OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TAʼLIMI VAZIRINING
buyrugʻi
Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun Bolalar shaharchasining namunaviy ustavini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 15-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2635]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 14-avgustdagi 338-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2635-1, 14.08.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 22-maydagi 104-son “Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun Bolalar shaharchalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun Bolalar shaharchasining namunaviy ustavi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2014-yil 20-noyabr,
325-son
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 2014-yil 20-noyabrdagi 325-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun Bolalar shaharchasining
NAMUNAVIY USTAVI
Mazkur Namunaviy ustav Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 22-maydagi 104-son “Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun Bolalar shaharchalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq, ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun Bolalar shaharchasining (bundan buyon matnda Bolalar shaharchasi deb yuritiladi) ustavida koʻrsatiladigan asosiy qoidalarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Bolalar shaharchasi tarbiya muassasasi hisoblanadi, uning doirasida ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar kichik guruhlar shaklida oiladagiga yaqinlashtirilgan sharoitlarda tarbiyalanadi.
Bolalar shaharchasi ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun tarbiya muassasalarining yanada mukammallashgan turi sifatida, shu jumladan “Mehribonlik” bolalar uylarini Bolalar shaharchasiga bosqichma-bosqich aylantirish shartlarida tashkil etiladi.
2. Bolalar shaharchasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga va boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek oʻz ustaviga amal qiladi.
3. Bolalar shaharchasi yuridik shaxs hisoblanadi va oʻquv-tarbiya muassasasi shaklida tashkil etiladi.
4. Bolalar shaharchasi ustav asosida faoliyat koʻrsatadi. Bolalar shaharchasining ustavi mazkur Namunaviy ustav asosida ishlab chiqiladi. Unda Bolalar shaharchasining nomi, pochta manzili, faoliyatini boshqarish tartibi, u oʻz faoliyatini amalga oshiradigan hudud, muassislar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (jismoniy shaxslar uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi, yashash joyi, yuridik shaxslar uchun — nomi, pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR) va davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanasi), shuningdek Bolalar shaharchasini tashkil etish toʻgʻrisidagi hujjatning rekvizitlari koʻrsatiladi.
5. Bolalar shaharchasining ustavi uning muassisi tomonidan tasdiqlanadi. Nodavlat Bolalar shaharchasi ustavi ularning hududiy joylashishiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
2-bob. Bolalar shaharchasining maqsadi va vazifalari
6. Bolalar shaharchasi ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalarning yashashga va oilada tarbiyalanishga boʻlgan huquqlarini roʻyobga chiqarish, shuningdek ijtimoiy moslashish va jamiyatga integratsiyalash uchun ularni maʼnaviy-axloqiy, mehnat tarbiyasi va taʼlim olishini har tomonlama taʼminlash maqsadida tashkil etiladi.
7. Quyidagilar Bolalar shaharchasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
tarbiyalanuvchilarning aqliy, emotsional va jismoniy rivojlanishiga koʻmaklashuvchi oilaviy muhitni yaratish;
tarbiyalanuvchilarning hayotini muhofaza qilishni va sogʻligʻini mustahkamlashni taʼminlash, shuningdek profilaktika tadbirlarini amalga oshirish;
tarbiyalanuvchilarni ijtimoiy muhofaza qilishni, psixologik va tibbiy-pedagogik reabilitatsiya qilishni va ularni jamiyatga moslashtirishni taʼminlash;
bolalarni milliy anʼanalar va umuminsoniy qadriyatlar asosida tarbiyalash;
tarbiyalanuvchilarda mehnat koʻnikmalarini shakllantirish, ularga kasb tanlashi uchun shart-sharoitlar yaratish.
3-bob. Bolalar shaharchalarida tarbiya jarayonini tashkil etish
8. Bolalar shaharchasida tarbiya jarayoni oilaviy tipga koʻra tashkil etiladi. Bolalar shaharchasiga tarbiyalash uchun berilgan bolalar tarbiyachi boshchiligida guruhlarga boʻlinadi, guruhlar oilalar deb ataladi. Har qaysi oilada turli yoshdagi 6 nafardan 8 nafargacha bolalar tarbiyalanadi.
9. Bolalar shaharchasining har qaysi oilasi alohida uylarga yoki alohida turar joylarga (kvartiralarga) joylashtiriladi.
10. Bolalar shaharchasida kamida 12 ta oila tashkil etiladi. Tarbiyalanuvchi bolalarning umumiy soni 140 nafardan oshmasligi kerak.
