Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining
Qarori
Pul majburiyatlari bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni hal qilish sudlov amaliyoti haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2005-yil 31-martdagi 129-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi plenumining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Nizolarni hal qilish sudlov hayʼati tomonidan tayyorlangan pul majburiyatlari bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni hal qilish sudlov amaliyoti tahlilini koʻrib chiqib, Oliy xoʻjalik sudi Plenumi Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 46-moddasiga binoan qaror qiladi:
1. Pul majburiyatlari bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni hal qilish sudlov amaliyoti tahlili maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Pul majburiyatlari bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni hal qilish sudlov amaliyoti tahlili Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat xoʻjalik sudlariga yuborilsin.
Toshkent sh.,
1996-yil 9-avgust,
58-son
Pul majburiyatlari bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni hal qilish sudlov amaliyoti haqida
tahlil
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudining 1996-yil 2 yarim yillik ish rejasiga muvofiq nizolarni hal qilish sudlov hayʼati viloyatlar sudlari bilan birgalikda pul majburiyatlari bilan bogʻliq nizoli ishlarni koʻrish boʻyicha sudlov amaliyotini oʻrgandi va umumlashtirdi.
1996-yilning 1 yarmida Respublika xoʻjalik sudlari tomonidan 5123 ta nizoli ish hal qilinib, ulardan 3069 tasi olingan mahsulot va qilingan xizmat uchun hisob-kitob qilish (pul majburiyatlari) bilan bogʻliqdir.
Viloyatlar qirqimi boʻyicha bu koʻrsatkich quyidagicha ifodalanadi:
Andijon viloyat xoʻjalik sudida 275 ta ish koʻrilib, shundan 95 ta nizo hisob-kitob boʻyichadir.
Buxoro — 391 — 114, Jizzax — 272 — 185, Navoiy — 161 — 70, Namangan — 266 — 103, Samarqand — 410 — 280, Sirdaryo — 374 — 229, Surxondaryo — 315 — 248, Fargʻona — 415 — 91, Toshkent —1000 — 620, Xorazm — 204 — 112, Qashqadaryo — 196 — 75, Qoraqalpogʻiston Respublikasi — 671 — 624, Oliy xoʻjalik sudi — 341 — 299.
Koʻrilgan nizoli ishlar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, xoʻjalik sudlarida koʻrib hal qilingan nizolarning umumiy sonida shu toifadagi ishlarning koʻpligini xoʻjalik subyektlarining bozor iqtisodiyotiga moslashishdagi sustkashligi, shartnoma shartlari yetarlicha bajarilmasligi, debitor qarzlarni undirishning barcha choralari koʻrilmasligi banklar tomonidan hisob-kitob va moliya operatsiya qoidalarini buzilishi, xoʻjalik subyektlari tomonidan yetkazib berilgan mahsulot va mollar uchun oʻzlarining hisob raqamlarida mablagʻ boʻlmaganligi sababli oʻz vaqtida toʻlovlarni amalga oshirmaslik va boshqa sabablar bilan tushuntirish mumkin.
Ishlarni umumlashtirish natijalaridan maʼlum boʻlishicha, bunday nizolarning kelib chiqishi koʻpincha shartnomalarning sifatsiz tuzilganligi bilan bogʻliqdir. Shartnomalarga taraflar tomonidan qabul qilingan majburiyatlarni bajarishni taʼminlash boʻyicha shartlar va javobgarlik choralarini qoʻllash tartibi kiritilmagan.
Masalan, Xorazm naslli ipakchilik shirkatlari birlashmasining Shovot tumani “Sohibkor” jamoa xoʻjaligida 761200 soʻm undirish daʼvosi boʻyicha sud majlisida aniqlanishicha, birlashma shartnoma boʻyicha “Sohibkor” jamoa xoʻjaligiga qiymati 30700 soʻm boʻlgan 20000 dona tut koʻchatlari yetkazib berishi lozim zdi. Shuningdek shartnomada jamoa xoʻjaligi toʻlovni oʻz vaqtida oʻtkazmasa har bir kechiktirilgan kun uchun summaning 10% ni toʻlashi lozimligi koʻrsatilgan. Toʻlovning oʻz vaqtida oʻtkazilmaganligi uchun birlashma 761200 soʻm jarima undirish haqida daʼvo koʻzgʻatgan. Sud majlisida aniqlanishicha shartnomada toʻlov muddati aniq koʻrsatilmagan, toʻlov majburiyati esa uchinchi tomonga yaʼni Shovot tumani ipakchilik boʻlimiga yuklatilgan. Shartnoma shoshma-shosharlik bilan va Fuqarolik kodeksining 172, 298-299-modda talablari boʻyicha kerakli shartlar koʻzda tutilmay tuzilganligi hisobga olinib shartnoma tuzilmagan deb topilgan va daʼvo talabi rad etilgan.
