|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.02.2021
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ChIMYoN-ChORVOQ KURORT-DAM OLISh ZONASIDA “ChORVOQ OROMGOHI” SOG‘LOMLAShTIRISh MARKAZI QURILIShINI TUGALLASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aholining Chimyon-Chorvoq kurort-dam olish zonasida faol dam olishi bilan bog‘liq davolash-sog‘lomlashtirish xizmatlari va xizmatlarning boshqa turlarini rivojlantirish, shuningdek “Chorvoq oromgohi” sog‘lomlashtirish markazining “Sport-sog‘lomlashtirish kompleksi” obyektini o‘z vaqtida qurish va uni zarur anjomlar va mebellar bilan jihozlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahar hokimligining:
yopiq havzalar va madaniy-ko‘ngil ochish muassasalari kompleksini o‘z ichiga oluvchi alohida sport kompleksini qo‘shimcha ravishda qurish, yotoqxona korpuslaridagi pardozlash ishlarini tugallash, shuningdek kompleksni mehmonxona xo‘jaliklarining xalqaro normalariga muvofiq darajaga yetkazish uchun uni zarur mebel va anjomlar bilan jihozlash;
Toshkent shahar hokimligi huzurida mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyekt sifatida faoliyat ko‘rsatadigan Chimyon-Chorvoq kurort-dam olish zonasining sog‘lomlashtirish markazlarini boshqarish bo‘yicha “Oromgoh” kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Toshkent shahar hokimligining “Chorvoq oromgohi” sog‘lomlashtirish markazi bilan “INPRO Gmbx” (Germaniya) firmasi o‘rtasida tender natijalari asosida, foydalanishga tayyor holda topshirish sharti bilan sport kompleksini qurish va sog‘lomlashtirish kompleksini jihozlash yuzasidan 4720 ming AQSh dollari miqdoridagi kontrakt tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, kontraktni moliyalashtirish quyidagi tartibda:
kontrakt qiymatining 657 ming AQSh dollari — tuzilgan shartnomaga muvofiq “INPRO Gmbx” (Germaniya) firmasi tomonidan “Chorvoq oromgohi” sog‘lomlashtirish markaziga xizmatlar, materiallar va asbob-uskunalar sifatida beriladigan subordinatsiya krediti hisobiga;
4063 ming AQSh dollari — Germaniyaning “Bayerishe Xipo Ferayns bank” bankining kredit liniyasi doirasida keyinchalik “Chorvoq oromgohi” sog‘lomlashtirish markaziga qayta moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining “O‘zuyjoyjamg‘armabank”ka beriladigan krediti hisobiga amalga oshiriladi.
Xorijiy bank va sug‘urta agentligining O‘zbekiston Respublikasi hududida foizlar, vositachilik haqi va sug‘urta mukofotlari tarzida olingan daromadlari to‘lov manbaida daromad (foyda) solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi.
Ko‘rsatib o‘tilgan kreditlar, shu jumladan vositachilik haqi va Germaniyaning “Bayerishe Xipo Ferayns bank” banki kreditiga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 1 va 2 ilovalarga* muvofiq “Chorvoq oromgohi” sog‘lomlashtirish markazining xo‘jalik faoliyatidan olingan o‘z mablag‘lari hisobiga qaytariladi.
* 1-2 ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
3. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ekspertizadan o‘tkazsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, shuningdek sport-sog‘lomlashtirish kompleksini qurish va “Chorvoq oromgohi” sog‘lomlashtirish markazini jihozlash yuzasidan kontraktlarni ro‘yxatdan o‘tkazsin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “O‘zuyjoyjamg‘armabank” loyiha ekspertizadan o‘tkazilgandan va uning texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlangandan keyin Germaniyaning “Bayerishe Xipo Ferayns bank” banki bilan belgilangan tartibda kredit bitimi tuzsinlar va taqdim etilgan likvidli ta’minlash asosida mablag‘larning “Chorvoq oromgohi” sog‘lomlashtirish markaziga moliyalashtirilishini ta’minlasinlar.
