Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.09.2020
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh DAVLAT QO‘MITASI
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi mulkni baholash milliy standartini tasdiqlash to‘g‘risida “Bozor qiymati baholash bazasi sifatida”
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 24-iyulda 1605-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2020-yil 1-maydagi 01/11-15/62-sonli “O‘zbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3239, 04.06.2020-y.) asosan 2020-yil 5-sentabrdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 26-apreldagi PQ–335-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi faoliyatini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga hamda Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 8-maydagi 210-sonli “Baholash faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi mulkni baholash milliy standarti “Bozor qiymati baholash bazasi sifatida” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Davlat mulki qo‘mitasi raisi D. MUSAYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 14-iyun,
01/19-20-son
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasining 2006-yil 14-iyundagi 01/19-20-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (2-son MBMS) “Bozor qiymati baholash bazasi sifatida”
Mazkur Mulkni baholash milliy standarti “Bozor qiymati baholash bazasi sifatida” (keyingi o‘rinlarda 2-son MBMS deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasidagi baholash faoliyatining normativ tartibga solinishi elementi hisoblanadi.
2-son MBMSga 1-son MBMSda ko‘rsatilgan qo‘llash bo‘yicha umumiy qoidalar va ko‘rsatmalar bilan birgalikda qarash lozim.
1. Kirish
2-son MBMSning maqsadi — bozor qiymatining umume’tirof etilgan ta’rifini berish. Standart shuningdek, baholashning maqsadi va funksiyalari bozor qiymatini hisoblashdan iborat bo‘lganda ushbu ta’rifga va mulkni baholashda uni qo‘llashga bog‘liq umumiy mezonlarni ham izohlaydi.
Bozor qiymati uning ta’rifida ko‘rsatilgan shartlarga mos bo‘lgan sharoitda, mulkni baholash sanasida ochiq bozorda sotuvga qo‘yilgan mulk keltirishi mumkin bo‘lgan ayirboshlash qiymati yoki pul summasini o‘zida namoyon etadi. Baholovchi bozor qiymatini belgilash uchun avval undan eng samarali foydalanish yoki eng ehtimol qilinadigan foydalanishni aniqlashi kerak. Bunday foydalanish mavjud foydalanilishning davomi yoki unga qandaydir muqobil bo‘lishi mumkin. Bu masala bozor ma’lumotlari asosida hal etiladi.
Bozor qiymati mulkning xarakterini va uni ochiq bozorda sotishning eng yuqori ehtimolini ko‘rsatuvchi usullar va baholash tartibotlarini qo‘llash yo‘li bilan aniqlanadi. Bozor qiymatini belgilashning eng keng tarqalgan usullariga sotuvlarni taqqoslash usuli, daromadni kapitallashtirish usuli yoki pul oqimlarini diskontlash usuli, shuningdek xarajat usuli kiradi.
Xarajat usulini qo‘llashning ikkita varianti bo‘lib, ularning biridan bozor qiymatini aniqlash uchun foydalanish mumkin, boshqasidan esa — yo‘q. Xarajat usulidan bozor qiymatini aniqlash uchun foydalanilganda, usulning hamma elementlari ochiq bozor ma’lumotlariga asoslanadi. Basharti xarajat usuli bozordan tashqari qiymat turlariga tatbiqan qo‘llanilganda, bozordan tashqari elementlar olinadi. Eskirishni hisobga olib almashtirishga xarajatlar usuli (EHAH) alohida o‘rin tutadi, unda bozor va bozordan tashqari elementlar uyg‘unlashtiriladi va u bozor qiymatini baholash usuli sifatida qarala olmaydi. Xarajat yondashuvlarining ushbu turli vaziyatlarini aralashtirib bo‘lmaydi, bozor qiymati miqdorlarini ta’riflash, taqdim etish yoki qo‘llashda ularning noto‘g‘ri talqin etilishi xavfi mavjud.
