|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNChILIK PALATASINING REGLAMENTI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016-yil 29-yanvardagi 368-III-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan yangi tahriri tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti qabul qilinsin (ilova qilinadi).
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2005-yil 15-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Muvaqqat reglamenti to‘g‘risida”gi 30–I-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, №; 3-4, 101-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
3. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2005-yil 28-iyul,
102–I-son
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
2005-yil 28-iyulda qabul qilingan
102–I-sonli Qaroriga
ILOVA
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
2005-yil 28-iyulda qabul qilingan
102–I-sonli Qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining
REGLAMENTI
Qonunchilik palatasining
REGLAMENTI
I BO‘LIM.
UMUMIY QOIDALAR
UMUMIY QOIDALAR
1-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti (bundan buyon matnda Reglament deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuniga va “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) majlislarini o‘tkazish, deputatlar birlashmalarini tuzish, qonunchilik palatasi organlarini shakllantirish va ularning faoliyatini tashkil etish, qonunchilik tartib-taomillarini amalga oshirish tartibini belgilaydi va Qonunchilik palatasining faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq ichki tartib-qoidalariga doir boshqa masalalarni tartibga soladi.
2-modda.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining quyi palatasidir va u bir yuz yigirma deputatdan iborat.
3-modda.
Qonunchilik palatasining ishi Qonunchilik palatasi barcha deputatlarining (bundan buyon matnda deputatlar deb yuritiladi) professional, doimiy faoliyat ko‘rsatishiga asoslanadi.
4-modda.
Deputatlar o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin emas.
5-modda.
Qonunchilik palatasining faoliyati masalalarni birgalikda va erkin muhokama qilishga, oshkoralikka, jamoatchilik fikrini hisobga olishga asoslanadi.
6-modda.
Deputatning vakolatlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
7-modda.
Deputat o‘z vakolatlarining butun muddati mobaynida daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Qonunchilik palatasining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas.
8-modda.
Deputatga uning deputatlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.
Qarang: “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasi uchinchi qismi.
9-modda.
Deputatning huquqlari va majburiyatlarini moneliksiz va samarali amalga oshirish kafolatlari “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputati va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, boshqa qonunlar va ushbu Reglament bilan belgilanadi.
10-modda.
Qonunchilik palatasi o‘z matbuot organlariga ega bo‘ladi.
II BO‘LIM.
QONUNChILIK PALATASINING BIRINChI MAJLISI
QONUNChILIK PALATASINING BIRINChI MAJLISI
11-modda.
Qonunchilik palatasining birinchi majlisi Qonunchilik palatasiga saylovdan so‘ng ikki oydan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
Qonunchilik palatasining birinchi majlisini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi ochadi va Qonunchilik palatasining Spikeri saylangunga qadar unda raislik qiladi.
12-modda.
Qonunchilik palatasining birinchi majlisi ishini tashkil etish uchun majlisning muvaqqat kotibiyati va sanoq komissiyasi saylanadi.
Qonunchilik palatasi muvaqqat kotibiyat va sanoq komissiyasi saylangani to‘g‘risida deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qiladi.
Sanoq komissiyasi o‘z tarkibidan komissiya raisini va kotibini saylaydi. Sanoq komissiyasining qarorlari komissiya a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
13-modda.
Qonunchilik palatasi birinchi majlisni, qoida tariqasida, quyidagi kun tartibi bilan o‘tkazadi:
1) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining Qonunchilik palatasiga saylov yakunlari to‘g‘risidagi axboroti;
2) elektron tizimdan foydalanish ustidan muvaqqat nazorat guruhini saylash;
3) Oqsoqollar kengashini saylash;
4) Qonunchilik palatasi Spikerini saylash;
5) Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlarini saylash;
6) siyosiy partiyalarning fraksiyalari (bundan buyon matnda fraksiyalar deb yuritiladi) va deputatlar guruhlarini ro‘yxatga olish;
7) Qonunchilik palatasining qo‘mitalarini (bundan buyon matnda qo‘mitalar deb yuritiladi) tuzish.
Qonunchilik palatasining birinchi majlisida Qonunchilik palatasi faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilishi mumkin, bu haqda tegishli qaror qabul qilinadi.
14-modda.
Qonunchilik palatasi birinchi majlisining muvaqqat kotibiyati:
1) so‘zga chiquvchilarning ro‘yxatini yozib boradi;
2) deputatlardan tushadigan savollar, ma’lumotnomalar, xabarlar, arizalar, takliflar va boshqa materiallarni ro‘yxatga oladi;
3) so‘zga chiqish uchun yozilganlarning ro‘yxati va Qonunchilik palatasi birinchi majlisining muvaqqat kotibiyatiga tushgan materiallar haqida raislik qiluvchiga axborot beradi;
4) Qonunchilik palatasining birinchi majlisini ta’minlashga doir boshqa vazifalarni bajaradi.
III BO‘LIM.
QONUNChILIK PALATASINING MANSABDOR ShAXSLARINI SAYLASh
VA ORGANLARINI ShAKLLANTIRISh
QONUNChILIK PALATASINING MANSABDOR ShAXSLARINI SAYLASh
VA ORGANLARINI ShAKLLANTIRISh
1-bob. Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlari
15-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerini va uning o‘rinbosarlarini saylash uchun deputatlar orasidan ko‘pi bilan o‘n besh kishidan iborat Oqsoqollar kengashi tuziladi, mazkur kengash vakolatlari Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlari saylangach tugaydi.
Oqsoqollar kengashining tarkibi to‘g‘risidagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi kiritadi.
Oqsoqollar kengashining tarkibiga: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi; deputatlik faoliyatida katta tajribaga ega bo‘lgan, yoshi eng ulug‘ deputatlar; nomzodlari siyosiy partiyalardan ko‘rsatilib, Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning vakillari; Qonunchilik palatasiga saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlarning vakillari kiritiladi.
Oqsoqollar kengashining tarkibi to‘g‘risidagi qaror deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Oqsoqollar kengashi Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlari lavozimiga nomzodlarni, qoida tariqasida, eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiyalar yoki saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar orasidan ko‘rsatadi.
16-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi yoki Oqsoqollar kengashining vakili tomonidan taqdim etiladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzod deputatlarning savollariga javob berishi uchun 30 daqiqagacha vaqt ajratiladi. Qonunchilik palatasi majlisida nomzodni muhokama qilish uchun 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzodni muhokama qilish ajratilgan vaqt tugagach yoki deputatlarning taklifiga binoan Qonunchilik palatasining Qarori bilan to‘xtatiladi.
17-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga ko‘rsatilgan nomzod yashirin ovoz berish ro‘yxatiga kiritiladi. O‘z nomzodini rad etish ovoz berish o‘tkazilmasdan qabul qilinadi.
Qonunchilik palatasining Spikeri yashirin ovoz berish orqali Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Qonunchilik palatasi Spikerini saylash paytidagi yashirin ovoz berish usulini Qonunchilik palatasi belgilaydi.
18-modda.
Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi ovoz berish boshlanganligini e’lon qilgandan keyin hech kim ovoz berishni bo‘lib qo‘yishi mumkin emas. Ovoz berish boshlangandan to uning natijalari e’lon qilingunga qadar hech kimga so‘z berilmaydi.
Agar ovoz berishni o‘tkazish vaqtida ovoz berish tartib-taomili buzilgan yoki uni o‘tkazish chog‘ida to‘siqlar yuzaga kelgan bo‘lsa, muhokama qilmasdan darhol takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.
19-modda.
Ovoz berish yashirin ovoz berish byulletenlaridan foydalangan holda o‘tkazilgan taqdirda yashirin ovoz berish vaqti va joyi, uni o‘tkazish tartibi sanoq komissiyasining tavsiyasiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu Reglamentga muvofiq belgilanadi va sanoq komissiyasi raisi tomonidan e’lon qilinadi.
20-modda.
Nomzod, agar u yashirin ovoz berish natijasida deputatlar umumiy sonining yarmidan ko‘p ovozini olgan bo‘lsa, Qonunchilik palatasining Spikeri etib saylangan hisoblanadi.
21-modda.
Agar Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzod deputatlar ovozlarining zarur sonini to‘plamagan bo‘lsa, Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga takroriy saylov o‘tkaziladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga takroriy saylov ushbu Reglamentning 15—20-moddalariga muvofiq o‘tkaziladi.
22-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri saylanganligi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi, uni Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
Qonunchilik palatasi Spikeri saylangandan keyin Qonunchilik palatasining bundan buyongi majlisini Qonunchilik palatasining Spikeri olib boradi.
23-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri:
1) Qonunchilik palatasining va Qonunchilik palatasi Kengashining (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlarni ma’qullash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) yuboradi;
4) Qonunchilik palatasi qo‘mitalari va komissiyalarining (bundan buyon matnda komissiyalar deb yuritiladi) faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
5) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va Qonunchilik palatasi hujjatlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
6) Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
7) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bog‘liq Qonunchilik palatasi guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
8) Qonunchilik palatasi matbuot organlarining ustavlarini va tahrir hay’atlari tarkibini hamda ularning ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
9) Kengash bilan kelishilgan holda Qonunchilik palatasi matbuot organlarining bosh muharrirlarini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi;
10) Qonunchilik palatasi matbuot organlarining faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
11) Senat, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarda Qonunchilik palatasi nomidan ish ko‘radi;
12) Qonunchilik palatasi va Kengash qarorlarini imzolaydi;
13) Qonunchilik palatasi devoni faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi, deputatlar va Qonunchilik palatasi devoni ishlashi uchun zarur xarajatlar smetalarini tasdiqlaydi;
14) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va ushbu Reglamentda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘zining vakolatiga taalluqli masalalarni Kengash muhokamasiga kiritishga haqli.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
24-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘ining ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi Qaroriga binoan muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Spikerini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi masala deputatlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismidan iborat deputatlar guruhining taklifiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qonunchilik palatasi Spikerini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilayotganda Qonunchilik palatasi majlisida Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlaridan biri raislik qiladi.
Qonunchilik palatasi Spikerini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi, qarorni Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
25-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerining bo‘sh lavozimiga nomzod ko‘rsatish va uni saylash ushbu Reglamentning 15—20-moddalarida belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
26-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari lavozimlari deputatlarning qaysi partiyaga mansubligini inobatga olgan holda yaxlit (umumiy) qaror bilan belgilanadi. Bunda Qonunchilik palatasida tuzilgan fraksiya o‘z vakili Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari lavozimlaridan birini egallashida kafolatli huquqqa ega ekanligi inobatga olinadi.
Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarini saylash uchun fraksiya, qoida tariqasida, o‘z fraksiyasi rahbarining nomzodini kiritadi.
27-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari lavozimlariga ko‘rsatilgan nomzodlar yashirin ovoz berish ro‘yxatiga kiritiladi, uni Qonunchilik palatasi Spikeri o‘qib eshittiradi. Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari lavozimlariga ko‘rsatilgan nomzodlar bo‘yicha muhokama o‘tkaziladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari lavozimlariga ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berish ro‘yxat bo‘yicha o‘tkaziladi.
28-modda.
Nomzodlar, agar ular yashirin ovoz berish natijasida deputatlar umumiy soni yarmidan ko‘prog‘ining ovozini olsalar, Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari etib saylangan hisoblanadilar. Ovoz berish natijalari Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi, uni Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
29-modda.
Agar Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari lavozimlariga ko‘rsatilgan nomzodlar saylanish uchun talab qilinadigan ovozlar miqdorini ololmasalar, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlarining lavozimlariga saylov tartib-taomili nomzodlar ko‘rsatishdan boshlab takrorlanadi. Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari lavozimlariga nomzodlar ko‘rsatish va ularni saylash mazkur Reglamentning 26—28-moddalari va ushbu moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(26—29-moddalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
30-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari Qonunchilik palatasi Spikerining topshirig‘iga binoan uning ayrim vazifalarini bajaradi va Qonunchilik palatasi Spikeri yo‘qligida yoki o‘z vazifalarini amalga oshirishi mumkin bo‘lmagan hollarda uning vazifasini bajarib turadi.
31-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilinishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlarini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi masala deputatlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismidan iborat deputatlar guruhining taklifiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlarini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi masala Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan ham kiritilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlarini muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi, qarorni Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(31-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori bilan chiqarilgan — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
32-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘z vazifalarini bajarish davrida siyosiy partiyaga a’zolikni to‘xtatib turadi hamda fraksiya va deputatlar guruhi tarkibiga kirishi mumkin emas.
Qonunchilik palatasi Spikeri qo‘mitalar tarkibiga saylanishi mumkin emas.
(32-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
2-bob. Kengash
33-modda.
Qonunchilik palatasi faoliyatini samarali tashkil etish, qo‘mitalar ishini muvofiqlashtirib borish, qonun loyihalarini tayyorlash ishini rejalashtirish masalasini dastlabki tarzda ko‘rib chiqishni tashkil etish maqsadida Kengash tuziladi.
Kengash tarkibiga Qonunchilik palatasi Spikeri, uning o‘rinbosarlari, fraksiyalar va deputatlar guruhlarining rahbarlari, qo‘mitalarning raislari kiradi.
Kengashga Qonunchilik palatasi Spikeri rahbarlik qiladi, u Kengashning majlislarini olib boradi va uning qarorlarini imzolaydi.
34-modda.
Kengash Qonunchilik palatasi majlislari oralig‘ida zaruratga qarab to‘planadi.
Kengash majlislarini Qonunchilik palatasi Spikeri, u yo‘qligida yoki o‘z vazifalarini amalga oshirishi mumkin bo‘lmagan hollarda esa uning o‘rinbosarlaridan biri chaqiradi va olib boradi.
35-modda.
Kengash majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Senat Raisi, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi raislari, Bosh prokurori ishtirok etishlari mumkin. Kengash majlislarida deputatlar ham ishtirok etishga haqli bo‘lib, ular Kengash majlisida ko‘rib chiqiladigan masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin.
Kengash majlislariga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
36-modda.
Kengash:
1) Qonunchilik palatasining qonun loyihalarini ishlab chiqishga doir ish rejasi loyihasini shakllantiradi;
2) Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasini tuzadi;
3) qo‘mitalar ishini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
4) agar qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga kiritishning qonunda va ushbu Reglamentda belgilangan tartibi talablarini bajarmagan bo‘lsa, qonun loyihasini mas’ul qo‘mitaning xulosasiga binoan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
5) Qonunchilik palatasi Spikerining taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi matbuot organlarining bosh muharrirlarini lavozimiga tayinlash va ularni lavozimidan ozod qilishga rozilik berish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadi;
6) Qonunchilik palatasining sessiyalari oralig‘idagi davrda deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqadi;
7) ushbu Reglamentga muvofiq Qonunchilik palatasi ishini tashkil etishning boshqa masalalarini hal qiladi.
Kengash o‘z vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan o‘z a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
37-modda.
Kengash qarorlarining loyihalari va uning majlisida ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan boshqa hujjatlar Kengashga, qoida tariqasida, uning majlisi boshlanishidan kamida uch kun oldin kiritiladi.
