Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
ShAHARChALAR, QIShLOQLAR VA OVULLAR FUQAROLAR YIGʻINLARINING RAISLARI (OQSOQOLLARI) TOMONIDAN NOTARIAL HARAKATLARNI AMALGA OShIRISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMANI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 19-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2098]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2010-yil 4-iyundagi 108-mh-sonli “Shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2098-1, 04.06.2010-y.)asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 42-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-avgustdagi 370-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 15-16-son, 138-modda) muvofiq buyuraman:
1. Shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (S.Nuriyev) va Notariat, FHDY va advokatura boshqarmasi (D.Yakubova) ushbu normativ-huquqiy hujjatni 10 kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar adliya boshqarmalari mazkur buyruq kuchga kirgunga qadar tegishli shaharcha, qishloq va ovullardagi fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) bilan Shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani qoʻllash masalalariga bagʻishlangan seminarlar oʻtkazsin.
5. Mazkur buyruq 2010-yil 15-maydan boshlab kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruq kuchga kirgan kundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Hayʼatining 1997-yil 28-apreldagi 33/1-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan belgilangan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida qoʻllanma” oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2010-yil 19-aprel,
79-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2010-yil 19-apreldagi 79-mh-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 42-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-avgustdagi 370-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 15-16-son, 138-modda) hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) (bundan keyingi oʻrinlarda fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) deb yuritiladi) tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunning (bundan keyingi oʻrinlarda Qonun deb yuritiladi) 25-moddasiga muvofiq aholi punktida notarius mavjud boʻlmagan taqdirda fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) quyidagi notarial harakatlarni amalga oshiradi:
vasiyatnomalarni tasdiqlaydi;
ishonchnomalarni tasdiqlaydi, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar bundan mustasno;
meros mol-mulkning qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻradi;
hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan koʻchirmalarning toʻgʻriligini shahodatlaydi, maʼlumoti haqidagi hujjat nusxalari bundan mustasno;
hujjatlardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlaydi.
Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) qonunlarda nazarda tutilgan boshqa notarial harakatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
2. Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) notarial harakatlarni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga, shuningdek mazkur Yoʻriqnomaga amal qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi va viloyatlar adliya boshqarmalari notarial harakatlarni bajarish yuzasidan fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari)ga bevosita hamda joylardagi davlat notarial idoralari orqali uslubiy rahbarlik qiladilar.
Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan notarial rasmiylashtirilayotgan hujjatlarga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi aks ettirilgan shaharchalar, qishloqlar va ovullar fuqarolar yigʻinlarining nomlari qayd etilgan muhr bosiladi.
3. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning va amalga oshirilayotgan notarial harakatlardan xizmat vazifasini bajarish munosabati bilan xabardor boʻlib qolgan shaxslarning oʻzlariga maʼlum boʻlgan axborotlarni oshkor qilishi, shu jumladan mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin ham oshkor qilishi taqiqlanadi.
Fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga koʻra vasiyatnoma, ishonchnoma, ariza va boshqa hujjatni oʻz qoʻli bilan imzolay olmaganida, vasiyatnoma, ishonchnoma, ariza va boshqa hujjatni uning topshirigʻiga koʻra imzolagan fuqaro, hujjatni ogʻzaki tarjima qilib bergan tarjimon (surdo tarjimon) va boshqalar ham oʻzlariga maʼlum boʻlgan axborotlarni oshkor qilishi taqiqlanadi.
Amalga oshirilgan notarial harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (hujjatlar) bu harakatlar kimning nomidan yoki kimning topshirigʻi bilan amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha shaxslarning oʻzigagina berilishi mumkin.