Bozor qiymatini o‘lchashning barcha usullari, uslublari va tartibotlari, agar ularning qo‘llanilishi mumkin bo‘lib, qat’iy qo‘llanilgan va bozordan kelib chiqqan mezonlarga asoslangan bo‘lsa, bozor qiymatining umumiy tarzda ifodalanishiga olib keladi. Sotuvlarni taqqoslash usuli yoki bozorga bog‘liq boshqa qiyosiy usullar bozorni o‘rganishdan kelib chiqishi kerak. Qurilishga xarajatlar hamda eskirish summasi xarajatlari eskirish summasi va xarajatlar bo‘yicha bozor ma’lumotlariga asoslanib aniqlanishi kerak. Daromadni kapitallashtirish usuli yoki pul oqimlarini diskontlash usuli bozor pozitsiyasidan aniqlangan pul oqimlariga hamda bozor ma’lumotlari bo‘yicha belgilangan daromad stavkalariga asoslangan bo‘lishi kerak. Axborotni olish imkoniyatlari, shuningdek bozordagi va mulk obyektining atrofidagi vaziyat baholash usullaridan qaysi biri ko‘proq mos va munosib ekanligini belgilab bersa-da, yuqorida ko‘rsatilgan tartibotlardan har qaysisidan foydalanish, usullarning har biri bozor ma’lumotlariga asoslangan bo‘lsa, bozor qiymatining belgilanishiga olib kelishi lozim.
Bozor qiymatini aniqlashning u yoki bu usullari va tartibotlaridan qanchalik foydalanish mumkinligi bu mulk odatda ochiq bozorda qanday usulda sotilishidan kelib chiqib belgilanadi. Har bir usul bozor axborotiga asoslangan bo‘lib, qiyosiy usul hisoblanadi. Har bir baholash vaziyatida bir yoki bir nechta usullar ochiq bozor faoliyati haqida eng to‘liq tasavvur beradi. Bozor qiymatini aniqlash bo‘yicha har bir topshiriqda Baholovchi hamma usullarni ko‘rib chiqishi va ulardan eng maqbulini aniqlashi lozim.
2. Qo‘llanish sohasi
2-son MBMS mulkning bozor qiymatiga tatbiqan qo‘llaniladi. U baholanayotgan mulk obyekti, u ishlayotgan korxonaning bir qismi sifatida yoki qandaydir boshqa maqsad uchun emas, balki ochiq bozorda sotuvga qo‘yilganda qanday qaraladigan bo‘lsa, shunday qaralishini talab qiladi.
3. Ta’riflar
2-son MBMS maqsadlari uchun bozor qiymati quyidagicha aniqlanadi:
bozor qiymati — bu munosib tarzda marketing o‘tkazilgandan keyin tuzilgan tijorat bitimi natijasida manfaatdor sotuvchi va manfaatdor xaridor o‘rtasida aktivning baholash sanasida ayirboshlanishi mumkin bo‘lgan pul miqdori bo‘lib, bunda har bir taraf yetarlicha axborotga ega bo‘lgan holda, oqilona va ixtiyoriy ravishda harakat qilgan deb tushuniladi.
“Aktiv” atamasidan foydalanilishi shu bilan izohlanadiki, 2-son MBMS diqqat markazida aynan aktivlar turishi bilan bog‘liq. Biroq ushbu tushunchadan umumiy holda foydalanish uchun uni “mulk” atamasiga almashtirish mumkin. Ushbu ta’rifning har bir elementi o‘zining tushunchalar doirasiga ega:
“hisoblab chiqiladigan pul summasi...” pulda (qoida tariqasida, milliy valyuta — so‘mda) ifodalangan, bozorda tijorat bitimi tuzilganda aktiv uchun to‘lanishi mumkin bo‘lgan narxga tegishli. Bozor qiymati o‘lchovi bozor qiymati ta’rifida ko‘rsatilgan shartlarga rioya etilganda baholash sanasida oqilona o‘ylab olinishi ehtimoli eng yuqori bo‘lgan narxdir. Bu narx — oqilona o‘ylaganda sotuvchi uchun erishishsa bo‘ladigan eng yaxshi, xaridor uchun esa oqilona o‘ylaganda erishishsa bo‘ladigan eng xam’yonbopdir. Bu narxni aniqlashda, xususan, bitimning alohida shartlari yoki holatlariga, masalan, moliyalashtirishning noodatiy shakli, mulkni sotib, keyin ijaraga qayta olish, bitimga jalb etilgan taraflardan biri tomonidan taqdim qilingan maxsus kompensatsiyalar yoki chekinishlar, yoxud “Maxsus qiymat”ning (ta’rifi 3-son MBMSda berilgan) har qanday elementi kabilarga bog‘liq holda oshirib yoki tushirib yuborilgan narxlar hisobga olinmaydi.
