Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarining davlatga qarashli aksiyalari paketlarini xususiy mulk etib sotish toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Harakat tarkibidan, xususan shinam “Mersedes-Bens” avtobuslaridan samarali, avaylab va maqsadli foydalanishdan avtobus saroylari xodimlarining manfaatdorligini oshirish, xususiy tashabbuskorlik va tadbirkorlikni rivojlantirish va shu asosda Toshkent shahri aholisiga shahar avtobus transportida yoʻlovchi tashish xizmati sifatini yaxshilashni taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 11-yanvardagi PF-3713-sonli Farmoni bilan tuzilgan Ishchi komissiyasining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, “Toshshahartransxizmat” uyushmasining “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi avtobus saroylarining davlat aksiyalari paketlarini, ilovaga* muvofiq, xususiy mulk etib ikki bosqichda sotish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
birinchi bosqichda (2006-2007-yillar) — jalb etilgan xorijiy kreditlar toʻliq toʻlangan 159 ta “Mersedes-Bens” avtobuslarining qiymati ustav jamgʻarmalariga qoʻshilishini hisobga olgan holda avtobus saroylarining davlatga qarashli aksiyalarini sotish;
ikkinchi bosqichda (2008—2010-yillar) — avtobus saroylarining ustav jamgʻarmalarini Oʻzbekiston Respublikasi kafilligida olingan va hali toʻliq toʻlanmagan xorijiy kreditlar hisobidagi 362 ta “Mersedes-Bens” avtobuslarining qiymati miqdorida koʻpaytirish, shu qiymatga teng miqdorda qoʻshimcha ravishda chiqarilgan aksiyalarni xususiy mulk etib sotish.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Moliya vazirligi, “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda 2007-yilning 1-yanvarigacha 362 ta “Mersedes-Bens” avtobuslarining qiymati qoʻshilishini hisobga olgan holda “Toshavtobustrans” AK avtobus saroylarining ustav jamgʻarmalarini belgilangan tartibda muvofiqlashtirsin.
2. Belgilansinki, xususiy mulkida “Mersedes-Bens” avtobuslari mavjud boʻlgan “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi avtobus saroylarining davlat aksiyalari paketlari yopiq kimoshdi savdolarini oʻtkazish asosida birinchi navbatda avtobus saroylari mehnat jamoalarining aʼzolariga, shuningdek “Toshavtobustrans” AK tarkibiga kirgan hamda yoʻlovchilarga bir maromda va bexatar xizmat koʻrsatishni taʼminlaydigan ishonchli avtoyoʻlovchi tashuvchi sifatida oʻzini namoyon etgan avtokorxonalarga sotiladi.
3. “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi avtobus saroylarining davlatga qarashli aksiyalari paketlarini sotishdan tushadigan mablagʻlarini taqsimlashning quyidagi tartibi belgilansin:
davlatga qarashli aksiyalar paketlarini sotishdan tushadigan mablagʻlarning 30 foizi, birinchi navbatda, “Mersedes-Bens” avtobuslarini sotib olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi kafilligida jalb etilgan xorijiy kreditlarni toʻlashga;
davlatga qarashli aksiyalar paketlarini sotishdan tushadigan mablagʻlarning 40 foizi 2010-yilning oxirigacha “Toshshahartransxizmat” uyushmasiga qaytarib berish sharti bilan avtobus saroylarining harakat tarkibini yangilashda, shu jumladan lizing asosida maqsadli foydalanish uchun besh yil muddatga yoʻnaltiriladi;
davlatga qarashli aksiyalar paketlarini sotishdan tushadigan mablagʻlarning qolgan qismi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda belgilangan tartibda “Toshavtobustrans” aksiyadorlik kompaniyasi avtobus saroylarining davlatga qarashli aksiyalari paketlarini avtobuslardan avtobus saroylariga biriktirilgan yoʻnalishlarda maqsadli foydalanish majburiyati olingan holda yopiq kimoshdi savdolarida sotish tartibi toʻgʻrisida nizom ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Toshkent shahar hokimligi, “Toshshahartransxizmat” uyushmasi va “Asaka” bankining:
Toshkent shahar avtobus saroylarining harakat tarkibini 2008—2010-yillar davrida bosqichma-bosqich yangilash, bunda avtobus saroylarining davlat aksiyalari paketlarini sotishdan tushadigan mablagʻlarining “Toshshahartransxizmat” uyushmasida qoldiriladigan qismi, shuningdek avtobus saroylarining oʻz mablagʻlari, mamlakatimiz banklari va xorijiy banklarning, xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobiga asosan dizel va gaz yonilgʻisi bilan ishlaydigan avtobuslardan foydalanish toʻgʻrisidagi;
“Asaka” banki va “Toshshahartransxizmat” uyushmasi tomonidan tegishli litsenziya asosida tijorat maqsadida yoʻlovchilar tashiydigan yuridik shaxslarga avtobuslarni lizingga berish boʻyicha lizing kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Yangi tashkil etiladigan lizing kompaniyasi 2010-yilning 1-yanvarigacha Toshkent shahri avtobus saroylariga lizingga beriladigan yoʻlovchi tashish avtobuslarini olib kirish chogʻida bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod qilinsin (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno).
6. Shahar yoʻlovchi transportining bir maromda va bexatar faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, harakat tarkibini yangilash, shahar yoʻnalishlaridagi avtobuslardan samarali va maqsadli foydalanish uchun Toshkent shahar hokimi va “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi zimmalariga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 9-oktabrdagi PQ-2048-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 545-modda)
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 3-iyul,
PQ-396-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 27-son, 247-modda; 2013-y., 41-son, 545-modda)