Amalga oshirilgan notarial harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar (maʼlumotlar) sud, prokuratura, tergov organlarining talabiga binoan ular yuritayotgan ishlar munosabati bilan beriladi. Vasiyatnoma toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar vasiyat qiluvchining vafotidan keyingina beriladi. Hujjatlarni berish toʻgʻrisidagi talablar qaror yoki ajrim shaklida yoxud protsessual qonunlarda belgilangan boshqa tartibda rasmiylashtirilgan boʻlishi shart.
Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari)dan talab qilib olingan hujjatlar albatta qaytarilishi shart.
Vasiyatnoma toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vasiyat qiluvchining vafotidan keyin vasiyat va qonun boʻyicha merosxoʻrlariga yoki ularning qonuniy vakillariga oʻlim haqidagi guvohnoma yoki oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirma taqdim etilganidan keyin beriladi.
Mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan shaxslar amalga oshirilgan notarial harakatlarning maxfiyligini buzgan taqdirda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
4. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) notarial harakatlarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
vasiyatnoma, ishonchnoma va arizalarning loyihalarini tuzish, hujjatlarning nusxalarini va ulardan koʻchirmalarni tayyorlash, shuningdek notarial harakatlarning amalga oshirilishiga doir masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish;
jismoniy va yuridik shaxslardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni talab qilib olish.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
5. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) notarial harakatlarni amalga oshirishda quyidagi majburiyatlarga ega:
jismoniy va yuridik shaxslarga oʻz huquqlarini amalga oshirishda va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda koʻmaklashish, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirib berish;
tomonlar taqdim etgan vasiyatnoma va ishonchnoma loyihalarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirib berish, ularning mazmuni tomonlarning asl maqsadiga mos kelish-kelmasligini va qonun talablariga zid kelish-kelmasligini tekshirish;
yuridik jihatdan bexabarlik jismoniy va yuridik shaxslar zarariga foydalanilmasligi uchun amalga oshirilayotgan notarial harakatlarning oqibatlari haqida ularni ogohlantirish;
qonun hujjatlariga mos kelmaydigan notarial harakatni amalga oshirishni rad etish;
notarial harakatlarni amalga oshirish vaqtida fuqarolar yoki mansabdor shaxslar tomonidan qonun hujjatlari buzilganligini aniqlagan taqdirda, zarur chora-tadbirlar koʻrilishi uchun tegishli tashkilotlarga yoki prokurorga bu haqda xabar qilish.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) oʻziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni toʻliq va har tomonlama oʻrganishi, zarurat tugʻilganda ularni qayta tekshirishi lozim.
6. Qonunning 11-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasida notarial harakatlar davlat tilida amalga oshiriladi. Rasmiylashtirilgan hujjat matni fuqarolarning talabiga binoan fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan rus tilida yoki imkon boʻlsa, boshqa maqbul tilda beriladi.
Agar notarial harakat murojaat qilgan shaxs tushunmagan yoki yaxshi bilmagan tilda bajarilsa, unda hujjat matni fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) yoki murojaat qilgan shaxs tanigan tarjimon tomonidan ogʻzaki tarjima qilinishi mumkin. Bu haqda hujjat matniga va tasdiqlovchi yozuvga kim tomonidan tarjima qilinganligi va matn mazmuni tushuntirilganligi haqida fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan yozib qoʻyilishi, imzolanishi va muhr qoʻyilishi kerak. Bunday holda murojaat qilgan shaxs oʻzi biladigan tilda ismi, familiyasi, otasining ismini toʻliq yozib, imzo qoʻyadi.
II bob. Notarial harakatlarni amalga oshirishning umumiy qoidalari
7. Notarial harakatlar fuqarolar yigʻini joylashgan binoda amalga oshiriladi. Fuqaro kasalligi, nogironligi tufayli yoki boshqa sabablarga koʻra fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) huzuriga bora olmaydigan ayrim hollarda yoki yuridik shaxs tomonidan taklif qilinganda, notarial harakatlar fuqarolar yigʻini binosidan tashqarida, yaʼni mazkur fuqaro yoki yuridik shaxs yoxud uning vakili joylashgan joyda amalga oshirilishi mumkin.