Kengash tarkibiga kiruvchi shaxslarga, shuningdek uning majlislarida ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga majlisda ko‘rib chiqish mo‘ljallanayotgan masalalar haqida oldindan xabar qilinadi va zarur materiallar taqdim etiladi.
Kengash majlislari stenogrammasi yozib boriladi va bayonnomasi tuziladi. Bayonnoma majlisda raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Kengash tomonidan ko‘rib chiqilgan masalalar va u qabul qilgan qarorlar haqida deputatlarga ma’lum qilinadi.
3-bob. Qo‘mitalar
38-modda.
Qonun loyihalarini tayyorlash ishini olib borish, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish va tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari hamda palata tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun Qonunchilik palatasining vakolatlari muddatiga Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan rais, uning o‘rinbosari va a’zolardan iborat tarkibda qo‘mitalar saylanadi.
39-modda.
Qonunchilik palatasida, qoida tariqasida: reglament; budjet, banklar va moliya masalalari; iqtisodiy masalalar va tadbirkorlik; qonunchilik va sud-huquq masalalari; mehnat va ijtimoiy masalalar; mudofaa va xavfsizlik masalalari; xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitalari tuziladi. Qonunchilik palatasida boshqa qo‘mitalar ham tuzilishi mumkin.
Qo‘mitalarning umumiy soni, qoida tariqasida, o‘ntadan oshmasligi kerak.
40-modda.
Qo‘mita raisi, uning o‘rinbosari va qo‘mita a’zolari lavozimlari deputatlarning qaysi partiyaga yoki guruhga mansubligini hamda saylovda saylovchilarning qancha ovozini olganligini inobatga olgan holda yaxlit (umumiy) qaror bilan belgilanadi. Qo‘mita raisi, uning o‘rinbosari va qo‘mita a’zolari lavozimlariga nomzodlar ko‘rsatish yuzasidan takliflarni deputatlar birlashmalarining rahbarlari o‘zaro kelishgan holda kiritadilar.
Qo‘mita raisi, uning o‘rinbosari va qo‘mita a’zolari palata majlisida deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan saylanadi.
Qo‘mita raisi, uning o‘rinbosari, shuningdek qo‘mita a’zolari saylangani to‘g‘risida Qonunchilik palatasi qarorlar qabul qiladi.
Qo‘mitalarning barcha a’zolari teng huquqlardan foydalanadilar.
Qo‘mita tarkibiga saylanmagan deputat uning ishida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishga haqli.
41-modda.
Qo‘mita raisi:
1) qo‘mita ish rejasi loyihasi tayyorlanishini tashkil etadi va qo‘mitaning tasdiqlangan ish rejasi bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
2) zarur materiallar tayyorlanishini tashkil etadi, qo‘mita majlislarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
3) qo‘mita a’zolariga topshiriqlar beradi, ularga qo‘mita faoliyati bilan bog‘liq materiallar va hujjatlarni yuboradi;
4) kiritilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruhlarining ishida qatnashish, shuningdek qo‘mitaning boshqa topshiriqlarini bajarish uchun qo‘mita a’zolarini belgilaydi;
5) davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning, matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillarini qo‘mita ishida qatnashishga taklif etadi;
6) qonunchilik palatasi, Kengash majlislarida, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan bo‘ladigan munosabatlarda qo‘mita nomidan ish ko‘radi;
7) qo‘mita qarorlarining bajarilishiga doir ishlarni tashkil etadi;
8) qonunchilik palatasiga, Kengashga va Qonunchilik palatasi Spikeriga ularning topshiriqlari bajarilishi yuzasidan axborot beradi;
9) qo‘mitaning qarorlari bajarilganligi va uning tavsiyalari ko‘rib chiqilganligi haqida qo‘mita a’zolariga axborot beradi;
10) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
42-modda.
Qo‘mita raisining o‘rinbosari qo‘mita raisining topshirig‘iga ko‘ra uning ayrim vazifalarini bajaradi hamda rais yo‘qligida yoki u o‘z vazifalarini amalga oshirishi mumkin bo‘lmagan hollarda qo‘mita raisi vazifasini bajarib turadi.
43-modda.
Qo‘mitalar ishni o‘z rejalariga, shuningdek Qonunchilik palatasi, uning Spikeri va Kengash topshiriqlari hamda tavsiyalariga muvofiq tashkil etadi.
Qo‘mitalar Qonunchilik palatasi oldida mas’ul va unga hisobdordir.
44-modda.
Qo‘mitalar:
1) o‘z tashabbusi bilan yoki Qonunchilik palatasining topshirig‘iga binoan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining hamda o‘zining vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan Qonunchilik palatasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqadi;
2) qonun loyihalarining dastlabki tarzda ko‘rib chiqilishini va ularni Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqishga tayyorlashni amalga oshiradi;
3) qonunlarning loyihalari yuzasidan xulosalar beradi, qonun loyihasini Qonunchilik palatasining majlisi kun tartibiga kiritish, uning ustida ishlashni davom ettirish yoki asoslantirilgan holda ularni rad etish to‘g‘risida Kengashga takliflar kiritadi;
4) O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti loyihasi (bundan buyon matnda Davlat budjeti loyihasi deb yuritiladi) yuzasidan xulosalar va takliflar beradi;
5) Qonunchilik palatasining topshirig‘iga yoki Kengashning tavsiyasiga binoan muayyan qonun loyihasi yoki Qonunchilik palatasi vakolatlariga kiradigan boshqa masala yuzasidan mas’ul bo‘ladi;
6) kiritilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruhlari tuzadi, ularning tarkibiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillarini, mutaxassislar va olimlarni, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning vakillarini jalb etadi;
7) qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari vakillarining ular tomonidan kiritilgan qonun loyihasiga taalluqli masalalar yuzasidan fikrlarini eshitadi;
8) kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va Qonunchilik palatasi qarorlari loyihalari matniga o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
9) davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, ekspert xulosalari, statistika ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlarni talab qilib oladi;
10) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa qonun hujjatlari, qo‘mitalarning qarorlari ular tomonidan qanday bajarilayotgani haqidagi axborotlarini eshitadi;
11) O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va Qonunchilik palatasi qarorlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
45-modda.
Qo‘mitalarning majlislari Qonunchilik palatasi majlislari oralig‘ida zaruratga qarab o‘tkaziladi.
Qo‘mita majlisini uning raisi o‘z tashabbusi bilan yoki qo‘mita a’zolari umumiy sonidan kamida yarmining tashabbusi bilan chaqiradi.
Qo‘mita majlisi haqida uning raisi, qoida tariqasida, kamida ikki kun oldin qo‘mita a’zolariga xabar beradi, shuningdek majlisning boshqa qatnashchilarini oldindan xabardor qiladi.
Qo‘mitalarning majlislari, agar ularda qo‘mita a’zolarining kamida yarmi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Qo‘mita majlisini qo‘mita raisi olib boradi.
Qo‘mitalarning majlislari ochiq o‘tkaziladi. Zarurat bo‘lganida qo‘mitalar yopiq majlislar o‘tkazish to‘g‘risida qarorlar qabul qilishi mumkin.
46-modda.
Deputat o‘zi a’zo bo‘lgan qo‘mita majlislarida hozir bo‘lishi shart.
Qo‘mita majlisida hozir bo‘lish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda deputat qo‘mita raisini oldindan xabardor qiladi.
Qo‘mitalarning majlislariga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning, matbuot organlarining, televideniye, radio hamda boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
47-modda.
Qo‘mitalar ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan qo‘mita jami a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
Qo‘mita qarorini uning majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
4-bob. Komissiyalar
48-modda.
Qonunchilik palatasi muayyan vazifalarni bajarish uchun komissiyalar tuzishi mumkin.
Komissiya Qonunchilik palatasi majlisida deputatlar orasidan komissiya raisi va a’zolaridan, zarurat bo‘lganida esa, shuningdek komissiya raisining o‘rinbosaridan iborat tarkibda tuziladi.
Komissiya tuzilgani to‘g‘risida Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi.
Qonunchilik palatasining komissiya tuzilgani to‘g‘risidagi qarorida komissiyaning nomi, maqsadi va vazifalari, uning miqdoriy va shaxsiy tarkibi, komissiyaning raisi, komissiyaning faoliyat ko‘rsatish muddati (oldindan belgilangan muddatga yoki muayyan vazifalarni bajarish muddatiga), komissiyaning vakolatlari, komissiya ishini ta’minlash bo‘yicha tadbirlar belgilangan bo‘lishi kerak.
49-modda.
Ayrim masalalarni tayyorlash uchun komissiya davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning vakillari orasidan ishchi guruhlari tuzishga haqlidir.
50-modda.
Komissiyaning majlislari Qonunchilik palatasi majlislari oralig‘ida zaruratga qarab o‘tkaziladi.
Komissiya majlislarini uning raisi yoki rais o‘rinbosari chaqiradi.
Komissiya majlisi haqida uning raisi yoki rais o‘rinbosari, qoida tariqasida, kamida ikki kun oldin komissiya a’zolariga xabar beradi, shuningdek majlisning boshqa ishtirokchilarini oldindan xabardor qiladi.
Komissiya majlislari, agar ularda komissiya tarkibining kamida yarmi hozir bo‘lsa, vakolatlidir.
Komissiya majlisini komissiya raisi yoki uning o‘rinbosari olib boradi.
Komissiya majlislari ochiq o‘tkaziladi. Zarurat bo‘lganida komissiya yopiq majlis o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
51-modda.
Deputat o‘zi a’zo bo‘lgan komissiya majlislarida hozir bo‘lishi shart.
Komissiya majlisida hozir bo‘lish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda deputat komissiya raisini oldindan xabardor qiladi.
Komissiya majlislariga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar, matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif qilinishi mumkin.
52-modda.
Komissiya ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan komissiya jami a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi.
Komissiya qarorini uning majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
53-modda.
Komissiya Qonunchilik palatasi belgilagan muddatda bajarilgan ish to‘g‘risida Qonunchilik palatasiga hisobot taqdim etadi.
Komissiya o‘z faoliyatini zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilganidan keyin, o‘zi qaysi muddatga tuzilgan bo‘lsa, shu muddat o‘tgandan keyin yoki Qonunchilik palatasining qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatadi.
5-bob. Deputatlar birlashmalari
54-modda.
Deputatlar siyosiy, professional va boshqa asosda fraksiyalar va deputatlar guruhlari shaklida deputatlar birlashmalarini tuzishi mumkin.
Fraksiya siyosiy partiyadan ko‘rsatiladigan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini Qonunchilik palatasida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan deputatlar birlashmasidir.
Deputatlar guruhlarini Qonunchilik palatasi tarkibiga saylangan, siyosiy partiyadan ko‘rsatilmagan deputatlar tuzishga haqli.
Deputat faqat bir fraksiya yoki deputatlar guruhining a’zosi bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan va Qonunchilik palatasiga saylangan deputat faqat shu partiya fraksiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin.
(54-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
Deputatning fraksiyaga yoki deputatlar guruhiga kirishi to‘g‘risidagi qaror ularning majlislarida qabul qilinadi.
55-modda.
Kamida to‘qqiz nafar deputat fraksiya yoki deputatlar guruhini tuzish huquqiga ega.
Fraksiya yoki deputatlar guruhini tuzish uchun:
fraksiya yoki deputatlar guruhining ta’sis yig‘ilishini o‘tkazish;
fraksiya yoki deputatlar guruhini tuzish to‘g‘risidagi ta’sis bayonnomasini qabul qilish;
fraksiya yoki deputatlar guruhi rahbarini saylash zarur bo‘ladi.
Fraksiya yoki deputatlar guruhining rahbari fraksiya yoki deputatlar guruhi tuzilgani to‘g‘risidagi ta’sis bayonnomasini Qonunchilik palatasiga taqdim etadi va tegishincha fraksiya yoki deputatlar guruhi tuzilgani haqida Qonunchilik palatasiga axborot beradi, bu Qonunchilik palatasi majlisining bayonnomasida qayd etiladi.
Fraksiyalar va deputatlar guruhlari hisobga olish ro‘yxatidan o‘tkaziladi.
Belgilanmagan tartibda tuzilgan deputatlar birlashmalari fraksiya yoki deputatlar guruhi huquqlaridan foydalanmaydi.
Fraksiya va deputatlar guruhi tuzilgani to‘g‘risida Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi, uni Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi imzolaydi.
56-modda.
Fraksiyalar Qonunchilik palatasida o‘z umumiy manfaatlarini ifodalash va faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida fraksiyalar blokiga birlashishlari mumkin.
Fraksiyalarning blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qo‘ymaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
57-modda.
Qonunchilik palatasida ko‘pchilik o‘rinni egallagan fraksiya parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etadi.
O‘z dasturiy maqsadli vazifalarining yaqinligidan yoki mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzadigan bir nechta fraksiyalar va saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar ham parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etishi mumkin.
Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yo‘li va dasturiga yoki uning ayrim yo‘nalishlariga qo‘shilmaydigan fraksiyalar, shuningdek saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar o‘zlarini muxolifat deb e’lon qilishi mumkin.
Fraksiyalarning blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qo‘ymaydi.
(57-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
58-modda.
Fraksiya va deputatlar guruhi:
1) Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni ko‘rib chiqish tartibi va mohiyati yuzasidan takliflar hamda fikr-mulohazalar kiritadi;
2) Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan har bir masala yuzasidan munozaralarda fraksiya, deputatlar guruhi vakiliga kafolatlangan tarzda so‘z berilishi huquqidan foydalanadi;
3) kelishuv komissiyasi va boshqa komissiyalar tuzish to‘g‘risida masala qo‘yadi;
4) Qonunchilik palatasi majlisida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslariga ularning tasarrufiga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki o‘z nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan murojaat etadi;
5) Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan fraksiyaning, deputatlar guruhining fikrini deputatlar o‘rtasida tarqatadi;
6) Kengashning, qo‘mitalar va komissiyalarning ishida ishtirok etadi;
7) Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan qonun loyihalari va qarorlarning loyihalari yuzasidan o‘z takliflarini kiritadi;
8) Qonunchilik palatasi majlisida hukumat a’zolarini ularning faoliyati masalalari yuzasidan eshitish to‘g‘risida masala qo‘yadi;
9) fraksiyaning, deputatlar guruhining faoliyati uchun zarur materiallar va hujjatlarni davlat organlari hamda ularning mansabdor shaxslaridan talab qilib oladi;
10) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
59-modda.
Deputatlar birlashmalarining ichki faoliyati ular tomonidan mustaqil ravishda tashkil etiladi.
Deputatlar birlashmalari faoliyatining tashkiliy shakli ularning majlislaridir.
Deputatlar birlashmalari o‘z majlislarini ochiq va oshkora o‘tkazadi. Deputatlar birlashmasining qaroriga binoan yopiq majlis o‘tkazilishi mumkin.
Fraksiyalar va deputatlar guruhlarining ishini muvofiqlashtirib borish, Qonunchilik palatasi majlisiga kiritilayotgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqilishini tashkil etish, fraksiyalar va deputatlar guruhlari nuqtai nazarini kelishib olish maqsadida deputatlar birlashmalari rahbarlarining qo‘shma majlislari o‘tkazilishi mumkin. Deputatlar birlashmalari rahbarlarining qo‘shma majlislari zaruratga qarab fraksiyalar yoki deputatlar guruhlarining tashabbusi bilan o‘tkaziladi.
