Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.04.2006
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
UY-JOY MULKDORLARINING ShIRKATLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 12-apreldagi O‘RQ–32-sonli “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda. Uy-joy mulkdorlarining shirkati
Uy-joy mulkdorlarining shirkati — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uy-joy mulkdorlarining uydan foydalanishni, uning saqlanishini birgalikda boshqarish va ta’minlash, umumiy foydalanishdagi obyektlarga egalik qilish va ulardan foydalanish shartlari, tartibini aniqlash, umumiy mulkdagi mol-mulkning lozim darajadagi holatini ta’minlash maqsadidagi birlashmasidir.
Uy-joy mulkdorlarining shirkati (bundan keyin matnda shirkat deb yuritiladi) notijorat tashkilot bo‘lib, bitta yoki yaqin, zich joylashgan, umumiy yer uchastkasi va infratuzilma elementlari bir bo‘lgan bir nechta uyda yoxud uyning boshqa qismlaridan alohida kirish joyi bo‘lgan, kamida bitta blok-seksiya hajmidagi mustaqil qismida turar joy mulkdorlaridan kamida yarmining xohishiga ko‘ra, ta’sis majlisining qarori bilan tashkil etiladi.
Shirkat yuridik shaxsdir, u o‘z nomi yozilgan muhrga, bank muassasasida hisob-kitob varag‘i va boshqa hisobvaraqlarga ega bo‘ladi.
Shirkat o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga tegishli barcha mol-mulk bilan javob beradi hamda o‘z a’zolarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
2-modda. Shirkatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Shirkatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan va boshqa qonun hujjatlaridan iborat.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida shirkatlar faoliyati Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
3-modda. Shirkatlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Davlat shirkatlarning huquqlariga rioya etilishi va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi, ularning rivojlanishi va mustahkamlanishiga ko‘maklashadi.
Shirkatlar faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash quyidagi yo‘llar bilan amalga oshiriladi:
uy-joy sohasidagi normativ hujjatlar va standartlarni ishlab chiqish va tasdiqlash;
uy-joy-kommunal xizmatlariga haq to‘lash tizimini takomillashtirish;
umumiy foydalanishdagi obyektlardan foydalanish shartlarini belgilash;
uy-joy-kommunal xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish asosida raqobatni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish;
shirkatlar faoliyatini yuritish uchun qonun hujjatlariga muvofiq beriladigan kompensatsiyalar, imtiyozlar va kreditlarni ta’minlash;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlarni ko‘rish.
4-modda. Shirkatning ta’sis majlisi
Shirkatning ta’sis majlisi turar joy mulkdorlarining tashabbuskor guruhi tomonidan chaqiriladi.
Shirkatning ta’sis majlisi:
shirkatni tuzish va uning ustavini tasdiqlash to‘g‘risida;
shirkat boshqaruvini va taftish komissiyasini (taftishchisini) saylash to‘g‘risida;
shirkatning ta’sis majlisi vakolatiga taalluqli bo‘lgan boshqa masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.
Shirkat ta’sis majlisining bayonnomasini majlis raisi imzolaydi.
5-modda. Shirkatning ustavi
Shirkat o‘z ustavi asosida faoliyat ko‘rsatadi. Shirkat ustavida quyidagilar bo‘lishi kerak:
shirkatning to‘liq nomi, faoliyatining sohasi va maqsadi, joylashgan eri;
shirkat a’zolarining huquq va majburiyatlari;
uyni qarash va ta’mirlashga ketgan foydalanish xarajatlari hamda kommunal xizmatlar haqi, ya’ni majburiy to‘lovlarni shirkat a’zolari tomonidan to‘lash tartibi;
shirkat faoliyatini boshqarish tartibi;
shirkat boshqaruv organlarining tarkibi va vakolatlari hamda ularning qarorlar qabul qilish tartibi, shu jumladan oddiy yoki mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan qaror qabul qilinadigan masalalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Ustavda shirkat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan, qonun hujjatlariga zid kelmaydigan boshqa qoidalar ham bo‘lishi mumkin.
