Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining
Qarori
Tovar bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektlar birlashmalarini tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olish ustidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 5-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2351]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2014-yil 10-yanvardagi 01/19-26/01-sonli “Tovar bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektlar birlashmalarini tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olish ustidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2351-1, 20.01.2014-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 1-son, 5-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-iyundagi 105-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 23-son, 182-modda) muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Tovar bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektlar birlashmalarini tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olish ustidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Rais v. b. U. TURDIYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 28-mart,
6-son
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2012-yil 28-martdagi 6-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tovar bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektlar birlashmalarini tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olish ustidan nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 1-son, 5-modda) muvofiq, tovar bozorida xoʻjalik yurituvchi subyektlar birlashmalarini (bundan keyingi oʻrinlarda birlashma deb yuritiladi) tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olish ustidan nazorat qilish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlarida xoʻjalik yurituvchi subyekt deganda tovar bozorida tovarlarni (ishlarni va xizmatlarni) ishlab chiqarish, olish va realizatsiya qilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs, shu jumladan chet ellik yuridik shaxs tushuniladi.
2. Birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish jarayonida raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi yoki uning tegishli hududiy organlarining (bundan keyingi oʻrinlarda monopoliyaga qarshi organ deb yuritiladi) oldindan roziligini olish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilarga oldindan rozilik beriladi:
birlashmalarni tashkil etishga;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olishga.
Agar tegishli harakatlarni sodir etishda ishtirok etayotgan shaxslar aktivlarining jami balans qiymati eng kam ish haqining yuz ming baravari miqdoridan ortiq boʻlsa yoki ularning qoʻshib yuborilgan yoki qoʻshib olingan yildan oldingi oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olgan jami tushumi eng kam ish haqining yuz ming baravari miqdoridan ortiq boʻlsa yoxud ulardan biri tovar bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyekt boʻlsa, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tovar bozorida qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish uchun monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligi olinishi zarur.
4. Mazkur Nizom xolding kompaniyalarini tuzish hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar birlashmalarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra tashkil etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
II bob. Birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish uchun monopoliyaga qarshi organ tomonidan oldindan rozilik berish
5. Birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish uchun oldindan rozilik berish masalasi:
harakatni sodir etayotgan ishtirokchilar yoki ishtirokchilardan biri oʻz faoliyatini respublika hududida yoki uning turli hududlarida amalga oshirganda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻz faoliyatini biron-bir hudud doirasida amalga oshirganda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining tegishli hududiy organlari tomonidan koʻrib chiqiladi.
6. Birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish uchun oldindan rozilik tegishli harakatlarni sodir etishdan oldin olinishi kerak.
7. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar qoʻshib yuborilganda ulardan har birining huquq va majburiyatlari topshirish hujjatiga muvofiq yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsga oʻtadi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektni boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektga qoʻshib olishda, qoʻshib olingan xoʻjalik yurituvchi subyektning huquqlari va majburiyatlari topshirish hujjatiga muvofiq qoʻshib olgan xoʻjalik yurituvchi subyektga oʻtadi.
8. Birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish boʻyicha harakatlarni sodir etishga oldindan rozilik olish uchun monopoliyaga qarshi organga:
harakatlarni sodir etishga oldindan rozilik berish toʻgʻrisidagi arizani;
sodir etilayotgan harakat ishtirokchilari har birining ariza bergan kundan oldingi ikki yil mobaynida yoxud agar faoliyat ikki yildan kamroq muddatni tashkil etsa, faoliyat amalga oshirilgan muddat mobaynida olib borgan faoliyat turlari, ishlab chiqargan va realizatsiya qilgan tovar turlarining nomlari hamda ularning hajmlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
oʻtgan ikki kalendar yilga doir moliyaviy hisobotni (1 va 2-shakl);
birlashmaga kirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning taʼsischilari, shuningdek qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning taʼsischilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
Ariza va xoʻjalik yurituvchi subyektning asosiy faoliyat turi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taʼsischilarning (ishtirokchilarning) kelishuviga koʻra taʼsischilardan biri tomonidan imzolanadi va muhrlanadi. Bunda hujjatlarni taqdim etishga vakolat berilgan taʼsischi (vakolatli taʼsischi) oʻzining vakolatini tasdiqlovchi hujjatni monopoliyaga qarshi organga taqdim etishi shart.
9. Sodir etilayotgan tegishli harakat raqobatning cheklanishiga taʼsir etishi mumkinligini oʻrganish uchun monopoliyaga qarshi organ tomonidan koʻrib chiqilayotgan ishga bevosita taalluqli boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlar ularga ega boʻlgan boshqa shaxslardan soʻrab olinishi mumkin.
10. Monopoliyaga qarshi organ, agar:
birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish uchun oldindan rozilik berish toʻgʻrisidagi arizaning qanoatlantirilishi birlashmaning yoki yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsning tovar bozorida ustun mavqeyi yuzaga kelishiga yoki kuchayishiga va (yoki) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin boʻlsa;
taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqishda ularda bayon etilgan axborotning ishonchsizligi yoki yolgʻonligi aniqlansa, birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish uchun oldindan rozilik berishni rad etishga haqli.
11. Birlashmalar yoki yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarning tovar bozorlaridagi ustun mavqeyi monopoliyaga qarshi organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi.
12. Birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish uchun oldindan rozilik berish masalasi monopoliyaga qarshi organ rahbarining buyrugʻi bilan uning xodimlaridan tuziladigan maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi.