Korxona rahbarlarining shartnoma tuzishdagi eʼtiborsizligi shartnomalarda koʻzda tutilgan jazo choralarining muhimligi va ularning oqibatini tushunib yetmasligi koʻpincha asossiz yoʻqotishlarga va samarasiz xarajatlarga olib kelmoqda. Masalan: 2-Mexanizatsiyalashgan koʻchma kolonna “Samarqand suv qurilish davlat xoʻjaligi” bilan shartnoma tuzgan. Daʼvo boʻyicha qarz miqdori 24500 soʻmni, shartnoma boʻyicha jarima esa 420000 sumni tashkil etgan. Taraflar shartnomada oʻzaro ihtiyoriy kelishuv asosida ogʻir javobgarlik choralari qoʻllash koʻzda tutilgan shartni qabul qilganligi uchun sud jarima summasini undirgan.
Hozirgi vaqtda mahsulot va xizmat uchun oʻz vaqtida toʻlovlarni olish tartibi oʻzgartirilib, avvaldan toʻlash tartibi mablagʻni mahsulot joʻnatishdan oldin toʻlov topshiriqlari orqali oʻtkazishga ahamiyat berilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 5-maydagi Farmoniga koʻra xoʻjalik subyektlariga qabul qiluvchilar tomonidan toʻlovning hech boʻlmasa 15% oʻtkazilmay turib mahsulot berish va xizmat koʻrsatish man etildi.
Koʻrsatmaning qatʼiyligiga qaramay ayrim korxonalar avvaldan toʻlovni oʻtkazmasdan turib mahsulot yetkazib berish va xizmat koʻrsatishni davom ettirmoqdalar.
Masalan: “Xadros” firmasi oldindan 15% lik toʻlovsiz Urganch tumani suv xoʻjaligiga mahsulot yetkazib bergan, keyinchalik esa javobgar kartotekada boʻlganligi (hisob raqamida pul yoʻqligi) uchun mahsulot qiymatini toʻlayolmasligi maʼlum boʻlgan. Agar daʼvogar mahsulot joʻnatishdan oldin oluvchidan mahsulot qiymatini avvaldan toʻlashni talab qilganida u oʻz sherigining toʻloviga qobilyatsizligini aniqlagan va mahsulot yetkazib bermagan boʻlar edi.
Xoʻjalik subyektlari shartnoma tuzishda qarshi tomonning majburiyatlarini bajaraolishiga amin boʻlmaganligi hollari ham kam emas.
Masalan: Buxoro neft mahsulotlari bilan taʼminlash korxonasi qarshi tarafning toʻlov qobiliyati bilan toʻla tanishmay “Dilya” xususiy savdo ishlab chiqarish firmasi bilan 3 mln soʻm miqdorda quvur va boshqa metall mahsulotlari yetkazib berishga shartnoma tuzgan. Oldindan toʻlov sifatida 1 mln soʻmga veksel berilgan, ammo “Dilya” firmasi shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarmagan va qarz summasini qaytarmagan.
Sudlar tomonidan koʻrilayotgan ishlar tahlili korxona va tashkilotlarning tuzilgan shartnomalarni bajarish boʻyicha ijro intizomi sustligini koʻrsatmoqda. Baʼzi bir rahbarlar qabul qilingan majburiyatlarni biron-bir yomon oqibatsiz bajarsa ham boʻlaveradi, degan xato tushunchaga egalar. Masalan: “Jayron” EKO markazi taʼmirlash ishlarini olib borish uchun “Aziz-Buxoriy” kichik korxonasi bilan tuzgan shartnoma boʻyicha javobgar 1995-yil 5-avgustgacha taʼmirlash ishlarini toʻla bajarishi shart edi. Shuningdek ishni sifatli, did bilan koʻrsatilgan muddatda bajarishi lozim edi. Daʼvogar oʻz tomonidan shu maqsad uchun kichik korxonaga avvaldan 30 ming soʻm oʻtkazgan. Biroq javobgar taʼmirlash ishlarini faqat avgust oʻrtalarida boshlab, 15-oktabrgacha ishning faqat bir qismini hamda uni sifatsiz qilib bajargan. Bu holat shartnomaning bekor qilinishiga olib kelgan. Daʼvogar oʻz talablarini shartnomaning 7-bandi bilan asoslagan. Unga koʻra, ish toʻxtatilib, tegishli shakldagi dalolatnoma imzolangandan keyin 6-avgustdan 18-oktabrgacha kechiktirilgan muddat uchun javobgar jarima toʻlashi kerak boʻlgan. Sud qarori bilan javobgardan 80 ming soʻmga yaqin jarima undirilgan.
Shunday qilib majburiyatlar boʻyicha nizolarning kelib chiqishiga baʼzi rahbarlar va mansabdor shaxslarning bevosita vazifalarini bajarishdagi masʼuliyatsizligi va xoʻjalik qonunchiligini bilmasligi sabab boʻlmokda. Koʻp xollarda korxona va tashkilotlarning zarari hisob-kitob tartibini buzilganligi uchun toʻlangan jarima va davlat bojini toʻlashdan yuzaga kelmoqda. Yillar davomida xoʻjalik tashkilotlari faoliyatida notoʻgʻri amaliyot shakllangan boʻlib, unda jarimadan kelib chiqqan zarar xoʻjalik faoliyatining chiqimiga oʻtkaziladi. Zararning kelib chiqishiga bevosita aybdor mansabdor shaxslar esa hech qachon moddiy javobgarlikka tortilmaydilar.