11. Tarbiyachilar bolalarni tarbiyalash usullarini belgilashda vasiylik va homiylik organining tavsiyanomalariga amal qiladilar.
12. Tarbiyachi tarbiyalanuvchining taʼlim muassasasini va oʻqitish shaklini tanlashda bolalarning xohishlarini hisobga olishi va bolalarning umumiy oʻrta taʼlim olishi uchun shart-sharoitlar yaratishi shart.
13. Tarbiyachilar oʻz vakolatlarini amalga oshirishda bolalarning jismoniy va ruhiy holatiga, ularning axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazishga haqli emas. Tarbiyalash usullari bolalarning qadr-qimmatini tahqirlovchi mensimaslik, shafqatsizlik, qoʻpollik munosabatlaridan holi boʻlishi kerak.
14. Bolalar shaharchasi xodimlari tarbiyalanuvchilarning aka-ukalari va opa-singillarini, boshqa qarindoshlarini qidirib topishga hamda ularning munosabatlarini qoʻllab-quvvatlashga koʻmaklashishlari shart, tarbiyalanuvchilarning manfaatlariga zid boʻlgan holatlar bundan mustasno.
Nizoli hollarda tarbiyalanuvchi bilan uning ota-onalari, qarindoshlari oʻrtasidagi munosabatlar tartibi vasiylik va homiylik organi tomonidan belgilanadi.
15. Bolalar shaharchasida tarbiyalanuvchilarning oʻqishi, mehnat qilishi va dam olishini toʻgʻri tashkil etish maqsadida Bolalar shaharchasining kun tartibi, uning asosida har bir oilaning kun tartibi ishlab chiqiladi. Kun tartibi hafta kunlari boʻyicha, tarbiyalanuvchilarning vaqtini toʻliq (kecha-kunduz) qamrab olgan holda tuziladi.
Kun tartibini ishlab chiqishda tegishli oiladagi tarbiyalanuvchilarning yoshi, jismoniy va aqliy rivojlanish darajasi hamda boshqa oʻziga xos xususiyatlari inobatga olinadi.
16. Bolalar shaharchasida tarbiyalanuvchilar uchun qoʻshimcha taʼlim (toʻgaraklar, studiyalar, sport seksiyalari va hokazolar) tashkil etiladi.
17. Bolalar shaharchasi maʼmuriyati tarbiyalanuvchilarning ota-onalari bilan uchrashuviga va ularning ota-onalik huquqlari tiklangan taqdirda ular bilan birlashishiga hamda bolaning manfaatlariga zid boʻlmagan boshqa hollarda qarshilik koʻrsatmasligi kerak.
4-bob. Tarbiyalanuvchilarni Bolalar shaharchasiga qabul qilish
18. Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalarni Bolalar shaharchasi oilasiga berish qonun hujjatlarida va Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 22-maydagi 104-son qarori bilan tasdiqlangan Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun Bolalar shaharchalari toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
19. Bolalar shaharchasiga tarbiyalash uchun beriladigan bolalarning yoshi, qoida tariqasida, 3 yoshdan boshlab ularning umumtaʼlim muassasasini tugatish yoshigacha boʻladi.
20. Tarbiyalanuvchilarni oilaga qabul qilish va tanlash Bolalar shaharchasi maʼmuriyati vakillari tomonidan xalq taʼlimi muassasalari faoliyatini metodik taʼminlash va tashkil etish boʻlimi yoʻllanmasi asosida Bolalar shaharchasining tarbiyachilari, psixologi va ijtimoiy xodimining bevosita ishtirokida amalga oshiriladi.
21. Bolalarni oilaga berishda Bolalar shaharchasi maʼmuriyati, birinchi navbatda bolalarning manfaatlariga amal qiladi, ularning etnik jihatdan kelib chiqishini, muayyan dinga va madaniyatga mansubligini hisobga oladi, ona tilida muomala qilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, tarbiyalash va taʼlim berishda izchillikni taʼminlaydi.
22. Aka-ukalar va opa-singillar bitta oilaga beriladi, tibbiy yoxud boshqa sabablarga koʻra ular birgalikda tarbiyalanishi mumkin boʻlmagan holatlar bundan mustasno.
