Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikada xorijiy turistlar oqimini yanada oshirish hamda sohada eksport oldi moliyalashtirishni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini yanada oshirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 18-iyuldagi PF-102-son Farmoni ijrosi yuzasidan, shuningdek, tijorat banklari tomonidan kreditlar ajratilishi hamda ulardan samarali va manzilli foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
2024-yil 1-sentabrdan boshlab kirish turizmi faoliyatini amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan turoperatorlarni (keyingi oʻrinlarda — turoperatorlar) ularning xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelish bilan bogʻliq xarajatlarini moliyalashtirish uchun aylanma mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan respublika tijorat banklari (keyingi oʻrinlarda — ishtirokchi tijorat banklari) orqali 50 mln AQSh dollari ekvivalentida milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada kredit liniyasi (keyingi oʻrinlarda — maqsadli kredit liniyasi) ochilganligi;
kredit resurslari tijorat banklariga 3 yillik imtiyozli davr bilan 12 yil muddatga ajratilishi;
tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar boʻyicha yillik foiz stavkasi tarkibidagi bank marjasi 3 foizdan oshmagan miqdorda oʻrnatilib, kreditlar turoperatorlarga 2 yillik imtiyozli davr (foiz va asosiy qarzdan) bilan 10 yil muddatga berilishi.
2. Belgilansinki, turoperatorlarga kreditlar bevosita ularning birlamchi hisobvaraqlari mavjud tijorat banklari orqali ajratiladi.
3. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kredit resurslarining ishtirokchi tijorat banklari talabnomalari kelib tushgan kundan eʼtiboran uch kun muddatda tasdiqlangan taqsimot boʻyicha tegishli tijorat banklari kesimida joylashtirilishini taʼminlasin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
tijorat banklari tomonidan kreditlar turoperatorlarni ularning xorijiy mamlakatlardan respublikaga turistlarni olib kelish bilan bogʻliq xarajatlarini moliyalashtirish uchun aylanma mablagʻ bilan taʼminlash maqsadida bitta tadbirkorlik subyektiga 25 mlrd soʻmgacha miqdorda;
maqsadli kredit liniyasi doirasida kreditlar 1 yildan ortiq faoliyat yuritayotgan, kamida 15 foiz miqdorida oʻz mablagʻlari (shu jumladan, bino va inshootlar koʻrinishida) jalb etilishini taʼminlay oladigan turoperatorlariga ajratiladi.
Bunda ishtirokchi tijorat banki tomonidan maqsadli kredit liniyasi hisobidan ajratilgan kreditlar toʻliq taqsimlanganidan keyin turoperatorlardan qoʻshimcha talabnomalar kelib tushganda, kredit liniyasi resurslari Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan tijorat banklari oʻrtasida qayta taqsimlanishi mumkin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq mazkur qaror doirasida ajratilgan kreditlardan samarali va manzilli foydalanilishini taʼminlash maqsadida turoperatorlar kuyidagi majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladi (aylanma kredit ajratilgan sanadan boshlab navbatdagi yil yakuni boʻyicha):
xizmat koʻrsatilayotgan xorijiy sayyohlar sonini kamida 25 foizga oshirish;
turistik xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan daromadlarni kamida 25 foizga oshirish.
Ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan talablar bajarilmaganda, turoperatorlarga ajratilgan imtiyozli kredit stavkasi bankning amaldagi tijoriy stavkasiga oʻzgartiriladi.
6. Maqsadli kredit liniyasi hisobidan ajratilgan kreditlarning quyidagilarga yoʻnaltirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilab qoʻyilsin:
ilgari olingan kreditlarni yoki boshqa qarzlarni qaytarish;
alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish;
ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mol-mulk (mebel, uyali telefon, maishiy texnika va boshqalar) sotib olish;
avtotransport vositalarini xarid qilish (qiymati kredit summasining 40 foizigacha boʻlgan sakkiz va undan ortiq oʻrinli yoʻlovchi tashuvchi avtomobillar sotib olish bundan mustasno);
maʼmuriy xarajatlarni toʻlash, shu jumladan xizmat avtomobillarini saqlash;
bino va inshootlar sotib olish va qurish.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 27-sentabr,
610-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2024-y., 09/24/610/0762-son)