Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
Mashina-traktor parklari ish (xizmat)larining narxlarini qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer xoʻjaliklari va pudratchilarga yetkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 3-fevralda 1004-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2005-yil 19-maydagi 74-mh-sonli “Mashina-traktor parklari ish (xizmat)larining narxlarini qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer xoʻjaliklari va pudratchilarga yetkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni davlat reyestridan chiqarish haqida”gi buyrugʻiga asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-oktabrdagi 5-sonli majlisi bayoni 9-bandining bajarilishini taʼminlash maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. “Mashina-traktor parklari ish (xizmat)larining narxlarini qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer xoʻjaliklari va pudratchilarga yetkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Nizom kuchga kirishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan 1998-yil 21 mayda, “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” Davlat-kooperativ qoʻmitasi tomonidan 1998-yil 14-mayda tasdiqlangan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bozor islohotlari ilmiy-tadqiqot instituti bilan kelishilgan Mashina-traktor parklari tomonidan bajariladigan mexanizatsiyalashtirilgan ishlar (xizmatlar) bahosini belgilash tartibi bekor qilinsin.
3. Ushbu buyruqning bajarilishini nazorat qilish vazirning birinchi oʻrinbosari S. Begaliyev zimmasiga yuklansin.
Vazir T. XOLTOYEV
Toshkent sh.,
2001-yil 2-fevral,
31-son
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi
vazirligining 2001-yil 2-fevraldagi
31-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan
vazirligining 2001-yil 2-fevraldagi
31-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan
Mashina-traktor parklari ish (xizmat)larining narxlarini qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer xoʻjaliklari va pudratchilarga yetkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 20-oktabrdagi 5-sonli majlisi bayonining 9-bandiga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, mashina-traktor parklarining xorijiy va boshqa turdagi texnikalardan foydalangan holda bajaradigan ish (xizmat)larining narxlarini qishloq xoʻjaligi korxonalari, fermer xoʻjaliklari va pudratchilarga yetkazish tartibini belgilaydi.
1. Mashina-traktor parklari tomonidan qishloq xoʻjaligi korxonalari uchun bajariladigan ish (xizmat)larning narxi bir gektar hisobida oʻrnatilgan tartibda belgilanadi.
2. Mashina-traktor parklari tomonidan qishloq xoʻjaligi korxonalari uchun bajariladigan mexanizatsiyalashtirilgan ish (xizmat)larning narxi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va har bir viloyat uchun alohida belgilanadi.
3. Bunda mexanizatsiyalashtirilgan ish (xizmat)larning narxiga quyidagilar kiritiladi:
a) traktorchi (kombaynchi)ning asosiy ish haqi;
b) qoʻshimcha ish haqi;
v) ish haqidan ajratmalar;
g) amortizatsiya boʻyicha chegirmalar;
d) mukammal tiklash xarajatlari;
e) texnik qarov xarajatlari;
yo) joriy taʼmirlash xarajatlari;
j) yonilgʻi-moylash materiallari;
z) umumiy ishlab chiqarish xarajatlari;
i) foyda.
4. Traktorchi (kombaynchi)ning asosiy ish haqini qonun hujjatlari asosida yagona tarif-malakaviy bildirgich boʻyicha belgilash tavsiya etiladi.
5. Qoʻshimcha ish haqining miqdorini belgilashda xodimlarning malakasi, ularning ish staji hamda ularni ragʻbatlantirish boʻyicha qonun hujjatlarida belgilangan ustama haqi kiritilishi mumkin.
Tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay boʻlgan joylarda mehnat haqiga tuman koeffitsiyentlari va ustamalar belgilanadi.
Tuman koeffitsiyentlari va ustamalar joriy qilinadigan joylarning roʻyxati, shuningdek ularni qoʻllanish tartibi va miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
6. Ish haqidan ajratmalarning miqdori qonun hujjatlari asosida belgilanadi.
7. Amortizatsiya boʻyicha chegirmalar Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 23-moddasiga muvofiq hisoblanadi.
8. Xorijiy qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun mukammal tiklash xarajatlari “Oʻzkeysservis” qoʻshma korxonasi, taʼmirlash korxonalari bilan mashina-traktor parklari Davlat aksiyadorlik jamiyatlari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar asosida belgilanadi.
Belgilangan xarajatni texnikaning yillik ish unumdorligiga taqsimlash yoʻli bilan bir gektarga toʻgʻri keladigan mukammal tiklash xarajatlarining qiymati aniqlanadi.
9. Xorijiy qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun texnik qarov va joriy taʼmirlash xarajatlari “Uzkeys-servis” qoʻshma korxonasi, taʼmirlash korxonalari bilan mashina-traktor parklari Davlat aksiyadorlik jamiyatlari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar asosida belgilanadi.
Belgilangan xarajatni texnikaning yillik ish unumdorligiga taqsimlash yoʻli bilan bir gektarga toʻgʻri keladigan texnik qarov va joriy taʼmirlash xarajatlarining qiymati aniqlanadi.