Shirkatning Namunaviy ustavi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Uy-joy mulkdorlari shirkatining namunaviy ustavi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 4-oktabrdagi 454-son qarori bilan tasdiqlangan.
6-modda. Shirkatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Shirkat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Shirkatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun quyidagilar taqdim etiladi:
ta’sis majlisi raisi imzolagan ariza;
ta’sis majlisining bayonnomasidan ko‘chirma;
shirkatning ustavi;
turar joy mulkdorlarining ro‘yxati;
uyga egalik qilish pasporti.
7-modda. Shirkatga a’zolik
Turar joy mulkdorlari — yuridik va jismoniy shaxslar shirkat a’zolaridir.
Shirkat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab turar joy mulkdorlarining shirkatga a’zoligi vujudga keladi.
Turar joyning sotuvchisi — shirkat a’zosi xaridorni o‘zining shirkat a’zosi ekanligidan hamda ustavda belgilangan huquqlarga egaligi va zimmasida majburiyatlar borligidan hamda bu huquq va majburiyatlar xaridorga o‘tishidan xabardor qiladi.
Shirkat a’zolaridan turar joylarni olayotgan shaxslar o‘zlarida turar joyga mulk huquqi yuzaga kelganidan keyingina shirkat a’zosi bo‘ladilar.
8-modda. Shirkatdagi umumiy mol-mulk
Uyning bittadan ortiq mulkdorga xizmat ko‘rsatuvchi umumiy joylari, kvartiralar oralig‘idagi ihotalangan (o‘ralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, tayanch va to‘siq konstruksiyalar, kvartira tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq kvartiraga xizmat ko‘rsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika qurilmalari va boshqa qurilmalar, bino atrofidagi ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish elementlarini ham qamrab olgan yer uchastkalari, shuningdek shirkat ko‘chmas mulkining yagona kompleksiga xizmat ko‘rsatishga va uni saqlashga mo‘ljallangan boshqa mol-mulk shirkatdagi umumiy mol-mulk hisoblanadi.
9-modda. Umumiy mol-mulkni saqlash va ta’mirlash
Shirkat a’zosi umumiy mol-mulkni saqlash va ta’mirlash bo‘yicha xarajatlarda uyning umumiy maydonidagi o‘ziga tegishli bo‘lgan kvartira maydoni ulushiga mutanosib tarzda ishtirok etadi.
Mulkdor o‘ziga tegishli xonalardan foydalanmaganligi yoxud umumiy mol-mulkka egalik qilishdan, undan foydalanishdan voz kechganligi uni umumiy mol-mulkni saqlash va ta’mirlashga doir umumiy xarajatlarda ishtirok etishdan butunlay yoki qisman ozod etish uchun asos bo‘lmaydi.
10-modda. Shirkatning yer uchastkalari
Uylar atrofidagi yer uchastkalari shirkatga doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi.
Shirkatning yangi qurilayotgan obyektlariga mo‘ljallangan yer uchastkalarining o‘lchami mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq belgilanadi.
11-modda. Shirkatdagi umumiy mol-mulkka egalik huquqi
Shirkatdagi umumiy mol-mulk shirkat a’zolarining umumiy ulushli mulkida bo‘ladi, yer uchastkalari bundan mustasno.
Shirkatdagi umumiy mol-mulk kvartiraga egalik huquqidan alohida tarzda o‘zga shaxsga o‘tkazilishi mumkin emas.
Shirkatdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish barcha mulkdorlarning kelishuviga binoan amalga oshiriladi, bunday kelishuv bo‘lmaganda esa istagan mulkdorning da’vosiga binoan sud tomonidan belgilanadi.
Umumiy mol-mulk obyektlari shirkat umumiy majlisining qaroriga binoan foydalanish uchun boshqa shaxslarga berilishi mumkin.
