Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublika chorvachiligida iqtisodiy islohotni chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor munosabatlari shakllanishi sharoitlarida chorvachilikning barqaror rivojlanishiga muhim ahamiyat berib va goʻsht-sut mahsulotlari yetishtirishni yanada koʻpaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jamoat chorvachiligida jamoa va davlat xoʻjaliklari hamda tayyorlov tashkilotlari bilan munosabatlarini oʻzaro foydali shartnomaviy bozor shartlarida quradigan mulkchilikning jamoa shakllarini barpo etish yuzasidan tashkiliy-iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish zarur deb hisoblansin.
Shu maqsadda qoramolchilik fermalari mazkur fermalarning jamoalariga bosqichma-bosqich, asosan 1993-1994-yillarda shaxsiy mulk qilib berilsin. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha kam mahsulot beradigan va mahsuldorligi past boʻlgan fermerlarning mollari va boshqa asosiy fondlari 1-ilovaga* muvofiq birinchi navbatda berilsin.
*1-ilova berilmaydi.
Belgilab qoʻyilsinki:
jamoalarga chorvachilik binolari, chorva mollari, mashinalar va asbob-uskunalarni berish aksiyalarni sotib olish yoʻli bilan, ularning qiymatini 10 yil davomida toʻlash sharti bilan, toʻlovlarning umumiy summasining kamida 10 foizi miqdoridagi dastlabki badalni toʻlagan holda amalga oshiriladi;
chorva mollari va fermalarni sotib olishdan tushadigan mablagʻlar xoʻjaliklar tomonidan bank va mahsulot yetkazib beruvchilar qarzini, shu jumladan, davlat xoʻjaliklarining Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 7-yanvardagi 13-son qaroriga muvofiq muddati uzaytirilgan qarzlarini toʻlashga yoʻnaltiriladi;
fermalarning jamoalari — mulk egalari xoʻjaliklar bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq topshirilishi lozim boʻlgan mahsulotlar — goʻsht, sut va teri xomashyosining kamida 50 foizini davlatga qatʼiy xarid narxlari boʻyicha, qolgan qismini esa tayyorlov tashkilotlariga erkin shartnomaviy narxlar boʻyicha sotadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (oʻrtoq Qayumov), “Oʻzkooptayyorlovsavdo” (oʻrtoq Qurbonov), “Oʻzgoʻshtsutsanoat” (oʻrtoq Iskanov)lardan tayyorlov idoralarining shartnomaviy narxlar boʻyicha mahsulotni qabul qilishdan bosh tortishlariga yoʻl qoʻymaydigan choralar koʻrish talab qilinsin. Bunday hollar aniqlangan taqdirda aybdorlarga nisbatan qattiq jazo choralari koʻrilsin.
2. Markaziy bankka va “Oʻzdehqonchiliksanoatbank”ga ferma jamoalariga mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq qoramol va chorvachilik fermalarining asosiy fondlarini sotib olish uchun, yillik kredit haqi 5 foizdan oshmaydigan, uzoq muddatli va qisqa muddatli kreditlar berish tavsiya etilsin.
3. Ixtisoslashtirilgan sutchilik komplekslarini, yuqori mahsuldor va yuqori rentabelli sut-tovar va naslchilik fermalarini 2-ilovaga* muvofiq mehnat jamoalariga mulk qilib berish maqsadga muvofiq emas deb topilsin, ular jamoa va davlat xoʻjaliklari tarkibida saqlab qolinsin.
*2-ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” konserni, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, oʻtkazilayotgan tarkibiy oʻzgarishlarni hisobga olgan holda, ana shunday xoʻjaliklarda qoramollar podasi tarkibini qayta koʻrib chiqsinlar, bunda sigirlar bosh sonini maqbullashtirishni hamda yaqin 2-3 yil ichida sigirlarning umumiy podadagi salmogʻini 45 foizga yetkazishni nazarda tutsinlar.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlarning hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tuzilayotgan jamoalar — ferma egalari uchun, xoʻjaliklar boʻyicha qaror topgan taʼminotdan kelib chiqqan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha 3-ilovaga* muvofiq hajmlarda xashak, shirali va konsentrat ozuqalar ajratsinlar.
*3-ilova berilmaydi.
Belgilab qoʻyilsinki, fermalarning egalariga markazlashtirilgan tartibda davlat resurslaridan konsentrat ozuqalar ular sotadigan chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishga sarflanadigan konsentrat ozuqalarning amaldagi meʼyorlariga muvofiq va shartnomaviy narxlar boʻyicha ajratiladi.
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi har yili jamoalar — ferma egalari uchun konsentrat ozuqalarga kvotalar ajratishni nazarda tutsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi bir oy muddat ichida mumkin qadar koʻproq ozuqa olinishini taʼminlaydigan, fermalar yonidagi ozuqa ekinlarini almashlab ekishga doir tavsiyalar ishlab chiqsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi jamoa fermalariga zooveterinariya xizmati koʻrsatish va ularni zotli yosh mollar bilan taʼminlash masalalarini alohida nazoratga olsinlar, shu maqsadda har bir xoʻjalikda haq toʻlanadigan shartnoma asosida ishlaydigan tegishli xizmatlarni yoʻlga qoʻysinlar.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi kelgusida jamoa fermalari, dehqon (fermer) xoʻjaliklari soni ancha koʻpayishini, mollarning mahsuldorligini oshirish va sigirlar podasini yangilash zaruriyatini, shuningdek, boshqa davlatlardan mahsuldor yosh mollar keltirishning qisqarishini hisobga olib, respublikada naslchilik davlat xoʻjaliklari-zavodlari tarmogʻini tashkil etsin. Hal etishni talab qiladigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritsin.
Chorva mollarining yuqori mahsuldor zotlarini oʻstirishni ragʻbatlantirish maqsadida naslchilik xoʻjaliklari uchun mollarning xarid narxlariga ustama haq (1,3 baravar miqdorida) joriy etilsin, bunda sotiladigan yosh mollarning nasldorlik va mahsuldorlik sifatlari hisobga olinsin. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Moliya vazirligi bir oy muddat ichida mazkur masala yuzasidan takliflar kiritsinlar.
7. Chorvachilikning vaksina va veterinariya dorilariga boʻlgan ehtiyojini qondirish, qoramollarni oʻta xavfli yuqumli kasalliklardan saqlash maqsadida “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi Samarqand biokombinatida veterinariya dorilari ishlab chiqarishni koʻpaytirish haqidagi masalani ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
8. Chorvachilik ehtiyojlari uchun yonilgʻi-moylash materiallari, ehtiyot qismlar va texnika yetishmayotganligini hisobga olib, “Mahalliy sanoat” korporatsiyasiga va “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish”ga qisqa muddat ichida chorvachilikda qoʻllaniladigan ot-ulov uchun aravalar, egar-jabduq va boshqa buyumlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish yuklatilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining Toshkent Davlat agrar universitetida jamoa fermalari, dehqon (fermer) xoʻjaliklari uchun qadrlar tayyorlash haqidagi taklifi qabul qilinsin, bunda ularning zooveterinariya, ozuqa yetishtirish, bozor iqtisodiyoti, huquq, banklar va moliya organlari bilan oʻzaro munosabatlar asoslarini oʻzlashtirishlariga alohida eʼtibor berilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining dehqonchilik sanoati majmui (oʻrtoq Joʻrabekov) zimmasiga yuklatilsin. Mazkur qarorning qanday bajarilayotganligi 1993-yil iyul oyida, soʻngra esa yilning har choragida koʻrib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 15-mart,
137-son