23. Bolalar shaharchasiga beriladigan har bir bola uchun vasiylik va homiylik organlari tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma;
sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma va ambulatoriya kartasi;
maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjat (maktab yoshidagi bolalar uchun);
ota-onasi toʻgʻrisidagi hujjatlar (oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnoma, sudning hukmi yoki qarori nusxasi, kasalligi, ota-onasining qidirilayotganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va ota-onasining yoʻqligini yoki ular oʻz bolalarini tarbiyalay olmasligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar);
aka-uka va opa-singillarining mavjudligi hamda ularning turgan joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
bolaga tegishli mol-mulkning roʻyxati va mol-mulkning saqlanishi uchun javob beradigan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ilgari egallab turilgan turar joyni voyaga yetmaganlarga biriktirish toʻgʻrisidagi hujjatlar;
sudning aliment undirish toʻgʻrisidagi qarori nusxasi, shuningdek nafaqa, pensiya va boshqa ijtimoiy toʻlovlar olish huquqini tasdiqlaydigan hujjatlar;
bolaning nomiga ochilgan bank hisob raqami mavjudligi toʻgʻrisidagi hujjat.
24. Tarbiyalash uchun Bolalar shaharchasiga berilishi mumkin boʻlgan bolalar soni va ularni berish navbati Bolalar shaharchasi maʼmuriyati, psixologi va tarbiyachilari bilan birgalikda belgilanadi.
25. Tarbiyachilar tarbiyalanuvchilarni tanlash maqsadida, davlat Bolalar shaharchasi maʼmuriyatining yozma ruxsatnomasi boʻyicha “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarini dam olish, bayram va taʼtil kunlari taklif qilishlari mumkin.
26. Tarbiyalanuvchi boshqa muassasaga oʻtkazilganda, farzandlikka olinganda, oilaga tarbiyaga (patronatga) berilganda yoki unga vasiy (homiy) tayinlanganda mazkur Namunaviy ustavning 23-bandida koʻrsatilgan hujjatlar, shuningdek tarbiyalanuvchi Bolalar shaharchasida yashaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma hamda 16 yoshga toʻlgan bolalarning pasporti tegishlicha bolani qabul qilgan muassasa yoki qonuniy vakilga beriladi.
Tarbiyalanuvchi Bolalar shaharchasida boʻlish muddati tugashi munosabati bilan ushbu muassasadan chiqarilganda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjatlar uning oʻziga beriladi.
27. Tarbiyalanuvchilarni Bolalar shaharchasiga qabul qilish va ularni muassasadan chiqarishda qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishini taʼminlash Bolalar shaharchasi direktori zimmasiga yuklatiladi.
5-bob. Tarbiyalanuvchilarning huquq va majburiyatlari
28. Tarbiyalanuvchilar Oʻzbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 22-maydagi 104-son qarori bilan tasdiqlangan Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun Bolalar shaharchalari toʻgʻrisidagi nizom va boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek Bolalar shaharchasi ustaviga muvofiq huquq va majburiyatlarga ega.
29. Tarbiyalanuvchining huquqlari va qonuniy manfaatlari Bolalar shaharchasi maʼmuriyati, vasiylik va homiylik organi, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa organlar tomonidan himoya qilinadi.
30. Tarbiyalanuvchi Bolalar shaharchasi maʼmuriyati, shuningdek tarbiyachi tomonidan suiisteʼmollar sodir etilishidan himoyalanish huquqiga ega.
31. Tarbiyalanuvchi Bolalar shaharchasida boʻlgan butun davrda meros yoki hadya tartibida, shuningdek boshqa qonuniy asoslarga koʻra ota-onalar, qarindoshlar yoki boshqa shaxslardan unga oʻtgan mol-mulkka, turar joyga mulk huquqini saqlab qoladi. Turar joy tarbiyalanuvchi Bolalar uyida boʻlgan butun davr mobaynida unda saqlanib qoladi.
32. Tarbiyalanuvchi unga berilishi kerak boʻlgan alimentlar, ijtimoiy nafaqalar, pensiyaga boʻlgan huquqni (boquvchisini yoʻqotganda, nogiron boʻlib qolganda) hamda ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ijtimoiy imtiyozlar va kafolatlarga huquqni oʻzida saqlab qoladi.
Bolalar uyidagi tarbiyalanuvchining taʼminoti uchun ota-onadan undiriladigan mablagʻlar, unga tayinlangan nafaqa va boshqa toʻlovlar tarbiyalanuvchining nomiga ochilgan bank hisob raqamlariga oʻtkazilishi kerak.
33. Tarbiyalanuvchi oʻziga tegishli boʻlgan uy-joy ijaraga berilishidan olingan daromadlarga, ijodiy, kasbiy, mehnat faoliyatidan va boshqa faoliyatdan olingan daromadlarga huquqni saqlab qoladi. Bitimlardan olingan daromadlar maʼmuriyat tomonidan faqat tarbiyalanuvchining manfaatlarini koʻzlab hamda vasiylik va homiylik organining roziligi bilan sarflanishi mumkin.
