|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2007—2010 YILLARDA YoLGʻIZ KEKSALAR, PENSIONER VA NOGIRONLARNI ANIQ IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VA ULARGA IJTIMOIY XIZMAT KOʻRSATIShNI YaNADA KUChAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI DASTURI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 7-dekabrdagi 520-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2000—2005-yillarda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni aniq ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish chora-tadbirlari dasturi doirasida jamiyatning ushbu muammoga eʼtiborini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar roʻyobga chiqarildi, yolgʻiz keksa fuqarolarni aniq ijtimoiy muhofaza qilish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizimli ishlarni olib borishda davlat muassasalari bilan jamoat tashkilotlari oʻrtasida ijtimoiy sheriklik mustahkamlandi va kengaydi. 8 ming nafarga yaqin yolgʻiz pensioner va nogironlar yashab turgan 33 ta “Sahovat” va “Muruvvat” uylarining moddiy-texnika bazasi yaxshilandi.
“Homiylar va shifokorlar yili” Dasturini bajarish yuzasidan aholining ijtimoiy nochor, shu jumladan yolgʻiz keksa kishilarga yordam koʻrsatish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, 1,9 ming nafar yolgʻiz fuqarolarning uy va xonadonlari taʼmirdan chiqarildi, kam taʼminlangan oilalar va keksalarga 5 mlrd. soʻmlik moddiy yordam koʻrsatildi. Umuman olganda yolgʻiz keksalar, pensionyerlar, nogironlarga, shuningdek koʻp bolali oilalarga berilgan ijtimoiy yordam hajmi 47 mlrd. soʻmdan koʻproqni tashkil etdi.
Yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni aniq ijtimoiy muhofaza qilishni yanada kuchaytirish, ularning turmush darajasini oshirish, ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish va yangi ijtimoiy texnologiyalarni joriy etish asosida ularning ijtimoiy taʼminotga boʻlgan ehtiyojlarini yana ham toʻliqroq qondirish maqsadida:
1. 2007—2010-yillarda yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni aniq ijtimoiy muhofaza qilish va ularga ijtimoiy xizmat koʻrsatishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
yolgʻiz nogironlar va keksa fuqarolarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish;
yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarni davolash-profilaktika xizmati bilan qamrab olishni kengaytirish, gerontologiya va geriatriya sohasida koʻrsatilayotgan yordam sifatini, shuningdek uy-joy — maishiy sharoitlarini yaxshilash;
“Sahovat” va “Muruvvat” uylari, sanatoriylarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
ijtimoiy xizmat koʻrsatishning yangi shakllari, usul va texnologiyalarini tatbiq etish.
2. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
bir oy muddatda tasdiqlangan Dasturni amalga oshirishda masʼul ijrochilar, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari, korxona va tashkilotlarning bahamjihat faoliyatini taʼminlash boʻyicha aniq tadbirlar ishlab chiqilishini taʼminlasin;
Dasturning ijro etilishini va yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish darajasini muntazam ravishda koʻrib chiqqan holda uni yaxshilash boʻyicha tegishli qoʻshimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin. Har chorak yakunlari boʻyicha hisobot choragidan keyingi oyning 10 kunigacha Dasturni amalga oshirish yakunlari va borishi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga tahliliy axborot berib borsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda har yili investitsiya dasturi va budjetni shakllantirishda, yolgʻiz fuqarolarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish tizimini rivojlantirishga, ijtimoiy taʼminot tizimidagi obyektlarni kapital taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirishga, keksalar va nogironlarning uy-internatlarini jihozlashga, shuningdek Dasturga kiritilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirishga moʻljallangan zarur kapital qoʻyilmalar limiti va mablagʻlarni nazarda tutsin. Bunda mazkur maqsadlarga homiylar mablagʻlarini keng jalb etish nazarda tutilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi respublika va hududiy davlat boshqaruvi organlari hamda jamoat tashkilotlari darajasida ishlarning muvofiqlashtirilishini tashkil etsin, Dasturda nazarda tutilgan barcha tadbirlarning toʻliq va soʻzsiz bajarilishi boʻyicha aniq chora-tadbirlar qabul qilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va R.S. Qosimov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 7-sentabr,
PQ—459-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 37-38-son, 376-modda)