Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻN IKKI YILLIK TAʼLIMGA TOʻLIQ OʻTISh HAMDA TOShKENT ShAHRIDAGI YaNGI QURILAYOTGAN VA REKONSTRUKSIYA QILINAYOTGAN KASB-HUNAR KOLLEJLARI VA AKADEMIK LITSEYLAR OBYEKTLARINI 2007-2008 OʻQUV YILIGA OʻZ VAQTIDA TAYYORLAShGA OID QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq hamda oʻn ikki yillik taʼlimga toʻliq oʻtish, buning uchun yuqori talablarga javob beradigan moddiy-texnika bazasiga ega boʻlgan, zamonaviy kompyuter texnikasi, oʻquv va laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan, yuqori malakali pedagogik kadrlar bilan taʼminlangan oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv muassasalarining rivojlangan tarmogʻini yaratish maqsadida:
1. Qayd etib oʻtilsinki, hozirgi vaqtda Toshkent shahrida 66937 oʻquvchi oʻrinlariga ega boʻlgan 85 ta kasb-hunar kollejlari va oliy taʼlim muassasalari qoshidagi 14100 oʻquvchi oʻrinlariga ega boʻlgan 31 ta akademik litseylar faoliyat yuritmoqda, jumladan, yangi qurilganlari va rekonstruksiya qilinganlari hisobiga 30524 oʻquvchi oʻrinlariga ega boʻlgan 38 ta kasb-hunar kollejlari hamda 10735 oʻquvchi oʻrinlariga ega boʻlgan 22 ta akademik litseylar ishga tushirilgan.
2007-yilda tasdiqlangan Investitsiya dasturiga muvofiq, 5340 oʻquvchi oʻrinlariga ega 6 ta kasb-hunar kollejlari va 3330 oʻquvchi oʻrinlariga ega 5 ta akademik litseylar qurilishi va rekonstruksiya qilinishini yakunlash nazarda tutilmoqda. Yangi ishga tushiriladigan kasb-hunar kollejlarida 76 yoʻnalish va 140 ixtisos boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Amalda barcha kasb-hunar kollejlari zamonaviy moddiy-texnika bazasiga ega, yangi oʻquv va laboratoriya jihozlari bilan taʼminlangan, malakali kadrlar bilan toʻldirilgan.
Tekshiruvlarning koʻrsatishicha, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar oʻquv jarayonlarini yangi taʼlim standartlariga qatʼiyan muvofiq ravishda yangitdan ishlab chiqilgan zamonaviy oʻquv dasturlari boʻyicha amalga oshirmoqdalar. Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning mutlaq koʻpchiligida oʻqitish bir smenada olib borilmoqda.
Agar 2007-yilda Toshkent shahrida toʻqqizinchi sinflardagi oʻqishni 36688 nafar oʻquvchi tamomlayotgani hisobga olinsa, hisob-kitoblarning koʻrsatishicha, shahardagi mavjud hamda joriy yilda ishga tushiriladigan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar quvvatlari maktab bitiruvchilarini oʻrta maxsus va kasb-hunar oʻquv muassasalarida oʻqishni davom ettirish uchun qabul qilinishini toʻliq taʼminlash imkonini beradi, bu yerda yoshlar umumiy oʻrta maʼlumot olish bilan bir qatorda, aniq bir kasbni egallaydilar, shuningdek oliy taʼlim muassasalariga kirish imkoniyatiga ega boʻladilar.
