Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining kasb-hunar taʼlimi markazi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining kasb-hunar taʼlimi markazi
Qarori
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualarida joriy, oraliq, bosqichli va yakuniy nazoratlarning baholash mezonlari va tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 28-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3090]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 23-sentabrdagi 421-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3090-1, 23.09.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktabrdagi 868-son “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazi qaror qiladi:
1. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualarida joriy, oraliq, bosqichli va yakuniy nazoratlarning baholash mezonlari va tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Xalq taʼlimi vaziri Sh. ShERMATOV
Toshkent sh.,
2018-yil 20-sentabr,
11-mh-son
Kasb-hunar taʼlimi markazi direktori M. XOLMUXAMEDOV
Toshkent sh.,
2018-yil 20-sentabr,
11/qq-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Kasb-hunar taʼlimi markazining 2018-yil 20-sentabrdagi 11-mh, 11/qq-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualarida joriy, oraliq, bosqichli va yakuniy nazoratlarning baholash mezonlari va tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktabrdagi 868-son “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualarida (bundan buyon matnda oʻquv-ishlab chiqarish majmualari deb yuritiladi) joriy, oraliq, bosqichli va yakuniy nazoratlarning baholash mezonlari va tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom oʻquv-ishlab chiqarish majmualarida oʻquvchilarning kasbiy taʼlim berishga oid bilim, koʻnikma va malakalarini aniqlash va nazorat qilish maqsadida qoʻllaniladi.
2. Oʻquvchilar tegishli fan boʻyicha oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasi tomonidan birinchi mashgʻulotda mazkur Nizom talablari bilan tanishtirilishi lozim.
3. Oʻquv-ishlab chiqarish majmualarida oʻquvchilarning kasbiy taʼlim berishga oid bilim, koʻnikma va malakalarini nazorat qilish joriy, oraliq, bosqichli va yakuniy nazorat turlarini oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
4. Oʻquvchilar bilimini baholash 5 baholik tizimda amalga oshiriladi.
2-bob. Baholash mezonlari va nazorat turlari
1-§. Oʻquvchilar bilimini baholash mezonlari
5. Oʻquvchilar bilimi quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
oʻquvchi mustaqil xulosa va qaror qabul qiladi, ijodiy fikrlay oladi, mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qoʻllay oladi, kasbning (mavzuning) mohiyatini tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda kasb (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega deb topilganda — 5 (aʼlo) baho;
oʻquvchi mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qoʻllay oladi, kasbning (mavzuning) mohiyatini tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda kasb (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega deb topilganda — 4 (yaxshi) baho;
oʻquvchi olgan bilimini amalda qoʻllay oladi, kasbning (mavzuning) mohiyatini tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda kasb (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega deb topilganda — 3 (qoniqarli) baho;
oʻquvchi kasb dasturini oʻzlashtirmagan, kasbning (mavzuning) mohiyatini tushunmaydi hamda kasb (mavzu) boʻyicha tasavvurga ega emas deb topilganda — 2 (qoniqarsiz) baho.
6. Nazorat turlarini oʻtkazish boʻyicha tuzilgan topshiriqlarning mazmuni oʻquvchining oʻzlashtirishini xolis (obyektiv) va aniq baholash imkoniyatini berishi lozim.
2-§. Joriy nazoratni baholash
7. Joriy nazorat oʻquvchilarning kasbiy bilim, koʻnikma va malakalarini namoyish etish, loyihalash, guruhlarda ishlash, savol-javob, muhokama, yozma ish koʻrinishlarida amalga oshiriladi.
8. Joriy nazoratda quyidagilar baholanadi:
oʻquvchining ishlab chiqarish taʼlimi ustasi yordamida yoki mustaqil ravishda bajargan ishi;
kasbga oid koʻnikmalarni namoyish etishi;
kasb-hunar talablarini mustaqil bajara olishi;
loyihalashda kasb-hunar talabida belgilangan qoidalarni toʻgʻri va aniq bajarishi;
guruhda ishlash koʻnikmalariga ega boʻlishi;
kasb-hunar talabini bajarishda oʻquv-ishlab chiqarish taʼlimi ustasi tomonidan berilgan savollarga javob berishi;
kasb-hunar talabini bajarishga oid amaliy koʻnikmalarni ogʻzaki va yozma bayon eta olishi.
