Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining
buyrugʻi
Telekommunikatsiya operatorlari (provaydyerlari)ning xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 24-noyabrda 2733-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur Buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 11-sentabrdagi 394-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2733-1, 11.09.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Uy-joy kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi va “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq buyuraman:
1. Telekommunikatsiya operatorlari (provaydyerlari)ning xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazirning birinchi oʻrinbosari A. FAYZULLAYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 11-noyabr,
138-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2015-yil 11-noyabrdagi 138-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Telekommunikatsiya operatorlari (provaydyerlari)ning xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, Uy-joy kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi va “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq telekommunikatsiya operatorlari (provaydyerlari)ning xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom telekommunikatsiya operatorlari (provaydyerlari) va xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari (bundan buyon matnda shirkat deb yuritiladi) oʻrtasida telekommunikatsiya vositalari hamda inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilish boʻyicha vujudga keladigan munosabatlarni tartibga soladi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
telekommunikatsiya operatori (bundan buyon matnda operator deb yuritiladi) — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida telekommunikatsiyalar tarmogʻiga ega boʻlgan, uning ishlashi, rivojlanishini taʼminlovchi va telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
telekommunikatsiya xizmatlari provayderi (bundan buyon matnda provayder deb yuritiladi) — foydalanuvchilarga operatorlar tarmogʻi orqali tijorat asosida telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
telekommunikatsiyalar tarmogʻi — uzatishlarning bir yoki bir necha turini: telefon, telegraf, faksimil turlarini, maʼlumotlar uzatish va hujjatli xabarlarning boshqa turlarini, televizion va radioeshittirish dasturlarini translatsiya qilishni taʼminlovchi telekommunikatsiya vositalarining majmui;
telekommunikatsiya vositalari — elektromagnit yoki optik signallarni hosil qilish, uzatish, qabul qilish, qayta ishlash, kommutatsiya qilish hamda ularni boshqarish imkonini beruvchi texnik qurilmalar, asbob-uskunalar, inshootlar va tizimlar;
telekommunikatsiya inshootlari — telekommunikatsiya tarmoqlari va vositalarining ishlashi hamda ulardan foydalanishni taʼminlovchi binolar, qurilmalar, telekommunikatsiya liniyalari, moslamalar, tayanchlar, machtalar va boshqa inshootlar;
telekommunikatsiyalar — signallar, belgilar, matnlar, tasvirlar, tovushlar yoki axborotning boshqa turlarini oʻtkazgichli, radio, optik yoki boshqa elektromagnit tizimlaridan foydalangan holda uzatish, qabul qilish, qayta ishlash;
telekommunikatsiyalar xizmatlari — operator va provayderning signallar hamda boshqa axborot turlarini telekommunikatsiya tarmoqlari orqali qabul qilish, uzatish, qayta ishlashga doir faoliyati mahsuli.
3. Ushbu Nizomda shirkat obyektlari deganda quyidagilar tushuniladi:
turar joy binolari;
koʻp kvartirali uylarning turar joylari va yashash uchun moʻljallanmagan joylari, ularning uy atrofidagi hududlari.
2-bob. Shirkat obyektidan foydalanish huquqini beruvchi shartnomani tuzish
4. Telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini shirkat obyektlarida joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilish uchun operator (provayder) shirkatga yozma soʻrov yuboradi.
Yozma soʻrovga quyidagilar ilova qilinadi:
yuridik shaxsning davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
faoliyatning muayyan turini amalga oshirish uchun operator (provayder)ga berilgan litsenziyalarning nusxalari;
telekommunikatsiya uskunalari haqidagi maʼlumotlar.
5. Shirkat soʻrovni olgandan keyin mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan, unga ilova qilingan hujjatlarning mavjudligini tekshiradi va ushbu soʻrov kelib tushgan kundan boshlab 30 ish kunidan oshmagan muddat ichida tegishli qarorni qabul qilish uchun shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi chaqirilishini tashkil qiladi.
6. Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish va olib borish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
7. Shirkat obyektlarida telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish uchun shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish) usullari, ularni joylashtirish (oʻrnatish) bilan bogʻliq ishlar roʻyxati, ushbu ishlarning oʻtkazish bosqichlari va muddatlari, shuningdek telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish) uchun zarur boʻlgan shirkat obyektini ijaraga olish shartlari va narxi muhokama qilinadi.
8. Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish)ning rad etilishi uchun asos boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlarning aniqlanishi;
telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish) uchun texnik imkoniyatning yoʻqligi;
shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining ellik foizdan koʻp ovoz bilan salbiy qaror qabul qilishi.
9. Shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va eksplutatsiya qilish toʻgʻrisidagi ijobiy qarori qabul qilingan holda, telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va eksplutatsiya qilish maqsadida shirkat obyektidan foydalanish huquqini beruvchi shartnomani (bundan keyin matnda shartnoma deb yuritiladi) tuzishga doir muzokaralarni boshlash taklifi toʻgʻrisida 5 ish kunidan oshmagan muddatda operator (provayder)ga xabar qilinadi.
