Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga talabalar qabul qilish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-maydagi 225-sonli “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tashkil etish toʻgʻrisida” 1992-yil 23-sentabrdagi Farmoniga muvofiq hamda 1995/1996 oʻquv yilida va keyingi oʻquv yillarida jahon iqtisodiyoti, davlatlararo munosabatlar, diplomatiya va xalqaro huquq sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1995/1996 oʻquv yilida va keyingi oʻquv yillarida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga qabul qilinadigan talabalar soni 150 kishi etib, shu jumladan:
xalqaro munosabatlar va xalqaro jurnalistika ixtisosligi boʻyicha — 25 kishi, xalqaro huquq ixtisosligi boʻyicha — 50 kishi, xalqaro iqtisodiy munosabatlar ixtisosligi boʻyicha — 75 kishi etib belgilansin.
2. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga talabalar qabul qilish har yili iyul oyining birinchi yarmida, tegishli fanlar boʻyicha chet tillarda (ingliz, fransuz, nemis tillarida), shuningdek oʻzbek va rus tillarida tuzilgan Universitetning maxsus testlari asosida zamonaviy kompyuter texnikasidan foydalangan holda amalga oshirilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻqish uchun 1995/1996 oʻquv yilida va keyingi oʻquv yillarida oʻqitishga sarflanadigan barcha xarajatlarning 40 foizi miqdorida haq toʻlanadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyatiga budjetdan tashqari mablagʻlardan universitetning moddiy-texnika bazasini rivojlantirishga, talabalar va oʻqituvchilarning chet elda amaliy ish tajribasini oshirishlariga, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirishga foydalanishga ruxsat etilsin.
4. Universitet zarur boʻlganda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritiladigan tegishli aniqliklarni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Talabalar sonini aniqlashda barcha viloyatlarning tashqi aloqalar boʻyicha mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojlari bab-baravar hisobga olinishi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Mana shu maqsadlarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida viloyatlar oliy oʻquv yurtlaridan kelgan qobiliyatli talabalarni oʻqitish joriy qilinsin.
6. Chekka tumanlardan kelgan yoshlarni tayyorlash maqsadida taʼlim oluvchilar soni 30 kishidan iborat boʻlgan pullik boshlangʻich kurs tashkil etilsin.
7. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga boshqa mamlakatlardan, shuningdek chet el kompaniyalari, firmalari, qoʻshma korxonalarning buyurtmanomalari boʻyicha talabalarni qabul qilish kontrakt-shartnoma asosida amalga oshirilsin.
8. Mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq:
“Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi respublika oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilishning umumiy rejalarida har yili Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga qabul qilinadigan talabalar sonini;
Moliya vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini taʼminlashga har yili zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va fan boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 31-may,
195-son