9. Har bir mavzular boʻyicha oʻquv mashgʻuloti oʻtkaziladigan oxirgi kuni tegishli fan boʻyicha oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasi joriy nazoratni yakunlaydi va ushbu nazorat turi boʻyicha oʻquvchilarning bilimini baholanadi.
3-§. Oraliq nazoratni baholash
10. Oraliq nazorat chorak va yarim yillik yakuni boʻyicha oʻquvchilarning kasbiy bilim, koʻnikma va malakalarini baholash uchun oʻquv dasturining maʼlum bir mantiqiy yakunlangan qismi tugaganidan soʻng egallagan kasb-hunar boʻyicha amaliy koʻnikmalarni namoyish qilish yoki yozma ish koʻrinishida amalga oshiriladi.
11. Oraliq nazoratni oʻtkazish muddatlari, shuningdek oʻtkazish shakli tegishli fan boʻyicha oʻqituvchi hamda ishlab chiqarish taʼlimi ustasi tomonidan belgilanadi va taʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Oraliq nazorat oʻtkazish muddatlari oʻquvchilarga oʻquv yili boshida tegishli fan boʻyicha oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasi tomonidan eʼlon qilinadi.
13. Oraliq nazorat mashgʻulotlar davomida oʻtkaziladi va ularni oʻtkazish uchun alohida dars soatlari belgilanmaydi.
14. Oraliq nazorat turini oʻtkazish va mazkur nazorat turi boʻyicha oʻquvchining bilimini baholash tegishli fan boʻyicha oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasi tomonidan amalga oshiriladi.
15. Oʻquvchini oraliq nazorat turi boʻyicha baholashda uning oʻquv mashgʻulotlari davomida olgan baholari inobatga olinadi.
4-§. Bosqichli nazoratni baholash
16. Bosqichli nazorat oʻquv yili yakuni boʻyicha amaliy imtihon, yozma ish, loyihalar va ishlanmalarni ishlab chiqish hamda test sinovlari koʻrinishida amalga oshirilib, unga asosan oʻquvchining yakuniy bahosi va reytingi aniqlanadi.
17. Bosqichli nazorat oʻtkazish muddatlari, shuningdek oʻtkazish shakli tegishli fan boʻyicha oʻqituvchi hamda ishlab chiqarish taʼlimi ustasi tomonidan belgilanadi va taʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
18. Bosqichli nazorat materiallari mazmuni, oʻtkazish muddatlari oʻquvchilarga tegishli fan boʻyicha oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasi tomonidan oʻquv yili boshidan maʼlum qilinadi.
Oʻquv yili davomida bosqichli nazoratning mazmuni oʻzgartirilishi yoki yangilanishi mumkin emas.
19. Bosqichli nazorat turini oʻtkazish va mazkur nazorat turi boʻyicha oʻquvchining bilimini baholash tegishli fan boʻyicha oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasi tomonidan amalga oshiriladi.
5-§. Yakuniy nazoratni baholash
20. Yakuniy nazorat oʻquvchi tanlagan mutaxassislik boʻyicha kasbiy taʼlim berish jarayoni tugaganidan soʻng egallagan kasb-hunar boʻyicha kompetentligini amaliy namoyish etish orqali yakuniy davlat attestatsiyasi shaklida oʻtkaziladi.
21. Yakuniy nazorat turini oʻtkazish va mazkur nazorat turi boʻyicha oʻquvchining bilimini baholashda tegishli fan boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarini olib borgan oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasining ishtirok etishi taqiqlanadi.
22. Yakuniy nazorat umumiy oʻrta taʼlim maktabi yakuniy davlat attestatsiyasidan kamida bir hafta avval oʻtkaziladi.
23. Yakuniy nazorat materiallari mazmuni, oʻtkazish muddatlari oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasi tomonidan oʻquv yili boshidan maʼlum qilinadi.
Oʻquv yili davomida yakuniy nazoratning mazmuni oʻzgartirilishi yoki yangilanishi mumkin emas.
24. Yakuniy nazorat turi tegishli taʼlim muassasasining direktori bilan kelishilgan holda tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan tasdiqlanadigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
25. Komissiya tarkibi tegishli fan boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarini olib bormagan oʻqituvchilar yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustalari, ishlab chiqarish korxonasi mutaxassislari orasidan shakllantiriladi.