10. Shirkat va operator (provayder) oʻrtasidagi shartnoma quyidagi prinsiplar asosida tuziladi:
shartnomani tuzish erkinligi;
tomonlarning oʻzaro manfaatdorligi;
tomonlarning shartnoma tartibiga va oʻzaro mulkiy javobgarlikka rioya qilishi.
3-bob. Telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilishga qoʻyiladigan talablar
11. Operator (provayder) loyiha hujjatlari, shirkat bilan tuzilgan shartnoma, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablari va shartlariga muvofiq telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish)ni amalga oshiradi.
12. Telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish)ga oid shartlar shartnomada aks ettiriladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ishchi zonani va telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish) usullarini aniqlash;
telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish) bilan bogʻliq ishlar roʻyxatini belgilash;
telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish) bilan bogʻliq ishlarning oʻtkazish bosqichlari va muddatlarini aniqlash;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya qilish.
13. Shirkat obyektlarida telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilishda operator (provayder) texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablariga muvofiq xavfsizlik choralarini taʼminlashi kerak.
14. Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablarini buzgan holda joylashtirilgan (oʻrnatilgan), xizmat koʻrsatiladigan va ekspluatatsiya qilinadigan telekommunikatsiya vositalari va inshootlari operator (provayder) mablagʻlari hisobidan demontaj qilinishi zarur.
15. Telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini montaj yoki demontaj qilish ishlari oqibatida shirkat obyektiga yetkazilgan shikastlanishlar bartaraf etilishi, obyektning yoʻqolgan yoki shakli oʻzgargan qismlari operator (provayder)ning shaxsiy hisobidan toʻliq tiklanishi lozim.
16. Shirkat obyektining operator (provayder) tomonidan qaytarib berilishi shirkat tomonidan obyektning holatiga nisbatan daʼvolari yoʻqligi koʻrsatilgan dalolatnoma asosida amalga oshiriladi.
4-bob. Tomonlarning huquq va majburiyatlari
17. Operator (provayder) shartnomaga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
shirkat obyektlarida telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini belgilangan tartibda joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilishni amalga oshirish;
unga tegishli boʻlgan telekommunikatsiya vositalari va inshootlariga shirkat vakili ishtirokida kirish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlish.
18. Operator (provayder) shartnomaga muvofiq quyidagilarga majbur:
shirkat bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilish shartlarini bajarish;
telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilish uchun toʻlovni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda kiritish;
shirkatga yetkazilgan zararni qoplab berish.
19. Shirkat shartnomaga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
operatorlar (provaydyerlar)ga shirkat obyektlarini foydalanishga berish;
operator (provayder)dan telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilish toʻlovini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda olish;
operator (provayder) bilan tuzilgan telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilish shartnomasi shartlari bajarilishini talab qilish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlish.
20. Shirkat shartnomaga muvofiq quyidagilarga majbur:
telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini shirkat obyektlarida joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilish uchun texnik imkoniyatlar mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish;
operator (provayder)ning shirkat obyektidagi telekommunikatsiya vositalari va inshootlariga kirish huquqiga ega boʻlishini taʼminlash.
21. Shirkat fors-major holatlaridan tashqari, mustaqil ravishda telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini elektr taʼminotidan uzib qoʻyish yoki demontaj qilish yoxud boshqa usul bilan operator (provayder) ishlarini oʻtkazishga toʻsqinlik qilish huquqiga ega emas.
22. Shirkat tomonidan fors-major holatlari natijasida elektr taʼminoti uzib qoʻyilgan holda shirkat shartnomaga muvofiq aloqa vositalari orqali bu haqda operator (provayder)ga xabar qiladi.
23. Shirkat shartnomada belgilangan muddatda operator (provayder)ning telekommunikatsiya vositalari va inshootlari joylashgan shirkat obyektlarida taʼmirlash ishlari oʻtkazilishi toʻgʻrisida operator (provayder)ni xabardor qiladi.
5-bob. Oʻzaro hisob-kitoblarni yuritish
24. Telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilish uchun shirkat obyektidan foydalanganlik uchun toʻlov shartnomada belgilangan miqdorda amalga oshiriladi.
25. Telekommunikatsiya vositalari va inshootlarini joylashtirish (oʻrnatish), ularga xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiya qilish uchun shirkat obyektidan foydalanganlik uchun toʻlovni amalga oshirish tartibi va muddatlari shartnoma bilan belgilanadi.
6-bob. Yakuniy qoida
26. Ushbu Nizom Toshkent shahar Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bilan kelishilgan.
Toshkent shahar Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasining boshqaruvi raisi A. NABIYEV
2015-yil 10-noyabr
Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi D. XIDOYATOV
2015-yil 10-noyabr
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZAKIROV
2015-yil 10-noyabr
Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligi bosh direktori U. XALMUXAMEDOV
2015-yil 10-noyabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 47-son, 602-modda)