Deputatlar birlashmalari o‘zlari qabul qilgan qarorlar, shuningdek deputatlar birlashmalari rahbarlarining qo‘shma majlislarida qabul qilingan qarorlar haqida Qonunchilik palatasi Spikeriga va Kengashga axborot beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
60-modda.
O‘zini parlamentdagi muxolifat deb e’lon qilgan fraksiya qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega:
Qonunchilik palatasi mas’ul qo‘mitasining tegishli masala bo‘yicha ma’ruzasi bilan bir vaqtda qonun loyihasining muqobil tahririni kiritish;
muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan o‘zining alohida fikrini Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bayonnomasiga kiritish;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun bo‘yicha kelishuv komissiyasida o‘z vakillarining kafolatli ishtirok etishi.
Parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlamentdagi ko‘pchilik tomonidan kamsitilishi mumkin emas.
(60-modda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
61-modda.
Fraksiya va deputatlar guruhi faoliyati quyidagi hollarda tugatiladi:
fraksiya yoki deputatlar guruhining o‘z tashabbusiga binoan;
Qonunchilik palatasining vakolatlari muddati tugaganda;
fraksiya yoki deputatlar guruhi tarkibiga kiruvchi deputatlar soni ularni tuzish uchun zarur bo‘lgan me’yordan kamayib ketganda;
tegishli siyosiy partiyaning faoliyati tugatilganda.
Fraksiyalar yoki deputatlar guruhlari faoliyatining Qonunchilik palatasining vakolatlari muddati tugashidan oldin tugatilishi Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
IV BO‘LIM.
QONUNChILIK PALATASI IShINING UMUMIY TARTIBI
QONUNChILIK PALATASI IShINING UMUMIY TARTIBI
6-bob. Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarini o‘tkazish tartibi
62-modda.
Qonunchilik palatasi faoliyatining tashkiliy shakli uning Qonunchilik palatasi sessiyalari davrida, qoida tariqasida, haftasiga uch marta o‘tkaziladigan majlislaridir.
Qonunchilik palatasining navbatdagi sessiyalari, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab, kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar o‘tkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik palatasi majlislarini Qonunchilik palatasi Spikeri chaqiradi va ularda raislik qiladi. Qonunchilik palatasi majlislariga rahbarlikni amalga oshirishda raislik qiluvchi bilan birgalikda, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasi Spikerining ikki nafar o‘rinbosari (ishchi Rayosati) Kengash tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq navbatma-navbat ishtirok etadi. Qonunchilik palatasi Spikeri majlisda hozir bo‘lmaganda uning o‘rinbosarlaridan biri majlisda raislik qiladi.
(62-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yil 27-iyuldagi 570-I-sonli qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 7-son, 328-modda)
Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlislari uning sessiyalari oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri taklifiga yoki deputatlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlislari, qoida tariqasida, seshanba, chorshanba va payshanba kunlari o‘tkaziladi.
Kengash va deputatlar birlashmalarining majlislari, qoida tariqasida, dushanba kunlari o‘tkaziladi.
Qo‘mitalar, qoida tariqasida, juma kunlari majlis o‘tkazadi.
Noyabr, fevral va may oylarining oxirgi to‘liq haftasi deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan ishlashi uchun mo‘ljallanadi.
Qonunchilik palatasining majlislari vaqtida qo‘mitalar, komissiyalar, deputatlar birlashmalarining majlislari o‘tkazilmaydi, shuningdek deputatlarning saylov okruglarida saylovchilar bilan olib boradigan ishlari to‘xtatib turiladi.
63-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan masalalar majlisning kun tartibi loyihasiga ularni ko‘rib chiqish navbati, har bir masalani ko‘rib chiqishga tayyorlash uchun mas’ul qo‘mitalar (bundan buyon matnda mas’ul qo‘mita deb yuritiladi), ma’ruzachilar (qo‘shimcha ma’ruzachilar), shuningdek boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilgan holda kiritiladi.
Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasi Kengash tomonidan tuziladi.
Qonunchilik palatasi majlislarida ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan masalalar majlislarning kun tartiblari loyihalariga, qoida tariqasida, ularning tushishi va tayyorligi ketma-ketligiga qarab kiritiladi.
Mas’ul qo‘mita Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritish uchun o‘zi tayyorlagan masalalar va takliflar to‘g‘risida o‘z xulosalarini Kengashga taqdim etadi.
64-modda.
Quyidagilar birinchi navbatda kun tartibiga kiritiladi va Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining loyihasi, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi, konstitutsiyaviy qonunlarning loyihalari, shuningdek konstitutsiyaviy qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlarning loyihalari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan deb topilgan qonun loyihalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tasdiqlash uchun taqdim etilgan farmonlari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunlar;
O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish va uni o‘tkazish sanasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror;
Davlat budjeti loyihasi, shuningdek ushbu Reglamentning 156-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan holda Davlat budjetiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish va amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qonunlarning loyihalari;
Qonunchilik palatasining Spikerini, uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalar raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash, shuningdek mansabdor shaxslarni saylash, tayinlash va tasdiqlash to‘g‘risidagi boshqa masalalar;
Reglament loyihasi hamda Qonunchilik palatasining Reglamentga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarorlarining loyihalari.
Qonunchilik palatasining majlislarida Senat tomonidan rad etilgan qonunlar ham birinchi navbatda ko‘rib chiqiladi.
Qonunchilik palatasining majlisida boshqa masalalar ham faqat Qonunchilik palatasining deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan qaroriga binoan birinchi navbatda ko‘rib chiqilishi mumkin.
Qonun yoki ushbu Reglamentda Qonunchilik palatasining majlislarida ko‘rib chiqish muddatlari belgilangan masalalar ana shu muddatlarga rioya etilgan holda ko‘rib chiqilishi lozim.
Qonunchilik palatasi majlisining KUN tartibi deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadigan Qonunchilik palatasi qarori bilan tasdiqlanadi.
65-modda.
Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga qonun loyihalari quyidagi ketma-ketlikda kiritiladi:
uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladigan qonun loyihalari;
ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladigan qonun loyihalari;
birinchi o‘qishda ko‘rib chiqiladigan qonun loyihalari.
66-modda.
Qonunchilik palatasi majlisining tasdiqlangan kun tartibidagi masalalar unda nazarda tutilganidan boshqacha ketma-ketlikda ko‘rib chiqilishi, keyinga qoldirilishi, o‘zgartirilishi yoki muhokamadan chiqarib tashlanishi mumkin. Bunda shunday taklif tashabbuskorining asoslantirilgan fikri va mazkur Reglamentga muvofiq bajarilgan tayyorgarlik ishi, masalaning ko‘rib chiqish uchun tayyorligi darajasi, tegishli materiallar va hujjatlarni deputatlarga tarqatish muddati haqidagi axboroti, shuningdek ushbu masala bo‘yicha tegishli qo‘mita raisining so‘zi eshitiladi.
Qonunchilik palatasining masalalarni ko‘rib chiqish tartibini o‘zgartirish yoki ularni tasdiqlangan kun tartibidan chiqarib tashlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
67-modda.
Deputatlar Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibi loyihasiga kiritilgan masalalar to‘g‘risida oldindan xabardor qilinadilar. O‘zbekiston Respublikasining qonunlari loyihalari, Qonunchilik palatasining qarorlari loyihalari va boshqa zarur materiallar, agar Qonunchilik palatasi boshqacha tartibni nazarda tutmasa, Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilguniga qadar kamida uch kun oldin deputatlarga taqdim etiladi.
68-modda.
Qonunchilik palatasining majlislari ochiq, oshkora o‘tkaziladi va ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritiladi.
Qonunchilik palatasining majlislarida bayonnomalar va stenogrammalar yuritiladi. Bayonnoma majlisda raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Qonunchilik palatasining qaroriga binoan uning majlisiga davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar taklif etilishi mumkin. Matbuot organlarining, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari belgilangan tartibda Qonunchilik palatasida akkreditatsiya qilingan taqdirda, ochiq majlislarda qatnashishlari mumkin.
Taklif qilinganlar Qonunchilik palatasining faoliyatiga aralashish huquqiga ega emaslar, ular uning ishini ma’qullash yoki ma’qullamaslikdan o‘zlarini tiyishlari, belgilangan tartibga rioya etishlari va Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchining farmoyishlariga bo‘ysunishlari shart.
69-modda.
Zarurat bo‘lganda, Qonunchilik palatasi yopiq majlis o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Bunday qaror, agar bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qonunchilik palatasi Spikeri, Kengash, qo‘mita yoki deputatlar birlashmasi tomonidan taklif kiritilgan bo‘lsa, qabul qilinishi mumkin.
Qonunchilik palatasining yopiq majlisini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
70-modda.
Qonunchilik palatasining yopiq majlisida muhokama etiladigan davlat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar oshkor etilmasligi kerak.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi majlisning boshlanishida deputatlar va taklif etilgan shaxslarni yopiq majlis o‘tkazishning asosiy qoidalari to‘g‘risida, unda muhokama etilayotgan ma’lumotlarning maxfiylik darajasi haqida xabardor qiladi hamda davlat siri va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantiradi.
71-modda.
Ommaviy axborot vositalarining vakillari Qonunchilik palatasining yopiq majlislariga kiritilmaydilar.
Qonunchilik palatasining yopiq majlisiga foto-, kino- va video texnika, telefon aloqasi va radio aloqasi vositalari, shuningdek ovoz yozish va axborot ustida ishlash vositalarini olib kirish hamda yopiq majlis davomida ulardan foydalanish taqiqlanadi.
72-modda.
Qonunchilik palatasining yopiq majlislarida bayonnomalar va stenogrammalar yuritiladi. Bayonnoma majlisda raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Qonunchilik palatasining yopiq majlisi stenogrammasi, shuningdek mazkur majlisda ko‘rib chiqilayotgan masalalarga taalluqli hujjatlar, deputatlarni ro‘yxatga olish elektron tizimining hisobga olish ma’lumotlari va ovoz berish, shu jumladan, nomma-nom ovoz berish natijalari Qonunchilik palatasining devoniga maxfiy hujjat rejimida saqlash uchun topshiriladi. Deputatlarni Qonunchilik palatasining yopiq majlisi stenogrammasi va unga qo‘shimcha qilingan materiallar bilan tanishtirish bevosita Qonunchilik palatasining devonida tanishuvchilarning imzosi olingan holda amalga oshiriladi.
73-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Senat Raisi, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi raislari, Bosh prokurori Qonunchilik palatasining ochiq majlisida ham, yopiq majlisida ham, shuningdek Qonunchilik palatasi organlarining majlislarida ishtirok etishga haqlidir. Boshqa shaxslar Qonunchilik palatasining yopiq majlislarida Qonunchilik palatasining qaroriga binoan qatnashishlari mumkin.
74-modda.
Qonunchilik palatasining majlislar zalida har bir deputatning qaysi deputatlar birlashmasiga mansubligini hisobga olgan holda, deputatga uning familiyasi, ismi, otasining ismi ko‘rsatilgan lavhacha o‘rnatilgan, elektron va texnika vositalaridan foydalanish uchun zarur bo‘lgan jihozlar bilan ta’minlangan doimiy joy ajratiladi.
75-modda.
Qonunchilik palatasining majlislari unda qatnashayotgan deputatlarni ro‘yxatdan o‘tkazishdan boshlanadi, bu ishni raislik qiluvchi amalga oshiradi.
Qonunchilik palatasining majlislari, agar ularning ishida deputatlar umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
Deputat Qonunchilik palatasining majlislarida qatnashishi shart.
Qonunchilik palatasi majlisida qatnashish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, deputat bu haqda Qonunchilik palatasi Spikerini oldindan xabardor qiladi.
Deputatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish Qonunchilik palatasi majlisining har bir tanaffusidan keyin amalga oshiriladi. Qo‘shimcha ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish deputatning talabiga binoan amalga oshirilishi mumkin.
76-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi:
1) majlisning umumiy borishiga rahbarlik qiladi, ushbu Reglamentga rioya etilishini ta’minlaydi;
2) so‘z so‘ralib, ro‘yxatga olingan talabnomalarning tushish tartibiga ko‘ra, majlisning kun tartibiga, ushbu Reglamentning talablariga muvofiq yoki Qonunchilik palatasining qarori bilan belgilangan tartibda ma’ruza uchun so‘z beradi;
3) Qonunchilik palatasi majlislarini olib borish masalalari bo‘yicha Qonunchilik palatasi qarorlarining bajarilishini ta’minlaydi;
4) deputatlarning har bir taklifini ularning tushish tartibiga ko‘ra ovozga qo‘yadi;
5) ovoz berishni o‘tkazadi va uning natijalarini e’lon qiladi;
6) kelishmovchiliklarga barham berish va boshqa masalalarni hal etish maqsadida fraksiyalar hamda deputatlar guruhlarining rahbarlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishni tashkil etadi;
7) Qonunchilik palatasi devonining Qonunchilik palatasi majlislarining bayonnomalari va stenogrammalarini yuritish bo‘yicha ishini nazorat qiladi, mazkur bayonnomalarni o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi:
deputat ushbu Reglament qoidalarini buzgan taqdirda, uni ogohlantirishga, takroran buzgan taqdirda uni kun bo‘yi majlisda so‘zlashdan mahrum qilishga;
Qonunchilik palatasining ishiga xalaqit berayotgan taklif etilgan shaxslarni majlis zalidan chiqarib yuborishga haqli.
77-modda.
Qonunchilik palatasi majlislarida ish davlat tilida olib boriladi va zaruratga qarab, Qonunchilik palatasi yoki Kengash qaroriga asosan boshqa tillarga sinxron tarjima ta’minlanadi.
78-modda.
Deputatlar Qonunchilik palatasining majlislarida munozaralarda ishtirok etishga, muhokama etilayotgan masalalarning mohiyati yuzasidan takliflar va mulohazalar kiritishga, Qonunchilik palatasi tomonidan saylanadigan, tayinlanadigan, tasdiqlanadigan mansabdor shaxslarning nomzodlari bo‘yicha o‘z fikrini bildirishga, savollar berishga, ma’lumotlar berishga, Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha materiallarni ko‘paytirishga va deputatlar o‘rtasida tarqatishga, shuningdek ushbu Reglamentda belgilangan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.
79-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida so‘zga chiquvchi o‘z nutqida deputatlar va boshqa shaxslarning sha’ni hamda qadr-qimmatiga ziyon yetkazuvchi qo‘pol, kamsituvchi iboralar ishlatishga, kimnidir asossiz ravishda ayblashga, bila turib soxta axborotdan foydalanishga, noqonuniy xatti-harakatlarga da’vat qilishga haqli emas. So‘zga chiquvchi ushbu talablarni buzgan taqdirda, Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi uni ogohlantiradi, talablar takroran buzilganda esa so‘zlashdan mahrum qiladi.
