Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini tranzit olib oʻtishda bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish toʻgʻrisida” 2024-yil 3-iyundagi PF-84-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish toʻgʻrisida” 2024-yil 3-iyundagi PF-84-son Farmoniga muvofiq 2024-yil 1-sentabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarining tranziti uchun quyidagi talablar joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati, uni yetkazib berish shartnomasi (bitimi), tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yoʻli bilan tashilgan taqdirda, ularni olib oʻtish jadvalining mavjudligi;
yuk olib oʻtuvchi tomonidan tegishli bojxona toʻlovlarining summasi Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarining depozit hisobvaragʻiga oʻtkazilganligi. Bunda keyinchalik tovarlar respublika tashqarisiga olib chiqilganligi tasdiqlangandan soʻng toʻlangan summalar qaytarilishi;
tamaki tashuvchi transport vositalarining faqat inspeksion koʻrik majmualari bilan jihozlangan chegara bojxona postlari orqali oʻtkazilishi;
qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi boʻlgan tamaki mahsulotlarini respublika hududidan tranzit olib oʻtishga ruxsat etilishi, aksiz markasi qoʻllanilmaydigan davlatlardan import qilish yoki ularga eksport qilish hamda qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar bundan mustasno.
2. Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini tranzit olib oʻtishda bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-oktabr,
717-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-oktabrdagi 717-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini tranzit olib oʻtishda bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini avtomobil va temir yoʻl transportida, shu jumladan, multimodal tashishda tranzit olib oʻtish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bojxona toʻlovlari — Oʻzbekiston Respublikasining bojxona qonunchiligiga muvofiq hisoblangan, tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududida erkin muomalaga chiqarish uchun toʻlanishi lozim boʻlgan import bojxona boji, aksiz soligʻi, qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona yigʻimlari;
vakolatli shaxs — Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tamaki mahsulotlarini tranzit olib oʻtishda bojxona organlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan maʼlumotlar va hujjatlarni taqdim etadigan yukni joʻnatuvchi, qabul qiluvchi, tashuvchi yoki ekspeditor hamda ular nomidan ish koʻruvchi boshqa shaxslar;
kirish bojxona posti — Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib oʻtiladigan tovarlar olib kiriladigan chegara bojxona posti;
tovarlar — Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib oʻtiladigan tamaki mahsulotlari;
toʻlovchi — tovarlarning tranziti uchun bojxona toʻlovlari summasini Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlarining depozit hisobvaragʻiga oʻtkazgan, oʻzining hisobvaragʻi, nomi, STIRi (JSHSHIRi) va boshqa rekvizit maʼlumotlariga ega boʻlgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs;
tovarlar partiyasi — bitta joʻnatuvchi tomonidan bitta oluvchiga bitta transport vositasida yoki poyezdda (konvoyda) bitta joʻnatuvchi yuborgan tranzit yuk;
chiqish bojxona posti — Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib oʻtiladigan tovarlar olib chiqiladigan chegara bojxona posti.
3. Tamaki mahsulotlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib oʻtishga ruxsat olish uchun vakolatli shaxs Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirishga moʻljallangan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi dastlabki elektron maʼlumotlarni (keyingi oʻrinlarda — dastlabki elektron maʼlumotlar) taqdim etishda belgilangan maʼlumotlar bilan birga quyidagilar koʻrsatilgan holda murojaat qiladi:
tovar ishlab chiqarilgan mamlakat sertifikati va uning elektron nusxasi;
yetkazib berish shartnomasining (bitimining) elektron nusxasi;
tovarlar bir nechta qismga ajratilib, tranzit yoʻli bilan tashilgan taqdirda, ularni olib oʻtish jadvalining elektron nusxasi;
tovarlar tranziti boʻyicha bojxona toʻlovlari summasi bojxona organlarining depozit hisobvaragʻiga oʻtkazilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar;
tovarlarning qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bilan markalanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar bundan mustasno.
4. Tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga amalda olib kirilgan paytdan boshlab ushbu hududdan tashqariga olib chiqib ketilgunga qadar bojxona nazorati ostida boʻladi.
5. Vakolatli shaxs tomonidan tamaki mahsulotlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kirishga moʻljallangan tovarlar va transport vositalari toʻgʻrisidagi dastlabki elektron maʼlumotlar faqat transport vositalarining inspeksion koʻrik majmualari bilan jihozlangan chegara bojxona postlari orqali taqdim etiladi.
6. Tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib oʻtishga qoʻyiladigan talablar va shartlar Oʻzbekiston Respublikasining bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
2-bob. Bojxona toʻlovlari summasini bojxona organlarining depozit hisobvaragʻiga oʻtkazish
7. Toʻlovchi tovarlarning tranziti uchun bojxona toʻlovlari summasi Oʻzbekiston Respublikasi hududiga amalda olib kirilgunga qadar milliy yoki erkin foydalaniladigan valyutada (AQSH dollari) bojxona organining depozit hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Bojxona organining depozit hisobvaragʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayti hamda chegara oʻtkazish punktlariga joylashtiriladi.
8. Bojxona organining depozit hisobvaragʻiga qoʻyiladigan pul taʼminoti miqdori depozitga qoʻyilgan kuni amalda boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga asosan tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududida erkin muomalaga chiqarish uchun belgilangan bojxona toʻlovlari stavkalaridan kelib chiqqan holda hisoblanishi kerak.
9. Toʻlovchi bojxona organlariga tovarlar toʻgʻrisidagi dastlabki elektron maʼlumotlarni taqdim etishdan kamida besh kalendar kun oldin tovarlarning tranziti uchun bojxona toʻlovlari summasini bojxona organining depozit hisobvaragʻiga joylashtirishi mumkin, muqaddam bojxona nazoratidan yechilmagan bojxona organining depozit hisobvaragʻida mavjud boʻlgan mablagʻlar bundan mustasno.