Ayni vaqtda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar real iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy hayot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, alohida yoʻnalishlar va ixtisoslar boʻyicha malakali kadrlarni tayyorlash jarayoniga tuzatishlar kiritishni talab qilmoqda. Shu bilan birga, 9-sinf oʻquvchilari orasida oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqotlar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, oliy oʻquv muassasalari qoshidagi akademik litseylarda oʻquvchi oʻrinlari sonini oshirish va yangi akademik litseylar ochishga qoʻshimcha ehtiyoj borligi aniqlandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Toshkent shahar hokimligi, tegishli pudratchi qurilish tashkilotlari, 1-ilovaga* muvofiq, 2007-yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan Toshkent shahridagi kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning sifatli qurilishi va rekonstruksiya qilinishini 2007/2008 oʻquv yili boshlanishigacha yakunlasin, ularning oʻz vaqtida ishga tushirilishini, mebel, zamonaviy oʻquv va laboratoriya uskunalari bilan jihozlanishini taʼminlasin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi 2007-yilgi Investitsiya dasturida nazarda tutilgan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarning tasdiqlangan namunaviy loyihalarga qatʼiy muvofiq ravishda sifatli qurilishi va oʻz vaqtida foydalanishga topshirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Toshkent shahar hokimligining 2007-yilda Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalari qoshida 2-ilovaga* muvofiq qoʻshimcha akademik litseylarni ochish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi 2-ilovada koʻrsatilgan akademik litseylarning moddiy-texnika bazasini sinchiklab xatlovdan oʻtkazsin va zarur hollarda ularni rekonstruksiya qilish uchun 2008-yilgi Investitsiya dasturiga kiritish toʻgʻrisidagi taklifni ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2007-yilning 20-mayigacha boʻlgan muddatda Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim muassasalariga qabul qilish Davlat komissiyasiga, ushbu qarorda nazarda tutilganidek, ularning tarmogʻi kengaytirilishi va yoʻnalishi oʻzgartirilishini hisobga olgan holda, 2007-2008 oʻquv yilida oʻquvchilarni oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga qabul qilish toʻgʻrisida asosli takliflar kiritsin.
Bunda oʻrta maxsus, kasb-hunar oʻquv yurtlaridagi rus tilida oʻqitiladigan guruhlarining 1-kursiga kamida 10,5 ming oʻquvchini qabul qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda “Isteʼdod” jamgʻarmasi bilan birgalikda:
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlariga oliy taʼlim muassasalaridagi yetakchi oʻqituvchilardan yuqori malakali pedagog kadrlar hamda mutaxassis-amaliyotchilar, shuningdek umumtaʼlim maktablari 10-11-sinflarining boʻshaydigan yuqori malakali oʻqituvchilari jalb etilishini taʼminlasin;
umumtaʼlim maktablarining boʻshaydigan yuqori sinf oʻqituvchilarini keyinchalik oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimida ishlashlari uchun ularni ixtisoslashgan maqsadli kurslarda qayta tayyorlash va qayta yoʻnaltirishni tashkil etsin;
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda umumtaʼlim maktablaridagi yuqori sinflarning tugatilishi munosabati bilan boʻshaydigan oʻqituvchilarni ish bilan taʼminlash masalalarini hal etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorda nazarda tutilgan Toshkent shahrida kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni qurish, rekonstruksiya qilish va 2007-yilda ishga tushirish boʻyicha topshiriqlarni hisobga olgan holda:
Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi hamda Toshkent shahar hokimligining 2007-yildagi qurilishlar manzilli roʻyxatiga ular uchun tasdiqlangan budjet mablagʻlari limitlari doirasida tuzatishlar kiritsin;
2007-yilda yangi tashkil etiladigan akademik litseylar boʻyicha 2007/2008 oʻquv yilida joriy xarajatlarni moliyalashtirish boʻyicha tuzatishlar kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar hokimligi jamoat tashkilotlari bilan birgalikda:
umumtaʼlim maktablari 9-sinf bitiruvchilari va ularning ota-onalari oʻrtasida akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida oʻqishning afzalliklari va keng imkoniyatlari, ularning jihozlanish darajasi hamda qoʻllanilayotgan zamonaviy pedagogik texnologiyalar toʻgʻrisida keng koʻlamdagi tushuntirish ishlarini olib borsin;
akademik litseylar va kasb-hunar kollejlaridagi taʼlim yoʻnalishlarining taqdimotini, shuningdek taʼlim muassasalarida “ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S.Qosimov va R.S.Azimov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-may,
PQ-633-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 17-18-son, 180-modda)