Agar Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi so‘zga chiquvchiga murojaat qilsa, u darhol o‘z nutqini to‘xtatishi kerak.
Agar so‘zga chiquvchining nutqi unga nisbatan ta’sir o‘tkazish chorasini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lmagan holda to‘xtatilgan bo‘lsa, Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi uning so‘zlash vaqtini nutq qancha vaqtga to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lsa, shuncha muddatga uzaytiradi.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi so‘zga chiquvchini unga ajratilgan vaqt davomida so‘zlashdan mahrum etishi mumkin emas, nutq mavzusidan chetga chiqish va ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarni buzish hollari bundan mustasno.
80-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchining ruxsatisiz hech kim so‘zlashga haqli emas. Bu qoidani buzgan shaxs raislik qiluvchi tomonidan ogohlantirishsiz so‘zlashdan mahrum etiladi.
Qonunchilik palatasining majlisi vaqtida hech kim nutqni bayon etishga yoki eshitishga to‘sqinlik qiluvchi xatti-harakatlari (baqiriqlar, qarsaklar, o‘rnidan turish va shu kabilar) bilan so‘zga chiquvchiga va tinglovchilarga xalaqit bermasligi kerak.
Munozaralar to‘xtatilganligi munosabati bilan so‘zga chiqa olmagan deputatlar o‘z nutqlarining imzolangan matnlarini Qonunchilik palatasi majlisining stenogrammasiga qo‘shib qo‘yishga haqlidirlar.
81-modda.
Agar deputat o‘z so‘zlari yoki xatti-harakatlari Qonunchilik palatasining majlisida so‘zga chiquvchi yoki raislik qiluvchi tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinmoqda deb hisoblasa, u tushuntirish berish yoki mulohaza bildirish uchun so‘z berishni iltimos qilib, majlisda raislik qiluvchiga murojaat etishi mumkin. Majlisda raislik qiluvchi bunday murojaatlar bo‘yicha deputatga darhol yoki muhokama oxirida, ammo ovoz berilgunga qadar so‘z beradi.
82-modda.
Muhokama etilayotgan masala bo‘yicha munozaralar Qonunchilik palatasi tomonidan belgilangan vaqt o‘tishi bilan yoki deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadigan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan to‘xtatilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi munozaralarni to‘xtatish to‘g‘risidagi taklifni olgach, deputatlarga so‘zga chiqish uchun yozilganlar va so‘z olganlar soni to‘g‘risida ma’lum qiladi, so‘zlovchilar ro‘yxatiga yozilgan, ammo so‘zga chiqmagan deputatlardan qaysi biri so‘zga chiqishni talab qilishini aniqlaydi va deputatlarning ma’qullashi bilan ularga so‘z beradi.
83-modda.
Ma’ruzalar, qo‘shimcha ma’ruzalar va yakunlovchi so‘z davomiyligi Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi tomonidan ma’ruzachilar va qo‘shimcha ma’ruzachilar bilan kelishuvga ko‘ra, qoida tariqasida, ma’ruza uchun — 30 daqiqagacha, qo‘shimcha ma’ruza uchun — 20 daqiqagacha va yakunlovchi so‘z uchun 15 daqiqagacha bo‘lgan vaqt doirasida belgilanadi.
Munozaralarda so‘zga chiquvchi deputatlarga 10 daqiqagacha vaqt beriladi. Munozaralarda takroriy so‘zga chiqish uchun, shuningdek majlisni olib borish tartibi, ovoz berish asoslari, nomzodlar bo‘yicha so‘zga chiqish, bayonotlar, savollar, takliflar, xabarlar, ma’lumotlar uchun — 3 daqiqagacha vaqt beriladi.
Qonunchilik palatasi majlisida hozir bo‘lgan deputatlar ko‘pchiligining roziligi bilan raislik qiluvchi Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritilgan masalani muhokama qilishning umumiy davomiyligini, savollar va javoblar uchun ajratiladigan vaqtni belgilab qo‘yishi, so‘zlash vaqtini uzaytirishi mumkin.
Qonunchilik palatasining majlislarida deputat ayni bitta masala bo‘yicha munozaralarda ko‘pi bilan ikki marta so‘zga chiqishi mumkin.
Munozaralarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin ma’ruzachi va qo‘shimcha ma’ruzachi yakunlovchi so‘z olish huquqiga ega.
Agar so‘zga chiquvchi so‘zlash uchun ajratilgan vaqtdan o‘tib ketsa yoki muhokama etilayotgan masala yuzasidan fikr bildirmayotgan bo‘lsa, Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi uni avval ogohlantirib, keyin so‘zlashdan mahrum qiladi.
84-modda.
Qonunchilik palatasining majlislari ish kunlarida:
ertalabki majlislar — soat 11 dan 13 gacha;
kechki majlislar — soat 15 dan 17 gacha o‘tkaziladi.
Qonunchilik palatasining qaroriga binoan Qonunchilik palatasi majlislarining boshlanishi, tugashi va tanaffus uchun boshqa vaqt belgilanishi mumkin.
7-bob. Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma majlislarini o‘tkazish tartibi
85-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma majlislari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq so‘zlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq so‘zlaganda o‘tkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qo‘shma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham o‘tkazilishi mumkin.
86-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlislari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat Raisining taklifiga yoki tegishincha deputatlar yoxud senatorlar umumiy sonining kamida uchdan bir qismining taklifiga binoan chaqirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisini chaqirish masalasi yuzasidan Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazilib, bunda qo‘shma majlisni o‘tkazish sanasi belgilanadi va kun tartibi bo‘yicha takliflar muhokama qilinadi.
87-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi, agar unda tegishincha deputatlar va senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi.
88-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlislarida, agar qo‘shma majlisda boshqacha qoida belgilanmasa, Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi navbatma-navbat raislik qiladi.
89-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida eshitilgan masalalar muhokamasi natijalari yuzasidan palatalarning qo‘shma qarori qabul qilinishi mumkin. Bunda ovoz berish, qoida tariqasida, alohida-alohida o‘tkaziladi.
90-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi ochiq va oshkora o‘tkaziladi.
8-bob. Ovoz berish va qarorlar qabul qilish tartibi
91-modda.
Qonunchilik palatasining qarorlari uning majlislarida ochiq yoki yashirin ovoz berish orqali qabul qilinadi. Ochiq ovoz berish nomma-nom bo‘lishi mumkin.
Ovoz berish shakli va usuli to‘g‘risidagi qaror Qonunchilik palatasi tomonidan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi, u yoki bu masala yuzasidan ovoz berish shakli va usuli O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida hamda qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
Qonunchilik palatasi majlislarida ovoz berish elektron tizimdan yoki yashirin ovoz berish byulletenlaridan foydalangan holda amalga oshirilishi mumkin.
Qonunchilik palatasi majlislarida ovozlarni hisoblashda elektron tizimdan foydalanish ustidan nazoratni elektron tizimdan foydalanishni nazorat qiluvchi guruh amalga oshiradi.
Tartib-taomil masalalari bo‘yicha ochiq nomma-nom, shuningdek yashirin ovoz berish o‘tkazilmaydi.
Tartib-taomil masalalariga:
Qonunchilik palatasi majlisining tanaffusi yoki majlisni boshqa vaqtga ko‘chirish to‘g‘risidagi;
so‘zlash uchun qo‘shimcha vaqt berish to‘g‘risidagi;
qonun loyihasining mohiyati bo‘yicha deputatlardan tushgan savollarga javob qaytarish uchun ajratiladigan vaqtning davomiyligi to‘g‘risidagi;
majlisga taklif qilinganlarga so‘z berish to‘g‘risidagi;
muhokama etilayotgan masala bo‘yicha munozaralarni boshqa vaqtga ko‘chirish yoki to‘xtatish to‘g‘risidagi;
muayyan masalani tayyorlash uchun tegishli qo‘mita yoki komissiyaga topshirish to‘g‘risidagi;
muhokamasiz ovoz berish to‘g‘risidagi;
qonunchilik palatasining yopiq majlisini o‘tkazish to‘g‘risidagi;
ovoz berishni o‘tkazishning usulini o‘zgartirish to‘g‘risidagi;
so‘zga chiqish navbatini o‘zgartirish to‘g‘risidagi;
qo‘shimcha ravishda ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi;
ovozlarni qayta sanab chiqish to‘g‘risidagi masalalar kiradi.
92-modda.
Deputatlarga elektron tizimdan foydalangan holda ovoz berish uchun kartochka beriladi.
Deputat ovoz berish kartochkasi lozim darajada saqlanishini va undan foydalanilishini ta’minlashi shart.
93-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchi ovoz berish boshlanishidan oldin:
ovozga qo‘yilayotgan takliflarning sonini ma’lum qiladi;
takliflarning ta’rifini va ularni ovozga qo‘yish ketma-ketligini aniqlaydi;
zarurat bo‘lganda qaror qancha ovoz bilan qabul qilinishi kerakligini eslatadi.
Elektron tizimdan foydalangan holda ochiq ovoz berish o‘tkazilganida deputat nomma-nom ovoz berish natijalarining ro‘yxati bilan tanishishga haqli.
94-modda.
Barcha masalalar bo‘yicha ovoz berish natijalari Qonunchilik palatasining bayonnomasi va stenogrammasiga kiritiladi.
95-modda.
Agar ovoz berish natijalari aniqlanganidan keyin deputatdan elektron tizimda qayd etilgan o‘z xohish-irodasi noto‘g‘ri ekanligi to‘g‘risida yozma ariza tushsa, elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh mazkur deputat ishtirokida uning abonentlik qurilmasi ishining sozligini tekshirishi shart. Buning uchun Qonunchilik palatasining majlisida raislik qiluvchining taklifiga binoan deputatga elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh ishtirokida navbatma-navbat tugmachalarni (“tarafdor”, “qarshi”, “betaraf) bosish va natijalarni majlislar zalidagi elektron tabloda namoyish etish taklif qilinadi. Tekshirish natijalari bayonnoma va stenogrammada qayd etiladi.
96-modda.
Qonunchilik palatasining qarorlari, agar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida va qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
97-modda.
Har bir masala bo‘yicha ovoz berishda deputat bitta ovozga ega bo‘ladi va qaror qabul qilinishini “yoqlab” yoki unga “qarshi” yoxud qaror qabul qilinishiga betaraflik bildirib ovoz beradi.
Deputat o‘zining ovoz berish huquqini shaxsan amalga oshiradi.
Ovoz berish vaqtida hozir bo‘lmagan deputat ovoz berish uchun ajratilgan vaqt o‘tganidan keyin ovoz berishga haqli emas.
98-modda.
Elektron tizimdan foydalanmagan holda ochiq ovoz berish yoki byulletenlardan foydalangan holda yashirin ovoz berishni o‘tkazish uchun ovozlarni sanab chiqish va ovoz berish natijalarini aniqlash deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan saylanadigan sanoq komissiyasiga topshiriladi. Saylanayotgan organ tarkibiga yoki mansabdor shaxslar lavozimlariga nomzodlari ko‘rsatilgan deputatlar sanoq komissiyasi tarkibiga kirishi mumkin emas. Qonunchilik palatasi sanoq komissiyasi saylanganligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Sanoq komissiyasi o‘z tarkibidan komissiya raisi va kotibini saylaydi. Sanoq komissiyasining qarori komissiya a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
99-modda.
Zarur axborotga ega bo‘lgan yashirin ovoz berish byulletenlari sanoq komissiyasining nazorati ostida, u taklif etgan hamda Qonunchilik palatasining qarori bilan tasdiqlangan shaklda deputatlarning soniga mos miqdorda tayyorlanadi.
Yashirin ovoz berish byulletenlarini tarqatish yakunlanganidan keyin sanoq komissiyasida qolgan byulletenlar komissiya a’zolarining ishtirokida sanoq komissiyasi raisi tomonidan yo‘q qilinadi, bu haqda bayonnoma tuziladi.
Yashirin ovoz berish vaqti va joyi, uni o‘tkazish tartibi sanoq komissiyasining tavsiyasiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu Reglamentga muvofiq belgilanadi va sanoq komissiyasining raisi tomonidan e’lon qilinadi.
100-modda.
Yashirin ovoz berish byulletenlarini tarqatish bevosita ovoz berish boshlanishidan oldin amalga oshiriladi. Ovoz berishning boshlanish va tugash vaqti Qonunchilik palatasi tomonidan belgilanadi.
Har bir deputatga saylanayotgan organ yoki mansabdor shaxs saylovi bo‘yicha yoxud Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilayotgan qaror loyihasi bo‘yicha yashirin ovoz berish uchun bitta byulleten beriladi.
Yashirin ovoz berish byulletenlari deputatlarga sanoq komissiyasi tomonidan deputatlarning ro‘yxatiga muvofiq, ular deputatlik guvohnomasini ko‘rsatganidan keyin beriladi. Byulletenni olish vaqtida deputat ro‘yxatda ko‘rsatilgan o‘z familiyasi ro‘parasiga imzo qo‘yadi.
Byulletenni to‘ldirish deputat tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga belgi-krestik qo‘yish, qaror loyihasiga oid byulletenda esa, agar u tegishli qarorni (qaror variantini) yoqlab ovoz berayotgan bo‘lsa, “qarshiman” degan so‘zni o‘chirish, taklif etilayotgan qarorga qarshi ovoz berayotgan bo‘lsa, “yoqlayman” degan so‘zni o‘chirish orqali amalga oshiriladi.
Yashirin ovoz berish byulleteni sanoq komissiyasi tomonidan muhrlangan maxsus qutiga tashlanadi.
101-modda.
Sanoq komissiyasi yashirin ovoz berishni amalga oshirishlari uchun deputatlarga sharoit yaratishi shart.
Belgilanmagan nusxadagi byulletenlar, shuningdek deputatlarning xohish-irodasini aniqlashning iloji bo‘lmagan byulletenlar ovozlarni hisoblab chiqish vaqtida haqiqiy emas deb hisoblanadi. Byulletenga kiritilgan qo‘shimchalar ovozlarni hisoblab chiqish chog‘ida e’tiborga olinmaydi.
102-modda.
Ochiq yoki yashirin ovoz berish natijalari to‘g‘risida sanoq komissiyasi bayonnoma tuzadi, bayonnomani komissiyaning barcha a’zolari imzolaydi. Sanoq komissiyasining ochiq yoki yashirin ovoz berish natijalari to‘g‘risidagi ma’ruzasini Qonunchilik palatasi ma’lumot uchun qabul qiladi.
Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi sanoq komissiyasining Qonunchilik palatasi tomonidan ma’lumot uchun qabul qilingan ochiq yoki yashirin ovoz berish natijalari to‘g‘risidagi ma’ruzasi asosida qabul qilingan qarorni e’lon qiladi, saylovlar o‘tkazilganida esa saylangan nomzodlarni nomma-nom ko‘rsatadi. Ovoz berish natijalari Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
9-bob. Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat
103-modda.
