Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Imom Al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 17-sentabrdagi PF-3317-sonli “Imom Buxoriy yodgorlik majmuini asrab-avaylash va yanada obodonlashtirish, alloma merosini oʻrganish va targʻib qilish ishlarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Islom olamining benazir mutafakkiri, buyuk muhaddis Imom al-Buxoriyning dunyo madaniyati xazinasiga qoʻshgan ulkan hissasini hisobga olib, uning bashariyatga qoldirgan boy maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish hamda ezgulik va maʼnaviy komillikka yetaklovchi gʻoyalarini vatandoshlarimiz, ayniqsa, farzandlarimiz ongu gʻururiga teran singdirib borish maqsadida:
1. Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Respublika Fanlar Akademiyasi, Madaniyat ishlari vazirligi, Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasi, “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi, “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi, Toshkent shahar hamda Samarqand viloyati hokimligi va boshqa bir qator tashkilot hamda idoralar tomonidan Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi tuzilganligi eʼtiborga olinsin va keng jamoatchilikning mazkur jamgʻarmani qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin. Mamlakatimiz tashkilotlari, idoralari, korxonalar, tijorat banklari va boshqa muassasalardan iborat homiylar guruhi ilovaga* muvofiq eʼtiborga olinsin.
* Ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi Nizomini belgilangan tartibda roʻyxatga olsin.
2. Samarqand viloyatidagi Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuini jamgʻarma balansiga oʻtkazish haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining taklifi maʼqullansin.
Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasining Samarqand viloyatidagi boʻlimi mazkur majmuaga joylashtirilishi nazarda tutilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun 50 million soʻm ajratsin.
Quvayt davlati amiri shayx Jobir al-Ahmad al-Jobir as-Saboh tomonidan Imom al-Buxoriy majmuiga xayriya etilgan 500000 AQSh dollariga teng mablagʻ Jamgʻarmaga oʻtkazilgani inobatga olinsin.
Oʻzbekiston fuqarolari va tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy shaxslarning xayriya ulushlari uchun Jamgʻarma hisobi ochiq ekanligi qayd etilsin.
Jamgʻarma, uning boʻlimlari va korxonalari davlat budjetiga toʻlanadigan barcha soliqlardan, bojxona toʻlovlaridan besh yil muddatga ozod qilinsin.
4. Jamgʻarmaga tushgan mablagʻlar alohida hisobga olinib, ularni xarajat qilish quyidagi maqsadlar uchun ishlatilsin:
— Imom al-Buxoriyning hayoti va merosini oʻrganish, uni keng targʻib qilish, allomaning shaxsi bilan bogʻliq madaniy va tarixiy ashyolarni qidirib topish va toʻplash maqsadida ilmiy va amaliy ekspeditsiyalar tashkil etishga;
— Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuini ziyoratgohga aylantirish, uning muqaddas qadamjolariga mahalliy va xorijlik fuqarolarning ziyoratlarini uyushtirishga;
— muhaddis ijodiga mansub barcha turdagi asarlar va manbalarni izlash, jamlash va ularni chop etishga;
— milliy qadriyatlarimizni oʻzida mujassam etgan qadimiy obidalarni qayta tiklash, taʼmirlash ishlariga homiylik qilishga;
— Imom al-Buxoriyning maʼnaviy-maʼrifiy va boshqa yoʻnalishdagi asarlarini xalq, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish, ularni milliy iftixor va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan tadbirlarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashga;
— milliy odob-axloq anʼanalariga, urf-odatlarga, umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan yoshlar ruhiyatiga mos taʼlim-tarbiya, targʻibot-tashviqot ishlarini olib borishda mutafakkir asarlaridan unumli foydalanib, koʻrsatuvlar, radioeshittirishlar tayyorlash, badiiy, ilmiy-ommabop filmlar yaratish, adabiyotlar, koʻrgazmali vositalar va boshqalarni nashr etishga.
Toʻplangan mablagʻlarning ana shu maqsadlardan tashqari oʻzlashtirilishi man qilinsin.
5. Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
— Imom al-Buxoriyning hayoti, ilmiy merosi, u yashagan davr fani va madaniyatiga oid tarixiy manbalarni oʻrganish, ularni keng targʻib etish;
— xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish, ularda milliy gʻurur, ajdodlar merosiga hurmat, Vatanga muhabbat tuygʻularini tarbiyalash, sharqona odob-axloq anʼanalariga sadoqatni mustahkamlashda Imom al-Buxoriy va boshqa ulugʻ mutafakkirlarimiz maʼnaviy merosidan samarali foydalanish;
— yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlarning Imom al-Buxoriy yodgorlik majmui va qadamjolarini ziyorat qilish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
— Imom al-Buxoriy merosi, oʻzbek xalqining madaniy-maʼnaviy qadriyatlari hamda islom falsafasiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar uyushtirish, ekspeditsiyalar tashkil etish;
— mamlakatimiz va chet ellik olimlarning Imom al-Buxoriy hayoti va ijodini oʻrganishga bagʻishlangan ilmiy faoliyatini ragʻbatlantirish va muvofiqlashtirish, chet ellardagi davlat, jamoat va xayriya tashkilotlari bilan muntazam ilmiy-amaliy aloqalarni yoʻlga qoʻyish;
— Imom al-Buxoriyning “al-Jomiy as-Sahiyhi” va umum eʼtirof etilgan yana beshta ishonchli hadislar toʻplamlarini oʻzbek va boshqa tillardagi izohli hamda ommabop nashrlarini amalga oshirish va tarqatish;
— Qurʼoni Karimning oʻzbek tilidagi ilmiy izohli tarjimasi nashrini amalga oshirish va tarqatish;
— oʻzbek xalqining qoʻlyozma merosi milliy markazi va uning elektron kutubxonasini yaratish;
— xalqaro ahamiyatga molik diniy-tarixiy yozma obidalarning faksimile, reprint va ilmiy nashrlarini amalga oshirish va tarqatish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi, YUNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy komissiyasi, Fanlar Akademiyasi Jamgʻarmaga barcha nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan aloqa oʻrnatishda va hamkorlik qilishda har tomonlama koʻmaklashsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi boshqaruv apparatiga xizmat koʻrsatish uchun 1 ta yengil avtomashina va 1 ta mikroavtobusga limit ajratsin.
“Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi belgilangan limitga muvofiq Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasini avtomashinalar bilan taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Pochta va telekommunikatsiyalar agentligiga Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi boshqaruvini shahar va hukumat telefon aloqasi bilan taʼminlash topshirilsin.
9. Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi raisi va uning oʻrinbosarlariga Oʻzbekiston Respublikasi davlat qoʻmitalari raislari va rais oʻrinbosarlari uchun tegishli ravishda belgilangan moddiy-maishiy hamda tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlari tatbiq etilsin.
10. Toshkent shahar hokimligi (K. Toʻlaganov) bir oy muddatda Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasini bino bilan taʼminlasin.
11. “Oʻzteleradio” kompaniyasi, ommaviy axborot vositalariga Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi faoliyatini muntazam yoritib borish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 16-noyabr,
PF-2110-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 10-11-son, 207-modda)