Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehmonxona xizmati koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 20-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3160]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2020-yil 24-noyabrdagi 201-mh-sonli ““Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehmonxona xizmati koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3160-1, 4.12.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi PF-5611-son “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehmonxona xizmati koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais v.v.b. A. AQQULOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-mart,
03-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2019-yil 26-martdagi 03-mh-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehmonxona xizmati koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi
NAMUNAVIY NIZOM
Mazkur Namunaviy nizom (bundan buyon matnda Nizom deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehmonxona xizmatlarini taqdim etishning namunaviy tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bron qilish — tashrif buyuruvchi (buyurtmachi) tomonidan joylashtirish vositasida nomerni (joyni) avvaldan buyurtma qilish;
mehmonxona xizmatlari — joylashtirish vositasida vaqtinchalik yashash joyi berish boʻyicha xizmatlar majmui;
buyurtmachi — mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq mehmonxona xizmatlarini buyuruvchi yoki sotib oluvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
bajaruvchi — tashrif buyuruvchiga mehmonxona xizmatlarini taqdim qiluvchi tadbirkorlik subyekti;
tashrif buyuruvchi — vaqtinchalik yashash bilan bogʻliq mehmonxona xizmatlarini buyurgan, sotib olgan va/yoki foydalanadigan jismoniy shaxs;
ommaviy shartnoma (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) — bajaruvchi tomonidan tuzilgan hamda bajaruvchi oʻz faoliyati xususiyatiga koʻra oʻziga murojaat qiladigan har bir shaxsga nisbatan amalga oshirishi shart boʻlgan mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha uning vazifalarini belgilovchi shartnoma;
joylashtirish vositalari — mehmonxonalar, turizm bazalari va majmualari, dam olish uylari va zonalari, pansionatlar, kempinglar, motellar, xostellar, oilaviy mehmon uylari, oʻtov va palatkali oromgohlar, sanatoriylar va mehmonxona xizmatlari — vaqtincha yashash xizmatlarini koʻrsatadigan boshqa obyektlar, shuningdek tunash uchun qayta jihozlangan yer usti transporti;
nomer (joy) narxi — vaqtincha yashash va bajaruvchi tomonidan belgilangan vaqtincha yashash bilan bogʻliq boshqa mehmonxona xizmatlari qiymati.
2. Mehmonxona xizmatlariga, shu jumladan, ularning hajmi va sifatiga doir talablar, qonun hujjatlarida boshqa talablar nazarda tutilmagan boʻlsa, bajaruvchi va tashrif buyuruvchi (buyurtmachi)ning kelishuviga binoan belgilanadi.
3. Nomer (joy) narxi bajaruvchi tomonidan mustaqil belgilanadi.
4. Mehmonxona xizmatlari yashash joyi (propiska), fuqarolik, jismoniy shaxslarning qarindoshlik va nikoh munosabatlari, shuningdek, shaxsiy hayot huquqini cheklovchi boshqa omillardan qatʼi nazar koʻrsatilishi lozim.
5. Bajaruvchi mazkur Nizom talablariga zid boʻlmagan, joylashtirish vositasida mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish va ulardan foydalanishning ichki qoidalarini (bundan buyon matnda joylashtirish vositasining ichki qoidalari deb yuritiladi) belgilashi lozim.
6. Joylashtirish vositasiga tashrif buyuruvchining kelish vaqtidan boshlab va uning ketishigacha boʻlgan muddatda u band qilgan nomerga (joyga) turar-joy daxlsizligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari tatbiq etiladi.
7. Mehmonxona xizmati koʻrsatish tartibi bajaruvchi tomonidan tashrif buyuruvchiga (buyurtmachiga) eng maʼqul shaklda maʼlum qilinadi.