12-modda. Shirkatning yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning mulkdorlari bilan munosabatlari
Shirkatning ko‘p kvartirali uylardagi yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning mulkdorlari hamda shirkat uylari atrofidagi yer uchastkalarida joylashgan, alohida turgan obyektlarning mulkdorlari bilan munosabatlari qonun hujjatlari bilan hamda ular o‘rtasida tuzilgan bitim bilan tartibga solinadi.
13-modda. Shirkatning huquqlari
Shirkat quyidagi huquqlarga egadir:
ta’mirlash-foydalanish ishlarini mustaqil amalga oshirish;
uy-joy fondiga xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash uchun tashkilotni belgilash;
umumiy mol-mulkni boshqarish, unga xizmat ko‘rsatish va undan foydalanish, shuningdek kommunal va boshqa xizmatlar ko‘rsatish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan shartnomalar tuzish;
banklarning kreditlaridan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda foydalanish;
 LexUZ sharhi
Tijorat banklari tomonidan uy-joy mulkdorlari shirkatlarini milliy valyutada kreditlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qarori bilan tasdiqlangan (ro‘yxat raqami 1126, 18.04.2002-y.).
xo‘jalik binolari va boshqa imoratlar qurishda foydalanish uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari olish;
asbob-uskunalar, anjomlar va boshqa moddiy boyliklarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olish, sotish, topshirish, ayirboshlash, ijaraga berish, balansdan chegirib tashlash;
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Asosiy vositalarni balansdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq (ro‘yxat raqami 1023, 05.04.2001-y.).
ishlarni bajarish va shirkat a’zolariga xizmatlar ko‘rsatish;
qonun hujjatlariga hamda shirkat ustaviga muvofiq xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanish;
shirkat ustavida nazarda tutilgan maqsadlarga sarflanadigan maxsus fondlar tuzish.
Turar joy mulkdori qonun hujjatlarida belgilangan majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda shirkat mulkdorga nisbatan shirkatga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash talabi bilan da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.
Shirkat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
14-modda. Shirkatning majburiyatlari
Shirkat:
shartnoma majburiyatlarini bajarishi;
uylar hamda ular atrofidagi hududlar lozim darajadagi sanitariya-texnika holatida saqlanishini ta’minlashi;
uy-joy fondidan texnik foydalanishning yagona qoidalari va normalariga rioya etilgan holda uylarga xizmat ko‘rsatishni va ularni ta’mirlashni tashkil etishi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Uy joy fondidan texnik foydalanish qoidalari va me’yorlari (ro‘yxat raqami 616, 01.02.1999-y.).
shirkatning barcha a’zolari turar joylardan foydalanish, uyni hamda uning atrofidagi hududni saqlash qoidalarini bajarishlarini ta’minlashi;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-son qarori bilan tasdiqlangan Turar joylarni va uy atrofidagi yerlarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari.
majburiy to‘lovlar o‘z vaqtida kelib tushishini ta’minlashi;
shirkatning yillik daromadlar va xarajatlar smetasini belgilashi;
umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish shartlari va tartibi belgilanayotganda shirkat barcha a’zolarining manfaatlariga rioya etilishini ta’minlashi;
uy-joyga oid munosabatlarda, shuningdek shirkat a’zolarining uchinchi shaxslar bilan boshqa munosabatlarida qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda shirkat a’zolari manfaatlarini ifodalashi shart.
Shirkat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajarishi mumkin.
15-modda. Shirkatning boshqaruv organlari
Shirkat a’zolarining umumiy majlisi, shirkat boshqaruvi va taftish komissiyasi (taftishchisi) shirkatning boshqaruv organlaridir.
16-modda. Shirkat a’zolarining umumiy majlisi
Shirkat a’zolarining umumiy majlisi shirkatning yuqori boshqaruv organi bo‘lib, shirkat ustavida belgilangan tartibda yiliga kamida bir marta chaqiriladi.
Shirkatning umumiy majlisida shirkat a’zolarining yarmidan ko‘pi hozir bo‘lgan bo‘lsa, u vakolatli hisoblanadi.