“...aktiv ayirboshlanishi mumkin bo‘lgan…” shundan dalolat beradiki, aktiv qiymati oldindan belgilab qo‘yilgan yoki haqiqiy sotuv narxi emas, balki taxmin qilinadigan miqdor. Bu narx bozor qiymati ta’rifida ko‘rsatilgan barcha boshqa shartlarga rioya etilganda baholash sanasida bozor bitim sodir etilishidan kutadigan narxdir.
“...baholash sanasiga...” taxmin etilayotgan bozor qiymati miqdori aniq sanaga tegishli bo‘lishi haqidagi talabni ifodalaydi. Bozor va bozor sharoitlari o‘zgarishi mumkinligi bois boshqa vaqtda taxmin qilingan qiymat xato bo‘lib chiqishi yoki haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi mumkin. Baholash natijasi o‘tgan yoki kelgusi sanadagi emas, balki aniq baholash sanasidagi bozorning joriy holati va shartlarini aks ettiradi. Bu tushuncha, shuningdek, aktivning qo‘ldan qo‘lga o‘tishi va bitim tuzilishi bir vaqtda, bozor qiymati bo‘yicha bitimda boshqa hollarda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan boshqa hech qanday narx variatsiyalarisiz sodir bo‘lishini nazarda tutadi.
“...manfaatdor xaridor...”sotib olish uchun asosi bo‘lgan, ammo uni bunga hech kim majburlamaydigan kishiga tegishli. Bunday xaridorda aktivni sotib olish kuchli zarurati yo‘q, shuningdek, u har qanday narxni berishga ham moyil emas. Bundan tashqari, u aniq ifodalab ham, ko‘rib ham bo‘lmaydigan gipotetik bozordagi emas, balki joriy bozordagi voqelik va imkoniyatlarga qarab xaridni amalga oshirmoqda. Faraz qilinadigan xaridor bozor talab qilganidan yuqori narxni to‘lamaydi. Aktivning hozirgi egasi ham bu bozorni tashkil etuvchilar sirasiga kiradi. Baholovchi bozor sharoitlari xususida haqiqatga mos kelmaydigan farazlar qilmasligi yoki oqilona o‘ylanadigandan yuqori bozor qiymatini ehtimol etmasligi kerak.
“...manfaatdor sotuvchi...” deganda sotishga majbur bo‘lmagan, har qanday narxga sotib yuborishga yoki ayni paytda bozorda oqilona hisoblanmaydigan narxni talab qilishga tayyor bo‘lmagan sotuvchi nazarda tutiladi. Manfaatdor sotuvchining asosi munosib tarzda marketing o‘tkazilgandan keyin aktivni bozor sharoitida ochiq bozordagi eng yuqori ehtimol qilinadigan narxda, bu narx qanday bo‘lmasin, sotib yuborishdir. Aktiv real mulkdorining haqiqiy ahvoli e’tiborga olinmaydi, chunki “manfaatdor sotuvchi” — bu gipotetik mulkdor.
“...tijorat bitimi natijasida...” taraflar o‘rtasida narxni bozor uchun xos bo‘lmagan darajaga olib keladigan yoki maxsus qiymat elementi mavjudligi tufayli uni oshirib yuboradigan hech qanday alohida yoki maxsus o‘zaro munosabatlar (masalan, bosh va shu’ba kompaniyalari o‘rtasidagi yoki uy egasi bilan ijarachilar o‘rtasidagi munosabatlar kabi) yo‘qligini anglatadi. Bozor qiymatidagi bitim qandaydir munosabatlar bilan o‘zaro bog‘lanmagan taraflar o‘rtasida sodir etilishi va har bir taraf mustaqil harakat qilishi nazarda tutiladi.
“...munosib tarzda marketing olib borilgandan keyin...” aktiv oqilona o‘ylab qaraganda erishish mumkin bo‘lgan, bozor qiymati ta’rifiga muvofiq keladigan narxda sotilishini ta’minlash uchun u bozorga eng munosib tarzda olib chiqilishi kerakligini anglatadi. Bozorga qo‘yish muddati undagi sharoitlarga bog‘liq holda turlicha bo‘lishi mumkin, ammo har qanday holda ham bu muddat aktiv yetarli sondagi potensial xaridorlarning e’tiborini tortishi uchun yetarli bo‘lishi darkor. Bozorga qo‘yish davri baholash sanasidan oldin keladi.