Notarial harakatlar fuqarolar yigʻini joylashgan binodan tashqarida bajarilsa, hujjatning tasdiqlovchi yozuvida va notarial harakatlarni roʻyxatga olish reyestrida (bundan keyingi oʻrinlarda reyestr deb yuritiladi) notarial harakat amalga oshirilgan joyning manzili koʻrsatiladi.
8. Notarial harakatlar haq toʻlanganidan soʻng zarur boʻlgan barcha hujjatlar taqdim etilgan kuni amalga oshiriladi.
9. Notarial harakatni amalga oshirish qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilib olish yoki hujjatlarni ekspertizaga yuborish zarur boʻlganida kechiktirilishi mumkin.
Notarial harakatni amalga oshirish, basharti qonunga binoan manfaatdor shaxslardan ushbu harakatni amalga oshirishga eʼtiroz bor-yoʻqligini soʻrash zarur boʻlganda, kechiktirilishi mumkin. Notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish muddati bir oydan oshmasligi lozim. Notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan shaxsning talabiga koʻra unga notarial harakatni amalga oshirishni kechiktirish haqidagi qaror beriladi.
Bir manfaatdor shaxs tasdiqlashni soʻrayotgan huquq yoki fakt ustida daʼvolashayotgan boshqa manfaatdor shaxsdan ariza tushganligi toʻgʻrisida suddan maʼlumot olingan taqdirda notarial harakatni amalga oshirish mazkur ish sudda hal boʻlguniga qadar toʻxtatib turiladi.
Qonun hujjatlarida notarial harakatlarni amalga oshirishni kechiktirish va toʻxtatib turishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.
10. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) notarial harakatlarni amalga oshirishni soʻrab murojaat qiluvchilarning (ularning qonuniy vakillarining, shuningdek vasiy va homiylarining) va yuridik shaxs vakillarining shaxsini aniqlaydi.
Notarial harakatlarni amalga oshirishni soʻrab murojaat qiluvchi fuqarolarning shaxsi quyidagi hujjatlarga asosan aniqlanadi:
Oʻzbekiston fuqarolarining shaxsi — milliy pasport;
16 yoshga toʻlmagan fuqarolarning shaxsi — tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma;
harbiy xizmatchilarning shaxsi — harbiy qismlar va harbiy muassasalar qoʻmondonligi tomonidan beriladigan shaxsiy guvohnomalar yoki harbiy biletlar (harbiy xizmatga majbur fuqarolarning harbiy bileti bundan mustasno);
xorijiy fuqarolarning shaxsi — ularning milliy pasporti (qonun hujjatlariga muvofiq xorijiy fuqarolar tegishli ichki ishlar organlari tomonidan roʻyxatga olinishi lozim) yoki Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi yoxud diplomatik pasporti yoki Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinganligini tasdiqlovchi akkreditatsiya kartochkasi;
fuqaroligi boʻlmagan shaxs uchun Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi.
11. Vasiyatnoma yoki ishonchnoma tasdiqlab berilayotganida ishtirok etayotgan fuqarolarning muomala layoqati belgilangan tartibda aniqlanadi va yuridik shaxslarning huquq layoqati tekshiriladi. Ishonchnoma vakil tomonidan tuzilgan taqdirda uning vakolati ham tekshiriladi.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan fuqarolarning muomala layoqati ular bilan shaxsiy muloqot davomida aniqlanadi.
12. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli)da notarial harakatlarni amalga oshirishni soʻrab murojaat qiluvchilarning ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida oʻz xatti-harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydi yoki shu harakatlarni boshqara olmaydi deb yoxud spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik va psixotrop moddalarni isteʼmol qilishi oqibatida oʻz oilasini ogʻir moddiy ahvolga solib qoʻyadi deb hisoblash uchun asosi boʻlsada (shubha tugʻdirsa), ammo shu fuqaroning muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklanganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlmasa, ular notarial harakatlarni amalga oshirishni kechiktiradi va sudning shu shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topganligi toʻgʻrisidagi qarori bor-yoʻqligini aniqlaydi.
