Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA AFV ETIShNI AMALGA OShIRISh NIZOMINI QOʻLLASh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 13-martdagi PF-4094-sonli “Oʻzbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish Nizomini qoʻllash tartibi toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 20-bandiga asosan qaror qilaman:
Oʻzbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan fuqarolarga nisbatan afv etishni amalga oshirish Nizomini qoʻllash tartibi tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 11-sentabr,
PF-1839-son
Oʻzbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasida afv etish, qoida boʻyicha, respublika hududida joylashgan sudlar va harbiy sudlar tomonidan sudlangan shaxslarga nisbatan keltirilgan iltimosnomalar asosida amalga oshiriladi.
2. Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalardan tashqari, quyidagi hujjatlar koʻrib chiqiladi:
a) Sud hukmiga koʻra oʻlim jazosiga mahkum qilingan va afv etish toʻgʻrisida iltimosnomani keltirmagan shaxslarning hujjatlari:
b) Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan oʻlim yoki boshqa jazolarga mahkum qilingan shaxslarni afv etish toʻgʻrisida Oliy Sud raisi va Bosh Prokurorning xulosalari:
v) jazoni oʻtagan shaxslarning sud hukmi bilan yetkazilgan moddiy zararni qoplash majburiyatidan ozod etish toʻgʻrisidagi arizalari:
3. Mahkumlarni afv etilishi quyidagi shaklda amalga oshiriladi:
oʻlim jazosini ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirish:
asosiy hamda qoʻshimcha jazodan umuman yoki qisman ozod qilish:
oʻtamay qolgan jazo qismini yengilroq jazoga almashtirish:
sudlanganlikni olib tashlash.
4. Afv etish, qoidaga koʻra, mahkumlarning shaxsiy iltimosnomalari asosida qoʻllaniladi.
Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalar, sud hukmi qonuniy kuchga kirgandan va mahkum jazo muddatining yarmini oʻtagandan keyin koʻrib chiqiladi.
5. Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqishda quyidagi holatlar eʼtiborga olinadi:
sodir etilgan jinoyatni ijtimoiy xavflilik darajasi va xarakteri, mahkumning shaxsi, uning xulq-atvori, mehnatga munosabati, jazo oʻtash joylaridagi tashabbuskorlik tashkilotlarning faoliyatida ishtiroki, qoplangan zararning miqdori va boshqa holatlar:
jazo oʻtash muassasasi, maʼmuriyati, jamoat tashkilotlari va mehnat jamoalarining fikri:
moddiy zararni qoplashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi arizalar boʻyicha — zarar yetkazilgan tashkilotning hamda tuman, shahar, shahardagi tuman hokimiyatlarning fikri:
harbiy sudlar tomonidan sudlangan shaxslarning afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining fikri.
6. Oʻta xavfli retsidivistlar, hamda muqaddam hukm ijrosini kechiktirish, amnistiya, afv etish, shartli hukm qilish yoki jazo muddatidan oldin — shartli ozod etish yoki jazoni yengilrogʻiga almashtirish choralari qoʻllanilgan shaxslar, agarda ular sudlanganlik holatining tugallanishidan va olib tashlanishidan oldin qayta qasddan jinoyat sodir etgan taqdirda, tuzalish yoʻliga qirmagan mahkumlar, jazo muddatini kam qismini oʻtagan shaxslar, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etgan jinoyatchilar faqatgina favqulodda holatlarda afv etilishi mumkin.
7. Oʻlim jazosiga hukm qilingan shaxslar afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan hukm qonuniy kuchga kirganligi toʻgʻrisida eʼlon qilinganligi va hukm nusxasi yoki kassatsion ajrim topshirilgan kundan boshlab, 7 kun davomida murojaat etishlari mumkin. Agarda oʻlim jazosiga mahkum qilingan shaxs koʻrsatilgan muddat davomida afv etish toʻgʻrisida iltimosnomasini kiritmasa yoki bunday iltimosnomani keltirish xohishi yoʻqligi haqida arz qilsa, bu haqda, oʻrnatilgan tartibga rioya qilgan holda, akt tuziladi. Iltimosnoma yoki akt qabul qilingan kundan boshlab, 3-kun muhlatdan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga yuboriladi. Oʻlim jazosiga hukm qilingan shaxsga nisbatan hukm ijrosi, iltimosnoma yoki iltimosnomani keltirishdan voz kechish toʻgʻrisidagi hujjatlar koʻrib chiqilgunga qadar toʻxtatiladi.