Yangi olingan xorijiy qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanishda birinchi yil uchun joriy taʼmirlash xarajatlari hisoblanmaydi.
Boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalarini mukammal tiklash, texnik qarov va joriy taʼmirlash uchun sarflanadigan xarajatlar taʼmirlash korxonalari tomonidan tuzilgan kalkulyatsiyalarga asosan belgilanadi.
10. Yonilgʻi sarflash normalari dalaning uzunligi, relyefi (past-balandligi), konfiguratsiyasi (shakl-shamoyili) va boshqa omillarini hisobga olgan holda Respublikada qoʻllaniladigan mehnatni normalashga doir namunaviy va tarmoq bildirgichlar asosida belgilanadi.
Yangi qishloq xoʻjaligi texnikalari va boshqa normalari mavjud boʻlmagan ish turlari uchun ish bajarish hamda yonilgʻi sarflashning vaqtinchalik normalarini viloyat mehnat boʻyicha normativ-tadqiqot stansiyalarining xodimlari mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda xronometraj kuzatuvlarni olib borish yoʻli bilan belgilab beradilar.
Ish birligiga ketgan yonilgʻi-moylash materiallarining qiymati (amaldagi bildirgich boʻyicha) litr hisobidagi sarflash normasini sotib olish bahosiga koʻpaytirish yoʻli bilan hisoblab chiqariladi.
Yonilgʻi-moylash materiallarining bahosi joylardagi neft mahsulotlari bilan taʼminlash korxonasining joriy vaqtdagi rasmiy hujjatlariga asosan belgilanadi.
Agarda yonilgʻi-moylash materiallari qishloq xoʻjaligi korxonalari hisobidan sarflansa, unda yonilgʻi-moylash materiallarining qiymati umumiy bajarilgan mexanizatsiyalashtirilgan ish (xizmat)lar narxidan chegirib tashlanib, xoʻjalikka qaytariladi.
Moylash materiallarining miqdori sarflanadigan dizel yonilgʻisi sarfi normalariga nisbatan oʻrnatilgan foiz hisobida belgilanadi.
11. Umumiy ishlab chiqarish xarajatlarini jami ish haqi (ajratmalar bilan birga)ga nisbatan 12 foizgacha belgilash tavsiya etiladi.
12. Foyda hisob-kitoblar yoʻli bilan bajarilgan ish(xizmat)larning tannarxiga nisbatan foiz hisobida belgilanadi. Bunda foydani davr xarajatlari bilan birga15 foizgacha belgilash tavsiya etiladi.
13. Mexanizatsiyalashtirilgan ish (xizmat)larning narxi mashina-traktor parklari viloyat birlashmasi aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqiladi hamda viloyat qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi bilan kelishilgandan keyin viloyat moliya boshqarmasida deklaratsiya qilinadi.
Deklaratsiya qilingan narxlar 3 kun muddat ichida mashina-traktor parklari viloyat birlashmasi aksiyadorlik jamiyati tomonidan MTP Davlat aksiyadorlik jamiyatlariga, viloyat qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasiga hamda viloyat dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasiga yetkazilishi shart.
Viloyat qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi hamda viloyat dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi oʻzlarining hududiy tuzilmalari orqali ushbu narxlarni bir hafta muddat ichida viloyatdagi barcha qishloq xoʻjaligi korxonalari, dehqon va fermer xoʻjaliklariga yetkazilishini taʼminlashlari shart.
14. Bajariladigan ish (xizmat)larning narxi shartnoma tuzilayotgan vaqtda moddiy-texnik resurslarining narxini va xorijiy texnikalar boʻyicha esa Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyuta kursini hisobga olgan holda aniqlanadi.
15. Ish haqi hamda xorijiy texnikalar boʻyicha esa Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan valyuta kursi oʻzgargan taqdirda ish (xizmat)larning narxi viloyat miqyosida qayta koʻrib chiqiladi va belgilangan tartibda viloyat moliya boshqarmasida deklaratsiya qilingandan soʻng, shartnomalarga oʻrnatilgan tartibda tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
Oʻzgargan narxlarni viloyatdagi barcha qishloq xoʻjaligi korxonalari, dehqon va fermer xoʻjaliklariga yetkazish mazkur Nizomning 13-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shundan soʻng, belgilangan tartibda shartnomalarga va boshqa hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
16. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, “Oʻzagromashservis” uyushmasi hamda Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi bilan kelishilgan.
MOLIYA VAZIRI
M.NURMURODOV
M.NURMURODOV
MEHNAT VAZIRI
Sh.IBRAGIMOV
Sh.IBRAGIMOV
“OʻZAGROMAShSERVIS”
UYuShMASI RAISI
Sh.NIShONOV
DEHQON VA FERMER XOʻJALIKLARI UYuShMASI RAISI
A. BOBOMIRZAYEV