Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2007-YILDA KUTILAYOTGAN SUV TANQISLIGINI YuMShATISh BOʻYIChA KEChIKTIRIB BOʻLMAYDIGAN ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2007-yilda cheklangan suv resurslaridan oqilona hamda maqsadli foydalanishni taʼminlash va kutilayotgan suv tanqisligini yumshatish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2007-yilda respublikaning barcha suv omborlari irrigatsion ish rejimiga oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi “Oʻzbekenergo” DAK bilan birgalikda suv omborlarining belgilangan rejimda ishlashini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi “Oʻzbekenergo” DAK hamda Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda suv omborlari irrigatsiya rejimiga oʻtkazilishining 2007-yilda elektr energiya ishlab chiqarish prognoz hajmlariga taʼsirini oʻrganib chiqsin va zarur holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 29-dekabrdagi F-2646-sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan elektroenergiya resurslari va uni taqsimlash balansi parametrlarini oʻzgartirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
2. 2007-yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlarida, shuningdek Fargʻona vodiysi viloyatlarida sholi ekish taqiqlansin.
Sholini boshqa hududlarda joylashtirish, shuningdek takroriy ekinlar ekish ularning suv resurslari bilan taʼminlanishiga qarab, kutilayotgan suv tanqisligini yumshatish boʻyicha Hukumat komissiyasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari takliflari boʻyicha amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
2007-yilda kutilayotgan suv tanqisligini yumshatish boʻyicha asosiy irrigatsiya-melioratsiya chora-tadbirlari 1-ilovaga* muvofiq;
2007-yilda kutilayotgan suv tanqisligini yumshatish boʻyicha Hukumat komissiyasining tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
Quyidagilar Hukumat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
kutilayotgan suv tanqisligini yumshatish boʻyicha tasdiqlangan irrigatsiya-melioratsiya chora-tadbirlarini bajarish yuzasidan vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining faoliyatini nazorat qilish va muvofiqlashtirish;
irrigatsiya tizimlari suv havza boshqarmalari va hududlarning suv olish limitlarini, shuningdek 2007-yil yozgi vegetatsiya davrida suv omborlari ish rejimini tasdiqlash, bularga rioya etish, sugʻorish uchun moʻljallangan suvlarni toʻgʻri hisobga olish va undan oqilona foydalanish ustidan nazoratni tashkil etish;
suv tanqisligi bilan bogʻliq ravishda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tezkor choralar koʻrish.
4. Hukumat komissiyasi (Sh. Mirziyoyev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir hafta muddatda 2007-yilda kutilayotgan suv tanqisligini yumshatish chora-tadbirlarining bajarilishini taʼminlaydigan ishlarning har bir obyektlar boʻyicha roʻyxatini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. “Oʻzbekenergo” DAK zimmasiga nasos stansiyalarining, sugʻorish quduqlarining tashqi elektr taʼminoti obyektlarini, mazkur obyektlar kompaniyaning shaxsiy mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishini nazarda tutgan holda, loyihalashtirish va qurish boʻyicha buyurtmachi vazifasi yuklansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan “Oʻzbekenergo” DAKga suv tanqisligi obyektlari qurilishini loyihalashtirish bilan bir vaqtda alohida ish chizmalari va smetalar boʻyicha moliyalashtirishga ruxsat berilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 27-aprel,
PQ-629-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 17-18-son, 178-modda)