“...bunda har bir taraf yetarlicha axborotga ega bo‘lgan holda, oqilona, harakat qilgan…” — manfaatdor xaridor ham, manfaatdor sotuvchi ham sotilayotgan aktivning xarakteri va xossalari, uning haqiqiy va potensial foydalanilishi, shuningdek baholash sanasida bozordagi ahvol haqida yetarli darajada xabardor qilingan deb taxmin qilinishini anglatadi. Shundan keyin, ularning har biri, bu axborotga ega bo‘lgan holda, o‘z manfaatlarini ko‘zlab, bitimdagi o‘z pozitsiyasidan qaraganda eng yaxshi narxga erishish uchun oqilona ish tutadi deb faraz qilinadi. Bunda o‘tgan sana bilan kechroq muddatga nisbatan taxminlarga emas, balki baholash sanasidagi bozor holatiga nisbatan oqilonalik nazarda tutiladi. Sotuvchi mulkni bozorda narxlar tushib ketayotganda oldingi bozor narxidan pastroq sotishi doim ham omilkorlik emas deb hisoblanmaydi. Bu holda, narxlarning o‘zgarib turishi sharoitida boshqa oldi-sotdi vaziyatlarida bo‘lganidek, oqilona ish tutadigan xaridor yoki sotuvchi ayni paytda ular foydalanishi mumkin bo‘lgan bozor holati haqidagi eng to‘liq axborotga muvofiq ish tutadilar.
“...ixtiyoriy ravishda harakat qilgan...”, taraflarning har birida bitim tuzishga o‘z asoslari bor, ammo ularning birortasi ham bitim tuzishga majbur qilinmayotgani yoki ularga bosim o‘tkazilmayotganini anglatadi.
Bozor qiymati aktivni sotish yoki xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni hisobga olmasdan, hech qaysi tegishli soliqlarni (qo‘shilgan qiymat solig‘ini va h.k.) to‘lash bo‘yicha xarajatlarni qoplantirmasdan belgilangan aktiv qiymati deb tushuniladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi Milliy standartlari bilan aloqadorlik
Baholovchilar ham, buxgalterlar ham bir xil atamalardan foydalanishiga misollar juda ko‘p. Ba’zi bir hollarda bu tushunmovchiliklarga va MBMSni noto‘g‘ri qo‘llanishiga olib keladi. 2-son MBMS bozor qiymatini aniqlaydi va unda bozor qiymati standartlarining umumiy konsepsiyalari ko‘rib chiqiladi. 4-son MBMSdagi o‘ziga xos talablarni ta’riflashda qo‘llaniladigan boshqa muhim atamalar 2-son MBMS va 3-son MBMSda belgilanadi.
4-son MBMSda belgilanganidek, aktivlarning ulardan hozirgi foydalanishdagi bozor qiymati bunday foydalanish davom etadi degan farazga asoslanadi. Hozirgi foydalanish uchun bozor qiymati — bu bozor qiymati ta’rifi qo‘llanishining alohida holati. Ortiqcha yoki investitsiyaviy aktivlarning bozor qiymati, hozirgi yoki qandaydir boshqa muqobil foydalanish samaraliligidan qat’iy nazar, ulardan eng samarali foydalanishga asoslanadi.
4-son MBMSda aytilganidek, bozor qiymati moliyaviy hisobot tayyorlash munosabati bilan baholanadigan ixtisoslashtirilmagan mulkni baholash uchun baza bo‘lib, qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘lmagan boshqa bazalardan farq qiladi. 4-son MBMSda moliyaviy hisobot uchun ixtisoslashtirilgan aktivlarni baholash haqidagi masala ham qaraladi, hamda ushbu usullar bilan MBMSga muvofiq moliyaviy hisobot uchun qo‘llanilmasligi kerak bo‘lgan boshqa usullar o‘rtasidagi farqlar ko‘rsatiladi.
