Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
MIKROKREDIT TAShKILOTLARINING KREDIT SIYOSATIGA NISBATAN QOʻYILADIGAN TALABLAR TOʻGʻRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 25-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2230]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-yanvardagi 2/9-sonli ““Mikrokredit tashkilotlarining kredit siyosatiga nisbatan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 2230-1, 27.02.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2006-y., 9-son, 495-modda) qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Mikrokredit tashkilotlarining kredit siyosatiga nisbatan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2011-yil 30-aprel,
13/5-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011-yil 30-apreldagi 13/5-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Mikrokredit tashkilotlarining kredit siyosatiga nisbatan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda) va “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2006-yil, 9-son, 495-modda) qonunlariga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-son “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq mikrokredit tashkilotlarining kredit siyosatiga nisbatan qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mikrokredit tashkilotining kredit siyosati (bundan buyon matnda kredit siyosati deb yuritiladi) mikrokredit tashkiloti oʻz mijozlarini kreditlash jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tavakkalchilikni boshqarishda mikrokredit tashkiloti rahbariyati tomonidan qabul qilinadigan choralar va uslubiyotlarni belgilovchi hamda mikrokredit tashkilotining kredit portfelini samarali boshqarishga doir koʻrsatmalar bilan taʼminlovchi hujjatdir. Kredit siyosati mikrokredit tashkiloti tomonidan amalga oshiriladigan kreditlash faoliyatining maqsadlari, tamoyillari, yoʻnalishlari va tartibini belgilab beradi.
2. Har bir mikrokredit tashkiloti oʻz kredit siyosatini ishlab chiqadi. Kredit siyosati alohida hujjat sifatida ishlab chiqiladi va mikrokredit tashkilotining yuqori boshqaruv organi tomonidan tasdiqlanadi.
Kredit siyosati mikrokredit tashkilotining yuqori boshqaruv organi tomonidan har yili kamida bir marta tegishli yilning 1-fevraligacha boʻlgan muddatda qayta koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi.
3. Kredit siyosatini ishlab chiqish va ijro etish yuzasidan javobgarlik mikrokredit tashkilotining yuqori boshqaruv organi va ijro etuvchi organiga yuklatiladi.
II. Mikrokredit tashkilotlarining kredit siyosatiga nisbatan qoʻyiladigan talablar
4. Kredit siyosatida mikrokredit tashkiloti tomonidan beriladigan kreditlarning turlari (mikrokredit, mikroqarz, mikrolizing va isteʼmol kreditlari) (bundan buyon matnda kredit deb yuritiladi) hamda sohalari (savdo, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va boshqalar) belgilab qoʻyiladi.
5. Kredit siyosatining maqsadi quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
mikrokredit tashkiloti mijozlarining kreditlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish;
kreditlarni berish jarayonida qonun hujjatlariga rioya qilinishini taʼminlash;
berilgan kreditlarning muddatida qaytarilishini taʼminlash;
tavakkalchilikni diversifikatsiya qilish;
berilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishini hamda qarzdorning moliyaviy holatini doimiy monitoring qilish.
6. Kredit siyosatida mikrokredit tashkiloti uchun mos kelmaydigan kreditlarning turlari koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
7. Kredit siyosati kreditlarning turlari, iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar va boshqalar boʻyicha kreditlarni diversifikatsiyalash darajasini belgilash va ularni monitoring qilish toʻgʻrisidagi talablarni oʻz ichiga oladi.
8. Kredit siyosatida beriladigan kreditlarning turiga qarab, talab qilib olinadigan hujjatlarning roʻyxatlari hamda kredit hujjatlari toʻplamini rasmiylashtirish tadbirlari belgilanishi lozim. Mikrokredit tashkiloti tomonidan qarzdorlarga berilgan kreditlar boʻyicha rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar har bir qarzdor boʻyicha alohida yigʻmajildda yuritiladi.
9. Kredit siyosatida mijozlarning kredit qobiliyatini baholash uchun ularning moliyaviy holatini tahlil qilish tadbirlari yoritilishi kerak. Kredit siyosatida mijozlarning kredit qobiliyatini baholash mezonlari va metodikasi belgilanadi.