Agar mazkur shaxs sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan boʻlsa, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida qaror chiqaradi. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) ushbu qarordan norozi tomonning sudga murojaat qilish huquqini tushuntirishi lozim.
Agar mazkur shaxs sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan boʻlsa, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) notarial harakatni amalga oshirishda muomala layoqati cheklangan shaxs homiysining roziligini talab etadi.
13. Yuridik shaxsning huquq layoqati u tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi. Yuridik shaxs davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Yuridik shaxs ustav asosida yoki taʼsis shartnomasi va ustav asosida yoxud faqat taʼsis shartnomasi asosida ish olib boradi. Qonunlarda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilot boʻlmagan yuridik shaxs shu turdagi tashkilotlar haqidagi nizom asosida ish olib borishi mumkin. Yuridik shaxsning huquq layoqatini, uning organlarining yoki vakillarining vakolatini tekshirishda, uning tashkiliy-huquqiy shakliga eʼtibor berish zarur.
14. Notarial harakatni amalga oshirishda yuridik shaxsning rahbari bevosita ishtirok etganda, uning mansab mavqeyini tasdiqlovchi hujjat talab etiladi. Bunda, notarial tasdiqlanayotgan hujjatga yuridik shaxsning muhri ham qoʻyiladi. Notarial harakat yuridik shaxsning vakili tomonidan amalga oshirilgan taqdirda, uning vakolati ham tekshiriladi.
Vakilning vakolati uning nomiga berilgan ishonchnoma va (yoki) vakolatini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar (qaror, umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va hokazo) bilan tasdiqlanadi.
Vakil tomonidan taqdim etilgan ishonchnoma shubha tugʻdirgan taqdirda, fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) uni tasdiqlagan tegishli mansabdor shaxs (tashkilot) orqali tegishli ravishda tekshirishi lozim.
15. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) vasiyatnoma yoki ishonchnomani haqiqiy emas deb topganligi toʻgʻrisidagi sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimi (bundan keyingi oʻrinlarda sud hujjati deb yuritiladi)ni olgan taqdirda, bu haqda reyestrga va vasiyatnoma yoki ishonchnomaning fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning yigʻmajildlarida saqlanadigan asl nusxasiga tegishli yozuv kiritadi, oʻz imzosi va muhrini qoʻyadi.
16. Vasiyatnoma va ishonchnomalar bekor qilingan vaqtda toʻlangan davlat boji qaytarilmaydi.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 342-moddasining birinchi qismi 1 va 2-bandlariga asosan davlat boji qonun hujjatlarida talab qilinganidan ortiqcha miqdorda toʻlanganida hamda notarial harakatlarni amalga oshirish rad etilganda davlat boji qaytariladi.
18. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan taqdim qilingan yoki fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan tuziladigan vasiyatnoma, ishonchnoma va arizalarning loyihalari qonun hujjatlariga zid boʻlmasligi lozim.
19. Notarial tasdiqlanadigan vasiyatnoma, ishonchnoma, ariza va boshqa hujjatlar fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) ishtirokida imzolanadi.
Agar fuqaro jismoniy nuqsoni, kasalligi, savodsizligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga koʻra vasiyatnoma, ishonchnoma, ariza va boshqa hujjatni oʻz qoʻli bilan imzolay olmasa, vasiyatnoma, ishonchnoma, ariza va boshqa hujjatni uning topshirigʻiga koʻra uning oʻzi va fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) hozirligida boshqa fuqaro imzolashi mumkin, bunda notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan fuqaroning hujjatni oʻz qoʻli bilan imzolay olmaganligi sabablari hujjat matniga va tasdiqlovchi yozuvga yozib qoʻyilishi lozim.