Shirkat a’zolarining yillik umumiy majlisi moliya yili tugaganidan so‘ng oltmish kundan kechiktirmay chaqiriladi. Shirkat a’zolarining navbatdan tashqari umumiy majlisi boshqaruvning, shirkatda o‘n foizdan ortiq ovozga ega bo‘lgan shirkat a’zolarining tashabbusi bilan, shuningdek taftish komissiyasi (taftishchi) yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining talabiga binoan chaqirilishi mumkin.
Shirkat umumiy majlisining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
shirkat ustaviga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish yoki shirkat ustavini yangi tahrirda tasdiqlash;
boshqaruv va taftish komissiyasini (taftishchini) saylash va ularning vakolatlarini muddatidan ilgari to‘xtatish;
yillik daromadlar va xarajatlar smetasini hamda uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash;
shirkatning maxsus jamg‘armalarini tuzish;
shirkat a’zolarining shirkat raisi, boshqaruvi va taftish komissiyasi (taftishchisi) faoliyatiga taalluqli ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiqish;
shirkat shtatidagi xodimlarning ichki mehnat tartibi qoidalarini, ular mehnatiga haq to‘lash va mukofotlash to‘g‘risidagi nizomni qabul qilish va o‘zgartirish;
asbob-uskunalar, anjomlar va boshqa moddiy boyliklarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olish, sotish, topshirish, ayirboshlash, ijaraga berish, shuningdek ularni balansdan chegirib tashlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchun xo‘jalik binolari va boshqa imoratlarni qurish, ko‘chmas mulk olish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;
qarzga mablag‘ olish, shu jumladan bank kreditlarini olish to‘g‘risida qaror qabul qilish;
shirkatning xo‘jalik faoliyatidan olingan daromaddan foydalanish yo‘nalishlarini belgilash;
shirkatni qayta tashkil etish va tugatish;
qonun hujjatlarida va shirkat ustavida nazarda tutilgan boshqa masalalarni hal etish.
17-modda. Shirkat a’zolarining umumiy majlisini olib borish va ovoz berish tartibi
Shirkat a’zolarining umumiy majlisini shirkat a’zolari tomonidan ko‘pchilik ovoz bilan saylanadigan majlis raisi olib boradi.
Shirkat a’zolari umumiy majlisining qarori, agar majlisda hozir bo‘lganlarning yarmidan ko‘prog‘i uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, qabul qilingan hisoblanadi hamda shirkatning barcha a’zolari uchun majburiy bo‘ladi.
Shirkat ustavida turar joy mulkdorlariga tegishli bo‘lgan turar joylarga hamda hal etilayotgan masalalarga qarab bunday mulkdorlarning guruhlari bo‘yicha alohida-alohida ovoz berish nazarda tutilishi mumkin.
18-modda. Shirkat boshqaruvi
Shirkatning joriy faoliyatiga rahbarlikni uning boshqaruvi amalga oshiradi.
Shirkat boshqaruvi shirkat a’zolari orasidan shirkat ustavida belgilangan muddatga umumiy majlis tomonidan saylanadi.
Boshqaruv o‘z tarkibidan raisni va uning o‘rinbosarini saylaydi.
Boshqaruv majlisi rais tomonidan oyiga kamida bir marta chaqiriladi.
Boshqaruv majlisi unda boshqaruv a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli deb topiladi.
19-modda. Shirkat boshqaruvining vakolatlari
Shirkat boshqaruvining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
umumiy majlisni chaqirish va uning o‘tkazilishini tashkil etish;
yillik daromadlar va xarajatlar smetasi loyihasini hamda uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tuzish;
uyga xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash, shuningdek umumiy foydalanishdagi boshqa obyektlarni saqlash bo‘yicha shartnomalar tuzish;
uyni asrash, saqlash, ta’mirlash ustidan hamda unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnoma majburiyatlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilish;
shirkat mablag‘larini umumiy majlis tasdiqlagan daromadlar va xarajatlar smetasiga muvofiq tasarruf etish;
shirkat a’zolarining belgilangan majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashlari ustidan nazorat qilish;
ish yuritish, buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar.
