OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TAʼLIMI VAZIRINING
buyrugʻi
Sport inshootlari (suv havzasi, sport zal) ichida shugʻullanuvchilar va tomoshabinlarning oʻzini tutish qoidalarini tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 4-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2571]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2019-yil 28-oktabrdagi 491-mh-sonli “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatni davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2571-1, 28.10.2019-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 15-sonli “Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi va 2010-yil 23-sentabrdagi 211-sonli “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Sport inshootlari (suv havzasi, sport zal) ichida shugʻullanuvchilar va tomoshabinlarning oʻzini tutish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir U. INOYATOV
Toshkent sh.,
2014-yil 6-mart,
56-son
Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining 2014-yil 6-martdagi 56-sonli buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Sport inshootlari (suv havzasi, sport zal) ichida shugʻullanuvchilar va tomoshabinlarning oʻzini tutish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-yanvardagi 15-sonli “Ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, sport inshootlari (suv havzasi, sport zal) ichida shugʻullanuvchilar va tomoshabinlarning oʻzini tutish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy talablar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
sport inshooti — sport turlari boʻyicha ommaviy-sport tadbirlarini, oʻquv-trenirovka mashgʻulotlarini va oʻquv-trenirovka yigʻinlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan, unga nisbatan qoʻyilgan norma va talablarga javob beradigan hamda tegishli pasportga ega boʻlgan yopiq yoki ochiq turdagi ixtisoslashtirilgan sport inshooti;
sport musobaqasi — musobaqaning eng yaxshi qatnashchisini aniqlash maqsadida uning tashkilotchisi tomonidan tasdiqlangan nizom (reglament)ga muvofiq oʻtkaziladigan sportning har xil turlari (sport predmetlari) boʻyicha sportchi yoki sportchilarning jamoalari oʻrtasidagi musobaqa;
tomoshabinlar — sport musobaqalarini koʻrish uchun kelgan shaxslar;
shugʻullanuvchilar — muayyan sport turi bilan muntazam shugʻullanadigan, oʻz sport mahoratini doimiy ravishda oshirib boradigan hamda tanlangan sport turi boʻyicha oʻtkaziladigan musobaqalarda va oʻquv-trenirovka yigʻinlarida qatnashadigan shaxslar.
2-bob. Sport inshootlariga kirishda shugʻullanuvchilar va tomoshabinlarning oʻzini tutishi
2. Shugʻullanuvchi sport inshootiga kirishda:
sport inshooti maʼmuriyati tomonidan berilgan ruxsatnoma (aboniment)ni taqdim etishi;
ommaviy-sport tadbirlari, oʻquv-trenirovka mashgʻulotlari va oʻquv-trenirovka yigʻinlariga oʻz vaqtida kelishi kerak.
3. Tomoshabin sport inshootiga kirishda:
sport musobaqasi boshlangunga qadar kelishi;
chipta, taklifnoma yoki tadbirga kirish huquqini beradigan boshqa ruxsatnomaga asosan sport inshootiga kirishi va joylashishi;
sport musobaqasiga jonivorlarni olib kelmasligi.
4. Shugʻullanuvchi sport inshooti ichida:
sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari talablariga rioya etishi;
sport inshooti maʼmuriyati hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi;
sport inshootining mol-mulkiga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishi zarur.
5. Tomoshabin sport inshooti ichida:
sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlari talablariga rioya etishi;
sport inshooti maʼmuriyati, shugʻullanuvchi hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi;
sport inshootining mol-mulkiga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishi zarur.
6. Sport inshooti ichida tomoshabinga quyidagilar taqiqlanadi:
alkogol va tamaki mahsulotlarini yoki boshqa mast qiluvchi vositalarni sport inshooti hududida isteʼmol qilish;
oʻzi bilan oʻqotar qurol, tez oʻt oladigan, portlovchi, zaharli, pirotexnik, oʻtkir hidli moddalarni, sanchadigan yoki kesadigan predmetlar, chemodanlar, portfellar, katta oʻlchamdagi oʻramlar va sumkalar, shisha idishlar, shuningdek boshqa tomoshabinlarga va tadbir oʻtkazishga xalal beruvchi boshqa buyumlar olib kelish;
yuz yoki tananing boshqa qismlarini boʻyash;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qoʻzgʻashga qaratilgan, tadbir ishtirokchilari va boshqa tomoshabinlarni haqorat qiladigan belgi yoki timsol va yozuvlarni olib yurish yoki ochiq namoyish etish;
sport musobaqasi ishtirokchilarining qadr-qimmatini kamsituvchi hayqiriqlar yoki harakatlar qilish;
turli buyumlarni sport musobaqasi ishtirokchilariga qarab uloqtirish;
sport musobaqasi maydoniga chiqish, jamoalar, hakamlar joylashgan joyga, doping nazorati xonasiga, rasmiy shaxslar uchun moʻljallangan xona yoki sport inshootining boshqa maxsus xonalariga kirish.
