Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini maqbullashtirish toʻgʻrisida
2023-yil 18-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, soliq qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikni liberallashtirish maqsadida:
1. Soliq qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish oʻlchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlash boʻyicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzganlik, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzganlik (keyingi oʻrinlarda — fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar) uchun moliyaviy jarima miqdorini:
huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilganda — realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizi;
huquqbuzarlik moliyaviy jarima qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda — realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20 foizi miqdorida oʻrnatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Belgilansinki, mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun qoʻllanilgan moliyaviy jarimalar boʻyicha mavjud qarzdorlikning 98 foizi hisobdan chiqariladi va hisobdan chiqarilgan qarzdorlikni undirish bilan bogʻliq sud va ijro ishlari tugatiladi.
3. Soliq kodeksiga mazkur Farmondan kelib chiqib, tegishli oʻzgartirishlar kiritilgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun moliyaviy jarimalar va maʼmuriy jazo choralari qoʻllanilmasin.
4. Soliq qoʻmitasi bir oy muddatda:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan birgalikda ushbu Farmonning 1-bandidan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirishlar kiritishga qaratilgan qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar fiskal tartib-qoidalarga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summalarining 98 foizi kelgusi toʻlovlar hisobiga belgilangan tartibda tegishli tadbirkorlik subyektlariga qaytarilishini taʼminlasin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Soliq qoʻmitasi raisi Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 26-fevral,
PF-39-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.02.2024-y., 06/24/39/0155-son)