Agar notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan fuqaro savodsiz, koʻzi ojiz boʻlsa yoki qandaydir sabablar tufayli koʻzi yaxshi koʻra olmasa, shuningdek kasalligi tufayli vasiyatnoma, ishonchnoma, ariza va boshqa hujjatlarni oʻqiy olmasa, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) unga hujjat matnini ovoz chiqarib oʻqib beradi va bu haqda hujjat matnida va tasdiqlovchi yozuvda qayd etadi.
Notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulogʻi ogʻir) boʻlgan shaxs murojaat qilsa hamda u savodsiz boʻlsa, notarial harakatni amalga oshirish paytida u bilan muomala qila oladigan va vasiyatnoma, ishonchnoma, ariza va boshqa hujjatning mazmunini uning xohish-irodasiga muvofiq ekanligini oʻz imzosi bilan tasdiqlovchi surdo tarjimon hozir boʻlishi shart.
Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulogʻi ogʻir) boʻlgan hamda muomala layoqatiga ega boʻlgan savodli fuqaro notarial harakatlarni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilsa, vasiyatnoma, ishonchnoma, ariza va boshqa hujjat uning oʻzi tomonidan va surdo tarjimon tomonidan imzolanishi mumkin.
Kar-soqovlik nuqsoni (kar-soqov, kar, qulogʻi ogʻir) boʻlgan, muomala layoqatiga ega boʻlgan, biroq surdo tarjimon bilan muloqot qila olmaydigan savodli fuqaro oʻz imzosi bilan vasiyatnoma, ishonchnoma, ariza va boshqa hujjatning mazmunini oʻzining xohish-irodasiga muvofiq ekanligini fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) bilan yozma ravishda bildiradigan boʻlsa, notarial harakatlarni amalga oshirishda surdo tarjimonning ishtiroki shart emas. Ushbu yozishmalar vasiyatnoma, ishonchnoma, ariza va boshqa hujjatlar bilan birga tikib qoʻyiladi.
Tarjimon yoki surdo tarjimon hujjat tarjimasini notoʻgʻri yoki yolgʻon tarjima qilganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishlari haqida fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan ogohlantiriladi va bu haqda hujjat matnida koʻrsatiladi.
20. Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) jismoniy va yuridik shaxslardan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni talab qilganda, fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) koʻrsatgan muddatda taqdim etilishi kerak. Bu muddat bir oydan koʻp boʻlmasligi kerak.
21. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) oʻz nomiga va oʻz nomidan, xotini (eri) nomiga hamda uning nomidan, xotinining (erining) va oʻzining qarindosh-urugʻlari (ota-onasi, bolalari, nabiralari, tugʻishgan aka-uka va opa-singillari), ular bilan vasiylik va homiylik tufayli bogʻlangan shaxslar nomiga hamda ularning nomidan, shuningdek mazkur fuqarolar yigʻini xodimlari nomiga va ularning nomidan notarial harakatlarni amalga oshirishga haqli emas.
Bunday hollarda notarial harakatlar notarial idoralarda yoki istalgan boshqa fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisidagi qoidalarni buzgan holda amalga oshirilgan notarial harakatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
22. Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun hujjatlar quyidagi hollarda qabul qilinmaydi:
qirib oʻchirilgan yoki qoʻshimchalar kiritilgan, soʻzlari ustidan chizilgan va izoh berilmagan boshqa tuzatishlari boʻlgan, shuningdek qalamda yozilgan hujjatlar;
bir necha varaqlarda bayon etilib, varaqlari raqamlanmagan va ip oʻtkazib tikilmagan hujjatlar, hujjatni bergan tashkilot mansabdor shaxsining imzosi va muhri boʻlmagan hujjatlar;
faksimile imzo muhri qoʻyilgan hujjatlar.