10. Toʻlovchi bojxona organlariga tovarlar toʻgʻrisidagi dastlabki elektron maʼlumotlarni taqdim etishda, toʻlangan bojxona toʻlovlari summasini qaytarish uchun toʻlovchining STIRi va bank rekvizitlari koʻrsatilishi shart.
11. Vakolatli shaxs dastlabki elektron maʼlumotlarni taqdim etishda, bojxona organlariga bojxona toʻlovlari summasi bojxona organlarining depozit hisobvaragʻiga oʻtkazilganligi haqida maʼlumot beradi. Bojxona organlari axborot tizimi orqali bojxona toʻlovlari summasi bojxona organlarining depozit hisobvaragʻida mavjudligini tekshiradi.
12. Bojxona organlarining depozit hisobvaragʻiga oʻtkazilgan bojxona toʻlovlari summasini quyidagi maqsadlarda tasarruf etish taqiqlanadi:
tovarlar bojxona nazoratidan yechilgunga qadar toʻlovchi tomonidan ularni tasarruf etish;
bojxona toʻlovlari summasidan boshqa shaxslarning tovarlari taʼminoti uchun foydalanish;
bojxona toʻlovlari summasidan bir vaqtning oʻzida toʻlovchining boshqa tovarlari taʼminoti uchun foydalanish.
3-bob. Tovarlarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini boshlash hamda yakunlash
13. Tranzit maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi bojxona organlariga dastlabki elektron maʼlumotlar taqdim etilib, tovarlar ortilgan transport vositasi kirish bojxona postiga yetib kelgan vaqtdan boshlanadi.
Bunda tovar va transport vositalari Oʻzbekiston Respublikasi bojxona qonunchiligiga muvofiq bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi.
Tovarlar xavfni boshqarish tizimi orqali bojxona organlarining axborot tizimida nazoratdan oʻtkaziladi.
14. Kirish bojxona postida bojxona organlari tomonidan transport vositasi inspeksion koʻrik majmuasida taqdim etilgan maʼlumotlarga asosan bojxona nazoratidan oʻtkaziladi, shuningdek, tovarlar qabul qiluvchi davlatning aksiz markasi bilan markalanganligi tekshiriladi, qonunchilikka muvofiq aksiz markasi talab etilmaydigan holatlar bundan mustasno.
15. Tovar va transport vositalariga nisbatan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi yakunlanganidan soʻng tovarlar bojxona nazorati ostida chiqish bojxona postiga yoʻnaltiriladi.
16. Belgilangan muddatlarda tovar va transport vositalari chiqish bojxona postiga yetib borganda, bojxona organlari tomonidan transport vositasi inspeksion koʻrik majmuasida bojxona nazoratidan oʻtkazilib, kirish bojxona postidagi tasvirlar bilan oʻzaro solishtiriladi.
17. Chiqish bojxona postida tovar va transport vositalariga nisbatan bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi yakunlanganidan soʻng tovarlar bojxona nazoratidan yechilib, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqishga ruxsat beriladi.
4-bob. Bojxona toʻlovlari summasini toʻlovchiga qaytarish hamda uning hisobini yuritish
18. Tovarlar bojxona nazoratidan yechilgandan soʻng 5 ish kuni ichida toʻlangan bojxona toʻlovlari summasi kelib tushgan hisobvaraq orqali toʻlovchiga qaytariladi.
Toʻlovchining yoki boshqa shaxslarning murojaatiga asosan bojxona toʻlovlari kelib tushgan hisobvaraqdan boshqa shaxslarning hisobvaragʻiga oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunchilik hujjatlariga asosan sud yoki boshqa vakolatli organning mazkur mablagʻlar boʻyicha qabul qilgan qarorlari asosida xatlovga olish yoki boshqa hisobvaragʻiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi talabi bundan mustasno.
19. Toʻlovchi tomonidan bojxona organining depozit hisobvaragʻiga oʻtkazilgan bojxona toʻlovlaridan kelgusida boshqa tovarlarga nisbatan foydalanish maʼlum qilinganda, mablagʻlar bojxona organlarining depozitida saqlanishi mumkin.
20. Mablagʻlar bojxona organlari depozit hisobvaragʻiga kelib tushgan sanadan boshlab 30 kalendar kunda bojxona organlariga tovarlarni tranzit olib oʻtish boʻyicha murojaat kelib tushmasa, mablagʻlar besh ish kunida toʻlovchiga qaytariladi.
21. Tovarlar tranziti boʻyicha bojxona organining depozit hisobvaragʻiga toʻlangan bojxona toʻlovlarining hisobi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi tomonidan yuritiladi.
22. Tovarlar chiqish bojxona postiga belgilangan muddatlarda yetib bormagan taqdirda, kechiktirilgan har bir kun uchun belgilangan yigʻimlar bojxona organining depozit hisobvaragʻiga qoʻyilgan mablagʻlar hisobidan undirib olinadi.
23. Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tovarlarni tranzit olib oʻtish davomida avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri natijasida tovarlar isteʼmolga yaroqsiz holga kelishi holatlarini sugʻurtalash huquqiga ega.
Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarining buzilishi natijasida tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish imkoniyati mavjud boʻlmaganda, sud yoki boshqa vakolatli organning qaroriga asosan tovarlar bojxona nazoratidan yechilib, bojxona organining depozit hisobvaragʻidagi mablagʻlar Respublika budjetiga oʻtkaziladi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
24. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2024-y., 09/24/717/0868-son)