Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.09.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2006 YIL BOShOQLI DON EKINLARI HOSILINI YIGʻIShTIRIB OLIShGA DOIR TAShKILIY ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
2006-yil boshoqli don ekinlari hosilini oʻz vaqtida va sifatli yigʻishtirib olish hamda davlat resurslariga gʻalla sotish boʻyicha kontraktatsiya shartnomalarini bajarish maqsadida:
1. Don hosili oʻrim-yigʻimini tegishli ravishda tashkil etish va talab darajasida amalga oshirish, shuningdek gʻalla oʻrish kombaynlaridan samarali foydalanish uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar hokimlari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagromashservis” uyushmasi va uning mashina-traktor parklari hududiy birlashmalari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagromashservis” uyushmasi va uning mashina-traktor parklari hududiy birlashmalari, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi:
gʻalla oʻrish kombaynlarini, don tashish uchun jalb etiladigan barcha turdagi transport vositalarini, shuningdek don yigʻiladigan xirmon va maydonlarni, don tozalash mashinalari hamda gʻallani dastlabki qayta ishlash uchun zarur boʻlgan boshqa moddiy-texnika bazasini tayyorlab qoʻyishni joriy yilning 25-mayigacha tugallash boʻyicha tashkiliy-iqtisodiy chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilishini;
tayyorlov korxonalari va punktlarida xoʻjaliklardan gʻallani faqat dastlabki tozalangandan keyin, iflosligi va namligi amaldagi standart normativlardan ortiq boʻlmagan holdagina qabul qilinishini;
idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, korxonalar va tashkilotlarning don qabul qilish punktlariga gʻalla tashish uchun yaroqli boʻlgan transport vositalari shartnoma asosida jalb etilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hisob-kitob jamgʻarmasi bilan birgalikda xoʻjaliklar bilan — davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinayotgan gʻalla uchun, mashina-traktor parklari bilan — koʻrsatilgan mexanizatsiya xizmatlari va gʻalla oʻrish kombaynlari operatorlariga ish haqi toʻlash uchun oʻz vaqtida hisob-kitob qilinishini taʼminlasinlar.
3. “Oʻzagromashservis” uyushmasi gʻalla oʻrim-yigʻim texnikasi mavjud parkining, ayniqsa yuksak unumli kombaynlarning tayyorlanishini taʼminlasin hamda ehtiyot qismlarning zarur zaxirasini yaratsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda yoʻllarda harakatlanish xavfsizligini taʼminlash, yongʻinlar kelib chiqishining oldini olish, shuningdek 2006-yilgi boshoqli don ekinlari hosilining talon-toroj qilinishiga va nobud boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan zarur chora-tadbirlarni koʻrsinlar.
Shudgorlashga tayyorlashdan oldin tozalash maqsadida dalalardagi ekin poyalari va qoldiqlari yoqib yuborilishi qatʼiyan taqiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi joriy yilning 1-iyunidan boshlab Ichki ishlar vazirligi taʼlim muassasalarining tinglovchilari va kursantlari kontingentini ilovaga binoan taqsimlanishiga muvofiq viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari ixtiyoriga yuborsin.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “Toshshahartransxizmat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi buyurtmanomalari boʻyicha, tinglovchilar va kursantlarni vaqtinchalik oʻrnashish joyiga tashish va don yigʻishtirish tugallangandan keyin ularni olib kelish uchun transport vositalari zarur miqdorda ajratilishini taʼminlasinlar.
Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hokimliklari:
shirkat va fermer xoʻjaliklari tomonidan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi va “Toshshahartransxizmat” uyushmasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tinglovchilari va kursantlarini vaqtinchalik oʻrnashish joyiga tashish va don yigʻishtirish tugallangandan keyin ularni olib kelish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisida tegishli shartnomalar tuzilishini;
tinglovchilar hamda kursantlarni vaqtinchalik yashash joylari, shuningdek oziq-ovqatlar, ularni tashish uchun transport va yonilgʻi-moylash materiallari bilan — gʻallachilik xoʻjaliklari mablagʻlari hisobiga taʼminlasinlar.
6. “Oʻzbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi yonilgʻi-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsinlar va limit boʻyicha ajratilgan dizel yonilgʻisi qiymatining 30 foizi, birja savdolari orqali sotib olinadigan benzin, suyultirilgan gaz va dizel yonilgʻisi qiymatining 100 foizi oldindan toʻlangandan keyin hosilni yigʻishtirib olish, tashish va tayyorlash bilan band boʻlgan qishloq xoʻjaligi korxonalari, mashina-traktor parklari va boshqa tashkilotlarga belgilangan tartibda uzluksiz yetkazib berilishini tashkil etsinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi va “Oʻzdavdoninspeksiya” davlat ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan gʻalla va urugʻlik materiali sifati ustidan tegishli nazorat oʻrnatsinlar.
8. Urugʻlik gʻallani davlat resurslari uchun xarid qilinadigan tovar gʻallaning umumiy hajmi hisobiga topshirish, shuningdek tovar gʻalladan urugʻlik maqsadlarida foydalanish qatʼiyan taqiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va uning joylardagi boʻlinmalari rahbarlari 2007-yil hosili uchun boshoqli don ekinlari urugʻligining oʻz vaqtida va sifatli gʻamlanishi uchun shaxsan javob beradilar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi xoʻjaliklar tomonidan don sotish toʻgʻrisidagi statistika hisobotlarining ishonchliligini don qabul qilib olish korxonalari boʻyicha muntazam ravishda tekshirib borsin, hisobotni buzib koʻrsatishning aniqlangan holatlari toʻgʻrisida tezkorlik bilan Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 17-may,
PQ-351-son
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidentining 2006-yil 17-maydagi
PQ–351-son qaroriga
ILOVA
2006-yil boshoqli don ekinlari hosilini yigʻishtirib olishga jalb etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi taʼlim muassasalari tinglovchilari va kursantlarining taqsimlanishi
Viloyatlar‎ Taʼlim muassasasining nomi‎ Tinglovchilar va kursantlar soni‎
Jizzax‎ Ichki ishlar vazirligining Toshkent Yongʻin xavfsizligi oliy texnika maktabi‎ 100‎
Qashqadaryo‎ Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti‎ 150‎
Sirdaryo‎ Ichki ishlar vazirligining Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti‎ 100‎
Toshkent‎ Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi‎ 150‎
Jami‎ 500‎
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 20-21-son, 172-modda)