Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-oktabrdagi 804-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 17-avgustdagi PQ-3225-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 10-fevraldagi PQ-2768-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek kichik tadbirkorlik subyektlarining tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlardan foydalanishini kengaytirish yoʻli bilan ularni jadal rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish hamda Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat jamgʻarmasi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 10-fevraldagi PQ-2768-son qaroriga muvofiq aksiyadorlik jamiyati shaklida Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Kafolat jamgʻarmasi deb ataladi) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Yangi, zamonaviy texnologik uskunalarni xarid qilish va boshqa maqsadlarda tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlarning garov bilan qoplanmagan qismi boʻyicha kichik tadbirkorlik subyektlariga taʼminot taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Kafolat jamgʻarmasi ijro etuvchi apparati faoliyatini moliyalashtirish va joriy xarajatlarini qoplash uning moliya-xoʻjalik faoliyati tushumlari, shuningdek hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi;
kichik tadbirkorlik subyektlari ular boʻyicha Kafolat jamgʻarmasi taʼminoti beriladigan loyihalarni amalga oshirishda 25 foizdan kam boʻlmagan miqdordagi oʻz ulushi bilan ishtirok etadi;
Kafolat jamgʻarmasi taʼminoti bilan beriladigan kreditlar yangi, zamonaviy texnologik uskunalar xarid qilishga, ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish va kengaytirishga, shuningdek boshqa maqsadlarga yoʻnaltiriladi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Kafolat jamgʻarmasi kafilligi tijorat banklarining kichik tadbirkorlik subyektlariga yangi zamonaviy texnologik uskunalarni xarid qilish, ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish va kengaytirish hamda boshqa maqsadlar uchun kreditlar berishda garov bilan qoplanmagan qismiga tijorat bankining yozma soʻrovi asosida beriladi;
Kafolat jamgʻarmasi tomonidan kafillik berilgani uchun kichik tadbirkorlik subyektlaridan kafillik summasining yillik uch foizi miqdorida milliy valyutada vositachilik haqi undiriladi;
berilgan kredit kichik tadbirkorlik subyekti tomonidan qaytarilganda, birinchi navbatda, Kafolat jamgʻarmasi tomonidan berilgan taʼminot miqdori qaytarilgan kredit miqdoriga mutanosib ravishda kamaytiriladi. Bunda qarz oluvchi tomonidan berilgan kredit taʼminoti sifatida taqdim qilingan mol-mulk faqat Kafolat jamgʻarmasi taʼminoti toʻliq qoplangandan keyin garovdan chiqariladi;
berilgan boʻyicha majburiyatlar bajarilgan taqdirda Kafolat jamgʻarmasi kreditor bank bilan teng huquqli asosda qarzdorning mol-mulki hisobidan xarajatlarni toʻliq qoplash huquqiga ega.
5. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi Kafolat jamgʻarmasi buyurtmalari boʻyicha, bosma va elektron ommaviy axborot vositalarini, shu jumladan Internet butunjahon tarmogʻini toʻlov undirmasdan jalb etgan holda Kafolat jamgʻarmasi vazifalari mohiyati va mazmunining, shuningdek uning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa axborotlarining muntazam, tizimli va keng yoritilishini taʼminlasinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2017-yil 10-aprel,
198-son
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-apreldagi 198-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yangi, zamonaviy texnologik uskunalarni xarid qilish va boshqa maqsadlarda tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlarning garov bilan qoplanmagan qismi boʻyicha kichik tadbirkorlik subyektlariga taʼminot taqdim etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 10-fevraldagi PQ-2768-son qaroriga muvofiq yangi, zamonaviy texnologik uskunalarni xarid qilish, ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etish va kengaytirish, shuningdek boshqa maqsadlar uchun tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlarning garov bilan qoplanmagan qismi boʻyicha kichik tadbirkorlik subyektlariga “Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat jamgʻarmasi” AJ (keyingi oʻrinlarda Kafolat jamgʻarmasi deb ataladi) tomonidan taʼminot berish tartibini belgilaydi.
Kafolat jamgʻarmasi tomonidan taqdim beriladigan taʼminot kafillik tarzida rasmiylashtiriladi.
2. Kafolat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan kafillik berish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Kafillik berish tartibi
3. Kafolat jamgʻarmasining kafilligi tijorat banklarining tegishli soʻrovi asosida, respublika hududida oʻz faoliyatini amalga oshiruvchi kichik tadbirkorlik subyektlarining investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ajratilayotgan kreditlarning garov bilan qoplanmagan qismini taʼminlash maqsadida beriladi. Kafillik Kafolat jamgʻarmasi, kredit beruvchi bank va qarz oluvchi oʻrtasida tuziladigan kafillik shartnomasiga muvofiq beriladi.
4. Kafolat jamgʻarmasining kafilligi kichik tadbirkorlik subyektlariga u quyidagi shartlarga muvofiq boʻlganda beriladi:
kichik tadbirkorlik subyekti Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtganda va faoliyat yuritayotganda;
kichik tadbirkorlik subyekti loyihani amalga oshirishda 25 foizdan kam boʻlmagan miqdordagi oʻz ulushi bilan ishtirok etganda;
Kafolat jamgʻarmasining taʼminoti boʻyicha berilayotgan kreditlar yangi, zamonaviy texnologik uskunalarni xarid qilishga, ishlab chiqarish faoliyatini tashkil etishga va kengaytirishga, shuningdek boshqa maqsadlarga maqsadli yoʻnaltirilganda;
kredit (lizing) shartnomasiga muvofiq ilgari berilgan kredit (lizing) oʻz vaqtida qaytarilmaganligi, tijorat banklari tomonidan kafolatlar berish boʻyicha shartnomalar shartlari buzilishi holatlari mavjud boʻlmaganda.