13. Koʻrib chiqish natijalari boʻyicha maxsus komissiya zarur hujjatlar va maʼlumotlar olingan paytdan eʼtiboran oʻn kalendar kundan kechiktirmay birlashmaning tashkil etilishi, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qoʻshib yuborilishi yoki qoʻshib olinishiga rozilik berish yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Zarur hollarda, agar monopoliyaga qarshi organda sodir etilayotgan harakat raqobatning cheklanishiga olib keladi yoki olib kelishi mumkin, shu jumladan tovar bozorida birlashmaning yoki yangidan vujudga kelgan yuridik shaxs ustun mavqening vujudga kelishi yoxud kuchayishi orqali raqobatning cheklanishiga olib keladi yoki olib kelishi mumkin deb taxmin qilish uchun asoslar paydo boʻlsa, arizani koʻrib chiqish muddati bir oydan koʻp boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Birlashmaning tashkil etilishi, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qoʻshib yuborilishi yoki qoʻshib olinishiga oldindan rozilik berish yoki uni rad etish toʻgʻrisidagi qaror maxsus komissiya raisi va uning aʼzolari tomonidan ikki nusxada imzolanadi hamda gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
Koʻrib chiqish natijasi boʻyicha maxsus komissiya tomonidan qabul qilingan qaror u qabul qilingan kuni vakolatli taʼsischiga yuboriladi.
Yozma murojaat qilingan hollarda, manfaatdor shaxslarga qarorning nusxasi taqdim etiladi.
14. Birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish ushbu harakatlarni sodir etishga oldindan rozilik berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan paytdan eʼtiboran bir yil davomida sodir etilishi kerak. Belgilangan muddatlarda koʻrsatilgan harakatlar sodir etilmagan hollarda monopoliyaga qarshi organning qarori oʻz kuchini yoʻqotadi.
15. Zarur hollarda, maxsus komissiya yigʻilishiga birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olishga oldindan rozilik olish uchun murojaat qilgan shaxslar (ishonchnoma bilan ularning vakillari), shuningdek tegishli harakat sodir etilishidan manfaatdor boʻlgan shaxslar ham taklif etilishi mumkin.
16. Monopoliyaga qarshi organ belgilangan muddatlarda birlashmalarni tashkil etishga, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish uchun oldindan rozilik berishga va buni raqobatni taʼminlashga qaratilgan talablarni bajarishga bogʻliq qilib qoʻyishga haqli.
Mazkur harakatlarning sodir etilishi tovar bozorida tegishli xoʻjalik yurituvchi subyektning ustun mavqeyi yuzaga kelishiga yoki kuchayishiga va (yoki) raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan taqdirda, bu harakatlarni sodir etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar monopoliyaga qarshi organning talabiga koʻra raqobatning zarur shart-sharoitlarini tiklash chora-tadbirlarini koʻrishi shart.
17. Monopoliyaga qarshi organ hatto birlashma yoki yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsning tovar bozorida ustun mavqeyi yuzaga kelishi yoki kuchayishi va (yoki) raqobatning cheklanishi noxush oqibatlar yuz berishi mumkin boʻlgan taqdirda ham, agarda birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish va qoʻshib olish boʻyicha harakatlarni sodir etish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yuridik shaxslar oʻz harakatlari isteʼmolchilarga sezilarli darajada naf keltirishini isbotlab bersa, harakatlarni sodir etish uchun oldindan rozilik berish haqidagi arizani qanoatlantirishga haqli.
III bob. Birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish tartibini buzish
18. Monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olmasdan birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish holatlari aniqlangan taqdirda, qonun hujjatlariga muvofiq birlashmalarni tashkil etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish ishtirokchilari — xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganlik haqidagi ish qoʻzgʻatiladi.
19. Raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganlik haqidagi ish monopoliyaga qarshi organning maxsus komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Maxsus komissiya ishni mazmunan koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
dastlabki holatni tiklash toʻgʻrisida;
birlashmani yoki yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni saqlab qolish toʻgʻrisida.
20. Maxsus komissiya qabul qilingan qarordan qatʼi nazar, monopoliyaga qarshi organning oldindan olinadigan roziligini olmasdan birlashmalarning tashkil etilganligi, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qoʻshib yuborilganligi yoki qoʻshib olinganligi uchun ushbu harakatlarni sodir etish haqida qaror qabul qilgan barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarga raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq jarima soladi.
21. Monopoliyaga qarshi organning qoʻzgʻatilgan ishni koʻrish natijalari boʻyicha qabul qilgan qarori xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, shuningdek manfaatdor tomonlarga qaror qabul qilingan kundan soʻng uch kalendar kundan kechiktirmay yuboriladi.
22. Monopoliyaga qarshi organning qarori asosida berilgan koʻrsatma unda belgilangan muddatlarda ijro etilishi lozim.
Monopoliyaga qarshi organning oldindan beriladigan roziligisiz sodir etilgan, birlashmaning, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsning ustun mavqeyi yuzaga kelishiga yoki kuchayishiga va (yoki) raqobatning cheklanishiga olib keladigan harakatlar monopoliyaga qarshi organning daʼvosiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
23. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar monopoliyaga qarshi organning qaroridan (koʻrsatmasidan) norozi boʻlgan taqdirda, qarorni butunlay yoki qisman haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi ariza bilan sudga yoki qarorni (koʻrsatmani) bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisidagi ariza bilan yuqori turuvchi monopoliyaga qarshi organga murojaat qilishga haqli.
IV bob. Yakuniy qoida
24. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi raisi v.b. A.ABDUXAKIMOV
2012-yil 27-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 14-son, 162-modda)