Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasida alohida litsenziya olmasdan qimmatli qogʻozlar bozorida anderrayting faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan chet el banklari va investitsiya vositachilari uchun yagona va shaffof mezonlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2022-yil 13-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3375]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-yanvardagi PQ-90-son “Kapital bozorini qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasida alohida litsenziya olmasdan qimmatli qogʻozlar bozorida anderrayting faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan chet el banklari va investitsiya vositachilari uchun yagona va shaffof mezonlar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur buyruq 2023-yilning 31-dekabriga qadar amal qiladi.
Vazir T. IShMETOV
Toshkent sh.,
2022-yil 4-iyun,
13-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2022-yil 6-may
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
2022-yil 23-may
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2022-yil 4-iyundagi 13-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida alohida litsenziya olmasdan qimmatli qogʻozlar bozorida anderrayting faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan chet el banklari va investitsiya vositachilari uchun yagona va shaffof
MEZONLAR
Mazkur Mezonlar Oʻzbekiston Respublikasida alohida litsenziya olmasdan qimmatli qogʻozlar bozorida anderrayting faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan chet el banklari va investitsiya vositachilari uchun yagona va shaffof talablarni belgilaydi.
1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasida alohida litsenziya olmasdan qimmatli qogʻozlar bozorida anderrayting faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan chet el banklari va investitsiya vositachilari uchun yagona va shaffof mezonlar hisoblanadi:
imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) oxirgi benefitsiar mulkdorning shaxsini oshkor etishni hamda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish chogʻida axborot taqdim etishni nazarda tutmaydigan davlatda yoki hududda (offshor hududda) roʻyxatdan oʻtmagan boʻlishi;
Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkilotiga (IOSCO) aʼzo boʻlgan hamda anderrayterlik faoliyatini amalga oshirish uchun Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkilotining (IOSCO) maslahatlashuv, hamkorlik va axborot almashinuvi boʻyicha koʻp tomonlama Anglashuv memorandumini toʻliq imzolagan davlatning kapital bozorini tartibga soluvchi vakolatli organi tomonidan litsenziyalangan boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasida emissiya qilingan qimmatli qogʻozlarni sotib olish istagini bildirgan oʻz mijozlarini “Oʻz mijozingni bil” (KYC) va “Daromadni legallashtirishga qarshi kurashish” (AML) tizimlariga muvofiq toʻliq tekshirish majburiyatini oʻz zimmasiga olishi;
“Euroclear” va “Clearstream” xalqaro qimmatli qogʻozlar depozitariylariga integratsiya qilingan boʻlishi;
oʻz mablagʻlarining minimal miqdori chet el banki uchun 100 000 000 AQSh dollari va investitsiya vositachilari uchun 1 000 000 AQSh dollarini tashkil etishi;
oxirgi uch yilda amalga oshirilgan aksiyalarni birlamchi ommaviy taklif (IPO) yoki boshqa usullar orqali joylashtirishga oid bitimlarining umumiy hajmi 100 000 000 AQSh dollaridan kam boʻlmasligi;
chet el banki va investitsiya vositachilari eng kamida “S&P Global Ratings” yoki “Fitch Ratings” reyting agentliklari tomonidan mos ravishda “BBB-” va “BB-” yoki “Moody`s” reyting agentligi tomonidan mos ravishda “Baa3” va “Ba3” darajasidagi kredit reytingi bilan baholangan boʻlishi.
2. Mazkur Mezonlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.07.2022-y., 10/22/3375/0636-son)