5. Kafolat jamgʻarmasi tomonidan taʼminot:
ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarish;
alkogolli va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;
savdo-vositachi tashkilotlar va umumiy ovqatlanish korxonalarining aylanma mablagʻlarini shakllantirish;
savdo va umumiy ovqatlanish obyektlarini qurishni moliyalashtirish;
qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil etish, shuningdek ushbu maqsadlar uchun uskunalar xarid qilish loyihalari boʻyicha taqdim etilmaydi.
6. Kredit boʻyicha kafillik berilishi uchun tijorat banklarining yozma soʻroviga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
tijorat bankining Kafolat jamgʻarmasi kafilligini berish yuzasidan tegishli tarzda rasmiylashtirilgan buyurtmanomasi;
tijorat banki kredit qoʻmitasining kredit berish toʻgʻrisidagi qarori va kredit shartnomasi;
amalga oshiriladigan loyiha boʻyicha biznes-reja (texnik-iqtisodiy asoslash);
kredit mablagʻlari hisobiga xarid qilinayotgan zamonaviy texnologik uskunani yetkazib berish toʻgʻrisidagi shartnoma;
kredit boʻyicha taʼminot sifatida berilayotgan garov toʻgʻrisidagi axborot.
7. Tijorat banklari kreditlarining garov bilan qoplanmagan qismiga kafillik berish masalasi tijorat banklarining yozma soʻrovi asosida 10 ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.
Kafolat jamgʻarmasi bir kun muddatda tijorat bankiga kafillik berish boʻyicha qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bildirishnoma yuboradi. Kafillik berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda bildirishnoma bilan birga rad etishning asoslangan sabablari yuboriladi.
Kafillik berish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror asosida besh kun muddatda Kafillik jamgʻarmasi, kredit beruvchi bank va qarz oluvchi oʻrtasida tegishli shartnoma tuziladi va kafillik beriladi.
8. Kafolat jamgʻarmasining kafilligi kredit umumiy summasining 50 foizidan oshmaydigan va 100 000 AQSh dollari ekvivalentidan koʻp boʻlmagan miqdorda beriladi.
9. Kafolat jamgʻarmasining taqdim etilgan kafillik boʻyicha tijorat banklari oldidagi majburiyati quyidagi holatlarda toʻxtatiladi:
kafillik berilgan kredit summasi boʻyicha asosiy qarz toʻlanganda;
berilgan kafillik muddati tugaganda;
tijorat banki tomonidan kafillik boʻyicha oʻz huquqlari rad etilganda yoki kafillik Kafolat jamgʻarmasiga qaytarilganda;
olingan kredit mablagʻlari qarzdor tomonidan boshqa shaxslarga Kafolat jamgʻarmasining yozma roziligisiz oʻtkazilganda;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
10. Kafolat jamgʻarmasi kafillik portfelining qisman yoki toʻliq miqdoriga sugʻurta qoplamasini jalb etishga haqlidir.
3-bob. Kafolat jamgʻarmasining kafilliklarini toʻlash va xarajatlarini qoplash tartibi
11. Tijorat banki tomonidan Kafolat jamgʻarmasiga kafillik boʻyicha undiriladigan pul miqdoriga nisbatan qoʻyiladigan talab huquqi tijorat banki xoʻjalik sudiga qarzdordan qarzni undirish yoki uni bankrot deb eʼtirof etish talabi bilan murojaat etganda yoxud kafillik shartnomasida nazarda tutilgan boshqa holatlarda paydo boʻladi.
12. Kafillik summasini toʻlash toʻgʻrisida Tijorat bankining talabi kafillik shartnomasida nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilingan holda yozma ravishda taqdim etiladi.
13. Taqdim etilgan talabnoma uning berilgan kafillikka va ilova qilinayotgan hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan Kafolat jamgʻarmasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
14. Talab va unga ilova qilingan hujjatlar kafillik shartnomasi shartlariga muvofiq boʻlmaganda yoki ular kafillik muddati tugagandan soʻng taqdim etilganda Kafolat jamgʻarmasi kafillik summasini toʻlash toʻgʻrisidagi talabni bajarishni rad etishga haqlidir.
15. Kafillik boʻyicha toʻlov amalga oshirilgandan soʻng Kafolat jamgʻarmasi tijorat banki bilan birgalikda qarzdorning mol-mulki hisobiga xarajatlarni regress tartibida qoplashni talab qilishga haqlidir.
16. Tijorat banki tomonidan Kafolat jamgʻarmasi xarajatlarini qoplash xoʻjalik sudining kuchga kirgan qarori asosida pul mablagʻlari kelib tushganda Kafolat jamgʻarmasi tomonidan toʻlangan mablagʻlarni taʼminlashdagi ulushiga mutanosib tarzda amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Kafolat jamgʻarmasi boshqaruvi raisi buxgalteriya hisobi va hisoboti yuritilishi, shuningdek mablagʻlardan belgilangan tartibda maqsadli foydalanilishi yuzasidan javob beradi.
18. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Yangi zamonaviy texnologik uskunalarni xarid qilish va boshqa maqsadlarda tijorat banklari tomonidan beriladigan kreditlarning garov bilan qoplanmagan qismi boʻyicha kichik tadbirkorlik subyektlariga taʼminot taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga kafillik berish
SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 15-son, 254-modda)