10. Kredit siyosati kreditni berish jarayonida hamda keyingi monitoring bosqichlarida mijoz (qarzdor)larning moliyaviy holatiga qoʻyiladigan quyidagi talablarni oʻz ichiga olishi lozim:
jismoniy shaxslarning daromadlari haqidagi maʼlumotlar va yuridik shaxslarning moliyaviy hisobotlariga nisbatan qoʻyiladigan talablarni;
jismoniy shaxslarning daromadlari haqidagi maʼlumotlar hamda yuridik shaxslarning moliyaviy hisobotlarini tahlil qilish, pul oqimlari va boshqa maʼlumotlar boʻyicha qoʻshimcha hisobotlarni taqdim etish yuzasidan qoʻyiladigan talablarni.
Bunda yuridik shaxslar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlar Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standartlariga muvofiq boʻlishi kerak.
11. Kredit siyosati mijozlar tomonidan taqdim etiladigan biznes-rejaga buyurtmalar portfelining tuzilishi va mikrokredit tashkiloti kreditidan foydalangan holda koʻrsatiladigan xizmatlar, ishlab chiqariladigan tovarlarni sotish bozorining mavjudligi haqidagi maʼlumotlarni taqdim etish boʻyicha talabni oʻz ichiga olishi lozim.
12. Kredit siyosatida kreditlarning har bir turi boʻyicha foiz stavkalarini belgilash mezonlari aks ettiriladi. Bunda kredit boʻyicha xizmat koʻrsatishga doir kutilayotgan xarajatlar, vositachilik haqi, maʼmuriy xarajatlar hamda mikrokredit tashkiloti marjasini belgilash tartibi koʻrsatiladi.
13. Kredit siyosatida beriladigan kreditlar uchun hisoblanadigan foizlar kreditning qoldiq summasiga har kuni hisoblab borilishi belgilab qoʻyilishi shart. Muddati oʻtgan kreditlarga hisoblanadigan penyalar yoki oshirilgan stavkada hisoblanadigan foizlar berilgan kredit boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlikka qancha miqdorda va muddatgacha hisoblab borilishi hamda ushbu shartlar kredit shartnomasining alohida bandida qayd etilishi ham koʻrsatib oʻtilgan boʻlishi zarur.
14. Kredit siyosati muayyan turdagi mol-mulk (koʻchmas yoki koʻchar mol-mulklar) garovi asosida beriladigan kreditlarning maksimal miqdori limitlarini belgilaydi. Kredit siyosatida kreditni berish vaqtida kreditga qoʻyilgan garov taʼminoti kreditni qaytarishning birlamchi manbasi boʻlmasligi belgilab qoʻyilishi kerak.
15. Kredit siyosati garovga olingan mol-mulk turiga qarab, garovga qoʻyilayotgan mol-mulkka (garov narsasiga) nisbatan qoʻyiladigan zaruriy talablar (garovga qoʻyuvchi yoki vakolatli shaxsning vakolatlari, garov narsasiga tegishli barcha hujjatlarning tegishlicha rasmiylashtirilganligining oʻrganilishi) va kredit hajmining garov qiymatiga boʻlgan nisbatini oʻz ichiga oladi.
Bunda garovga qoʻyilayotgan mol-mulk belgilangan tartibda baholanishi va uning bozor qiymati uni sotish kerak boʻlgan paytda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xarajatlarni qoplashga yetarli boʻlishi lozimligi yoritilishi zarur.
16. Kredit siyosatida garov narsasini baholovchi tashkilot yoki mikrokredit tashkilotining oʻzi tomonidan baholanadigan holatlar koʻrsatib oʻtiladi hamda turli garov toifalarini baholash uslublari aks ettiriladi.
17. Kredit siyosatida mikrokredit tashkiloti tomonidan beriladigan kreditlarning taʼminoti sifatida olinadigan kafilliklar boʻyicha kafilning moliyaviy holatini baholash yuzasidan talablar belgilanishi lozim.
18. Kredit siyosatida kreditlash uchun masʼul boʻlgan shaxslarning kreditlash toʻgʻrisida qaror qabul qilish boʻyicha vakolatlari belgilanadi.