4. Sport kompleksi qurilishini, bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish ishlarini olib borgan va loyiha-smeta hujjatlarini 2004-yil 1-martgacha tasdiqlagan holda, ishchi chizmalar bo‘yicha amalga oshirishga istisno tariqasida ruxsat berilsin.
5. “Chorvoq oromgohi” sog‘lomlashtirish markazi:
qurilish davrida — yetkazib beruvchilar bilan tuziladigan kontraktlar doirasida kompleksni qurish va jihozlash uchun chetdan keltirilayotgan asbob-uskunalar, materiallar, anjomlar va mebellar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlaridan tashqari), shuningdek ko‘rsatilayotgan import xizmatlar uchun barcha umumdavlat soliqlari, mahalliy soliqlar va yig‘imlar to‘lashdan;
Oldingi tahrirga qarang.
kredit to‘liq qaytarilgungacha bo‘lgan davrda, biroq kredit shartnomasida belgilanganidan ortiq bo‘lmagan muddatga — daromad (foyda) solig‘i, mulk solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i va yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinsin.
(5-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 22-fevraldagi 28-son qarori tahririda — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 8-son, 52-modda)
Ko‘rsatib o‘tilgan soliq imtiyozlari berilishi natijasida bo‘shab qoladigan mablag‘lar to‘liq hajmda sog‘lomlashtirish markazi qurilishi va uni jihozlash uchun jalb etilgan kreditni qaytarishga yo‘naltirilishi nazarda tutilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi ko‘rsatib o‘tilgan imtiyozlar berilishi natijasida bo‘shab qoladigan mablag‘lardan “Chorvoq oromgohi” sog‘lomlashtirish markazi tomonidan maqsadli foydalanilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsinlar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi Toshkent shahar hokimligiga “Chorvoq oromgohi” sog‘lomlashtirish markazi qurilishi va uni jihozlash uchun jalb etiladigan kredit bo‘yicha garov ta’minoti sifatida “Chorvoq oromgohi” sog‘lomlashtirish markazi mol-mulkining bir qismiga “O‘zuyjoyjamg‘armabank” va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki foydasiga garov shartnomasi (ipoteka)ni rasmiylashtirish huquqi berilsin.
Toshkent shahar hokimligi ko‘rsatib o‘tilgan mol-mulk garovi to‘g‘risidagi shartnoma notarial tasdiqlanganligi uchun davlat boji to‘lashdan ozod qilinsin.
7. Xorijiy investitsiyalar va kreditlar ishtirokidagi yirik va strategiya jihatidan muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (K.N.To‘laganov) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ko‘rsatib o‘tilgan obyektni to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobiga O‘zbekiston Respublikasining 2004-yilgi Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritsin.
8. Toshkent viloyati va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Chorvoq suv omborining janubiy-g‘arbiy qirg‘og‘idagi hududlarning geografik joylashuvini va dam olishdagi vazifasini o‘rganib chiqsinlar hamda tegishli yer uchastkalarini belgilangan tartibda Toshkent shahar hokimligi ixtiyoriga berish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsinlar.
9. Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va “O‘zteleradio” kompaniyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
Chimyon-Chorvoq kurort-dam olish zonasi obyektlaridan sog‘lomlashtirish-reabilitatsiya maqsadlarida yil davomida foydalanish, respublika aholisi va xorijiy fuqarolarni davolash-profilaktika komplekslari ixtisoslashuviga muvofiq kurort-reabilitatsiya xizmatlari bilan maqbul darajada qamrab olish;
Ugom-Chotqol Davlat milliy tabiiy bog‘ining eng xushmanzara zonalari, Chimyon-Chorvoq kurort-dam olish zonalarida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida televideniyeda ko‘rsatuvlar turkumini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari K.N.To‘laganov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 10-yanvar,
10-son