8. Afv etish toʻgʻrisidagi hujjatlarni dastlab koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida afv etish masalalari boʻyicha komissiya tuziladi.
Komissiya tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari, jamoat tashkilotlari va mehnat jamoalarining vakillari, Yustitsiya vaziri, Milliy Xavfsizlik xizmati raisining oʻrinbosari, Respublika kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisining oʻrinbosari, maʼmuriy-huquqiy masalalar hamda fuqarolik va afv etish masalalari boʻyicha Bosh konsultantlar kiradi.
Agarda komissiya majlisida qayd etilgan komissiya aʼzosining qatnashish imkoni boʻlmasa, unda ularning vazifasini asosiy ish joyida oʻrinbosarlik qiluvchi mansabdor shaxs bajaradi.
Komissiya yigʻilishini Komissiya raisi yoki uning topshirigʻiga asosan raisning oʻrinbosari olib boradi.
Komissiyaning ishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokurori, Oliy Sud raisi va Ichki Ishlar vaziri, ular boʻlmagan taqdirda — nomga olingan shaxslarning oʻrinbosarlari qatnashadi.
Komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismi bor boʻlgan taqdirda komissiya haq-huquqli hisoblanadi. Komissiyaning qarori ishtirok etayotgan aʼzolarning koʻpchiligi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda, iltimosnoma rad etilgan deb hisoblanadi. Oʻlim jazosiga hukm qilingan shaxslarning hujjatlari qoʻshimcha ravishda oʻrganib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga va Prokuraturasiga yuboriladi.
Komissiya qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va komissiyaning barcha aʼzolari hamda majlisda qatnashgan respublika Bosh Prokurori, Oliy Sudi raisi va ichki ishlar vaziri (ularning oʻrinbosarlari) tomonidan imzolanadi.
Komissiya takliflarini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha afv etish toʻgʻrisidagi Farmon loyihasi tayyorlanadi.
Mahkumni afv etish uchun asoslar boʻlmagan taqdirda, bu haqda fuqarolik va afv etish masalalari boʻyicha konsultantlar guruhi arizachiga xabar beradi. Rad etilgan iltimosnomalar haqida guruh vaqti-vaqti bilan Prezidentga xabar qilib turadi.
Agarda afv etish toʻgʻrisidagi hujjatlarni koʻrib chiqish jarayonida qoʻshimcha tekshirishni talab qiladigan savollar tugʻilsa, Komissiya bu materialni muhokamadan olib tashlash va oʻrganish hamda xulosa chiqarish uchun Oliy Sudga yoki Respublika Prokuraturasiga yuborishga haqlidir.
9. Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalar boʻyicha kerakli hujjatlarni komissiya va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan koʻrib chiqish uchun tayyorlash vazifasi Fuqarolik va afv etish masalalari boʻyicha konsultantlar guruhi zimmasiga yuklatiladi.
10. Oʻlim jazosiga hukm qilingan shaxslardan tushgan iltimosnomalar yoki bunday iltimosnomalarni keltirishdan voz kechgan shaxslar toʻgʻrisidagi hujjatlar komissiya muhokamasiga chiqarishdan oldin bir oy muddat ichida sud qarorlarining mazmunini, sodir etgan jinoyatning holatlarini, mahkumning shaxsi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va har bir iltimosnoma yoki iltimosnomani keltirishdan voz kechish toʻgʻrisidagi materialning mohiyati boʻyicha oʻzlarining takliflarini koʻrsatuvchi xulosalarni taqdim qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Prokuraturasiga yuboriladi.
Komissiya muhokamasiga kiritiladigan jazo oʻtash joylarida sodir etgan jinoyati uchun oʻlim jazosiga hukm qilingan shaxslarni afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, oʻta xavfli davlat jinoyatlari sodir etgan shaxslarning iltimosnomalari boʻyicha esa — Milliy xavfsizlik xizmatining raisi xulosa taqdim etadilar.