19. Kreditni qaytarish muddati uni qaytarishning birlamchi va ikkilamchi manbalarini baholash asosida belgilanadi. Kredit siyosatida har xil turdagi kreditlarni qaytarishning maqbul yoʻllari koʻrsatiladi.
20. Kredit siyosati kreditlarni qaytarishning maksimal muddatlarini belgilaydi. Kredit siyosati kreditning asosiy summasini grafik asosida soʻndirilishi hamda kreditni qaytarish muddati uzaytirilayotganda kreditni qaytarish tartibini ham oʻz ichiga oladi. Kredit siyosatida kreditni qaytarish muddatini uzaytirish mikrokredit tashkiloti yuqori boshqaruv organining qarori asosida amalga oshirilishi belgilab qoʻyilishi zarur.
21. Mikrokredit tashkiloti qarzdori tomonidan olingan bitta kredit ushbu qarzdor tomonidan mikrokredit tashkilotidan olingan boshqa kredit hisobiga soʻndirilishi mumkin emasligi kredit siyosatida belgilanib qoʻyilishi shart.
22. Kredit siyosati berilgan kreditlarning qaytarilishi boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash va qarzdorlikni toʻliq undirib olish boʻyicha chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi.
23. Kredit siyosatida kreditlarni tasniflash tizimi ifodalanadi. Mikrokredit tashkiloti xodimlari kredit portfelidagi barcha maʼlum boʻlgan salbiy oʻzgarishlar toʻgʻrisida rahbariyatga axborot berishlari shart.
24. Mikrokredit tashkiloti kreditlar boʻyicha ehtimoliy yoʻqotishlarga qarshi zaxiralarni tashkil etadi hamda umidsiz kreditlarni hisobdan chiqarish tadbirlarini ishlab chiqadi.
25. Kredit siyosatida berilgan kreditlarning maqsadli ishlatilishi, qarzdorning moliyaviy holati hamda kredit taʼminotining holatini monitoring qilib borish shartlari koʻrsatib oʻtilishi kerak.
26. Kredit siyosatida mikrokredit tashkiloti tomonidan beriladigan kafolatlar qaysi maqsadda berilishi, ularni imzolashga vakolati boʻlgan mansabdor shaxslarning roʻyxati hamda kafolatlar beriladigan holatlar, shuningdek ularga doir hujjatlar va hisobotlarga nisbatan qoʻyiladigan talablar yoritiladi.
27. Kredit siyosatida mikrokredit tashkiloti tomonidan beriladigan kafolatlar boʻyicha shartnomalar tuzilishi belgilanishi zarur.
28. Kredit siyosatida mikrokredit tashkilotining kredit portfelini baholashga javobgar boʻlgan mansabdor shaxslar roʻyxati belgilanadi. Kredit portfeli sifatini baholash va tuzatishlar kiritilishi uchun muammoli kreditlarni aniqlash boʻyicha zarur boʻlgan mikrokredit tashkilotining kredit tahlili qoidalari belgilanadi.
29. Kredit tahlili qoidalarida kredit sifatini baholash, tasdiqlangan kredit siyosatiga muvofiq kredit hujjatlarini rasmiylashtirish, moliyaviy tahlil, garovni rasmiylashtirish, kreditlashga doir vakolatlarni taqsimlash va qonun hujjatlariga rioya qilinishini baholash boʻyicha talablar belgilanishi lozim.
30. Kredit siyosatida ijro etuvchi organ tomonidan mikrokredit tashkiloti yuqori boshqaruv organiga kreditlashning turli jihatlari boʻyicha, shuningdek kredit portfeli sifati va kredit portfelini boshqarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi hisobotlarni taqdim etish tartibi va davriyligi belgilab qoʻyilgan boʻlishi kerak.
Hisobotlarda mikrokredit tashkiloti tomonidan kreditlarning turlariga muvofiq tavakkalchiliklarni baholash va boshqarish darajalari yoritilgan boʻlishi lozim.
III. Yakuniy qoida
31. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 20-21-son, 217-modda)