Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQ TAʼLIMI, SOGʻLIQNI SAQLASh, IJTIMOIY TAʼMINOT, MADANIYAT VA ARXIV MUASSASALARI XODIMLARI ISh HAQI STAVKALARINING VA LAVOZIM MAOShLARINING YaNGI MIQDORLARINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-oktabrdagi 505-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash va ularning baʼzilariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor munosabatlariga oʻtish sharoitlarida xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy taʼminot, madaniyat va arxiv muassasalari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ular ish haqining ishlab chiqarish tarmoqlari xodimlarining mehnat haqi darajasidan orqada qolayotganligini bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy taʼminot, madaniyat va arxiv muassasalarining yetakchi kasblari xodimlarining ish haqi stavkalari va lavozim maoshlari SSSR Davlat mehnat qoʻmitasining 1991-yil 20-martdagi 70-son qaroriga muvofiq belgilansin.
Koʻrsatib oʻtilgan qarorda nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash shartlari 1991-yilning 1-iyulidan joriy qilinsin.
2. Jumhuriyat faxriy unvonlariga ega boʻlgan shaxslarning ish haqi stavkalariga va lavozim maoshlariga ilovaga muvofiq miqdorlarda har oyda beriladigan ustamalar belgilansin.
3. OʻzSSJ Xalq taʼlimi vazirligi, OʻzSSJ Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, OʻzSSJ Sogʻliqni saqlash vazirligi, OʻzSSJ Madaniyat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar ikki hafta muddat ichida mazkur qarorda koʻzda tutilgan lavozimlarga malaka talablarini hamda xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy taʼminot, madaniyat muassasalari va tashkilotlari va arxiv muassasalari xodimlari layoqatini tekshirishdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi tavsiyanomalarni belgilangan tartibda tasdiqlasinlar va ularni muassasalar va tashkilotlarga yetkazsinlar, shuningdek tasarrufidagi muassasalar va tashkilotlarda navbatdan tashqari layoqatni tekshirishni va qayta tarif belgilashni oʻtkazish ustidan nazoratni taʼminlasinlar. Mutaxassis kadrlarni, ularning kasbiy tajribalari, mahoratlari va bajaradigan ishlarining murakkabligini hisobga olib, joy-joyiga qoʻyishni taʼminlasinlar.
Mazkur qaror bilan tasdiqlangan stavkalar va maoshlar layoqatni tekshirish va qayta tarif belgilash natijalariga qarab aniqlanadi.
4. OʻzSSJ Mehnat vazirligi OʻzSSJning tegishli vazirliklari va idoralari bilan birgalikda qishloqda, jumhuriyatning chekka va kam oʻzlashtirilgan rayonlarida band boʻlgan mazkur qarorda koʻrsatilgan muassasalar va tashkilotlar xodimlarining stavkalari va maoshlarini oshirishning tabaqalashtirilgan miqdorlarini belgilash boʻyicha taklifni ikki oy muddatda ishlab chiqsin va kiritsin.
5. OʻzSSJ Moliya vazirligi xodimlar ish haqining oshirilishi bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlarni moliyaviy taʼminlasin.
Vazirlar Mahkamasi Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 3-avgust,
205-son
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 3-avgustdagi 205-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Jumhuriyat faxriy unvonlariga ega boʻlgan shaxslarning ish haqi stavkalarini va lavozim maoshlarini oshirish
MIQDORLARI
|
Oʻzbekistonning faxriy unvonlari nomi |
Joriy qilinadigan qoʻshimcha haq (soʻm hisobida) |
| Xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi | 70 |
| Xizmat koʻrsatgan trener | 70 |
| Xizmat koʻrsatgan jismoniy tarbiya xodimi | 70 |
| Xizmat koʻrsatgan hunar-texnika taʼlimi xodimi | 70 |
| Xalq artisti | 100 |
| Xalq hofizi | 100 |
| Xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi | 70 |
| Xizmat koʻrsatgan artist | 70 |
| Xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi | 70 |
| Xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi | 70 |
| Xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi | 70 |
| Xalq oʻqituvchisi | 100 |
| Xizmat koʻrsatgan ijtimoiy taʼminot xodimi | 70 |