Qonunchilik palatasida:
deputatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish;
deputatlarni so‘zga chiqish uchun yozish;
ovozlarni hisoblab chiqish va ovoz berish natijalarini aniqlash;
zarurat bo‘lganda, sinxron tarjimani ta’minlash;
majlislarning borishi to‘g‘risida ma’lumot va statistik axborot to‘plash hamda ularni tezkor tayyorlab berish;
ro‘yxatlar va majlislarning boshqa hujjatlarini shakllantirish hamda chop etish;
Qonunchilik palatasi majlislarini axborot bilan ta’minlash uchun elektron tizimdan foydalanish mumkin.
104-modda.
Qonunchilik palatasining majlislarida deputatlar orasidan elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh tuziladi.
105-modda.
Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruhga kirgan deputatlar tizim ustidan nazorat qilish uchun zarur bo‘lgan barcha axborotdan moneliksiz foydalanish huquqiga egadirlar. Ushbu guruhning o‘z tasarrufiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qarorlari Qonunchilik palatasi devonining barcha xodimlari, shu jumladan, Qonunchilik palatasi elektron tizimiga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar uchun majburiy hisoblanadi.
106-modda.
Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh yashirin ovoz berish boshlanguniga qadar elektron tizimning qay darajada sozligini tekshirishi shart, bu haqda maxsus bayonnoma tuziladi.
Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh deputatlarning nomma-nom ovoz berish, so‘zga chiqish uchun yozuvlar natijalaridagi noaniqliklar va elektron tizim ishidagi boshqa xatoliklar to‘g‘risidagi arzlarini ko‘rib chiqadi hamda ularning qay darajada asosli ekanligini tekshiradi.
Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh o‘z ishiga ekspertlar va mutaxassislarni jalb etishi mumkin.
107-modda.
Deputatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish natijalari, ularni so‘zga chiqishga yozish natijalari, ovoz berish natijalari va Qonunchilik palatasi majlisining borishi to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlar, yopiq majlisning borishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni istisno etganda, deputatlarga raqamli ma’lumotlar, ro‘yxatlar, boshqa materiallar tarzida taqdim etiladi hamda ular Qonunchilik palatasi majlisining stenografik hisobotiga kiritilishi lozim.
Elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat qiluvchi guruh rahbari deputatning yozma so‘roviga binoan unga Qonunchilik palatasining majlisi to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlarni berishi shart, Qonunchilik palatasining yopiq majlisi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bundan istisno.
10-bob. Qonunchilik palatasidagi tadbirlar
108-modda.
Qonunchilik palatasi Spikerining, qo‘mitaning, komissiyaning, deputatlar birlashmasining tashabbusiga binoan Qonunchilik palatasi binosi xonalarida Qonunchilik palatasining faoliyati bilan bog‘liq konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar va boshqa tadbirlar o‘tkazilishi mumkin.
109-modda.
Qonunchilik palatasida tadbir o‘tkazish uchun bildirishnoma, qoida tariqasida, tadbir o‘tkazilishi boshlanguniga qadar uch kun qolganida Qonunchilik palatasi devoni rahbariga beriladi.
110-modda.
Qonunchilik palatasida o‘tkaziladigan tadbirlar Qonunchilik palatasi va uning organlari ishi bir me’yorda borishini buzmasligi kerak.
V BO‘LIM.
QONUNChILIK TARTIB-TAOMILLARI
QONUNChILIK TARTIB-TAOMILLARI
11-bob. Qonun loyihalarini qonunchilik palatasiga kiritish va dastlabki tarzda ko‘rib chiqish tartibi
111-modda.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan kiritiladi.
Qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, o‘z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Bosh prokurori egadirlar.
112-modda.
Qonunchilik tashabbusi huquqi Qonunchilik palatasiga:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlari va qonunlari loyihalarini;
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlari hamda qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini kiritish shaklida amalga oshiriladi.
Qonunlar bilan tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlardan tashqari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatiga kiritilgan quyidagi masalalar ham qonunlar bilan tartibga solinadi va Qonunchilik palatasiga qonun loyihalari shaklida kiritiladi:
O‘zbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlarining tizimini hamda vakolatlarini belgilash;
O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy qilish;
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yo‘li bilan tartibga solish, chegaralarini o‘zgartirish;
Davlat budjetini qabul qilish;
davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya va denonsatsiya qilish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish.
113-modda.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritishda quyidagilar taqdim etilishi kerak:
1) qonun loyihasining konsepsiyasi bayon qilingan tushuntirish xati;
2) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi, shuningdek qonun loyihasi kiritilishi bilan bog‘liq qonunlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi qonun loyihasi;
3) o‘zgartirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi yoki qabul qilinishi lozim bo‘lgan qonun osti hujjatlarining ro‘yxati;
4) moddiy xarajatlarni talab qiladigan qonun loyihalari uchun moliyaviy-iqtisodiy asoslar;
5) davlat daromadlarini kamaytirish yoki davlat xarajatlarini ko‘paytirish, shuningdek Davlat budjeti moddalari bo‘yicha o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonunlar loyihalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xulosasi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining xulosasi bo‘lmagan taqdirda, qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytariladi.
Qonun loyihasi Qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti — kollegial organ tomonidan kiritilganida tegishli kollegial organning Qonunchilik palatasidagi ushbu qonun loyihasi bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakili ko‘rsatilgan qarori taqdim etilishi kerak.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining 2005-yil 27-iyunda 73-I-son Qarori bilan tasdiqlangan Qonun loyihalarini yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha uslubiy tavsiyalar.
114-modda.
Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihasining matniga quyidagi qoidalar kiritilishi mumkin:
qonun yoki uning ayrim qoidalarining kuchga kirish muddati va tartibi haqidagi;
ushbu Qonun qabul qilinishi munosabati bilan avval qabul qilingan qonunlar va boshqa qonun hujjatlarini yoki ularning ayrim qoidalarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqidagi.
115-modda.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasining devonida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran Qonunchilik palatasiga kiritilgan hisoblanadi. Ayni vaqtda qonun loyihasiga ro‘yxatga olish raqami uni ko‘rib chiqish va o‘tishining butun davri uchun beriladi.
Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan mas’ul qo‘mitaga topshiriladi.
Mas’ul qo‘mita qonun loyihasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari talablariga muvofiqligi hamda qonun loyihasini kiritishning qonunda va ushbu Reglamentda belgilangan tartibiga qay darajada rioya etilganligini aniqlaydi.
Mas’ul qo‘mitaning qonun loyihasini Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun qabul qilish mumkinligi yoki uni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish zarurligi to‘g‘risidagi xulosasi, qoida tariqasida, o‘n to‘rt kun ichida Kengash muhokamasiga taqdim etiladi.
116-modda.
Kengash mas’ul qo‘mitaning xulosasi asosida qonun loyihasini Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun qabul qilish to‘g‘risida yoki u belgilangan talablarga nomuvofiq bo‘lsa, uni qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish haqida qaror qabul qiladi. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilganidan keyin qonun loyihasi Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun yangidan kiritilishi mumkin.
Agar tegishli masala bo‘yicha qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan bo‘lsa, ayni shu masala bo‘yicha boshqa qonun loyihasi Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun qabul qilinmaydi.
Qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun qabul qilinganda Kengash qonun loyihasini Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqishga tayyorlash muddatini belgilaydi.
Ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan qonun loyihasi tegishli materiallar bilan qo‘mitalarga yuboriladi.
117-modda.
Qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qilish va uni Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishga tayyorlash mas’ul qo‘mita tomonidan amalga oshiriladi.
118-modda.
Qonun loyihasi ustida ishlash uchun mas’ul qo‘mita o‘z a’zolari orasidan ishchi guruhi tuzishi mumkin. Ishchi guruhi tarkibiga mas’ul qo‘mitaning a’zolari bo‘lmagan deputatlar, qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti vakillari, boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy muassasalar vakillari, shuningdek ekspertlar, mutaxassislar va olimlar, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning vakillari ham kiritilishi mumkin.
Mas’ul qo‘mitaning qaroriga binoan qonun loyihasi qo‘mita raisi imzolagan ilova xat bilan birga xulosalar, fikrlar, takliflar va mulohazalar tayyorlash uchun, shuningdek ilmiy ekspertiza o‘tkazish uchun davlat organlariga, boshqa tashkilotlarga, mutaxassislar va olimlarga yuborilishi mumkin.
Qonun loyihasi bo‘yicha tushgan xulosalar, fikrlar, takliflar va mulohazalar mas’ul qo‘mita majlisida ko‘rib chiqiladi.
Mas’ul qo‘mita qonun loyihasi yuzasidan o‘z tarkibidan ma’ruzachini tayinlaydi.
119-modda.
Qonunchilik palatasi devonining yuridik bo‘limi Kengashning yoki mas’ul qo‘mitaning topshirig‘iga binoan ular belgilagan muddat ichida Qonun loyihasining huquqiy ekspertizasini tashkil etadi.
Qonunchilik palatasi devonining yuridik bo‘limi Qonun loyihasining huquqiy ekspertizasi natijalari asosida xulosa tayyorlaydi, xulosada quyidagi savollarga javoblar berilishi kerak:
qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqmi yoki nomuvofiqmi? Agar xulosada qonun loyihasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga nomuvofiqligi aniqlangan bo‘lsa, qonun loyihasining qaysi qonun hujjatiga nomuvofiqligi va bu nomuvofiqlik nimada aks etishi ko‘rsatilishi kerak;
Qonun loyihasining ichki mantiqi buzilmaganmi, qonun loyihasining bo‘limlari, boblari, moddalari, shuningdek qismlari, bandlari, kichik bandlari va moddalarining xatboshilari o‘rtasida qarama-qarshiliklar yo‘qmi? Agar bunday qarama-qarshiliklar mavjud bo‘lsa, ular aniq ko‘rsatilishi, shuningdek ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berilishi kerak;
yangi qonun loyihasi qabul qilinishi munosabati bilan o‘zgartirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi yoki qabul qilinishi lozim bo‘lgan qonun hujjatlarining to‘liq ro‘yxati berilganmi?
Qonunchilik palatasi devoni yuridik bo‘limining xulosasi bo‘lim rahbari yoki rahbar o‘rinbosari tomonidan uning familiyasi va imzolash sanasi ko‘rsatilgan holda imzolanishi kerak. Belgilangan muddatda xulosa berishning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda bu muddat Qonunchilik palatasi devoni yuridik bo‘limining asoslantirilgan taklifiga binoan Kengash yoki mas’ul qo‘mita tomonidan uzaytirilishi mumkin.
120-modda.
Qonun loyihasini qo‘mitalarda muhokama qilish ochiq, qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining vakili taklif etilgan holda o‘tkaziladi va ommaviy axborot vositalarida yoritilishi mumkin.
Qo‘mitalarning majlislarida xulosalar, fikrlar, takliflar va mulohazalar bildirish uchun qonun loyihasi yuborilgan davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar taklifga binoan qatnashishlari mumkin.
121-modda.
Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlangan qonun loyihasi va unga doir materiallar Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish uchun mas’ul qo‘mita tomonidan Kengashga yuboriladi.
Agar Kengash tomonidan boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, mas’ul qo‘mita qonun loyihasini olgan kundan e’tiboran ikki oy ichida:
qonun loyihasini Qonunchilik palatasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishi uchun kiritish to‘g‘risidagi Kengash qarorining loyihasini;
mas’ul qo‘mitaning mazkur qonun loyihasini qabul qilish yoki rad etish zarurligi asoslantirilgan xulosasini ilova qilgan holda Kengash muhokamasiga taqdim etadi.
Kengash mas’ul qo‘mita tomonidan taqdim etilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
122-modda.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilinguniga qadar qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti loyiha matnini o‘zgartirish yoki o‘zi kiritgan qonun loyihasini chaqirib olish huquqiga ega.
12-bob. Qonun loyihalarini qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish tartibi
123-modda.
Qonunchilik palatasi qonun loyihasini, qoida tariqasida, uch o‘qishda ko‘rib chiqadi.
124-modda.
Birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlangan qonun loyihasi va unga doir materiallar mas’ul qo‘mitaning taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi devoni tomonidan deputatlarga yetkaziladi.
125-modda.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi majlislarida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida mazkur qonun loyihasini qabul qilish zarurati, qonun loyihasining konsepsiyasi, uning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiqligi, shuningdek qonunni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar va moliyalash manbalari to‘g‘risidagi masala muhokama qilinadi.
Muhokama, qoida tariqasida, mas’ul qo‘mita vakilining yoki qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektining yoxud uning vakilining ma’ruzasi bilan boshlanadi.
Qonun loyihasi ko‘rib chiqilayotganida deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan deputatlarning qonun loyihasi mohiyati bo‘yicha savollariga javob qaytarish uchun vaqt ajratilishi mumkin, shundan keyin deputatlar birlashmalari, deputatlar, muhokamada ishtirok etish uchun taklif etilgan boshqa shaxslarning takliflari va mulohazalari eshitiladi.
126-modda.
Qonunchilik palatasi muhokama natijalari bo‘yicha qonun loyihasini maromiga yetkazish va keyingi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga kiritish muddatini belgilagan holda uni birinchi o‘qishda qabul qilish yoki qonun loyihasini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Qonun loyihasining muhokamasi tugaganidan keyin qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish to‘g‘risidagi taklif ovozga qo‘yiladi. Agar ovoz berish yakunlariga binoan qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish to‘g‘risidagi taklif zarur ovozlar sonini to‘plamasa, qonun loyihasi qo‘shimcha ovoz berish o‘tkazmagan holda rad etilgan hisoblanadi. Bu to‘xtam Qonunchilik palatasining tegishli qarori bilan rasmiylashtiriladi. Rad etilgan qonun loyihasi keyinchalik ko‘rib chiqilmaydi va u qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytariladi.
127-modda.
Muqobil qonun loyihalari kiritilganida Qonunchilik palatasi har bir qonun loyihasi bo‘yicha alohida-alohida ovoz berish orqali ularni bir vaqtda ko‘rib chiqadi. Agar alohida-alohida ovoz berish yakunlariga ko‘ra qonun loyihalarining bir nechtasi ularni qabul qilish uchun yetarli ovozlar sonini to‘plasa, eng ko‘p ovozlar sonini olgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan hisoblanadi. Agar alohida-alohida ovoz berish yakunlariga ko‘ra qonun loyihalaridan birortasi ham qabul qilish uchun yetarli darajada ovozlar sonini to‘plamasa, eng ko‘p ovozlar sonini to‘plagan qonun loyihasi uzil-kesil ovozga qo‘yiladi. Agar uzil-kesil ovozga qo‘yish vaqtida deputatlar umumiy sonining yarmidan ko‘pi uni yoqlab ovoz bersa, mazkur qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan hisoblanadi. Ovoz berish natijasi Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinmagan muqobil qonun loyihalari rad etilgan hisoblanadi. To‘xtam qo‘shimcha ovoz berish o‘tkazilmagan holda Qonunchilik palatasining tegishli qarori bilan rasmiylashtiriladi. Qonunchilik palatasi qarorlarining nusxalari rad etilgan qonun loyihalari bilan birgalikda qonun loyihalarini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlariga yuboriladi.
128-modda.
