Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Qoraqalpogʻiston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasini tashkil etishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, amaliy tibbiyotni ilmiy tamoyillar asosida takomillashtirish orqali samarali tibbiy yordam koʻrsatish, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida:
1. Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) davlat-xususiy sheriklik asosida quyidagilarni tashkil etish:
yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Qoraqalpogʻiston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasini (keyingi oʻrinlarda — Akademiya);
Akademiya tarkibida ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, oʻquv-simulyatsion markaz va mehmonxona;
b) xususiy sherik sifatida “Central Asian Medical University” nodavlat tibbiyot universitetini belgilash;
v) “Central Asian Medical University” nodavlat tibbiyot universiteti (keyingi oʻrinlarda — Xususiy sherik) bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni (keyingi oʻrinlarda — Bitim) tuzish.
2. Belgilansinki:
a) Sogʻliqni saqlash vazirligi Akademiyani tashkil etishda davlat sherigi sifatida ishtirok etadi;
b) Akademiya nodavlat tibbiy taʼlim tashkiloti hisoblanadi hamda Orolboʻyi mintaqasida:
barcha tibbiyot muassasalari hamda tibbiyot oliy, professional va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari uchun kelishuv asosida amaliy koʻnikmalarni shakllantiradigan oʻquv-simulyatsion baza sifatida faoliyat yuritadi;
tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash, ularning kasbiy bilimlari va amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishning muqobil tizimini joriy etadi;
v) Nukus shahrida joylashgan davlat va nodavlat davolash-profilaktika muassasalari Akademiyaning klinik bazasi hisoblanadi;
g) Xususiy sherik Bitimda belgilangan shartlar asosida Akademiyaning faoliyat olib borishi va rivojlanishini hamda biriktirilgan hududlar tibbiyot muassasalari mutaxassislarining malakasini muntazam oshirib borishni taʼminlaydi;
d) Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi hamda Respublika oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish markaziga yuklatilgan vazifalar Orolboʻyi mintaqasi boʻyicha Akademiya tomonidan amalga oshiriladi;
e) kelgusida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Xususiy sherik bilan kelishilgan holda Akademiyaga Orolboʻyi mintaqasidan tashqari boshqa hududlardagi tibbiyot muassasalari ham mutaxassislarning malakasini oshirish boʻyicha biriktirilishi mumkin;
j) Nukus shahri A. Dosnazarov koʻchasi 104-uy manzilida joylashgan oʻquv binolarining birinchi, toʻrtinchi va oltinchi korpusi ularga biriktirilgan hudud bilan birgalikda Xususiy sherikka Akademiyani tashkil etish uchun ijaraga beriladi.
3. Quyidagilar Akademiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
tibbiyot kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
tibbiyot xodimlarida amaliy koʻnikmalarni shakllantirish, xalqaro standartlarga asoslangan ilgʻor texnologiyalar, uslubiy materiallarni keng joriy etish, ilmiy faoliyat hamda amaliyotning uygʻunligini taʼminlash uchun zarur sharoitlar yaratish;
tashxislash va davolashning yuqori texnologiyali innovatsion usullarini amaliyotga joriy etish;
telemeditsina texnologiyalaridan keng foydalanish uchun sharoitlar yaratish;
Orolboʻyi mintaqasida keng tarqalgan kasalliklarni profilaktika qilish va kamaytirish boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ushbu yoʻnalishdagi ishlarni muvofiqlashtirish.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab Akademiyada klinik ordinaturada yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash ishlarini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashsin.
5. Xususiy sherikka quyidagi vazifalar yuklansin:
2025-yil 1-oktabrdan boshlab Akademiya faoliyatini toʻliq yoʻlga qoʻyish;
mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Akademiyaga respublika hamda xorijiy tibbiyot tashkilotlari va markazlarining malakali mutaxassislarini jalb qilish.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Xususiy sherikka quyidagilarni amalga oshirishda amaliy yordam koʻrsatsin:
a) Akademiyaning qurilish obyektlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazishda;
b) Akademiyani joylashtirish uchun ajratilgan bino va inshootlar hamda unga biriktirilgan hududda amalga oshiriladigan qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlarida;
v) Akademiyaga jalb etilgan mahalliy va xorijiy professor-oʻqituvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Akademiya hududida 50 oʻrinli mehmonxona tashkil etishda;
g) tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish va amaliy koʻnikmalarini muntazam ravishda rivojlantirish uchun Akademiyani zarur boʻlgan qoʻshimcha oʻquv-simulyatsion uskunalar bilan jihozlashda.
7. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning belgilangan tartibda imzolanishini taʼminlasin;
2025-yil 1-oktabrdan boshlab Orolboʻyi mintaqasidagi tibbiyot muassasalari shifokorlari, oʻrta tibbiy va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlarni Akademiyaga ajratish choralarini koʻrsin;
b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-aprelga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirishni xususiy sektorni jalb qilgan holda, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishni;
nodavlat tashkilotlar tomonidan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish boʻyicha davlat buyurtmasini moliyalashtirish tartibini;
v) Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazining Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi boʻlinmasini Akademiya binosida joylashtirilishini taʼminlasin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi F.U. Ermanov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-dekabr,
PQ-453-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 07/24/453/1069-son)