3-bob. Sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida tomoshabinlarning oʻzini tutishi
7. Sport inshootlarida sport musobaqasini oʻtkazish vaqtida yongʻin xavfsizligini taʼminlash Odamlar ommaviy boʻladigan obyektlar uchun yongʻin xavfsizligi qoidalariga (roʻyxat raqami 354, 1997-yil 8-iyul) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
8. Sport musobaqasi tashkilotchilari sport inshootlarida respublika va xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasini ijro etish qoidalariga (roʻyxat raqami 2533, 2013-yil 3-dekabr) muvofiq amalga oshirilishi kerak.
9. Futbol boʻyicha sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida tomoshabinlarning oʻzini tutishi Futbol boʻyicha sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida tomoshabinlarning (muxlislarning) oʻzini tutish qoidalariga (roʻyxat raqami 2430, 2013-yil 22-fevral) muvofiq amalga oshiriladi.
10. Sport inshootida sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida tomoshabin:
plastik surnaylar, dastasi plastikdan boʻlgan bayroqchalar, dastasi yoʻq bayroqlar, fotoapparatlar, uyali aloqa vositalarini sport inshootiga olib kirish;
ichi kavak (teleskopik) dastali bayroqlarni va barabanlarni olib kelish (bunda bayroqning maksimal hajmi — 1 x 2 m, dastasining maksimal uzunligi — 1,2 m boʻlishi kerak);
foto va videosʼyomkani amalga oshirish;
sport musobaqasi vaqtida uning ishtirokchilarini faol va uyushgan holda qoʻllab-quvvatlash;
qoʻllab-quvvatlovchi shior va chaqiriqlardan foydalanish;
sport musobaqasi va uning natijasi bilan bogʻliq axborot olish;
sport inshooti maʼmuriyati va huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari bilan kelishgan holda boʻsh sektorlar va yugurish yoʻlakchalariga, toʻsiqlarga banner-transparantlarni osib qoʻyish huquqiga ega.
11. Sport inshootida sport musobaqalarini oʻtkazish vaqtida tomoshabin:
sport inshooti maʼmuriyati va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga chiptalar, taklifnomalar yoki tadbirga kirish huquqini beradigan ruxsatnomalarni koʻrsatishi hamda ularning xavfsizlik va tartibni saqlash boʻyicha qonuniy talablarini bajarishi;
jamoat tartibi va axloq normalariga rioya etishi;
sport inshootining jihozlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishi;
shubhali predmetlar va buyumlarni koʻrganda, shuningdek tutun yoki yongʻin sodir boʻlganda zudlik bilan sport inshooti maʼmuriyati yoki huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga xabar berishi;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari koʻrsatmasiga asosan harakat qilishi;
davlat ramzlari va jamoalarning ramzlariga hurmat bilan munosabatda boʻlishi lozim.
4-bob. Sport inshootlarida sport musobaqalarining yopilishida tomoshabinlarning oʻzini tutishi
12. Sport inshootlarida sport musobaqasi yakuniga yetganidan soʻng tomoshabinlar sport inshooti maʼmuriyati tomonidan tasdiqlangan sxemaga asosan chiqib ketishlari zarur.
13. Sport inshootlarida sport musobaqalarining yopilishida tomoshabin:
sport musobaqasi tashkilotchilari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnomasiz yoki sport inshooti vakilisiz, sport musobaqasi maydoniga chiqishi, shuningdek shugʻullanuvchilarning kiyinish xonalariga, hakamlarning hamda boshqa xizmat koʻrsatish xonalariga kirishi;
sport inshooti va boshqa shaxslarning mulkiga zarar yetkazishi taqiqlanadi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
14. Mazkur Qoidalarning talablariga rioya etmagan yoki unga boʻysunishdan bosh tortgan shaxslar sport inshootiga qoʻyilmaydi yoki chiptaning haqi toʻlab berilmasdan sport musobaqasidan chetlashtiriladi.
15. Mazkur Qoidalar talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
16. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
Madaniyat va sport ishlari vaziri M. XODJIMATOV
2014-yil 6-mart
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2014-yil 6-mart
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2014-yil 6-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 14-son, 161-modda)