Shirkat boshqaruvi xo‘jalik faoliyatini yuritish uchun ijrochi direktorni ishga yollash huquqiga ega, ijrochi direktorlikka nomzod umumiy majlis tomonidan tasdiqlanadi.
20-modda. Shirkat boshqaruvining raisi
Shirkat boshqaruvining raisi shirkat ustavida belgilangan muddatga saylanadi.
Shirkat boshqaruvining raisi shirkat manfaatlarini ifodalaydi, boshqaruv qarorlarining bajarilishini ta’minlaydi, o‘z vakolatlari doirasida ko‘rsatmalar va farmoyishlar berish huquqiga ega.
Shirkat boshqaruvining raisi to‘lov hujjatlarini imzolaydi, shuningdek umumiy majlis yoki boshqaruv vakolatiga kirmaydigan bitimlarni amalga oshiradi.
Shirkat boshqaruvining raisi ijrochi direktorlikka nomzodni, shirkat shtatidagi xodimlarning ichki mehnat tartibi qoidalarini, ular mehnatiga haq to‘lash va mukofotlash to‘g‘risidagi nizomni umumiy majlis tasdig‘iga kiritadi.
21-modda. Shirkat taftish komissiyasi (taftishchisi)
Taftish komissiyasi (taftishchi) shirkatning, boshqaruvning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshiradi va u umumiy majlisga hisobdordir. Taftishchi yoxud tarkibi kamida uch kishidan iborat bo‘lgan taftish komissiyasi ko‘pi bilan ikki yil muddatga saylanadi.
Shirkat va boshqaruvning moliya-xo‘jalik faoliyatini tekshirish uchun umumiy majlis belgilangan tartibda auditor yoki auditorlik tashkilotini jalb etishga haqli.
22-modda. Shirkatning mablag‘lari
Shirkatning mablag‘lari quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
shirkat a’zolarining ixtiyoriy badallari;
xo‘jalik faoliyatidan tushadigan daromadlar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa tushumlar.
23-modda. Shirkatni qayta tashkil etish va tugatish
Shirkatni qayta tashkil etish va tugatish umumiy majlis qaroriga yoki sud qaroriga binoan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49-57-moddalariga qarang.
Shirkat tugatilgan taqdirda kreditorlarning talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulk shirkat a’zolari o‘rtasida ularning umumiy mol-mulkdagi ulushlariga mutanosib tarzda taqsimlanadi.
24-modda. Shirkatlar uyushmalari
Shirkatlar o‘z faoliyatlarini muvofiqlashtirish, umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida uyushmalarga (ittifoqlarga) birlashishga haqlidir. Shirkatlarning uyushmalarini (ittifoqlarini) tuzish va ularning faoliyati qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Uyushma (ittifoq) larning huquqiy maqomi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasida belgilangan.
25-modda. Shirkatlarning fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan o‘zaro munosabatlari
Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari majburiy to‘lovlar undirilishini ta’minlash, issiqlik va elektr energiyasidan, issiq va sovuq suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va uylarni namunali saqlash ishlarini ixtiyoriylik asosida tashkil etish bo‘yicha tadbirlarni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda o‘tkazadilar.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining “Aholi tomonidan kommunal xizmatlar haqining o‘z vaqtida va to‘la miqdorda to‘lanishini ta’minlash uchun fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari va uy-joy mulkdorlari shirkatlarini rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 1032, 17.05.2001-y.).
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari shirkatlarga uy-joy fondidan foydalanish va uning asralishini ta’minlash borasida yordamlashadilar.
26-modda. Nizolarni hal etish
Shirkatning faoliyati bilan bog‘liq nizolar sud tartibida hal etiladi.
27-modda. Shirkatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Shirkatlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
15-aprel 1999-y.,
761-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., №5, 113-modda)