O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“O‘ZBEKISTONNING DRENAJ LOYIHASI. JANUBIY QORAQALPOG‘ISTONDAN DRENAJ O‘TKAZISH” LOYIHASINI JAHON BANKI ISHTIROKIDA AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Sug‘oriladigan yerlarning unumdorligini yanada oshirish, suv resurslarini boshqarish, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlari hududlaridagi irrigatsiya-drenaj tizimlaridan foydalanish va ularga texnika xizmati ko‘rsatish tuzilmasini takomillashtirish, shuningdek Jahon banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining amalga oshirish muddati 6 yil va umumiy qiymati 74,55 mln. AQSH dollari bo‘lgan “O‘zbekistonning drenaj loyihasi. Janubiy Qoraqalpog‘istondan drenaj o‘tkazish” loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Jahon banki Direktorlar Kengashi O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga “O‘zbekistonning drenaj loyihasi. Janubiy Qoraqalpog‘istondan drenaj o‘tkazish” loyihasini amalga oshirish uchun:
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki resurslaridan besh yillik imtiyozli davrni qo‘shgan holda 20 yil muddatga 35 mln. AQSH dollari miqdorida qarz berilishini;
Xalqaro taraqqiyot uyushmasi resurslaridan o‘n yillik imtiyozli davrni qo‘shgan holda 35 yil muddatga 18,4 mln SDR miqdorida (qarz berish maxsus huquqlari) (ekvivalent hisobida 25 mln. AQSH dollari) kredit berilishini ma’qullaganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziriga Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan qarz to‘g‘risidagi bitimni va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan kredit bitimini O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolash vakolati berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki bilan qarz to‘g‘risidagi bitim va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi bilan kredit bitimi yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosalar bersin.
4. Quyidagilar:
loyihani moliyalashtirishning 1-ilovaga* muvofiq manbalar bo‘yicha yillarga bo‘lingan holdagi hajmlari;
loyihani moliyalashtirishning 2-ilovaga* muvofiq komponentlar bo‘yicha sxemasi;
loyihani moliyalashtirish uchun Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki qarzini va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kreditini qaytarishning 3 va 4-ilovalarga* muvofiq jadvallari;
* 1—4 ilovalar berilmaydi.
Loyihani amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashning 5-ilovaga muvofiq tarkibi tasdiqlansin.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
loyihaning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash, mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanilishi, shuningdek zarur hujjatlarni o‘z vaqtida ishlab chiqilishi hamda kelishib olishga va tasdiqlashga kiritilishi uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga yuklanadi;
Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining qarzi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasining krediti bo‘yicha asosiy qarzni, foizlarni va vositachilik haqini to‘lash O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti hisobiga amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining loyihani amalga oshirishga ulushini moliyalashtirish 2-ilovaga muvofiq quyidagi tartibda:
irrigatsiya-drenaj tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq xarajatlar — markazlashtirilgan mablag‘lar hisobiga, O‘zbekiston Respublikasi investitsiya dasturida Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi uchun har yili nazarda tutiladigan kapital qo‘yilmalar limitlari doirasida;
Oldingi tahrirga qarang.
irrigatsiya-drenaj tizimlaridan foydalanish va ularning texnik holatini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar — budjet mablag‘lari hisobiga, Moliya vazirligi tomonidan ushbu maqsadlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
(5-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-dekabrdagi 995-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.12.2018-y., 09/18/995/2287-son)
6. Ko‘rsatib o‘tilgan loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga import qilinadigan asbob-uskunalar, materiallar (respublikada ishlab chiqarilmaydigan), ishlar (xizmatlar) mazkur loyihani amalga oshirish davrida bojxona to‘lovlari (bojxonada rasmiylashtirish uchun yig‘imlardan tashqari) to‘lashdan ozod qilinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining buyurtmanomalariga binoan ko‘rsatib o‘tilgan loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislar uchun kelish vizalarining konsullik yig‘imlari undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining buyurtmanomalariga binoan loyihani ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarni O‘zbekiston Respublikasida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazishni va vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish uzaytirilishini, ularni davlat boji to‘lovidan ozod qilgan holda ta’minlasin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.H.Jo‘rabekov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 26-yanvar,
37-son
Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 26-yanvardagi 37-son qaroriga
5-ILOVA
“O‘zbekistonning drenaj loyihasi. Janubiy Qoraqalpog‘istondan drenaj o‘tkazish” loyihasini Jahon banki ishtirokida amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.
Ravshanov A.E. —‎ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati mudiri, Kengash rahbarining o‘rinbosari
Jo‘rayev A.M.‎ —‎ O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri, Kengash rahbarining o‘rinbosari‎
lavozimiga ko‘ra —‎ O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri, Kengash rahbarining o‘rinbosari
Jalolov A.A.‎ —‎ O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari‎
Kaipov J.S.‎ —‎ Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari‎
Salimov A.H.‎ —‎ O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari‎
Jo‘rayev T.I.‎ —‎ O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining o‘rinbosari‎
lavozimiga ko‘ra —‎ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar va mudofaa sanoati masalalari kotibiyati bosh mutaxassisi
lavozimiga ko‘ra —‎ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati bosh mutaxassisi (Kengashning mas’ul kotibi)
Izoh. Kengash a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda ularning lavozimiga yangidan tayinlangan shaxslar Kengash tarkibiga kiritiladi.
(5-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)