34. Tarbiyalanuvchi oilaga qaytganda (farzandlikka olinganda) yoki Bolalar shaharchasidan tarbiyalab chiqarilgandan keyin tarbiyalanuvchining mol-mulki va hujjatlari notarial tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat boʻyicha ota-onasiga yoki tarbiyalanuvchining oʻziga beriladi.
35. Tarbiyalanuvchilarga tibbiy xizmat koʻrsatish Bolalar shaharchasi vrachi, shuningdek Bolalar shaharchasi joylashgan joydagi davolash-profilaktika muassasalarining tibbiyot xodimlari tomonidan taʼminlanadi.
Bolalar shaharchasi maʼmuriyati tibbiyot xodimi uchun alohida xona va tibbiy asbob-uskunalar ajratadi.
36. Tarbiyalanuvchilar maktabgacha tarbiya va umumtaʼlim muassasalarida umumiy asoslarda tarbiyalanadi va oʻqitiladi, bunda bolalar davlat maktabgacha tarbiya muassasalarida boʻlgan vaqt uchun toʻlov undirilmaydi.
37. Tarbiyalanuvchilar oʻz insoniy qadr-qimmatlari hurmat qilinishini talab qilish hamda fikrlarini erkin ifoda etish huquqiga ega.
38. Tarbiyalanuvchilar oʻz ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, oʻz qiziqishlari boʻyicha mustaqil bilim olish, qoʻshimcha mashgʻulotlarda (toʻgaraklar, studiyalar, sport seksiyalari va hokazolar) hamda ijodiy koʻrgazmalar, fan yoʻnalishlari boʻyicha olimpiadalar va boshqa tanlovlarda ishtirok etish huquqiga ega.
39. Rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlar mavjud boʻlgan maktabgacha yoshdagi tarbiyalanuvchilar bilan psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tomonidan bolalarning rivojlanishida aniqlangan nuqsonlarga muvofiq maktabgacha yoshdagi bolalarni psixofizik rivojlanish xususiyatlariga ega boʻlgan tarbiyalash va oʻqitish dasturlari boʻyicha taʼlim tashkil etilishi mumkin.
40. Bolalar shaharchasi maʼmuriyati tarbiyalanuvchilarning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga oʻqishga kirishi yuzasidan javob beradi va unga zarur yordam koʻrsatadi.
41. Tarbiyalanuvchilarga oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish uchun yoʻllanma berishda qonun hujjatlariga muvofiq yoʻl haqi va yoʻldagi vaqtda ovqatlanish xarajatlari toʻlanadi.
42. Tarbiyalanuvchilar Bolalar shaharchasi maʼmuriyati bilan kelishgan holda ular oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim muassasasini tamomlaguniga qadar, mazkur muassasada yotoqxona mavjud boʻlmagan taqdirda, Bolalar shaharchasida toʻliq davlat taʼminotida yashashi mumkin.
Maʼmuriyatning ruxsati bilan Bolalar shaharchasida bitiruvchilarning yashashi uchun bitta tegishli uy ajratiladi.
43. Bolalar shaharchasining oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasasida taʼlim olayotgan sobiq tarbiyalanuvchilari oʻzlari taʼlim olayotgan taʼlim muassasalari maʼmuriyati bilan kelishgan holda taʼtil davrida, dam olish va bayram kunlarida, shuningdek kasallik davrida yashaganlik uchun haq toʻlamasdan Bolalar shaharchasida turishlari mumkin. Vaqtincha yashaydigan oʻquvchilar va talabalar Bolalar shaharchasi uchun belgilangan normalar boʻyicha haq toʻlash sharti bilan ovqat bilan taʼminlanadilar.
44. Tarbiyalanuvchilar Bolalar shaharchasining ish faoliyatini yaxshilashga oid takliflar berish huquqiga ega.
45. Quyidagilar tarbiyalanuvchilarning asosiy majburiyatlari hisoblanadi:
qonun hujjatlari, Bolalar shaharchasining ustavi hamda ichki tartib qoidalari talablariga rioya qilish;
boshqa tarbiyalanuvchilar bilan munosabatlarda odob-axloq normalariga amal qilish;
Bolalar shaharchasi maʼmuriyati va tarbiyachisining qonuniy talablarini bajarish;
taʼlim muassasasiga oʻz vaqtida borish, dars mashgʻulotlarini sababsiz qoldirmaslik;
Bolalar shaharchasining mol-mulkini asrab-avaylash.