Vaholanki, baʼzi bir xoʻjalik sudlari koʻrsatilgan toifadagi nizolarni hal qilishda rahbarlar tomonidan qonunlarning buzilganligiga va tashkilot faoliyatidagi kamchiliklarga yetarli eʼtibor berishmayapti. Masalan, koʻrsatilgan muddat ichida Sirdaryo viloyat xoʻjalik sudi tomonidan koʻrib chiqilgan 229 ta ish boʻyicha bironta ham xususiy ajrim chiqarilmagan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi xoʻjalik sudi tomonidan hisob-kitob nizolari boʻyicha 624 ta ish koʻrilib faqat 4 ta, Jizzax viloyat xoʻjalik sudi boʻyicha koʻrilgan 195 ta ishdan 11 tasiga xususiy ajrim chiqarilgan.
Sudlar tomonidan koʻrilgan ishlarni oʻrganish baʼzi sudyalar Xoʻjalik Protsessual kodeksining 79-moddasini notoʻgʻri qoʻllayotganini koʻrsatmoqda. “Olmaliqpivo” xususiy ishlab chiqarish savdo korxonasining Doʻstlik shahar “Universam” jamoa korxonasidan 33562 soʻm jarima undirish haqidagi daʼvosi boʻyicha ish birinchi bosqichda koʻrilganda javobgarning moddiy holatini ogʻir ekanligi va uning hisobida faqat 2909 soʻm borligi asos qilib koʻrsatilib, javobgardan 33562 soʻm oʻrniga faqat 2500 soʻm va 250 soʻm davlat boji undirilgan. Nizoli ish apellatsiya tartibida koʻrilganda esa hal qiluv qarorining asoslay qismi bilan kelishilmay javobgardan jarimaning toʻla miqdori undirilgan. Shu bilan birga neustoykani toʻlashdan ozod qilish majburiyatlarni buzishga olib kelishi koʻrsatilgan.
Qarzdorning hisob raqamida mablagʻ boʻlmaganida sud taraflarning iltimosiga binoan daʼvoni taʼminlash maqsadida Xoʻjalik Protsessual kodeksining 76-77-moddalariga muvofiq hisob raqamini xatlab qoʻyish yoki undirishni mol-mulkiga qaratish lozim. (XPKning 147-moddasi)
Masalan, Toshkent viloyat xoʻjalik sudi PGS Oʻzbek-Italiya korxonasining PSMO “Suvqurilish” 76-koʻchma mexanika kolonnasidan 112000 soʻm pudrat shartnomasi boʻyicha bajarilgan ish muddatini oʻtkazib yuborganlik uchun jarimani undirish haqidagi daʼvosini koʻrib chiqib hal qiluv qarori bilan talabni toʻla qanoatlantirgan va qarorni ijro etish uchun buyruq bergan. Buyruq bankka berilgan, lekin 1996-yil may oyigacha bajarilmagan bu holat sud tomonidan xoʻjalik sudi buyrugʻi boʻyicha qarz miqdorini toʻla undirilguncha 76 KMK hisob raqamini xatlab qoʻyish uchun ajrim chiqarishga asos boʻlgan.
Pul majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq ishlarni oʻrganib chiqish boʻyicha quyidagilar tavsiya etiladi:
1. Xoʻjalik sudlarining eʼtiborini pul majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni oʻz vaqtida va toʻgʻri hal qilinishi muhimligiga qaratish lozim. Bunday ishlarning toʻgʻri koʻrib chiqilishi mulkchilikning barcha turlari boʻyicha korxonalarning moddiy holatini mustahkamlashni, xalq xoʻjaligida hisob-kitoblarni oʻz vaqtida olib borilishini, rahbarlarning javobgarligini kuchaytirishni taʼminlamogʻi lozim.
2. Sudlarga tahlilda koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish tavsiya etiladi.
3. Sudlarga tushuntirilsinki:
Nizoni hal qilishda sotuvchining oʻzgartirilgan narxda sotish huquqi sud tomonidan faqat bu shart shartnomada koʻrsatilgan holdagina hisobga olinadi:
tashqi iqtisodiy bitimlar boʻyicha bir taraf boʻlib Oʻzbekiston Respublikasi xoʻjalik subyektlari qatnashganda muddati oʻtib ketgan pul majburiyatlari boʻyicha hisob-kitob tartibi, agar qonuniy kuchga kirgan davlatlararo shartnomalar yoki bitimlarda boshqacha koʻrsatilmagan boʻlmasa, taraflar kelishuvi bilan aniqlanadi;
shartnomalardan kelib chiqqan majburiyatlarda pul summasi agar aniq bir tovar yetkazish yoki xizmatlar boʻyicha bitim tuzilganda, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan boshqa shartlar nazarda tutilmagan boʻlsa, taraflar roziligi bilan aniqlanadi;
Taraflar kelishuvi bilan aniq bir narx oʻrniga narxni aniqlash usullari oʻrnatilishi mumkin.