Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 08.02.2026
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA O‘ZGARTIRISHLAR KIRITISH VA BA’ZILARINI O‘Z KUCHINI YO‘QOTGAN DEB HISOBLASH TO‘G‘RISIDA (O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BOJXONA QO‘MITASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH BORASIDAGI QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA” 2006-YIL 9-MARTDAGI PQ-302-SON QARORI)
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-noyabrdagi 700-sonli “Bojxona sohasidagi ayrim tartib-taomillarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2026-yil 8-fevraldan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2006-yil 9-martdagi PQ-302-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida” 1997-yil 30-iyuldagi 374-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1997-y., 7-son, 26-modda) ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona organlarida xizmatni o‘tash haqidagi Vaqtinchalik nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” 1998-yil 4-apreldagi 146-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 1-avgust,
154-son
Vazirlar Mahkamasining
2006-yil 1-avgustdagi 154-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 30-iyuldagi
374-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. 1-banddagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi markaziy apparati tuzilmasi” so‘zlari hamda “1, 1a” raqamlari chiqarib tashlansin.
2. 2-bandning birinchi xatboshidagi “3277” va “188” raqamlari tegishli ravishda “3973” va “200” raqamlari bilan almashtirilsin.
3. 3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“3. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi raisi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlanadi, uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va ixtisoslashtirilgan bojxona komplekslari boshliqlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan tayinlanadi”.
4. 8-bandning to‘rtinchi xatboshidagi “O‘zbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, shuningdek” so‘zlari bilan almashtirilsin.
5. 10-banddagi “Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi” so‘zlari “Moliya vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
6. 1-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
a) 11-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“11. Davlat bojxona qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan tasdiqlanadigan Rais boshchilik qiladi.
Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va ixtisoslashtirilgan bojxona komplekslari boshliqlari esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan tayinlanadi.
Rais o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash Davlat bojxona qo‘mitasi raisi tomonidan amalga oshiriladi”;
b) 17-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“17. Bojxona organlarining mansabdor shaxslariga ular tomonidan egallab turilgan lavozimlarga va xizmat muddatlariga muvofiq quyidagi maxsus unvonlar beriladi:
kichik tarkib: bojxona xizmati kichik serjanti, bojxona xizmati serjanti, bojxona xizmati katta serjanti;
o‘rta boshliqlar tarkibi: bojxona xizmati leytenanti, bojxona xizmati katta leytenanti, bojxona xizmati kapitani;
katta boshliqlar tarkibi: bojxona xizmati mayori, bojxona xizmati podpolkovnigi, bojxona xizmati polkovnigi;
yuqori boshliqlar tarkibi: bojxona xizmati general-mayori, bojxona xizmati general-leytenanti, bojxona xizmati general-polkovnigi.
Maxsus unvonlar berish va ulardan mahrum qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi”;
b) 18-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“18. Bojxona organlari mansabdor shaxslarining maxsus unvonlarda xizmat muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi”;
g) 25-banddagi “Ichki ishlar organlari intizomiy ustaviga tatbiqan” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Bojxona organlari intizomiy ustaviga muvofiq” so‘zlari bilan almashtirilsin.
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 31-32-son, 315-modda)