6-bob. Bolalar shaharchasini boshqarish
46. Bolalar shaharchasiga bevosita rahbarlik muassasa maʼmuriyatiga boshchilik qiladigan hamda mazkur Nizomga va Bolalar shaharchasi ustaviga muvofiq faoliyat koʻrsatadigan direktor tomonidan amalga oshiriladi.
Bolalar shaharchasi direktori Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda Bolalar shaharchasi muassisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Bolalar shaharchasi direktorini lavozimiga tayinlash tanlov asosida amalga oshiriladi.
47. Bolalar shaharchasi direktori:
Bolalar shaharchasi nomidan ish koʻradi, barcha tashkilotlarda uning manfaatlarini ifodalaydi;
oʻziga berilgan vakolatlar doirasida Bolalar shaharchasi mol-mulkini tasarruf etadi;
ishonchnomalar beradi;
gʻaznachilik boʻlinmalarida hisob raqamlari va boshqa bank hisob raqamlari ochadi;
kadrlarni ishga qabul qiladi va joy-joyiga qoʻyadi, Bolalar shaharchasi xodimlarini ragʻbatlantiradi, ularga intizomiy jazolar beradi va ular bilan mehnat shartnomalari (kontraktlari)ni toʻxtatadi;
oʻz vakolatlari doirasida buyruqlar chiqaradi va farmoyishlar beradi;
tarbiyalanuvchilarning hayoti muhofaza qilinishi va sogʻligʻi mustahkamlanishi, oʻquv-tarbiya jarayonining holati, moliya-xoʻjalik faoliyati, buxgalteriya hisobi va hisoboti, moddiy-texnik bazaning mustahkamlanishi va moddiy boyliklarning saqlanishi uchun javob beradi.
48. Bolalar shaharchasi direktorining ikki nafar: tarbiyaviy ishlar va maʼmuriy-xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosarlari boʻladi.
Davlat Bolalar shaharchasi direktorining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishgan holda direktor tomonidan lavozimga tayinlanadi.
49. Bolalar shaharchasi direktori va uning oʻrinbosarlari bilan mehnat shartnomasi bir yil muddatga tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Bolalar shaharchasi direktori va uning oʻrinbosarlari faoliyatiga baho berish mezonlarini ishlab chiqadi, ushbu mezonlar asosida ularning faoliyati baholanadi va keyingi yil uchun mehnat shartnomasini uzaytirish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqiladi.
50. Bolalar shaharchasi maʼmuriyati har yili Bolalar shaharchasi joylashgan joydagi vasiylik va homiylik organlariga tarbiyalanuvchilarning sogʻligʻi, ularni tarbiyalash ishlari toʻgʻrisida, shuningdek tarbiyalanuvchilarning mol-mulkini boshqarish boʻyicha hisobot taqdim etadi.
7-bob. Bolalar shaharchasi xodimlari
51. Bolalar shaharchasi direktori jismoniy va yuridik shaxslar bilan munosabatlarda, shuningdek sudlarda tarbiyalanuvchilarning huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan qonuniy vakil hisoblanadi.
Direktor, agar vasiylik va homiylik organi tomonidan maʼmuriyat va bolalarning manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik mavjudligi aniqlansa, bolalarning manfaatlarini ifodalashga haqli emas. Ular oʻrtasida kelishmovchiliklar boʻlgan taqdirda vasiylik va homiylik organi boshqa vakilni tayinlashi shart.
52. Tarbiyachi Bolalar shaharchasi oilasi boshligʻi hisoblanadi. Tarbiyachilarni tanlash Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 22-maydagi 104-son qarori bilan tasdiqlangan Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun Bolalar shaharchalari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
53. Tarbiyachi quyidagilarga majbur:
bolalarni tarbiyalash, ularning sogʻligʻi, jismoniy, psixik, axloqiy-maʼnaviy kamol topishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish;
oilada axloqiy-maʼnaviy va uy muhitini yaratish;
oʻz majburiyatlarini tarbiyalanuvchilarning huquqlari va manfaatlariga zarar yetkazgan holda bajarmaslik;
bola uchun oʻziga berilgan hujjatlarning saqlanishini taʼminlash;
har olti oyda tibbiy dispanser koʻrigidan oʻtish;
har ikki yilda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziy institutida qoʻshimcha oʻqitishning ikki haftalik kursidan oʻtish;
qonun hujjatlariga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlarni bajarish.
