Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrugʻi
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XIZMATChILARINING ASOSIY LAVOZIMLARI VA IShChILAR KASBLARI KLASSIFIKATORIGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TARTIBINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 9-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2145]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2015-yil 18-dekabrdagi 58-B-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi xizmatchilarining asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari Klassifikatoriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2145-1, 23.12.2015-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 181-son “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 34-son, 291-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi xizmatchilarining asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2010-yil 13-sentabr,
164-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2010-yil 13-sentabrdagi 164-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi xizmatchilarining asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
TARTIBI
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-avgustdagi 181-son “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 34-son, 291-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi xizmatchilarining asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga (keyingi oʻrinlarda Klassifikator deb yuritiladi) oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish jarayonini belgilaydi.
2. Klassifikatorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari jadvaliga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish orqali amalga oshiriladi.
II. Klassifikatorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
3. Klassifikatorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
ilmiy-texnikaviy taraqqiyot, boshqaruv va ishlab chiqarishni tashkil etishning takomillashtirilishi natijasida Klassifikatorda koʻrsatilmagan, yangi lavozimlar va kasblarni Xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari jadvaliga kiritilganda;
eskirgan va mohiyatini yoʻqotgan xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilarning kasblarini Xizmatchilar lavozimlari va ishchilar kasblari jadvalidan chiqarib tashlanganda;
Kasblarning xalqaro standart klassifikatori talablariga muvofiq lavozim va kasb kodiga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek xodimlarni toifalashtirish (tegishli xodimlar toifasiga lavozim va kasblarning biriktirilishi) va maʼlumot darajasiga qoʻyiladigan eng kam talablar oʻzgartirilganda;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va uning hududlardagi tarkibiy boʻlinmalari, ixtisoslashgan ilmiy muassasalar tomonidan amalga oshirilgan mehnat bozoridagi kasb va lavozimlar tuzilmalari tahlili natijasida.
4. Klassifikatorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish uchun asos boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
davlat, xoʻjalik boshqaruv organlari va tashkilotlarning Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga taqdim etilgan takliflari;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va uning hududlardagi tarkibiy boʻlinmalari, ixtisoslashgan ilmiy muassasalar tomonidan amalga oshirilgan mehnat bozoridagi kasb va lavozimlar tuzilmalari tahlili natijasi boʻyicha tuzilgan xulosalari.
5. Takliflarni koʻrib chiqish va Klassifikatorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan xulosa berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligida Ekspert ishchi guruhi tuziladi. Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar tarmoqning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, maxsus oʻrganishni taqozo etsa, ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalar tegishli tarmoq davlat organlari va xoʻjalik boshqaruv organlari bilan kelishiladi. Bunda tegishli ilmiy muassasa mutaxassislari belgilangan tartibda jalb qilinishi mumkin.
6. Ekspert ishchi guruhi xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining Klassifikatorga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilinadi va tasdiqlanadi.
7. Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari jadvaliga eskirgan va mohiyatini yoʻqotgan lavozimlar va kasblarni oʻz ichiga olgan holda oʻzgartirishlar kiritilgan ushbu jadvalning tegishli qatori toʻliq oʻzgartiriladi (chiqarib tashlanadi).
Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari jadvaliga qoʻshimchalar kiritilayotgan qator kasb (lavozim) kodini, uning nomini, kasblarning milliy standart klassifikatori boʻyicha kodni, shaxsning toifasini va taʼlim darajasining talab qilinadigan minimumini oʻz ichiga olgan holda toʻliq koʻrsatiladi.
8. Klassifikatorga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar uni yangi tahrirda chop etilishini talab etmaydi.
III. Yakuniy qoidalar
9. Klassifikatorga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kuchga kirgandan soʻng tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda tashkilotlar ichki hujjatlarini ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalarga muvofiqlashtirish choralarini koʻrishlari lozim.
10. Mazkur Tartib normalarining buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 40-41-son, 354-modda)