Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2006-2008 YILLARDA TOʻQIMAChILIK SANOATI KORXONALARINI MODERNIZATSIYA QILISh VA TEXNIKAVIY QAYTA JIHOZLASh DASTURI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Toʻqimachilik sanoatini jadal va barqaror rivojlantirish, tayyor, sifatli va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari oshirilishini ragʻbatlantirish, uni eksportga yetkazib berishni koʻpaytirish, shuningdek tarmoq korxonalarini modernizatsiya qilish hamda texnikaviy qayta jihozlash hisobiga yangi ish oʻrinlari barpo etishni taʼminlash maqsadida:
1. “Oʻzbekyengilsanoat” DAK tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan, 2006—2008-yillarda toʻqimachilik sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish va texnikaviy qayta jihozlash Dasturi (keyingi oʻrinlarda — modernizatsiya Dasturi) maʼqullansin, Dastur:
“Oʻzbekyengilsanoat” DAKning 1-ilovaga* muvofiq 2006—2008-yillarda toʻqimachilik sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish va texnikaviy qayta jihozlash loyihalari roʻyxatini;
2-ilovaga* muvofiq 2006—2008-yillarda hududiy boshqaruv tasarrufidagi toʻqimachilik sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish va texnikaviy qayta jihozlash loyihalari roʻyxatini oʻz ichiga olgan.
* 1-2-ilovalar berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va “Oʻzbekyengilsanoat” DAK modernizatsiya Dasturiga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha ishlarni faollashtirsin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, yengil sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish va texnikaviy qayta jihozlashga oid barcha loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligida ekspertizadan oʻtishi shart.
Ekspertiza qilishda asosiy eʼtibor ishlab chiqarishning texnikaviy darajasini oshirishga, birinchi navbatda, ishlab chiqarilayotgan mahsulot umumiy hajmining kamida 70—80 foizini eksportga yetkazib berish sharti bilan, korxonalarni yuqori sifatli raqobatbardosh mahsulot chiqarishni taʼminlaydigan zamonaviy uskunalar bilan jihozlashga qaratilsin.
Loyihalarning mazkur shartlarga muvofiq boʻlishi uchun shaxsiy javobgarlik “Oʻzbekyengilsanoat” DAK hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-dekabrdagi PQ-2687-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2016-y., 51-son, 584-modda)
4. Belgilansinki, “Oʻzbekyengilsanoat” DAK, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari korxonalarning muassislari bilan birgalikda 1 va 2-ilovalarda koʻrsatilgan loyihalarning TIAlari oʻz vaqtida va sifatli tayyorlanishi hamda ular belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligiga ekspertizaga taqdim etilishi uchun qatʼiy javobgardirlar.
5. Ushbu qarorning 1 va 2-ilovalariga kiritilgan korxonalar mazkur qarorda nazarda tutilgan loyihalar boʻyicha shaxsiy ehtiyojlar uchun olib kelinadigan texnologik va yordamchi uskunalar, texnologik jihozlar va ehtiyot qismlarga bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
Shaxsiy ehtiyojlar uchun olib kelinadigan texnologik va yordamchi uskunalar, texnologik jihozlar va ehtiyot qismlar roʻyxati Idoralararo ekspertlar kengashi xulosasi asosida Vazirlar Mahkamasining qarori bilan aniqlanishi belgilab qoʻyilsin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 5-iyundagi PF-3883-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 23-son, 232-modda)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar tomonidan tayyor isteʼmol mollari ishlab chiqarishni koʻpaytirishni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2003-yil 20-iyundagi PF-3267-sonli Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish va respublika yengil sanoatini yanada rivojlantirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2004-yil 25-martdagi 141-sonli qarorida nazarda tutilgan imtiyozlar 2009-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatda mazkur qarorning 1 va 2-ilovalariga kiritilgan korxonalarga tatbiq etilsin.
7. Belgilansinki, mazkur qarorda berilgan imtiyozlarga muvofiq boʻshaydigan mablagʻlar ishlab chiqarishni texnikaviy qayta jihozlash va modernizatsiya qilish, tayyor mahsulotlar yangi turlarini oʻzlashtirish, shaxsiy aylanma mablagʻlarni toʻldirishga maqsadli yoʻnaltiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi boʻshaydigan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin. Ulardan maqsadli foydalanilmagan taqdirda, ushbu mablagʻlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan jarima sanksiyalari qoʻllangan holda davlat budjetiga toʻla undirib olinadi.
8. Maʼqullangan modernizatsiya Dasturiga kiritilgan loyihalarning amalga oshirilishini taʼminlash uchun “Oʻzbekyengilsanoat” DAK Boshqaruvi raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
“Oʻzbekyengilsanoat” DAK Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda modernizatsiya Dasturining bajarilishi toʻgʻrisida har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot berib borsin.
9. Vazirlar Mahkamasining “Respublika toʻqimachilik tarmogʻiga investitsiyalar jalb etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 27-yanvardagi 38-sonli qarorining 1—4-bandlari hamda qarorning 1, 2-ilovalari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Oʻzbekyengilsanoat” DAK hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartishlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 13-noyabr,
PQ-510-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 46-47-son, 454-modda; 2007-y., 23-son, 232-modda; 2016-y., 51-son, 584-modda)