54. Tarbiyachi qonun hujjatlarida ota-onalar (ularning oʻrnini bosadigan shaxslar) uchun belgilangan majburiyatlarni bajaradi, aliment toʻlash majburiyati bundan mustasno.
55. Tarbiyachi bilan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda, shuningdek bolalar ota-onalariga qaytarilgan (farzandlikka olingan) taqdirda toʻxtatilishi mumkin.
56. Tarbiyachilar Bolalar shaharchasida mehnat shartnomasining butun amal qilish muddati mobaynida yashaydilar.
57. Bolalar shaharchasidagi tarbiyalanuvchilar manfaatlarini yanada toʻliq taʼminlash uchun tarbiyachilarga Bolalar shaharchasi hududida yashaydigan tarbiyachi yordamchilari yordam beradilar hamda ular boʻlmaganda va ularning taʼtili davrida ularning vazifasini bajarib turadilar.
58. Bolalar shaharchasi xodimlarining soni Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 22-maydagi 104-son qarori bilan tasdiqlangan Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun Bolalar shaharchalari toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq belgilanadi.
59. Bolalar shaharchasi xodimlari bir yil muddatga tanlov asosida ishga qabul qilinadi, ushbu muddat yillik ish natijalariga koʻra keyingi yilga uzaytirilishi mumkin.
60. Pedagoglar, ijtimoiy xodimlar va psixologlar qonun hujjatlariga muvofiq tarbiyalanuvchilarga ruhiy va ijtimoiy pedagogik yordam koʻrsatadilar, ular Bolalar shaharchasi tarbiyalanuvchilarining ruhiy, shaxsiy va ijtimoiy rivojlanishidagi nuqsonlarni tuzatish ishlarini tashkil qiladilar.
61. Bolalar shaharchasining tibbiyot xodimlari tarbiyalanuvchilarning chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrigini tashkil etish, ularning oʻz vaqtida ixtisoslashtirilgan davolanishga yoʻnaltirilishi, tarbiyalanuvchilarning reabilitatsiya tadbirlariga kiritilishi, Bolalar shaharchasida sanitariya va epidemiyaga qarshi rejimlarga rioya qilinishi, tarbiyalanuvchilarning sifatli ovqatlanishi, ularning jismoniy va aqliy yuklamalari meʼyorlari, sanitariya qoidalari va meʼyorlariga muvofiq Bolalar shaharchasi hayot faoliyatining tashkil etilishi uchun javob beradilar.
8-bob. Bolalar shaharchasi taʼminoti va uni moddiy-texnik taʼminlash
62. Davlat Bolalar shaharchalari taʼminoti va ularni moddiy-texnik taʼminlash davlat budjeti mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy xayriya mablagʻlari, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
Davlat Bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari toʻliq davlat taʼminotida boʻladi.
Nodavlat Bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari muassislar taʼminotida boʻladi. Bunda mablagʻ bilan taʼminlash Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 22-maydagi 104-son qarori bilan tasdiqlangan Ota-onasining qarovisiz qolgan va toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan bolalar uchun Bolalar shaharchalari toʻgʻrisidagi nizomda davlat Bolalar shaharchalari uchun belgilangan miqdorlar va normativlardan kam boʻlishi mumkin emas.
63. Nodavlat Bolalar shaharchasi ustavida uni taʼminlashning aniq manbalari hamda Bolalar shaharchasi maʼmuriyatining muassis tomonidan berilgan mol-mulkni boshqarish borasidagi huquqlari koʻrsatilishi zarur.
64. Bolalar shaharchasi binolari texnika xavfsizligi qoidalariga, shuningdek sanitariya qoidalari va meʼyorlariga muvofiq jihozlanadi va foydalaniladi.
65. Bolalar shaharchasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan keyin hududiy moliya organlari taqdim qilingan Bolalar shaharchasi xarajatlar smetasini va uning shtatlar jadvalini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazadi.
Bolalar shaharchasining xarajatlar smetasi shaharchaning oʻz taʼminoti sifatida aks ettiriladigan xarajatlar boʻyicha, jumladan barcha xodimlarning ish haqi, kommunal xizmatlar uchun xarajatlar va boshqa joriy xarajatlar, binolar va inshootlar saqlanishi, ularni taʼmirlash, ularga xizmat koʻrsatish va boshqalar uchun xarajatlar hamda xarajatlar smetasida alohida hisob-kitobda har bir alohida oilaga ajratiladigan, budjet tarkibiga kiradigan va naqd pul shaklida toʻlanadigan xarajatlar boʻyicha tasdiqlanadi.
