyat vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha qaror va farmoyishlari loyihalarini kelishib olish (vizalash).
14. Bosh va yetakchi mutaxassislar:
egallab turgan lavozimi boʻyicha ishlarning funksional yoʻnalishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi yakka tartibdagi rejaga muvofiq ishlaydilar;
Kotibiyat mudirining topshirigʻiga binoan Vazirlar Mahkamasi, uning Prezidiumi, doimiy va vaqtinchalik komissiyalar majlislarida, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati kengashlarida, tasarrufidagi vazirliklar, idoralar hayʼatlari ishida va kengashlarida oʻzlarining lavozim vazifalari doirasiga kiruvchi masalalar muhokamasida qatnashadilar;
oʻzlarining lavozim vazifalari doirasiga kiruvchi masalalarga doir materiallar bilan tanishish, shu jumladan, vazirliklarda, idoralarda, hokimliklarda, birlashmalarda, korxonalarda, muassasalar va tashkilotlarda tanishish, shuningdek Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallarni ulardan olish huquqiga egadirlar;
yuqori organlarning va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari ijrosini nazorat qiladilar, Vazirlar Mahkamasi rahbariyati topshiriqlarining bajarilishini taʼminlaydilar, Kotibiyat mudiriga ular yuzacidan axborot beradilar;
Vazirlar Mahkamasi, uning Prezidiumi, doimiy va vaqtinchalik komissiyalar majlislarida, Vazirlar Mahkamasining Raisi, Bosh vazir, Bosh vazir oʻrinbosari kengashlarida, muhokamalarida koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha zarur maʼlumotnoma materiallarni va takliflarni tayyorlaydilar;
Vazirlar Mahkamasining Raisiga, Bosh vazirga va Bosh vazir oʻrinbosariga maʼlum qilish uchun qarorlar loyihalari, materiallar va takliflar puxta tayyorlanishini taʼminlaydilar.