Ixtisoslashtirilgan aktivlar yoki joylashuvi tufayli sotilish imkoniyatlari cheklangan aktivlar ochiq bozorda biznes yoki korxonaning (keyingilari ba’zan egalikdagi biznes deb ataladi) tarkibiy qismidan boshqacha shaklda kamdan-kam (agar qachondir bo‘lib o‘tsa ham) qo‘ldan qo‘lga o‘tadi. Agar bunday aktivlardan eng yuqori ehtimolli foydalanish ehtimoli bevosita egalikdagi biznes bilan bog‘langan bo‘lsa, ularning qiymatini aniqlash jarayonlari bozorga bog‘liq bo‘lmaydi hamda butun korxonaning qiymatini aniqlab, keyin uni korxonaning tarkibiy qismlari o‘rtasida taqsimlashni talab qilishi mumkin. Bu jarayonlar 4-son MBMSda qaraladigan eskirishni hisobga olib almashtirishga xarajatlarni aniqlashdan farq qiladi hamda bozorga bog‘liq bo‘lmagan va odatdagi moliyaviy hisobot uchun MBMSga muvofiq kelmaydigan deb hisoblanadi.
Iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va boshqa tashqi sabablar tufayli bozor faoliyati vaqtincha izdan chiqqan yoki to‘xtab qolgan taqdirda, baholash sanasida bozor qiymatini chuqur anglangan tarzda o‘lchash imkonsiz bo‘ladi, ayniqsa, agar faoliyatning bunday vaqtinchalik izdan chiqishi yoki to‘xtab qolishini bozor katta xavotir bilan qabul qilsa. Bunday hollarda baholovchi baholash haqidagi hisobotga tushuntirishlarda ushbu holatlarga havola berishi shart. Shu sababga ko‘ra, baholovchi bozor qiymatiga nisbatan o‘z fikrini ma’lum bo‘lgan oldingi darajaga yoki bozor faoliyati tiklangandan keyingi sharoitlarga asoslab bildirishi maqsadga muvofiq bo‘lib chiqishi mumkin. Bunda u bozorning odatdagi faoliyatga qaytishining kechikishiga bog‘liq qiymatdagi har qanday yo‘qotishlarni tegishli tarzda baholashi va izohlab berishi kerak. E’tiborga olingan barcha holatlarni, baholash jarayonida foydalanilgan mezonlarni, hamda baholashga asos bo‘lgan muhim farazlarni ochib berishi ayniqsa muhimdir.
5. 2-son MBMS talablari
Baholashni o‘tkazish bo‘yicha majburiyatlarni qabul qilishdan oldin baholovchi u bunday topshiriqni 2-son MBMSga va boshqa umume’tirof etilgan baholash prinsiplariga muvofiq bajarish uchun yetarlicha bilimlarga, tajribaga va kompetensiyaga qanchalik egaligini aniqlab olishi, yoxud:
1) topshiriqni qabul qilishdan oldin barcha shu kabi nomuvofiqliklar haqida mijozga xabar berishi;
2) topshiriqni munosib bajarish uchun zarur barcha tegishli choralarni ko‘rishi;
3) ish yakunlangandan keyin taqdim etiladigan hisobotda vaziyatni hamda uni hal qilish uchun ko‘rilgan barcha choralarni ochib berishi lozim.
Baholovchi bozor bahosini aniqlash jarayonida ishonch qozona oladigan bahoni chiqarish uchun zarur bo‘lgan, e’tirof etilgan usullar va uslublarni bilishi, tushunishi va to‘g‘ri qo‘llay olishi kerak.
Baholovchi bozor bahosini aniqlash jarayonida baholanayotgan mulkni, unga bo‘lgan huquqlarni to‘g‘ri identifikatsiya qilishi, baholashning maqsadi va uning natijalaridan qanday maqsadlarda foydalanilishini, ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha operatsiyalar doirasini, barcha cheklovchi shartlar va haqiqiy baholash sanasini belgilab olishi kerak.
Baholovchi baholashni o‘tkazishda baholanayotgan qiymat turini belgilashi va unga ta’rif berishi kerak. Boshqa har qanday qo‘llanilgan qiymat turi bilan bozor qiymati sifatida tushuniladigan va talqin etiladigan qiymat turi o‘rtasidagi farqni alohida puxtalik bilan aniq va qat’iy belgilash zarur.