23. Notarial tasdiqlanadigan yoki shahodatlanadigan vasiyatnoma, ishonchnoma ariza va boshqa hujjatlarning matni aniq va ravshan yozilgan boʻlishi, mazmuniga taalluqli sana va muddatlar hech boʻlmaganda bir marta soʻz bilan yozilishi, matnida baholar koʻrsatilsa, raqam hamda soʻz bilan yozilishi, yuridik shaxslarning nomlari esa — ularning organlari joylashgan yerlarini (pochta manzilini) koʻrsatgan holda qisqartirishlarsiz yozilishi, zarur hollarda esa bankdagi hisob raqam va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (bundan keyingi oʻrinlarda STIR deb yuritiladi) koʻrsatilishi lozim. Fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy roʻyxatga olingan manzili toʻliq koʻrsatilgan holda yozilishi, notarial harakatlarni amalga oshirishda chet el fuqarolari qatnashayotgan boʻlsa, ularning fuqaroligi ham koʻrsatib oʻtilishi kerak.
24. Hujjatdagi oxirigacha toʻldirilmagan satrlar va boshqa boʻsh joylarga chiziq tortib qoʻyiladi, chet elda amal qiladigan hujjatlar bundan mustasno. Qoʻshimcha va tuzatishlar tegishli shaxslarning (vasiyatnomani, ishonchnomani, arizani va boshqa hujjatlarni imzolagan boshqa shaxslarning) imzosi oldidan izohlanishi va tasdiqlovchi yozuvning oxirida fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning imzosidan oldin takroran izohlanishi, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning imzosi va muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Tasdiqlovchi yozuvdagi tuzatishlar fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning imzosidan oldin izohlanishi va imzosi hamda muhri bilan tasdiqlanishi kerak. Bunda, tuzatishlar shunday qilinishi kerakki, oʻchirilgan barcha soʻzlarni va raqamlarni boshlangʻich matnda oʻqish imkoni boʻlishi lozim.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan hujjatning nusxasini shahodatlantirishda, hujjat notoʻgʻri yoki imlo xatolari bilan yozilgan boʻlsa yoxud unda izoh berilmagan tuzatishlar mavjud boʻlsa yoki hujjatning rekvizitlari toʻliq yozilmagan boʻlsa, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) murojaat qilgan shaxsga hujjatdagi kamchiliklarni tuzatib kelishni yoki hujjatni takroran olishni tavsiya qiladi.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) oʻz tashabbusi bilan yoki manfaatdor shaxslarning iltimosiga koʻra notarial tasdiqlab berilgan hujjatga uning mohiyatini oʻzgartirmaydigan qoʻshimchalarni kiritishi yoki undagi aniq arifmetik xatolarnigina tuzatishi mumkin.
25. Murojaat qiluvchining iltimosiga koʻra hujjat loyihasi fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan tuzilishi mumkin.
26. Notarial tasdiqlanayotgan yoki shahodatlantirilayotgan hujjatlar bir necha alohida varaqlarda bayon etilgan taqdirda, ular ip oʻtkazib tikiladi, varaqlari esa raqamlanadi hamda fuqarolar yigʻinining muhri qoʻyilgan holda rais (oqsoqol)ning imzosi bilan tasdiqlanadi.
27. Vasiyatnoma va ishonchnomalarni tasdiqlashda, hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan koʻchirmalarning toʻgʻriligini, hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligini shahodatlashda tegishli hujjatlarga tasdiqlovchi yozuvlar yoziladi hamda fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan imzolanib, muhr bosiladi.
28. Tasdiqlovchi yozuvning matni texnik vositalarda (kompyuterda yoki yozuv mashinkasida) oʻchirilmasdan aniq yozilishi shart. Ochiq joylarga chiziq tortib qoʻyilishi, yozuvlar va boshqa tuzatishlar ushbu Yoʻriqnomaning 24-bandi asosida izohlanishi kerak.