Nodavlat Bolalar shaharchalari tarmoqlar, shtatlar jadvali va kontingent boʻyicha moliya organlariga hisobot topshiradilar.
66. Binolar saqlanishi uchun xarajatlar va Bolalar shaharchalari faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan boshqa joriy xarajatlar bilan birgalikda kommunal xizmatlar boʻyicha xarajatlarni mablagʻ bilan taʼminlash naqd pulsiz toʻlovlar orqali amalga oshiriladi.
67. Davlat Bolalar shaharchalaridagi oilaviy budjet xarajatlarini qoplash uchun har bir tarbiyachiga “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilari uchun tasdiqlangan normativlarga muvofiq hisoblangan tarbiyalanuvchilar taʼminotiga oylik pul mablagʻlari toʻlanadi.
Har bir alohida oila budjetiga quyidagilar kiradi:
oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar, poyabzallar, choyshablar va sochiqlar, kundalik xoʻjalik va shaxsiy gigiyena buyumlari, oʻyinlar, oʻyinchoqlar, kitoblar, boshqa mayda xoʻjalik buyumlari sotib olish va transport xarajatlari;
sogʻlomlashtirish, taʼlim berish va madaniy-ommaviy tadbirlar.
68. Tarbiyachilar tomonidan oila budjeti mablagʻlaridan tejab qolingan pullar oila bayramlari va oilaning boshqa maqsadlari uchun ishlatilishi mumkin.
69. Davlat Bolalar shaharchalarini moliyalashtirish, shuningdek ularning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga xarajatlar ajratish “Mehribonlik” uylari uchun belgilangan meʼyorlarga muvofiq amalga oshiriladi.
70. Davlat Bolalar shaharchalaridagi bitta tarbiyalanuvchining oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal va yumshoq mebel bilan taʼminlash meʼyori “Mehribonlik” uylari uchun tasdiqlangan meʼyorlarga oʻxshash holda belgilanadi.
71. Bolalar shaharchasida moliyaviy boshqarish tizimi Bolalar shaharchasining har bir oilasida moliyaviy javobgarlik va hisobot berishga yoʻnaltirilgan.
72. Davlat Bolalar shaharchalarida qonunchilikda nazarda tutilgan tarbiyachilar, maʼmuriy-xoʻjalik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar ish haqi va ularni moddiy ragʻbatlantirish davlat budjeti hisobiga “Mehribonlik” uylari uchun qoʻllanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Bolalar shaharchasining barcha rahbar, pedagog va boshqa xodimlariga yetim bolalar bilan ishlashning maxsus sharoitlari uchun ish haqi stavkasiga 50 foiz miqdorida qoʻshimcha haq belgilanadi.
Tarbiyachilar va tarbiyachining yordamchilariga bolalar bilan kecha-kunduz, shu jumladan tungi vaqtda ishlaganligi uchun ish haqi stavkasiga 100 foiz miqdorida qoʻshimcha haq belgilanadi.
73. Budjetning gʻaznachilik ijrosiga oʻtmagan mintaqalarda davlat Bolalar shaharchasi taʼminoti uchun ajratiladigan pul mablagʻlari har oyda uning bankdagi hisob raqamiga belgilangan muddatlarda va tartibda oʻtkaziladi.
74. Budjetning gʻaznachilik ijrosiga oʻtgan mintaqalarda davlat Bolalar shaharchasi xarajatlarini davlat budjeti mablagʻlari hisobiga moliya organlarida, shuningdek gʻaznachilik boʻlinmalarida belgilangan tartibda tasdiqlangan va roʻyxatga olingan xarajatlar smetalari asosida toʻlash uchun gʻaznachilik hisob raqami ochiladi.
75. Bolalar shaharchasini moddiy qoʻllab-quvvatlash, tarbiyalanuvchilarni mustaqil hayot va mehnatga tayyorlash maqsadida Bolalar shaharchasi maʼmuriyati vasiylik va homiylik organlari bilan kelishgan holda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan tadbirkorlik yoki boshqa faoliyatni tashkil etish huquqiga ega.
Bolalar shaharchasi maʼmuriyati budjetdan tashqari mablagʻlarni oʻtkazish uchun alohida bank hisob raqamini ochish huquqiga ega.
76. Bolalar shaharchasiga berilgan bolalarning taʼminoti uchun mablagʻlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha meʼyorlar va imtiyozlarni hisobga olgan holda toʻliq hajmda toʻlanishi lozim. Ayrim sabablarga koʻra oʻtgan moliya yilida toʻlanmagan pul mablagʻlari keyingi moliya yilida toʻlanadi.