Qonunchilik palatasining qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish to‘g‘risidagi qarorida qonun loyihasiga doir tuzatishlarni taqdim etish muddati belgilanadi, bu muddat, qoida tariqasida, o‘n besh kundan kam bo‘lmasligi kerak. Agar deputatlarda qonun loyihasiga oid tuzatishlar berishning Qonunchilik palatasi qarori loyihasida belgilanganidan boshqacha muddatni belgilash to‘g‘risida takliflar mavjud bo‘lsa, qonun loyihasiga oid tuzatishlar berish muddati deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadigan qaror bilan belgilanadi.
Qonunchilik palatasi birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Qonunchilik palatasining qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish to‘g‘risidagi qarori besh kun ichida qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuboriladi.
Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan taqdirda Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi, ikkinchi va uchinchi o‘qish tartib-taomillarini istisno qilgan holda, mas’ul qo‘mitaning qonunni qabul qilish to‘g‘risidagi taklifini ovozga qo‘yishi mumkin. Agar ushbu taklifga deputatlarda e’tiroz bo‘lsa, raislik qiluvchi ularning har biriga o‘z yondashuvlarini asoslash uchun 3 daqiqagacha vaqt beradi. Mas’ul qo‘mita vakili har bir e’tiroz bo‘yicha mas’ul qo‘mitaning fikrini bayon etishga yoki qonunni qabul qilish to‘g‘risidagi taklifni qaytarib olishga haqli. Agar mas’ul qo‘mita qonunni qabul qilish taklifini qaytarib olmasa, raislik qiluvchi, muhokama tugaganidan keyin ikkinchi va uchinchi o‘qish tartib-taomillarini istisno qilgan holda, mas’ul qo‘mitaning qonunni qabul qilish to‘g‘risidagi taklifini ovozga qo‘yadi. Agar deputatlar umumiy sonining ko‘pchiligi qonun qabul qilinishini yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, u qabul qilingan hisoblanadi. Agar qaror qabul qilinmasa, qonun loyihasi ustidagi ish ushbu Reglamentda belgilangan tartibda davom ettiriladi.
129-modda.
Birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasiga doir takliflar va mulohazalar moddalarning tahririni o‘zgartirish tarzida yoki qonun loyihasini aniq moddalar bilan to‘ldirish tarzida yoxud qonun loyihasining muayyan so‘zlari, xatboshilari, kichik bandlari, bandlarini, moddalarining qismlarini yoki yaxlit moddalarini chiqarib tashlash to‘g‘risidagi takliflar tarzida mas’ul qo‘mitaga kiritiladi.
130-modda.
Mas’ul qo‘mita qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash vaqtida tushgan takliflar hamda mulohazalarni o‘rganadi va umumlashtiradi, zarurat bo‘lganda, qonun loyihasi bo‘yicha tushgan takliflar va mulohazalarning mustaqil ekspertizasini tashkil etadi. Mas’ul qo‘mita asosli deb topgan takliflar va mulohazalar qonun loyihasining matniga kiritiladi.
Agar mas’ul qo‘mita tomonidan qonun loyihasini ikkinchi o‘qish uchun tayyorlash jarayonida loyihaning nomi o‘zgarsa, u qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun yangi nomda kiritiladi, uning dastlabki nomi esa yangi nomining ostida qavslar ichida keltiriladi.
Qonun loyihasi bo‘yicha takliflar va mulohazalar mas’ul qo‘mita majlisida ko‘rib chiqiladi, majlis o‘tkaziladigan vaqt to‘g‘risida qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti, shuningdek ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasiga doir takliflar va mulohazalar kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari xabardor qilinadilar.
Mas’ul qo‘mita qonun loyihasiga oid takliflar va mulohazalarni ko‘rib chiqib, ularni Qonunchilik palatasi qabul qilishi uchun mas’ul qo‘mita tomonidan tavsiya etilayotgan takliflar va mulohazalar guruhiga, Qonunchilik palatasi tomonidan rad etish uchun tavsiya etilayotgan takliflar va mulohazalar guruhiga hamda qaror qabul qilinmagan takliflar va mulohazalar guruhiga ajratadi.
131-modda.
Mas’ul qo‘mita keyinchalik Qonunchilik palatasi muhokamasiga taqdim etish uchun Kengashga quyidagilarni yuboradi:
qonun loyihasi bo‘yicha Qonunchilik palatasi qarorining loyihasi;
Qonunchilik palatasining qabul qilishi uchun tavsiya etilayotgan takliflar va mulohazalar hisobga olingan holdagi (birinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasi matnidagi o‘zgarishlarni ajratib ko‘rsatgan holda) qonun loyihasi matni.
Kengash ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlangan qonun loyihasini Qonunchilik palatasining qonun loyihalariga doir ish rejasiga kiritish va qonun loyihasini deputatlarga yetkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Qonun loyihasi unga doir materiallar bilan birgalikda, qoida tariqasida, uni ikkinchi o‘qishda Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqishga kamida o‘n kun qolganda deputatlarga tarqatiladi.
132-modda.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotganida mas’ul qo‘mitaning vakili ma’ruza bilan so‘zga chiqadi.
Ma’ruzachi qonun loyihasini mas’ul qo‘mitada ko‘rib chiqish yakunlari to‘g‘risida, kelib tushgan takliflar va ularni ko‘rib chiqish natijalari haqida ma’lum qiladi.
Qonun loyihasini Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida mas’ul qo‘mita ma’qullagan takliflar ham, ma’qullamagan takliflar ham muhokama qilinadi. Qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish moddama-modda o‘tkaziladi.
Moddama-modda ovoz berish natijalari bo‘yicha Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi qonun loyihasini maromiga yetkazish va keyingi o‘qishda Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritish muddatini belgilagan holda uni ikkinchi o‘qishda qabul qilish to‘g‘risidagi taklifni ovozga qo‘yadi. Agar ovoz berish yakunlariga ko‘ra bunday taklif ovozlarning zarur sonini to‘plamagan bo‘lsa, qonun loyihasi maromiga yetkazish uchun mas’ul qo‘mitaga qaytariladi. Maromiga yetkazilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qayta ko‘rib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi loyihani ikkinchi o‘qishda qabul qilish to‘g‘risidagi taklifni ovozga qo‘yadi. Agar ovoz berish yakunlariga ko‘ra bunday taklif ovozlarning zarur sonini to‘plamagan bo‘lsa, qonun loyihasi rad etilgan hisoblanadi va bundan buyon ko‘rib chiqilmaydi. Qonunchilik palatasining mazkur masala yuzasidan qabul qilgan qarorining nusxasi qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuboriladi.
133-modda.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilingan taqdirda, mas’ul qo‘mitaning taklifiga binoan uchinchi o‘qish tartib-taomillarini istisno etgan holda qonunni qabul qilish to‘g‘risidagi masala ovozga qo‘yilishi mumkin.
134-modda.
Ikkinchi o‘qishda qabul qilingan qonun loyihasi moddalarning o‘zaro bog‘liqligini aniqlash va ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish vaqtida loyiha matniga kiritilgan o‘zgartishlar bilan bog‘liq zarur tahririy tuzatishlar kiritish uchun mas’ul qo‘mitaga yuboriladi. Ushbu ish tugallanganidan keyin qonun loyihasi Qonunchilik palatasining qonun loyihalariga doir ish rejasi loyihasiga kiritish uchun mas’ul qo‘mita tomonidan Kengashga taqdim etiladi.
135-modda.
Kengash qonun loyihasini qonun sifatida qabul qilish maqsadida ovoz berish uchun loyihaning uchinchi o‘qishini tayinlaydi. Agar qonun loyihasini ikkinchi o‘qish jarayonida unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa, Kengash qonun loyihasi matnini deputatlarga yetkazishni tashkil etadi,
Uchinchi o‘qishda qonun loyihasi uni muhokama qilmay to‘laligicha ovozga qo‘yiladi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqilayotganida unga tuzatishlar kiritilishiga hamda qonun loyihasini to‘laligicha yoki uning ayrim bo‘limlari, boblari, moddalarini muhokama qilish uchun qaytishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinmasa, u rad etilgan hisoblanadi. Qonun loyihasi bo‘yicha to‘xtam qo‘shimcha ovoz berish o‘tkazilmagan holda Qonunchilik palatasining tegishli qarori bilan rasmiylashtiriladi. Qonunchilik palatasining mazkur masala yuzasidan qabul qilgan qarorining nusxasi qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga yuboriladi.
Ayrim hollarda deputatlar birlashmalarining talabiga binoan Qonunchilik palatasi majlisida raislik qiluvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qish tartib-taomiliga qaytarish to‘g‘risidagi masalani ovozga qo‘yishi shart.
136-modda.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga yoki konstitutsiyaviy qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun, agar unga deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi ovoz bergan bo‘lsa, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunlar Qonunchilik palatasining tegishli qarorlari va boshqa zarur materiallar, shu jumladan qonunga doir qiyosiy jadval bilan birgalikda mas’ul qo‘mita tomonidan rasmiylashtiriladi hamda Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan Senatga ko‘rib chiqish uchun o‘n kun ichida yuboriladi. Qiyosiy jadvalda qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti tomonidan kiritilgan qonun loyihasining matni, Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunning matni, qonun loyihasiga kiritilgan o‘zgartishlarga doir asoslar, shuningdek ushbu o‘zgartishlar qonun loyihasini kiritgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti yoki uning vakili bilan kelishib olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltiriladi.
(136-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2006-yil 19-apreldagi 265–I-son Qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 4-son, 174-modda)
13-bob. Senat tomonidan rad etilgan qonunlarni qayta ko‘rib chiqish
137-modda.
Senat tomonidan rad etilgan va Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonun Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan xulosa tayyorlash uchun mas’ul qo‘mitaga topshiriladi.
Qonunni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha mas’ul qo‘mita Qonunchilik palatasiga:
yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun kelishuv komissiyasi tuzishni;
qonunni Qonunchilik palatasi qabul qilgan avvalgi tahrirda qabul qilishni;
qonunni Qonunchilik palatasida qayta ko‘rib chiqmaslikni tavsiya etishi mumkin.
138-modda.
Senat tomonidan rad etilgan qonun bo‘yicha yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi va Senat deputatlar va senatorlar orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasi tuzishlari mumkin.
Qonunchilik palatasida kelishuv komissiyasi tuzish to‘g‘risidagi tashabbus Qonunchilik palatasi Spikeridan, mas’ul qo‘mitadan, shuningdek deputatlar birlashmalaridan chiqishi mumkin.
Kelishuv komissiyasi tarkibiga nomzodlar yuzasidan Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisi tomonidan o‘zaro maslahatlashuvlar o‘tkaziladi.
Kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan saylangan tarkibi Qonunchilik palatasining majlisida tasdiqlanadi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2005-yil 8-noyabrdagi 152-I-sonli O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2005-yil 3-dekabrdagi 112-I-sonli qarorlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining kelishuv komissiyasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish Tartibi.
139-modda.
Kelishuv komissiyasi tuzish to‘g‘risidagi va uning tarkibiga deputatlarni saylash haqidagi to‘xtam Qonunchilik palatasining qarori bilan rasmiylashtiriladi, ushbu qaror loyihasi mas’ul qo‘mita tomonidan masalani Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisining kun tartibi loyihasiga kiritish uchun Kengashga kiritiladi. Qonunchilik palatasining kelishuv komissiyasini tuzish va uning tarkibiga deputatlar saylash to‘g‘risidagi qarori Senatga yuboriladi.
Qonunchilik palatasidan saylangan kelishuv komissiyasi a’zolari o‘z tarkibidan ko‘pchilik ovoz bilan komissiya hamraisini saylaydilar.
Kelishuv komissiyasi tarkibiga saylangan deputat uning majlislarida qatnashishi shart. Deputatning kelishuv komissiyasi majlisida ishtirok etish imkoniyati bo‘lmasa, bu haqda u Qonunchilik palatasidan saylangan kelishuv komissiyasi hamraisini oldindan xabardor qiladi.
Kelishuv komissiyasining ishini tashkiliy, axborot, hujjatlashtirish va boshqacha tarzda ta’minlash kelishuv komissiyasi qayerda ishlashiga qarab, tegishincha Qonunchilik palatasi devoni yoki Senat devoni tomonidan amalga oshiriladi.
140-modda.
Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir e’tirozini alohida-alohida ko‘rib chiqadi. Agar muayyan o‘zgartish Senatning kelishuv komissiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taklifi asosida ishlab chiqilgan qonun moddasining yangi tahriri bilan asoslangan bo‘lsa, kelishuv komissiyasi qonunning Senat tomonidan e’tiroz bildirilmagan ayrim moddalari tahririni o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.
Kelishuv komissiyasining qarorlari kelishuv komissiyasi tarkibiga kirgan deputatlar va senatorlarning alohida-alohida ovoz berishi orqali qabul qilinadi. Agar komissiyaning har bir palatadan saylangan a’zolarining ko‘pchiligi qarorni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qaror qabul qilingan hisoblanadi. Agar kelishuv komissiyasi tomonidan boshqacha tartib belgilanmasa, qaror ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Kelishuv komissiyasining majlisida bayonnoma yuritiladi. Zarurat bo‘lganda, kelishuv komissiyasining qaroriga binoan uning majlisi stenogramma qilinadi.
Kelishuv komissiyasi o‘z ishining natijalari yuzasidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni o‘z ichiga olgan xulosa qabul qiladi. Kelishuv komissiyasining xulosasi komissiya hamraislari tomonidan imzolanadi. Xulosaga qonunga doir o‘zgartish va qo‘shimchalar loyihasining matni ilova qilinadi.
Kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan saylangan hamraisi qonunni qayta ko‘rib chiqish sanasini belgilash uchun quyidagi hujjatlarni Kengash muhokamasiga kiritadi:
kelishuv komissiyasining xulosasi;
kelishuv komissiyasi majlisining bayonnomasi va qiyosiy jadval;
qonunga doir o‘zgartish va qo‘shimchalar loyihasi;
qonunning kelishuv komissiyasi taqdim etayotgan, kelishuv komissiyasining Qonunchilik palatasidan saylangan hamraisi tomonidan tasdiqlangan tahriri.
141-modda.
Qonunchilik palatasi kelishuv komissiyasining xulosasi taqdim etilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida uning takliflarini ko‘rib chiqishi va qaror qabul qilishi kerak.
Kelishuv komissiyasining takliflari qabul qilingan taqdirda qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Qonunni qayta ko‘rib chiqishda kelishuv komissiyasi majlisining bayonnomasida mavjud bo‘lgan takliflargina muhokama qilinadi. Bunday holda qonun odatdagi tartibda qabul qilinadi.
142-modda.
Qonunchilik palatasi kelishuv komissiyasining takliflari bo‘yicha deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qiladi.
Kelishuv komissiyasining loaqal bitta taklifi rad etilgan taqdirda Qonunchilik palatasi kelishuv komissiyasiga yangi takliflarni taqdim etish uchun Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullangan tuzatishlarni inobatga olgan holda ishni davom ettirishni taklif qilishi mumkin.
143-modda.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan kelishuv komissiyasining tahririda qabul qilingan taqdirda, u Senatga ma’qullash uchun zarur materiallar ilova qilingan holda besh kun ichida yuboriladi.