2-bob. Bajaruvchi va u tomonidan taqdim etiladigan mehmonxona xizmatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar
8. Bajaruvchi, tashrif buyuruvchilar tanishishi uchun qulay boʻlgan joyda, shu jumladan, joylashtirish vositasining qabul qilish joyidagi maʼlumotlar taxtasiga va internet tarmogʻidagi rasmiy veb-saytiga (agar mavjud boʻlsa) quyidagi maʼlumotlarni joylashtirishi lozim:
a) bajaruvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, xususan, nomi, manzili, bogʻlanish uchun telefon raqami, elektron pochta manzili;
b) bajaruvchining yuqori turuvchi tashkiloti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
v) joylashtirish vositasining tegishli toifasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
g) mehmonxona xizmatlari uchun muvofiqlik sertifikati nusxasi yoki mehmon uylari va xostellar reyestridan koʻchirma;
d) nomyerlar (joylar) narxi;
e) nomer (joy) narxiga kiradigan mehmonxona xizmatlari roʻyxati;
j) mehmonxona xizmatlariga toʻlovni amalga oshirish shakli va tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
z) alohida toʻlov evaziga, bajaruvchi tomonidan koʻrsatiladigan boshqa mehmonxona xizmatlari roʻyxati, narxi hamda ularni olish shartlari;
i) bron qilish va bronni bekor qilish shakli, shartlari va tartibi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
k) imtiyoz olish huquqiga ega boʻlgan shaxslar toifasi roʻyxati, shuningdek, mehmonxona xizmatlarini koʻrsatishda taqdim etiladigan imtiyozlar roʻyxati (agar mavjud boʻlsa);
l) joylashtirish vositasida uchinchi shaxslar tomonidan toʻlov evaziga koʻrsatiladigan boshqa xizmatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa);
m) joylashtirish vositasiga kelish (ketish) vaqti toʻgʻrisida maʼlumotlar;
n) joylashtirish vositasida mehmonxona xizmatlarini koʻrsatish va ulardan foydalanish qoidalari toʻgʻrisida maʼlumotlar.
9. Bajaruvchi har bir nomerda joylashtirish vositasining ichki qoidalari boʻlishini taʼminlashi lozim.
10. Bajaruvchi va u koʻrsatadigan mehmonxona xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tashrif buyuruvchilarga davlat tilida hamda qoʻshimcha ravishda ingliz va rus tillarida, shuningdek, bajaruvchining ixtiyoriga koʻra boshqa xorijiy tillarda maʼlum qilinadi.
3-bob. Mehmonxona xizmatlarini taqdim etish tartibi va shartlari
11. Bajaruvchi bron qilishni har qanday shaklda, shu jumladan, shartnoma yoki buyurtma qabul qilish usulida (telefon yoki boshqa shaklda) amalga oshirish huquqiga ega.
12. Bajaruvchi tomonidan joylashtirish vositasida bron qilishning quyidagi turlari qoʻllaniladi:
kafolatlangan bron qilish — joylashtirish vositasida nomer (joy) tashrif buyuruvchi kelishigacha ushlab turiladigan bron qilish turi boʻlib, bunda tashrif buyuruvchi tomonidan bron oʻz vaqtida bekor qilinmagan, tashrif buyuruvchi belgilangan muddatdan kechikkan yoki kelmagan hollarda tashrif buyuruvchidan nomer (joy)ning boʻsh turganligi uchun, biroq bir sutkadan koʻp boʻlmagan miqdordagi toʻlov summasi bajaruvchi tomonidan undiriladi.
Tashrif buyuruvchi bir sutkadan koʻp vaqtga kech qolganda kafolatlangan bron qilish bekor qilinadi;
kafolatlanmagan bron qilish — joylashtirish vositasida nomer (joy) bajaruvchi tomonidan maʼlum bir soatgacha bron qilinadi, belgilangan muddatda tashrif buyuruvchi kelmaganda kafolatlanmagan bron bekor qilinadi.
Bron qilishning boshqa turlari joylashtirish vositasining ichki qoidalarida belgilanishi mumkin.
13. Tashrif buyuruvchi (buyurtmachi) tomonidan buyurtma qilingan nomer toifasi va uning narxi, bron qilish shartlari, joylashtirish vositasida yashash muddati toʻgʻrisidagi, shuningdek, bajaruvchi tomonidan aniqlanadigan boshqa maʼlumotlar olingan vaqtdan boshlab bron haqiqiy hisoblanadi.
14. Tashrif buyuruvchi (buyurtmachi) bron qilish haqidagi buyurtmani oʻz ixtiyoriga koʻra bekor qilish huquqiga ega. Bronni rad etish tartibi va shakli joylashtirish vositasining ichki qoidalari bilan belgilanadi.
15. Agar buyurtmada koʻrsatilgan sanada boʻsh nomer (joy) mavjud boʻlmasa bajaruvchi bron qilishni rad etish huquqiga ega.
16. Mehmonxona xizmatlari tashrif buyuruvchi tomonidan fuqarolik pasporti yoki uning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjat koʻrsatganidan soʻng taqdim etiladi.
17. Joylashtirish vositasida oʻn olti yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan fuqarolarni roʻyxatdan oʻtkazish ular bilan birga boʻlgan ota-onalari (qonuniy vakillari) yoki hamrohlik qilayotgan boshqa shaxslarning fuqarolik pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjati, hamrohlik qilayotgan shaxslarning vakolatini tasdiqlovchi hujjati, shuningdek, ushbu voyaga yetmaganlarning tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi yoki pasporti asosida amalga oshiriladi.