77. Yil davomida foydalanilmagan mablagʻlar olib qoʻyilmaydi, ular Budjet tashkilotlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi va keyingi yilda ulardan ushbu maqsadlar va bolalar ehtiyoji uchun foydalaniladi.
78. Bolalar shaharchasining barcha moliyaviy-xoʻjalik faoliyati buxgalteriya hisobini Bolalar shaharchasi buxgalteri amalga oshiradi, u tegishli xalq taʼlimi muassasalarini moliyalashtirish boʻlimlariga har oyda va har chorakda hisobot topshiradi.
79. Bolalar shaharchasi buxgalteriya hisobini yuritish va hisobotini tuzish buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
80. Barcha tarbiyachilar moddiy javobgar hisoblanadi. Tarbiyachilar toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma asosida oʻz oilalariga biriktirilgan mol-mulkning saqlanishini taʼminlaydi.
81. Tarbiyalanuvchilarning ovqatlanishini tashkil etish tarbiyachi tomonidan amalga oshiriladi.
82. Oziq-ovqat mahsulotlarini haftasiga kamida bir marta (tez ayniydigan oziq-ovqat mahsulotlarini haftasiga kamida ikki marta) sotib olish tarbiyachi tomonidan amalga oshiriladi.
Tarbiyachi tarbiyalanuvchilarni ularning yoshiga muvofiq ravishda balanslangan ovqatlanishini taʼminlaydi.
Tarbiyachi ovqat pishirish uchun zarur boʻlgan mahsulotlardan sarflangan mahsulotlarni keyinchalik taomnoma boʻyicha hisobdan chiqarmasdan foydalanadi.
Oiladagi bolalarning sifatli va toʻlaqonli ovqatlanishining tashkil etilganligi bolalarni doimiy ravishda tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, umumiy rivojlanishi, oʻsishi, vazni, shuningdek vrach va Bolalar shaharchasi maʼmuriyatining tanlab nazorat qilish natijalariga koʻra aniqlanadi.
83. Mahsulotlar chakana savdo tashkilotlaridan xarid qilganda toʻlov cheklari saqlab qoʻyiladi, oziq-ovqat bozoridan naqd pulga xarid qilingan mahsulotlar uchun esa dalolatnoma tuziladi.
84. Oziq-ovqat mahsulotlarini va boshqa tovarlarni hisobdan chiqarish tarbiyachilar tomonidan taqdim etilgan cheklar va dalolatnomalar asosida, doimiy ishlaydigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
85. Doimiy ishlaydigan komissiya tarkibi Bolalar shaharchasi direktori tomonidan bir yilga belgilanadi va uning buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
86. Bolalar shaharchasidan uzoq masofada joylashgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan tarbiyalanuvchilarga, yirik xaridlardan tashqari, Bolalar shaharchasidagi tushlik pul qiymatidan oshmaydigan miqdorda tushlikka naqd pul beriladi.
87. Tushlik uchun naqd pullar normativlari summalarni tarbiyalanuvchilarning yoshiga qarab taqsimlagan holda tasdiqlanadi.
88. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-son “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga moʻljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida yetim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar Bolalar shaharchasiga tarbiyalashga berilgan bolalarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
89. Bolalar shaharchasi vrachi tarbiyachiga oziq-ovqat mahsulotlari tanlashda maslahat yordami beradi va ovqatlanishni tashkil etish va uning sifatini tanlab nazorat qiladi. Bolalar shaharchasi vrachi buxgalteriya va tarbiyachilarning dori-darmonlar va oziq-ovqat mahsulotlari xarid qilish uchun ishlatgan mablagʻlari bilan bogʻliq boʻlgan barcha hisob-kitob yozishmalarini toʻsqinliksiz olish huquqiga ega.
90. Bolalar shaharchasining moliya-xoʻjalik faoliyati yuzasidan nazoratni moliya organlari amalga oshiradilar.
91. Bolalar shaharchasining moddiy-texnika bazasi binolar, inshootlar, yer uchastkalari, kommunikatsiyalar, inventarlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va boshqalardan iborat boʻladi.
92. Bolalar shaharchasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq va statistika organlariga hisobot topshiradi.
9-bob. Yakuniy qoidalar
93. Bolalar shaharchasi maqomi oxirgi tarbiyalanuvchi balogʻat yoshiga yetgunga qadar va ishga joylashgunga qadar saqlanib qoladi.
94. Bolalar shaharchasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
95. Bolalar shaharchasining ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish uni tasdiqlash tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 51-son, 614-modda)