Agar kelishuv komissiyasining ish yakunlariga ko‘ra qonun bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, Qonun Senat tomonidan rad etilgan qonun sifatida Qonunchilik palatasi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
144-modda.
Agar Senat tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko‘rib chiqish vaqtida Qonunchilik palatasi uni kelishuv komissiyasining tahririda qabul qilmasa va Senatning qonunni rad etish to‘g‘risidagi qaroriga rozi emasligini bayon etsa, qonun avval qabul qilingan tahrirda ovozga qo‘yiladi.
Agar Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonunni takroran ma’qullasa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga imzolash hamda e’lon qilish uchun Qonunchilik palatasi tomonidan o‘n kun ichida yuboriladi.
Agar Qonunchilik palatasida Senat tomonidan rad etilgan qonun bo‘yicha avval qabul qilingan tahrirda ovoz berish vaqtida ushbu Qonun deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismining ovozini to‘plamasa, ko‘rib chiqilayotgan qonun qabul qilinmagan hisoblanadi.
14-bob. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunlarni qayta ko‘rib chiqish
145-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o‘z e’tirozlari bilan Qonunchilik palatasiga qaytarishga haqlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonun bir oy muddat ichida Qonunchilik palatasi tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
146-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan va Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonun Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan mas’ul qo‘mitaga topshiriladi.
Kengash mas’ul qo‘mitaning xulosasini olgach, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi masalani navbatdan tashqari tartibda Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunni Qonunchilik palatasining majlisida qayta ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalarini, ushbu takliflar va mulohazalar bo‘yicha mas’ul qo‘mitaning xulosasini bayon etishdan boshlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qaytarilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
qonunni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalarini inobatga olgan holda qabul qilish;
qonunni bundan buyon ko‘rib chiqmaslik;
qonunni avvalgi qabul qilingan tahririda ma’qullash.
147-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalarining, shuningdek mas’ul qo‘mitaning ushbu takliflar va mulohazalar bo‘yicha xulosasining muhokamasi tugaganidan keyin ana shu takliflar va mulohazalarni hisobga olgan holda qonunni qabul qilish yoki bundan buyon qayta ko‘rib chiqmaslik to‘g‘risidagi taklif ovozga qo‘yiladi.
Agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalari qonun loyihasini yanada maromiga yetkazishni taqozo etsa, Qonunchilik palatasi qonun loyihasining birinchi o‘qish tartib-taomilidan boshlab mazkur qonun ustidagi ishni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Agar deputatlar umumiy sonining ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takliflari va mulohazalarini e’tiborga olgan holda qabul qilingan hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti takliflari va mulohazalarining muayyan qismi ma’qullangan taqdirda, qonunni qabul qilish keyinga qoldiriladi. Mas’ul qo‘mitaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullangan takliflari va mulohazalarini hisobga olgan holda qonun matnini tayyorlash va qonunni Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun taqdim etish topshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining loaqal bitta taklifi yoki mulohazasi rad etilgan taqdirda qonunni qabul qilish uchun deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi talab qilinadi.
Mas’ul qo‘mitaning taklifiga binoan qonunni Qonunchilik palatasi avval qabul qilgan tahririda ma’qullash to‘g‘risidagi masala Qonunchilik palatasida ovozga qo‘yilishi mumkin. Bunday holda deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilinadi va ma’qullash uchun Senatga yuboriladi.
Agar Qonunchilik palatasi qonunni bundan buyon ko‘rib chiqmaslik to‘g‘risida to‘xtamga kelsa, palata qaror qabul qiladi, ushbu qaror ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va Senatga yuboriladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qayta ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmasdan Senatga yuboriladi.
15-bob. Ayrim qonun loyihalarini ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari
1-§. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi loyihasini hamda unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish
148-modda.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi loyihasini hamda unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu paragrafda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda ushbu Reglamentning 11—14-boblari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
149-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining, konstitutsiyaviy qonunning, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlarning loyihalarini qabul qilish uchun deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi talab qilinadi.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tegishli taklif kiritilganidan keyin olti oy ichida uning keng muhokamasini inobatga olgan holda ko‘rib chiqishi mumkin.
150-modda.
Agar Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilmasa, uni ko‘rib chiqish kamida bir yildan keyin qayta boshlanishi mumkin.
2-§. Davlat budjetining loyihasini ko‘rib chiqish
151-modda.
Navbatdagi moliya yili uchun Davlat budjeti loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 15-oktabridan kechiktirmay Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
Davlat budjeti loyihasini ko‘rib chiqish Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu paragrafda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda ushbu Reglament 11—14-boblarining talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
152-modda.
Davlat budjeti loyihasi mas’ul qo‘mita tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqiladi, mas’ul qo‘mita boshqa qo‘mitalar, deputatlar birlashmalari va deputatlarning mazkur loyiha bo‘yicha takliflari hamda mulohazalarini o‘n kun ichida umumlashtiradi.
Mas’ul qo‘mita majlislarining kuni va vaqti to‘g‘risida boshqa qo‘mitalarga rasmiy ravishda xabar qilinadi.
Mas’ul qo‘mitaning majlisida O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning Davlat budjetining loyihasi to‘g‘risidagi axboroti eshitiladi.
Davlat budjetining loyihasiga doir materiallar mazkur loyiha Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilguniga qadar oldindan deputatlarga yetkaziladi.
153-modda.
Davlat budjeti loyihasini Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilish O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning ma’ruzasi bilan boshlanadi, keyin mas’ul qo‘mita vakilining qo‘shimcha ma’ruzasi eshitiladi. Ma’ruzalar bo‘yicha muhokama o‘tkaziladi.
Davlat budjeti loyihasi bo‘yicha Qonunchilik palatasining takliflari va mulohazalari uch kunlik muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi.
154-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n to‘rt kun ichida Qonunchilik palatasining takliflari va mulohazalarini inobatga olgan holda Davlat budjeti loyihasini maromiga yetkazadi hamda Davlat budjetining maromiga yetkazilgan loyihasini Qonunchilik palatasiga ikkinchi o‘qish uchun yuboradi.
Davlat budjeti loyihasining ikkinchi o‘qishi O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning ma’ruzasi bilan boshlanadi, keyin mas’ul qo‘mita vakilining qo‘shimcha ma’ruzasi eshitiladi.
Davlat budjetining loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yilning 15-noyabridan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi kerak.
155-modda.
Davlat budjeti loyihasining muhokamasi natijalari bo‘yicha Qonunchilik palatasi kuyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
Davlat budjetini qabul qilish to‘g‘risida;
Davlat budjeti loyihasini rad etish haqida.
Davlat budjeti loyihasi rad etilgan taqdirda xarajatlar va daromadlarning aniq moddalari ko‘rsatilgan holda Davlat budjeti loyihasi qabul qilinmaganligining sabablari to‘liq asoslab beriladi. Qonunchilik palatasi tomonidan rad etilgan Davlat budjeti loyihasi maromiga yetkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qaytariladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun mazkur budjet qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida Senatga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
156-modda.
Davlat budjetiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan belgilangan tartibda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
Davlat budjetiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi masala, agar bu hol budjetni tartibga solishda qiyinchilik keltirib chiqarishi mumkin bo‘lsa, Qonunchilik palatasining majlisida birinchi navbatda ko‘rib chiqilishi kerak.
Davlat budjetiga o‘zgartish va qo‘shimchalar uni qabul qilish uchun belgilangan tartibda kiritiladi.
3-§. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish va ularning amal qilishini to‘xtatib turish
157-modda.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqish Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu paragrafda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda mazkur Reglamentning 11—14-boblari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
158-modda.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan shu shartnoma rasmiy matnining tasdiqlangan nusxasi va uni ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini to‘xtatib turishning maqsadga muvofiqligi asoslarini o‘z ichiga olgan hujjatlar bilan birgalikda kiritiladi.
159-modda.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi masala mas’ul qo‘mita tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqiladi. Mas’ul qo‘mita mazkur masala yuzasidan xulosa qabul qiladi.
160-modda.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun Senatga yuboriladi.
161-modda.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qonun loyihasi deputatlar umumiy sonining zarur ovozlari miqdorini to‘plamagan bo‘lsa va shu majlis jarayonida mazkur qonun loyihasini Qonunchilik palatasining qayta ko‘rib chiqishi uchun kiritish zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilinmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi ratifikatsiya qilish, denonsatsiya qilish, tugatish yoki uning amal qilishini to‘xtatib turish tartib-taomilidan o‘tmagan hisoblanadi.
VI BO‘LIM.
QONUNChILIK PALATASINING QARORLARINI KO‘RIB ChIQISh VA QABUL QILISh
QONUNChILIK PALATASINING QARORLARINI KO‘RIB ChIQISh VA QABUL QILISh
16-bob. Qonunchilik palatasining qarorlarini ko‘rib chiqish va qabul qilishning umumiy tartibi
162-modda.
Qonunchilik palatasi qonunlar qabul qilinishi talab etilmaydigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
163-modda.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o‘zining Senat bilan birgalikdagi vakolatlariga kiritilgan quyidagi masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi:
1) O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida;
2) O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
4) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va uning o‘rinbosarini saylash;
7) O‘zbekiston Respublikasi hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish;
8) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash;
9) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash;
10) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini o‘zgartirish.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir vaqtning o‘zida Qonunchilik palatasiga va Senatga kiritilgan farmonlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar (ushbu moddaning birinchi qismi 3, 8 va 9-bandlari) Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqiladi. Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu masalalar bo‘yicha qabul qilingan qarorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Ushbu modda birinchi qismining 2-bandida nazarda tugilgan masalalar, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma majlislarida ushbu Reglamentda nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Qonunchilik palatasining umumiy siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa masalalar bo‘yicha bayonotlari hamda murojaatlari ushbu Reglament talablariga rioya etilgan holda qabul qilinadigan qarorlar bilan rasmiylashtiriladi.
164-modda.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bilan o‘zining mutlaq vakolatlariga kiritilgan quyidagi masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi:
Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal qilish;
o‘z faoliyatini tashkil etish va Qonunchilik palatasining ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan;
siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan.
Qonunchilik palatasi o‘zining nazorat qilish vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq ayrim masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.
165-modda.
Qonunchilik palatasining qarori loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilayotganida unga qisqacha tushuntirish xati va boshqa zarur materiallar ilova qilinadi.
Qonunchilik palatasining qarori loyihasi Qonunchilik palatasi devonida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran Qonunchilik palatasiga kiritilgan hisoblanadi.
166-modda.
Qonunchilik palatasi Spikeri Qonunchilik palatasining qarori loyihasini dastlabki tarzda ko‘rib chiqish uchun mas’ul qo‘mitani va muddatni belgilaydi.
Kengash mas’ul qo‘mita vakilining axborotini eshitib, Qonunchilik palatasining qarori loyihasida ko‘rsatilgan masalani Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va ma’ruzachini belgilaydi.
167-modda.
Qonunchilik palatasi majlisida mas’ul qo‘mita vakilining axboroti eshitiladi va Qonunchilik palatasi qarori loyihasining muhokamasi natijalari yuzasidan deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining qarori qabul qilinadi.
Agar ovoz berish yakunlariga ko‘ra Qonunchilik palatasining qarori loyihasini qabul qilish to‘g‘risidagi taklif zarur miqdorda ovoz to‘plamagan bo‘lsa, taklif rad etilgan hisoblanadi. Bunday holda Qonunchilik palatasining qarori loyihasida ko‘rsatilgan masalani rad etish to‘g‘risida Qonunchilik palatasining qarori qabul qilinadi.
Senat bilan birgalikdagi vakolatlariga kiritilgan masala yuzasidan Qonunchilik palatasining qarori, agar ushbu Reglamentning 17-bobida boshqacha qoida belgilangan bo‘lmasa, mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida Senatga yuboriladi.
17-bob. Senat bilan birgalikdagi vakolatlarga kiritilgan masalalar yuzasidan ayrim qarorlar loyihalarini qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari
1-§. O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish va referendum o‘tkazish sanasini tayinlash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish
168-modda.
Qonunchilik palatasi, agar O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risidagi masala qonunda belgilangan tartibda uning ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan bo‘lsa, mazkur masalani ko‘rib chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqish to‘g‘risida kelib tushgan materiallar Qonunchilik palatasi tomonidan ikki hafta ichida ko‘rib chiqilishi lozim.
169-modda.
Qonunchilik palatasi o‘z majlisida O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risidagi masalani va mas’ul qo‘mitaning xulosasini ko‘rib chiqib, quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
referendum tayinlash va uni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida;
referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusni rad etish haqida;
referendum o‘tkazmasdan turib, referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusda taklif qilingan qonunni yoki boshqa qarorni qabul qilish haqida.
Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasining referendumi masalasi yuzasidan qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida Senatga, shuningdek referendum o‘tkazish tashabbuskorlariga yuboriladi.
170-modda.
Agar Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risidagi tashabbusni rad etish haqida qaror qabul qilsa, ayni shu mazmun yoki ma’nodagi ta’rif bilan referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi masala kamida bir yildan keyin Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun takroran kiritilishi mumkin.
2-§. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va tasdiqlash
171-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash to‘g‘risidagi taqdimnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
172-modda.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdimnoma kiritilgan kundan e’tiboran yetti kun ichida ko‘rib chiqadi.
173-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasining majlisida deputatlarning savollariga Qonunchilik palatasi belgilagan vaqt mobaynida, lekin ko‘pi bilan 30 daqiqa ichida javob beradi.
Deputatlarning savollariga javoblar tugagandan keyin fraksiyalar va deputatlar guruhlarining vakillari O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri lavozimiga taqdim etilgan nomzod yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etishlari mumkin.
174-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash Qonunchilik palatasi tomonidan yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi.
Ovoz berish usuli to‘g‘risidagi qaror deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
175-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzod, agar taklif etilgan nomzod uchun deputatlar umumiy sonining ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlangan hisoblanadi.
Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni tasdiqlash masalasi yuzasidan qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
3-§. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash
176-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlari tasdiqlash uchun Qonunchilik palatasiga va Senatga bir vaqtda kiritiladi.
177-modda.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi o‘zining tasdig‘iga kiritilgan farmonlari yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
178-modda.
Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash masalasi yuzasidan qarorlari mazkur qarorlar qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida Senatga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
4-§. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash
179-modda.
Qonunchilik palatasi o‘zining ko‘rib chiqishi uchun kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini ushbu farmon kelib tushgan paytdan e’tiboran 48 soatdan kechiktirmay ko‘rib chiqadi.
180-modda.
Xizmat safarida, mehnat ta’tilida, saylovchilar bilan uchrashuvlarda bo‘lishi munosabati bilan va boshqa sabablarga ko‘ra Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlisi o‘tkazilishi haqida xabarnoma olmagan deputatlar Qonunchilik palatasining majlisi o‘tkaziladigan joyga maxsus chaqiruvsiz imkon qadar qisqa muddatda yetib kelishlari shart.
181-modda.
