Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Moyli urugʻlarni qayta ishlovchi korxonalarning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga va monopoliyaga qarshi choralarning taʼsirchanligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 31-maydagi PF-145-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda mamlakatimizda moyli urugʻlarni qayta ishlash sohasida biznes muhitini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, oʻzlari import qilgan oʻsimlik yogʻlari hamda moyli ekinlar (paxta, kungaboqar va soya) urugʻlarini qayta ishlashdan olingan oʻsimlik yogʻlarini ilovada belgilangan miqdorlarda eksport qilishga ruxsat berilsin.
2. Kungaboqar va paxta yogʻi (TIF TN kodi 1512) hamda aralash yogʻlardan (TIF TN kodi 1517 90 910 0) tashqari boshqa oʻsimlik va meva urugʻlari yogʻlarini Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqish (eksport qilish) boʻyicha cheklovlar bekor qilinsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi mahsulotlarni “eksport” bojxona rejimiga joylashtirishda ushbu qarorning 1-bandida nazarda tutilgan shartlarning xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarilishini nazorat qilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorga asosan eksport qilinishi mumkin boʻlgan oʻsimlik yogʻi hajmini aniqlashda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan 2024-yil 1-yanvardan boshlab import qilingan moyli ekinlar urugʻlari va oʻsimlik yogʻlari hajmlari inobatga olinadi.
4. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorovga aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanganlik darajasi hamda ichki bozordagi narx barqarorligidan kelib chiqqan holda, Iqtisodiyot va moliya vazirligining asoslantirilgan taklifiga koʻra import qilingan oʻsimlik yogʻining 50 foizdan oshmagan miqdorini eksport qilishga ruxsat berishni bekor qilish huquqi beriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda zarur hollarda, oziq-ovqat xavfsizligi va bir oy muddatda oʻsimlik yogʻi ishlab chiqaruvchilarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-mart,
130-son
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-martdagi 130-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan eksport qilishga ruxsat beriladigan oʻsimlik yogʻlari
miqdori
|
T/r |
Mahsulot nomi |
TIF TN kodi |
Import hajmlariga nisbatan eksportga ruxsat beriladigan oʻsimlik yogʻi miqdori, foiz |
|
1. |
Kungaboqar, soya, paxta va boshqa oʻsimlik yogʻlari |
1512 |
50 |
|
2. |
Aralash yogʻlar |
1517 90 910 0 |
50 |
|
3. |
Kungaboqar urugʻi |
1206 00 |
35 |
|
4. |
Paxta chigiti |
1207 |
17 |
|
5. |
Soya urugʻi |
1201 |
17 |
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2024-y., 09/24/130/0211-son)