18. Tashrif buyuruvchilarni roʻyxatdan oʻtkazish joylashtirish vositalarida yashovchilarni elektron shaklda Internet tarmogʻi orqali hisobga olishning avtomatlashtirilgan maxsus elektron dasturi orqali amalga oshiriladi.
19. Bajaruvchi tashrif buyuruvchining talabiga koʻra u bilan quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi shartnoma tuzishi lozim:
a) bajaruvchining nomi;
b) tashrif buyuruvchi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
v) taqdim etilayotgan nomer (joy) toʻgʻrisida maʼlumotlar;
g) nomer (joy) narxi;
d) joylashtirish vositasida boʻlish muddati;
e) boshqa zarur maʼlumotlar (tomonlar ixtiyoriga koʻra).
Shartnoma elektron yoki yozma shaklda tuzilishi mumkin.
20. Bajaruvchi joylashtirish vositasiga tashrif buyuruvchilarga kecha-kunduz xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi.
21. Tashrif buyuruvchining joylashtirish vositasiga kelishi va undan ketishi mahalliy vaqt boʻyicha shu kundagi sutkaning 12:00 soatida belgilanadigan hisob-kitob soatini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Bajaruvchi mahalliy xususiyatlar va faoliyat turini hisobga olgan holda belgilangan hisob-kitob soatini oʻzgartirish huquqiga ega.
Hisob-kitob soati va keyingi tashrif buyuruvchining nomerga (joyga) joylashtirish soati oraligʻidagi vaqt (nomer va/yoki joyni tayyorlash uchun) uch soatdan oshmasligi kerak. Kelish vaqti bajaruvchi tomonidan belgilanadi.
22. Nomer (joy) narxi, nomer (joy) narxiga kiradigan mehmonxona xizmatlari roʻyxati, shuningdek, nomer (joy)ga toʻlovni amalga oshirish shakli va tartibi bajaruvchi tomonidan belgilanadi.
Bajaruvchi yashash uchun sutkali va/yoki soatli toʻlovni belgilashi mumkin.
23. Bajaruvchi tashrif buyuruvchining roziligisiz nomer (joy) narxiga kirmaydigan boshqa qoʻshimcha toʻlov evaziga koʻrsatiladigan mehmonxona xizmatlarini taqdim qilishi taqiqlanadi.
24. Bajaruvchi tashrif buyuruvchining soʻroviga koʻra quyidagi turdagi xizmatlarni bepul tarzda taʼminlashi lozim:
a) tez yordam va boshqa maxsus xizmatlarni chaqirish;
b) tibbiyot dori qutisidan foydalanish;
v) tashrif buyuruvchining nomiga yuborilgan yozishmalarni yetkazib berish;
g) maʼlum vaqtda uygʻotish;
d) qaynagan suv, ignalar, iplar, idish-tovoqlar va oshxona anjomlarining bir toʻplamini taqdim etish;
e) bajaruvchining ixtiyoriga koʻra boshqa mehmonxona xizmatlari.
25. Tashrif buyuruvchilarga koʻrsatilgan mehmonxona xizmatlari uchun toʻlov shartnomada belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
26. Hisob-kitob soatidan keyin tashrif buyuruvchining ketishi kechikkan hollarda tashrif buyuruvchidan koʻrsatilgan mehmonxona xizmati uchun toʻlov miqdori bajaruvchi tomonidan belgilanadi.
27. Tashrif buyuruvchi bajaruvchiga haqiqatan qilgan xarajatlarini toʻlash sharti bilan mehmonxona xizmatlaridan foydalanishni toʻxtatishi mumkin.
4-bob. Bajaruvchi va tashrif buyuruvchining javobgarligi
28. Bajaruvchi tashrif buyuruvchining saqlash uchun topshirilgan buyumlarining butligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 899-moddasida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Bajaruvchi tomonidan tashrif buyuruvchiga buyumlarini saqlash uchun qabul qilinganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilishi shart.
29. Bajaruvchi shartnoma boʻyicha majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
30. Shartnoma talablari va/yoki shartlariga javob bermaydigan mehmonxona xizmatlarini taqdim etish natijasida tashrif buyuruvchining hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zarar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bajaruvchi tomonidan qoplanishi shart.
31. Tashrif buyuruvchining aybi bilan joylashtirish vositasining mulki yoʻqolgan yoki unga ziyon yetkazilgan hollarda tashrif buyuruvchi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
32. Agar shartnoma shartlari taraflarning biri tomonidan buzilgan taqdirda, ikkinchi taraf shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega.
5-bob. Yakuniy qoida
33. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi oʻrinbosari I. JASIMOV
2019-yil 26-mart
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2019-y., 10/19/3160/3153-son)