Agar O‘zbekiston Respublikasining ayrim hududlarida harbiy harakatlar olib borilishi yoki boshqa bartaraf etib bo‘lmaydigan qiyinchiliklar mavjudligi natijasida yoki agar Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlisini Qonunchilik palatasining binosida o‘tkazish mumkin bo‘lmay qolsa, Qonunchilik palatasi Spikeri O‘zbekiston Respublikasining hududi doirasida boshqa binoni belgilaydi, bu haqda deputatlarga ommaviy axborot vositalari orqali yoki boshqa usulda xabar qilinadi.
182-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash haqidagi masala Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida dastlabki tarzda muhokama qilinmasdan ko‘rib chiqiladi.
183-modda.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlashi yoki tasdiqlamasligi mumkin, bu haqda tegishli qaror qabul qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash masalasi yuzasidan Qonunchilik palatasining qarori, agar deputatlar umumiy sonining yarmidan ko‘pi uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan hisoblanadi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qaror darhol O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, shuningdek Senatga ma’lumot uchun yuboriladi.
5-§. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish to‘g‘risidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish va tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash
184-modda.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish to‘g‘risidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish va tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini ular kelib tushgan paytdan e’tiboran 72 soatdan kechiktirmay ko‘rib chiqadi.
185-modda.
Xizmat safarida, mehnat ta’tilida, saylovchilar bilan uchrashuvlarda bo‘lishi munosabati bilan va boshqa sabablarga ko‘ra Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlisi o‘tkazilishi haqida xabarnoma olmagan deputatlar Qonunchilik palatasining majlisi o‘tkaziladigan joyga maxsus chaqiruvsiz imkon qadar qisqa muddatda yetib kelishlari shart.
186-modda.
Agar O‘zbekiston Respublikasining ayrim hududlarida yoxud butun hududida favqulodda holat joriy etilishi yoxud boshqa bartaraf etib bo‘lmaydigan qiyinchiliklar mavjudligi natijasida yoki agar Qonunchilik palatasining navbatdan tashqari majlisini Qonunchilik palatasining binosida o‘tkazish mumkin bo‘lmay qolsa, Qonunchilik palatasi Spikeri O‘zbekiston Respublikasining hududi doirasida boshqa binoni belgilaydi, bu haqda deputatlarga ommaviy axborot vositalari orqali yoki boshqa usulda xabar qilinadi.
187-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish to‘g‘risidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish va tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash haqidagi masala Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida dastlabki tarzda muhokama qilinmasdan ko‘rib chiqiladi.
188-modda.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish to‘g‘risidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish va tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlashi yoki ularni tasdiqlamasligi mumkin, bu haqda tegishli qaror qabul qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish to‘g‘risidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish va tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash haqidagi qaror, agar deputatlar umumiy sonining yarmidan ko‘pi uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan hisoblanadi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qaror darhol O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, shuningdek Senatga ma’lumot uchun yuboriladi.
6-§. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish
189-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qonunga muvofiq kamida o‘n besh nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar to‘g‘risidagi takliflar Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan kiritiladi.
190-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga ko‘rsatilgan nomzodlarning muhokamasi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida shu nomzodlar ishtirokida o‘tkaziladi. Deputatlar muhokama etilayotgan nomzodlar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishga haqlidirlar. So‘zga chiqish uchun deputatlar birlashmalarining vakillari ustun huquqqa egadirlar.
191-modda.
Ovoz berish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tarkibiga ko‘rsatilgan har bir nomzod bo‘yicha alohida-alohida, ushbu Reglamentda nazarda tutilgan tartibda o‘tkaziladi.
Agar o‘tkazilgan ovoz berishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga ko‘rsatilgan nomzodlardan bittasi yoki bir nechtasi ovozlarning zarur miqdorini to‘plamasa, saylash tartib-taomili yangi nomzodlarni ko‘rsatishdan boshlanadi. Ushbu tartib-taomil O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga saylangan bir yoki bir nechta nomzod Senat tomonidan rad etilgan taqdirda ham o‘tkaziladi.
Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zolarini saylash masalasi yuzasidan qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida Senatga yuboriladi.
192-modda.
Qonunchilik palatasi qonunda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosining vakolatlarini tugatish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a’zosining vakolatlarini tugatish masalasi yuzasidan Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi, mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida Senatga yuboriladi.
7-§. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilini va uning o‘rinbosarini saylash
193-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rinbosarining lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan kiritiladi.
194-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va uning o‘rinbosari lavozimiga ko‘rsatilgan nomzodlar muhokamasi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida shu nomzodlar ishtirokida o‘tkaziladi. Deputatlar muhokama etilayotgan nomzodlar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishga haqlidirlar.
195-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va uning o‘rinbosarini saylash masalasi yuzasidan Qonunchilik palatasining qarori qabul qilinadi, mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida Qonunchilik palatasi tomonidan Senatga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili to‘g‘risidagi qaror esa, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiga yuboriladi.
196-modda.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilini yoki uning o‘rinbosarini qonunda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha muddatidan ilgari lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishi mumkin. Ushbu masala yuzasidan qabul qilingan Qonunchilik palatasining qarori Senatga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
197-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilini jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga rozilik berish to‘g‘risidagi masala ushbu Reglamentning 202—205-moddalarida nazarda tutilgan muddatlarda va tartibda Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Mazkur masala yuzasidan qabul qilingan qaror darhol Senatga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga ma’lumot uchun yuboriladi.
8-§. Tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini va chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqish
198-modda.
Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining belgilangan tartibda kiritilgan taklifiga binoan tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini va chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqadi.
199-modda.
Qonunchilik palatasi tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini va chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
200-modda.
Tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini va chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qarorlar Senatga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi.
201-modda.
Tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini va chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala Qonunchilik palatasi tomonidan rad etilgan taqdirda, u Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi uchun kamida bir yildan keyin qayta kiritilishi mumkin.
18-bob. Qonunchilik palatasining uning mutlaq vakolatlariga kiritilgan masalalar bo‘yicha ayrim qarorlar loyihalarini ko‘rib chiqishining o‘ziga xos xususiyatlari
1-§. Qonunchilik palatasi tomonidan deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqish
202-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining deputatni jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralarini ko‘llashga rozilik olish to‘g‘risidagi taqdimnomalari kiritilgan kunidan e’tiboran yetti kun ichida Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqiladi, Qonunchilik palatasining sessiyalari oralig‘idagi davrda esa kiritilgan kunidan e’tiboran yetti kun ichida Kengash tomonidan ko‘rib chiqilib, keyinchalik Kengashning ushbu masala yuzasidan qarori Qonunchilik palatasining sessiyasida tasdiqlanadi.
203-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasi dastlabki tarzda mas’ul qo‘mitada ko‘rib chiqiladi.
Qonunchilik palatasi, Kengash kiritilgan taqdimnoma yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroridan qo‘shimcha materiallar talab qilib olishi mumkin.
204-modda.
Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masala Qonunchilik palatasi yoki Kengash majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va o‘ziga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasi kiritilgan deputat ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
Mas’ul qo‘mitaning raisi yoki uning topshirig‘iga binoan qo‘mita a’zolaridan biri Qonunchilik palatasining yoki Kengashning majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasini o‘qib eshittiradi va mas’ul qo‘mitaning ushbu taqdimnoma yuzasidan xulosasi haqida ma’lumot beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga so‘zga chiqishi va deputatlarning savollariga javob berishi uchun so‘z navbati beriladi.
O‘ziga nisbatan daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimnomasi kiritilgan deputat ana shu masala Qonunchilik palatasi yoki Kengash majlisida ko‘rib chiqilayotganda tushuntirishlar berishga haqlidir.
205-modda.
Qonunchilik palatasining yoki Kengashning deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etishga rozilik berish to‘g‘risidagi qarori yashirin ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Qonunchilik palatasining yoki Kengashning deputatni jinoiy javobgarlikka tortish, ushlab turish, qamoqqa olish yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga rozilik berish masalasi yuzasidan qarori darhol O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga yuboriladi.
206-modda.
Qonunchilik palatasiga jinoyat ishining tugatilgani haqida yoki ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan ish yuritish tugatilgani, shuningdek daxlsizlik huquqidan mahrum etilishiga rozilik berilgan deputatga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atish rad etilgani haqida xabar tushgan taqdirda Qonunchilik palatasi o‘zining eng yaqin majlisida rozilik berish to‘g‘risida ilgari qabul qilingan qarorni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror darhol O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga, shuningdek zarurat bo‘lganda, tegishli sudga yuboriladi.
2-§. Reglamentni qabul qilish hamda unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish
207-modda.
Reglament, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish Qonunchilik palatasining qarori bilan qabul qilinadi.
208-modda.
Reglamentga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflar qo‘mitalar, deputatlar birlashmalari, deputatlar tomonidan kiritilishi mumkin va Kengash tomonidan Qonunchilik palatasi majlisi kun tartibi loyihasiga kiritiladi. Bu takliflar Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi navbatda ko‘rib chiqiladi.
209-modda.
Qonunchilik palatasining ushbu Reglamentda nazarda tutilmagan majlislarini o‘tkazish, Qonunchilik palatasining faoliyatiga doir boshqa masalalarni ko‘rib chiqish tartib-taomillari Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi, bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi va qabul qilingan kundan e’tiboran amal qiladi.
VII BO‘LIM.
QONUNChILIK PALATASI TOMONIDAN NAZORAT QILISh
SOHASIDAGI VAKOLATLARNING AMALGA OShIRILIShI
QONUNChILIK PALATASI TOMONIDAN NAZORAT QILISh
SOHASIDAGI VAKOLATLARNING AMALGA OShIRILIShI
19-bob. Davlat budjeti ijrosining borishi haqidagi masalalarni ko‘rib chiqish
210-modda.
Qonunchilik palatasi Davlat budjetining ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Davlat budjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni Qonunchilik palatasiga hisobot yilidan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay taqdim etadi, shuningdek har chorakda Davlat budjeti ijrosining borishi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etadi.
211-modda.
Qonunchilik palatasi Davlat budjetining yil yakunlari bo‘yicha va har chorakdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni ko‘rib chiqadi. Hisobotni ko‘rib chiqish vaqtida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining ma’ruzasi, mas’ul qo‘mitaning xulosasi eshitiladi, muhokama etiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.
20-bob. Parlament so‘rovi
212-modda.
Qonunchilik palatasi, shuningdek deputat davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan parlament so‘rovi yuborishga haqli.
Parlament so‘roviga javobni davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslari so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay Qonunchilik palatasining majlisida beradilar.
213-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oliy xo‘jalik sudining raisi, Bosh prokurori, surishtiruv va tergov organlarining rahbarlari nomiga yo‘llangan parlament so‘rovi ularning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarga taalluqli bo‘lishi mumkin emas.
114-modda.
Parlament so‘rovlari bo‘yicha axborot Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilinishi mumkin. Qonunchilik palatasi muhokama yakunlari bo‘yicha qaror qabul qiladi.
21-bob. Qonunchilik palatasi tomonidan nazorat qilish sohasidagi boshqa vakolatlarning amalga oshirilishi
215-modda.
Qonunchilik palatasi har yili, hisobotdan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay, o‘z majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni muhokama qilish natijalariga ko‘ra Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi, mazkur qaror o‘n kun ichida Senatga yuboriladi.
216-modda.
Qonunchilik palatasi har yili, hisobotdan keyingi yilning 15-mayidan kechiktirmay, o‘z majlisida O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini eshitadi. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini muhokama qilish natijalariga ko‘ra Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi, mazkur qaror o‘n kun ichida Senatga yuboriladi.
217-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik palatasi yoki u vakolat bergan organ har yili, hisobotdan keyingi yilning 15-martidan kechiktirmay o‘z majlisida siyosiy partiyalarning o‘z faoliyatlarini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi.
(217-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2009-yil 11-martdagi 979-I-sonli Qarori tahririda — Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 3-son, 68-modda)
Siyosiy partiyaning o‘z faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotiga uning Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirok etishini va ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun hisobot yilida partiyaning hisobvarag‘iga kelib tushgan hamda sarflangan davlat mablag‘lari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Hisob palatasi va Adliya vazirligining xulosasi ilova qilinadi.
Siyosiy partiyaning o‘z faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisoboti Qonunchilik palatasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va manfaatdor tashkilotlarning vakillari taklif etilgan holda ko‘rib chiqiladi.
Siyosiy partiyaning o‘z faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotini muhokama qilish natijalariga ko‘ra Qonunchilik palatasi qaror qabul qiladi.
218-modda.
Qonunchilik palatasining majlisida hukumat a’zolarining faoliyati masalalari yuzasidan ularning axborotini eshitish deputatlar birlashmalarining tashabbusiga ko‘ra amalga oshiriladi hamda Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga muvofiq o‘tkaziladi.
Qonunchilik palatasi majlisiga taklif etilgan hukumat a’zosiga so‘zga chiqish uchun, qoida tariqasida, 20 daqiqagacha, deputatlarning savollariga javob berish uchun esa ko‘pi bilan 30 daqiqa ajratiladi.
219-modda.
Qo‘mitalar, shuningdek deputatlar davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan hujjatlar, ekspert xulosalari, statistika ma’lumotlari va boshqa ma’lumotlarni talab qilib olishlari mumkin.
Qo‘mitalar yoki deputatlar talab qilib oladigan axborotni tegishli davlat organi, boshqa tashkilot, mansabdor shaxs murojaat olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay taqdim etishi kerak.
Qo‘mitalarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga qanday rioya etilayotgani, qo‘mitalarning qarorlari qanday bajarilayotgani to‘g‘risidagi axborotlarini eshitishi qo‘mitalarning ish rejalariga muvofiq o‘tkaziladi.
VIII BO‘LIM.
YAKUNLOVChI QOIDALAR
YAKUNLOVChI QOIDALAR
220-modda.
Qonunchilik palatasi boshqa davlatlarning parlamentlari va xalqaro parlament tashkilotlari bilan parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risida bitimlar tuzishi, rasmiy parlament delegatsiyalari bilan almashinishi, shuningdek xalqaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkazishi mumkin.
221-modda.
Boshqa davlatlarning parlamentlari rahbarlariga, davlatlar va hukumatlar boshliqlariga, parlament delegatsiyalarining rahbarlariga ularning iltimosiga binoan Qonunchilik palatasi majlisida so‘zga chiqish imkoniyati berilishi mumkin.
222-modda.
Qonunchilik palatasi, uning organlari va deputatlar faoliyatining tashkiliy, axborot, moddiy-texnika ta’minoti Qonunchilik palatasining devoni tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunchilik palatasining devoni yuridik shaxs hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi devonining faoliyati, uning xodimlarining huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan tasdiqlanadigan Qonunchilik palatasi devoni to‘g‘risidagi nizom bilan belgilanadi.
Qonunchilik palatasi devoni to‘g‘risidagi nizom deputatlar e’tiboriga yetkaziladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-y., 7-son, 242-modda; 2006-y., 4-son, 174-modda; 2007-y., 7-son, 328-modda; 2009-y., 3-son, 68-modda)