11. Tuzalish yoʻliga kirmagan, tayinlangan jazo muddatining oz qismini oʻtagan, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etgan, oʻta xavfli retsidivist deb tan olingan shaxslarni afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalari hamda tashkilotga yetkazilgan moddiy zararni kelgusida qoplash majburiyatidan ozod etish, agarda bu tashkilot iltimosnomani qondirishga qarshi fikr bildirgan boʻlsa u holda hujjatlar faqatgina eʼtiborni qozonishi mumkin boʻlgan holatlar mavjud boʻlganda komissiya muhokamasiga havola etiladi. Boshqa iltimosnomalar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi komissiyaga axborot beriladi, arizachilarga esa ularning iltimosnomalari rad etilganligi haqida maʼlum qilinadi.
12. Afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalar rad etilgan taqdirda ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni afv etish toʻgʻrisidagi takroriy iltimosnomalari yangi, eʼtiborni qozonishi mumkin boʻlgan holatlar boʻlmasa, qayta komissiya muhokamasiga bir yil oʻtgandan keyin, boshqa jinoyatlar uchun sudlangan shaxslarning — oldingi iltimosnomasini rad etilgandan soʻng 6 oy muddat oʻtgandan keyin qoʻyilishi mumkin. Koʻrsatilgan muddatdan oldin kelib tushgan takroriy iltimosnomalar koʻrib chiqilmasdan qoldiriladi va bor boʻlgan hujjatlarga qoʻshib qoʻyiladi, bu haqda arizachiga xabar qilinadi.
13. Ikki yoki koʻproq respublikalarning sudlari bilan sudlangan shaxslarning afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalari faqatgina oxirgi hukm Oʻzbekiston Respublikasi sudi tomonidan chiqarilgan boʻlsagina koʻrib chiqilishi mumkin. Shu bilan birga, mahkumga nisbatan qolgan hukmlarni chiqargan respublikalarning fikrlari ham eʼtiborga olinadi.
14. Qonun buzilishini yoki asossiz sudlanganlikni tekshirishda muhtoj boʻlgan dalillar bilan keltirilgan afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalar dastlab nazorat tartibida oʻrganish uchun tegishli idoralarga yuboriladi.
15. Jazo oʻtash muassasalari maʼmuriyati orqali mahkumlar tomonidan berilgan afv etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalar barcha sud hukmi, ajrim va qarorlarning nusxalari, iltimosnomaning mohiyati boʻyicha oʻz fikrini koʻrsatib, mahkumning mehnatga munosabati va xulqi haqida batafsil tavsifnoma hamda afv etishni qoʻllash masalasiga ahamiyat kasb etishi mumkin boʻlgan boshqa hujjatlarni va maʼlumotlarni ilova qilgan holda komissiya muhokamasiga yuboriladi.
16. Afv etish toʻgʻrisidagi Farmonlar ijro etish uchun quyidagi idoralarga yuboriladi:
oʻlim jazosiga hukm qilingan shaxslarga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Prokuraturasiga:
ozodlikdan mahrum qilish, shartli va jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan hamda axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan va sudlanganlikni olib tashlash haqida — Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga.
jazo oʻtash bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa jazo turlariga sudlangan shaxslarga nisbatan va yetkazilgan moddiy zararni qoplashdan ozod qilish haqida ularni sud qilgan tegishli sudlarga va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboriladi.
17. Oʻlim jazosiga sudlangan shaxslarga nisbatan hukmni va ularga nisbatan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlarining ijrosi haqida Prezidentga, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Prokurori boshqa jazo turlariga sudlangan shaxslarga nisbatan esa — Farmon va hukm ijrosi yuklatilgan organlarga axborot beradi.
18. Afv etish masalalari boʻyicha chiqarilgan farmonlarning oʻz vaqtidagi ijrosi ustidan nazorat, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Fuqarolik va afv etish masalalari boʻyicha konsultantlar guruhiga yuklatiladi.
19. Prezident tomonidan muqaddam afv etish qoʻllanilgan mahkumlarning hukmlari yangitdan ochilgan holatlar boʻyicha bekor qilingan yoki hukmlar oʻzgartirilgan hollarda, bu sud qarorlari haqida sudlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining fuqarolik va afv etish masalalari boʻyicha konsultantlar guruhiga maʼlumot beradilar.