Bozor qiymati baholanishi haqidagi hisobotni tuzishda Baholovchi:
yanglishishlarni istisno etish uchun baholashga to‘liq va tushunarli tushuntirish berishi;
hisobotdan foydalanuvchilar undagi ma’lumotlarni, dalillarni, tahlillarni va xulosalarni to‘liq tushuna olishlari uchun yetarlicha axborot berishi;
baholash uchun asos qilib olingan barcha taxminlar va cheklovchi shartlarni bayon qilishi;
baholanayotgan mulkni aniq identifikatsiya va bayon qilishi, shuningdek mulkni o‘rganishdagi chegaralarni ko‘rsatishi;
baholanayotgan huquq yoki mulk huquqini identifikatsiya qilishi;
aniqlanayotgan qiymat turini, baholash maqsadini, haqiqiy baholash sanasini va hisobot tuzish sanasini ko‘rsatishi;
qo‘llanilayotgan baholash bazalarini to‘liq va batafsil tushuntirib berishi va ularni qo‘llash va xulosalar uchun asoslarni keltirishi;
hisobotga ilova sifatida uning obyektivligi, xolisligi, ish haqi yoki boshqa mukofot to‘lovlari miqdoriga bog‘liq emasligi, kasbiy hissasi, MBMS qo‘llanishi o‘rinliligi va boshqa oshkor etiladigan axborotni tasdiqlaydigan imzolangan professional sertifikat qo‘shib qo‘yishi lozim.
6. Mulohazalar
Bozor qiymati tushunchasi va ta’rifi butun baholash faoliyati uchun birinchi darajali ahamiyatga ega. 2-son MBMS asoslanadigan, 1-son MBMSda ushbu fundamental tushunchalar va prinsiplarning iqtisodiy va uslubiy asoslariga qisqacha tushuntirish berilgan.
Bozor qiymati tushunchasi baholash sanasida sodir etilgan qandaydir haqiqiy bitimga bog‘liq emas. Bozor qiymati — bu, ko‘proq, bozor qiymati ta’rifida ko‘rsatilgan shartlarga rioya etilganda baholash sanasida sotilishi ehtimoli eng yuqori bo‘lgan narx. Bozor qiymati — bu sotuvchi va xaridor bozor qiymati ta’rifidagi shartlarni bajarganda, ularning har biri bozorda mavjud boshqa imkoniyatlar va muqobilliklarni o‘rganishga yetarlicha vaqti bo‘lganda rozi bo‘ladigan narx haqidagi tasavvur, vaholanki, bitimni tuzishda rasmiy kontraktlarni va ular bilan bog‘liq hujjatlarni tayyorlash uchun muayyan vaqt talab etilishi mumkin.
Bozor qiymati konsepsiyasi narx ochiq va raqobatli bozorda muzokaralar yo‘li bilan belgilanishini nazarda tutadi. Mazkur tushuntirish ba’zan “bozor qiymati” atamasining “ochiq bozordagi qiymat” atamasi bilan almashtirilishiga asos bo‘lib xizmat qiladi. “Ochiq” va “raqobatli” so‘zlari mutlaq ma’noga ega emas. Bir aktiv uchun bozor xalqaro yoki mahalliy bo‘lishi mumkin. Bozor ko‘p sonli xaridorlar va sotuvchilardan tashkil topgan bo‘lishi yoki ishtirokchilarning soni cheklanganligi bilan xarakterlanishi mumkin. Aktiv sotuvga qo‘yiladigan bozor, ta’rifga ko‘ra, cheklangan yoki toraytirilgan bo‘lmaydi. Boshqacha qilib aytganda, “ochiq” so‘zining bo‘lmasligi bitim xususiy yoki yopiq tusga egaligini anglatmaydi.