26. Yakuniy nazorat turini oʻtkazishda oʻquvchilarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin.
27. Komissiya yakuniy nazorat turini mazkur Nizomda belgilangan tartibda tashkil etishga, shuningdek yakuniy nazoratning adolatli, oshkoralik tamoyillari asosida oʻtkazilishi hamda natijalarning xolisligi uchun javobgar boʻladi.
28. Oʻquvchi uzrli sabablarga koʻra yakuniy nazorat turiga kirmagan taqdirda, mazkur oʻquvchiga tegishli nazorat turini qayta topshirishga komissiya tomonidan ruxsat beriladi.
Yakuniy nazorat turiga uzrli sabablarsiz kirmagan yoki kiritilmagan, shuningdek mazkur nazorat turi boʻyicha “2” (qoniqarsiz) baho bilan baholangan talaba yakuniy nazoratdan oʻtmagan hisoblanadi.
29. Yakuniy nazoratdan oʻta olmagan oʻquvchilar uchun har yili avgust oyida qayta yakuniy nazorat tashkil etiladi.
3-bob. Baholash natijalarini qayd qilish
30. Oʻquvchilar bilimini nazorat qilish tegishli fan boʻyicha oʻqituvchi yoki oʻquv-ishlab chiqarish taʼlimi ustasi tomonidan Oʻquvchilarning fanlarni oʻzlashtirishini hisobga olish jurnalida (bundan buyon matnda Jurnal deb yuritiladi) qayd etib boriladi.
Oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasi qoʻshimcha ravishda oʻquvchilar bilimini baholashni elektron tizimda ham yuritishi mumkin.
Oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasi Jurnalda oʻquvchiga qoʻyilgan baholarni shu kunning oʻzida qayd etib boradi. Agar oʻquvchining bilimini baholash yozma ish shaklida oʻtkazilgan boʻlsa, bunda oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasi oʻquvchilarning natijalarini 3 kundan koʻp boʻlmagan muddatda Jurnalga qayd etishi lozim.
31. Nazorat turi boʻyicha oʻquvchining “3” (qoniqarli), “4” (yaxshi) yoki “5” (aʼlo) baho bilan baholanganda nazorat turini qayta topshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Oʻquvchi nazorat turi oʻtkazilgan vaqtda uzrli sabablarsiz qatnashmagan hollarda “–” belgisi yozib qoʻyiladi.
32. Jurnalning oʻz vaqtida, toʻgʻri va toʻliq yuritilishi, shuningdek undagi baho va boshqa maʼlumotlarga asossiz oʻzgartirishlar kiritilmasligi uchun taʼlim muassasasi direktori va tegishli fan boʻyicha oʻqituvchi yoki ishlab chiqarish taʼlimi ustasi masʼul hisoblanadi.
33. Yakuniy nazorat ishi baholaridan norozi boʻlgan oʻquvchi, uning ota-onasi yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxslar taʼlim muassasasi direktori bilan kelishilgan holda tegishli tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan tuzilgan Apellatsiya komissiyasiga apellatsiya berishi mumkin.
34. Apellatsiya komissiyasi tarkibiga oʻquvchini baholashda ishtirok etmagan tegishli tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi masʼul xodimi, ishlab chiqarish taʼlimi ustasi hamda oʻqituvchilar orasidan komissiya raisi va kamida toʻrt nafar aʼzo kiritiladi.
35. Baholash natijasidan norozi boʻlgan oʻquvchilar yoki uning ota-onasi yoxud ularning oʻrnini bosuvchilari baholash natijasi eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida apellatsiya komissiyasiga yozma murojaat etishi mumkin.
36. Apellatsiya komissiyasi 24 soat ichida berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqadi. Bunda apellatsiya komissiyasi oʻquvchining yakuniy nazorat turida topshirgan ishiga qoʻyilgan bahoning toʻgʻriligini oʻrganadi va uning natijasi boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi.
Qabul qilingan qarorda oʻquvchining yakuniy nazoratdan oʻtgan yoki oʻtmaganligi koʻrsatiladi hamda ushbu qaror 24 soat ichida oʻquvchiga yetkazilishi lozim.
37. Apellatsiyani koʻrib chiqishda oʻquvchi yoki uning ota-onasi yoxud ularning oʻrnini bosuvchilari ishtirok etishlari mumkin.
4-bob. Yakuniy qoidalar
38. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
39. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi U. TAShKENBAYEV
2018-yil 5-noyabr
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2018-y., 10/18/3090/2240-son)