Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YuKLARINING GRUZIYA PORTLARI ORQALI OʻTIShINI MUVOFIQLAShTIRUVChI HUKUMAT KOMISSIYASI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-sentabrdagi 359-sonli “Hukumat komissiyalarini tuzish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar, qoʻshimchalar kiritish va oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi yuklarining Gruziya Respublikasining Poti porti orqali oʻtishini muvofiqlashtiruvchi Hukumat komissiyasini tuzish toʻgʻrisida” 1996-yil 24-maydagi 194-son qarorining 1-bandiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi yuklarining Gruziya portlari orqali oʻtishini muvofiqlashtiruvchi Hukumat komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 24-iyun,
223-son
Oʻzbekiston Respublikasi yuklarining Gruziya portlari orqali oʻtishini muvofiqlashtiruvchi Hukumat komissiyasi toʻgʻrisida
NIZOM
Oʻzbekiston Respublikasi yuklarining Gruziya portlari orqali oʻtishini muvofiqlashtiruvchi Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda “komissiya” deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi yuklarining Gruziya Respublikasining Poti porti orqali oʻtishini muvofiqlashtiruvchi Hukumat komissiyasini tuzish toʻgʻrisida” 1996-yil 24-maydagi 194-son qarori asosida 1996-yil 13-mayda Seraxs shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Gruziya va Turkmaniston oʻrtasida temir yoʻl transporti faoliyatini muvofiqlashtirish toʻgʻrisidagi Shartnoma, Oʻzbekiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Gruziya va Turkmaniston oʻrtasida tranzit tashishlarni tartibga solish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning bajarilishini tashkil etish maqsadida tuzilgan.
1. Quyidagilar komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
Forob — Turkmanboshi — Boku temir yoʻl stansiyalari bilan Gruziya portlari oʻrtasida yuk tashish boʻyicha respublika vazirliklari va idoralarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
tegishli infrastrukturalar tashkil etish uchun mablagʻ bilan taʼminlash manbalarini aniqlash va kelishish;
koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalishda yuk tashishda paydo boʻladigan masalalarni tartibga solishda koʻmaklashish, shuningdek Shartnoma qatnashchilari boʻlgan davlatlarning tegishli xizmatlari (temir yoʻl, bojxona, transport-ekspeditorlik, port va hokazo) mutaxassislarining muntazam uchrashuvlari oʻtkazilishini tashkil etish;
koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalish boʻyicha yuk tashilishini muvofiqlashtirishga doir tadbirlar rejasi bajarilishini tashkil etish;
koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalish boʻyicha chegaradan oʻtish punktlarida bojxona infrastrukturasini rivojlantirishga koʻmaklashish;
koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalish boʻyicha yuklarning harakatini kuzatib borish tizimiga doir ishlarni tashkil etish.
2. Komissiya oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
yuklarning Gruziya portlarigacha tashilishiga doir axborotni umumlashtiradi va tahlil etadi;
ushbu masala boʻyicha har oyda Hukumatga axborot beradi;
koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalish boʻyicha yuklarning uzluksiz va toʻsiqsiz tashilishining huquqiy taʼminlanishini takomillashtirishga oid takliflar kiritadi.
3. Hukumat komissiyasi:
vazirliklar va idoralardan, konsernlar, uyushmalardan axborot, statistik, tahliliy va koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalish boʻyicha yuklar tashilishini tashkil etishga oid boshqa materiallarni olish;
komissiyaning vakolatiga tegishli boʻlgan masalalarni hal etish uchun vazirliklar va idoralarning, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, muassasalar, tashkilotlarning mutaxassislarini jalb etish;
koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalish boʻyicha yuklarning tashilishini jadallashtirishdagi yutuqlar va ularning saqlanishi taʼminlanganligi uchun vazirliklar va idoralarning, korxonalar va tashkilotlarning rahbarlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalish boʻyicha yuk tashilishini taʼminlashga oid topshiriqlar barbod boʻlganligi uchun vazirliklar va idoralarning, korxonalar va tashkilotlarning rahbarlarini intizomiy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida takliflar kiritish;
shaxsiy tarkibi komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadigan ishchi guruhlar tashkil etish huquqiga egadir.
Komissiyaning qarorlari barcha vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, korxonalar, tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi. Hukumat komissiyasining protokoli qabul qilingan qarorlar bajarilishi uchun asos hisoblanadi.