Bozor baholari odatda qiyoslash mumkin bo‘lgan mulk obyektlariga aloqador axborotga asoslanadi. Baholash jarayoni baholovchi kerakli va munosib tekshiruvni, malakali tahlilni o‘tkazishini, axborot va dalillar bilan mustahkamlangan farazlar chiqarishini talab etadi. Bu jarayonda baholovchilar mavjud ma’lumotlarni qat’iy ishonch bilan qabul qilmaydilar, ular bozorda kuzatilayotgan va ishga daxldor barcha holatlarni, tendensiyalarni, o‘xshash bitimlarni va boshqa axborotni ko‘rib chiqishlari darkor. Bozor ma’lumotlari cheklangan yoki amalda mavjud bo‘lmagan taqdirda (masalan, ba’zi bir ixtisoslashtirilgan mulk obyektlari uchun), baholovchi tegishli tarzda vaziyatni ochib berishi va ma’lumotlarning yetarli emasligi tufayli ular qandaydir tarzda cheklanganmi, yo‘qmi ko‘rsatishi kerak. Baholovchining o‘z mulohazalari barcha baholash jarayonlarida talab etiladi, ammo baholash haqidagi hisobotda baholovchi bozor qiymatini aniqlashda bozor ma’lumotlaridan kelib chiqqanmi yoki mulkning xususiyati va bozorda shu mulkka o‘xshash mulk haqida ma’lumotlarning yo‘qligi uni ko‘proq o‘z fikriga tayanib harakat qilishga majburlaganmi, ochib berishi kerak.
Bozor sharoitlarining tezlik bilan o‘zgarishi narxlarning tez o‘zgarishi bilan xarakterlanadi. Bunday holat odatda muvozanatsizlik deb ataladi. Muvozanatsizlik davri bir necha yillarga cho‘zilishi hamda joriy va kutilayotgan bozor sharoitlariga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Boshqa hollarda iqtisodiyotdagi tez ko‘tarilib-pasayishlar bozor ma’lumotlarining beqarorligiga olib kelishi mumkin. Agar ba’zi bir sotuvlar bozor vaziyatiga mos kelmasa, baholovchi ularga kamroq ahamiyat berishi yoki ularni umuman ko‘rib chiqmasligi lozim. Baholovchi mavjud ma’lumotlar asosida bozorning haqiqiy darajasi haqida xulosa chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lib qolishi mumkin. Alohida bitimlar narxlari bozor qiymatining ko‘rsatkichi bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin, ammo baholash jarayonida bunday ma’lumotlarni inobatga olish kerak.
Taklif kamayib ketganda yoki bozor konyunkturasi yomonlashganda “manfaatdor sotuvchilar” soni ko‘p bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin. Ba’zi bir bitimlar (hammasi bo‘lishi shart emas) moliyaviy (yoki boshqacha) bosim o‘tkazish elementlariga ega bo‘lishi yoki ba’zi bir mulkdorlarning sotishdan manfaatdorligini pasaytirib yuborishi yo yo‘qqa chiqarishi mumkin. Bunday bozor sharoitlarida baholovchilar barcha tegishli omillarni hisobga olishi hamda, ularning fikricha, bozorni munosib tarzda aks ettiradigan alohida bitimlarga muhim ahamiyat berishi lozim. Sud boshqaruvchilari, xususan, tugatuvchi boshqaruvchilar o‘z lavozimiga molik bankrotlik tartibotlarini amalga oshirishda aktivlarni mumkin bo‘lgan eng yuqori narxda sotishlari shart. Biroq sotuvlar tegishli marketing o‘tkazmasdan yoki marketing davri yetarli bo‘lmaganda ham ro‘y berishi mumkin. Baholovchi bitimlar narxlari qanchalik bozor qiymati ta’rifi talablariga qanchalik to‘g‘ri kelishini va bunday ma’lumotlarga qanday muhimlik darajasini berishni aniqlash uchun bu bitimlarni tahlil qilishi lozim.
Bozordagi narxlar tez o‘sib yoki pasayib ketishi bilan xarakterlanadigan o‘tish davrlarida, agar avvalgi davrlarga tegishli axborotga ortiqcha muhimlik berilgan bo‘lsa yoki bo‘lajak bozorlarga nisbatan o‘zini oqlamaydigan taxminlar qilinsa, qiymatning oshirib yoki kamaytirib yuborilishi xavfi bo‘ladi. Bu sharoitda baholovchilar bozorning harakatini va javob ta’sirini chuqur tahlil qilishi hamda o‘z hisobotlari bu tekshiruvlar va xulosalarni to‘liq ochib berishini ta’minlashi lozim.
Bozor qiymati konsepsiyasi, shuningdek, bozor qiymati bo‘yicha tuziladigan bitimda mulk munosib tarzda bozorga chiqarilishi va zarur reklamani ta’minlagan holda yetarlicha uzoq vaqt davomida bozorda erkin qolishini ham nazarda tutadi. Bozorga chiqarish haqiqiy baholash sanasigacha amalga oshirilishi taxmin qilinadi. Qat’iy belgilangan (uzoq muddatli) aktivlar bozorlari, qoida tariqasida, aksiyalar, obligatsiyalar va boshqa joriy aktivlar bozoridan farq qiladi. Qat’iy belgilangan aktivlar amalda noyob bo‘ladi. Ular odatda kam sotiladi va ko‘proq, masalan, birjada kotirovkalanadigan qimmatli qog‘ozlar uchun xos bo‘lmagan va samarasizroq bo‘lgan bozorlarda sotiladi. Bundan tashqari, qat’iy belgilangan aktivlar likvidliligi pastroq. Shu sabablarga ko‘ra, shuningdek bunday qat’iy belgilangan aktivlar odatda ommaviy birjada sotilmasligi bois, ularning bozor qiymati, munosib marketing o‘tkazish hamda bitim tuzish haqidagi muzokaralarni yakunlash uchun kerakli vaqtni hisobga olgan holda, bozorda uzoq vaqt o‘zgarmasdan turishini inkor etmasligi kerak.
Investitsiya kompaniyasi, pensiya (jamg‘ariladigan) fondi, trast kompaniyasi yoki o‘xshash mulk shaklidagi boshqa kompaniyalar mulkining daromad keltiradigan obyektlari odatda, belgilangan sotuvlar rejasiga muvofiq aktivlarni yakka tartibda sotish asosida baholanadi. Investitsiyalar portfeli yoki mulk obyektlari guruhi sifatida qaraladigan bunday aktivlarning jami qiymati alohida olingan barcha aktivlar bozor qiymatlarining summasidan ko‘p yoki kam bo‘lishi mumkin.
Barcha baholash hollarida ularning maqsad va funksiyalarini ko‘rsatish lozim. Agar baholash funksiyasi moliyaviy hisobotlarni tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lsa, baholash to‘g‘risidagi hisobotga taalluqli boshqa talablarga qo‘shimcha tarzda, baholovchi aktivlarning har biri qaysi toifaga kiritilganini aniq qilib ko‘rsatishi lozim.
Istisno hollarda bozor qiymati salbiy kattalikda ega bo‘lishi mumkin. Bunday hollarga ijaraga olingan mulk, ba’zi bir ixtisoslashtirilgan mulk obyektlari, buzilish xarajatlari yer uchastkasi qiymatidan qimmatga tushadigan eskirgan ko‘chmas mulk obyektlari, atrof-muhit ifloslanishi ta’siriga uchragan ba’zi bir obyektlar va h.k.lar kiradi.
7. Axborotni oshkor etishga oid talablar
Baholash haqidagi hisobotlar anglashilmovchiliklarni keltirib chiqarmasligi kerak. Bozor qiymatini aniqlash va bu haqida hisobot tuzish maqsadida olib boriladigan baholashlar 2-son MBMSning 5-bandi talablariga javob berishi kerak. Hisobotlarda bozor qiymatining 2-son MBMSda berilgan ta’rifiga aniq havola berilishi, bu mulk uning foydaliligi yoki eng samarali (yoki eng ehtimoliy) foydalanilishi nuqtai nazaridan qanday baholanishi aniq ko‘rsatilishi, shuningdek barcha asosiy farazlar bayon qilinishi lozim.
Baholovchi bozor qiymatini belgilar ekan, aniq baholash sanasini (qiymat hisoblab chiqilgan sanani), baholash maqsadi va funksiyalarini hamda ishga daxldor va unga mos keladigan boshqa mezonlarni, uning hisoboti baholovchining kuzatuvlari, xulosalari va yakunlarini to‘g‘ri va mantiqan talqin qilish imkonini kafolatlaydigan qilib ko‘rsatishi kerak.
Muayyan sharoitlarda qiymatning muqobil ifodalaridagi tushunchalar va ulardan foydalanish ham o‘rinli bo‘lishi mumkin, baholovchi bunday qiymatlar topilgan va hisobotga kiritilgan taqdirda, ularni bozor qiymatining ifodasi sifatida talqin etmaslik kerakligini kafolatlashi lozim.
Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi R. GULYAMOV
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 30-son, 303-modda)