Tasdiqlovchi yozuvlarini amalga oshirish uchun tegishli yozuv matni boʻlgan shtamplar ishlatilishi mumkin.
Tasdiqlovchi yozuv tegishli hujjatga sigʻmagan taqdirda, u hujjatga biriktirib qoʻyilgan alohida qogʻoz varagʻida davom ettirilishi yoki toʻla bayon etilishi mumkin. Bunda hujjat matni bayon etilgan varaqlar va tasdiqlovchi yozuv varaqlari ip oʻtkazib tikiladi, raqamlanadi va fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning imzosi bilan tasdiqlanib, muhr bosiladi.
29. Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan amalga oshiriladigan notarial harakatlar reyestrda roʻyxatga olinadi. Reyestrdagi yozuvlar qalam bilan yozilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Ochiq qolgan joylarga chiziq tortib qoʻyiladi.
Har bir notarial harakat alohida tartib raqami bilan roʻyxatga olinadi. Reyestrda qayd etilgan notarial harakat raqami fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan tasdiqlanadigan yoki beriladigan hujjatning tasdiqlovchi yozuvda koʻrsatiladi.
Reyestrdagi tartib raqamlarining raqamlanishida xatolikka yoʻl qoʻyilsa, alohida maʼlumotnoma tuzgan holda, u fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning imzosi va muhri bilan reyestrga yelimlanib qoʻyiladi.
Reyestrdagi yozuvlarda xatolikka yoʻl qoʻyilganda mazkur Yoʻriqnomaning 24-bandiga rioya qilgan holda tuzatishlar kiritiladi.
Hujjatlar nusxalarining toʻgʻriligi shahodatlantirilganda, hujjatning har bir nusxasiga alohida reyestr raqami beriladi. Tasdiqlovchi yozuvda raqamlar shu tartibda koʻrsatiladi.
Reyestrning tartib raqamlari har bir kalendar yil boshida birinchi tartib raqamidan boshlanadi.
Reyestrlar ip oʻtkazib tikilishi va ularning varaqlari raqamlanishi lozim. Varaqlarning soni tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining vakolatli xodimi imzosi va muhri bilan tasdiqlanadi.
30. Tasdiqlanib berilayotgan hujjat tegishli davlat boji toʻlanib, taraflar (taraf) tomonidan imzolanganidan soʻng fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan imzolanib, muhr qoʻyiladi hamda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning oʻzi tomonidan reyestrda qayd etiladi. Hujjatni olayotgan shaxs reyestrga familiyasi, ismi va otasining ismini toʻliq yozadi va imzolaydi.
Shahodatlantirilib berilayotgan hujjat tegishli davlat boji toʻlanib, hujjat muayyan shaxs tomonidan imzolanganidan yoki hujjatning toʻgʻriligi tekshirilganidan soʻng fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan imzolanib, muhr qoʻyiladi hamda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning oʻzi tomonidan reyestrga qayd etiladi. Hujjatni olayotgan shaxs reyestrga familiyasi, ismi va otasining ismini toʻliq yozadi va imzolaydi.
31. Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) Qonunning 6-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlarida koʻrsatilgan jismoniy yoki yuridik shaxslarga ularning yozma arizasiga muvofiq hamda sud, prokuratura, tergov organlarining qaror yoki ajrim shaklida yoxud protsessual qonunlarda belgilangan boshqa tartibda rasmiylashtirilgan talabnomalariga asosan reyestrlardan koʻchirmalar (sud, prokuratura, tergov organlariga reyestrdan koʻchirmaning kseronusxasi) beradi.
32. Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan tasdiqlangan yoki berilgan, nusxalari fuqarolar yigʻinining yigʻmajildlarida saqlanayotgan hujjatlar yoʻqolgan taqdirda, nomidan yoxud topshirigʻiga binoan notarial harakatlar bajarilgan jismoniy va yuridik shaxslarning yoki ular qonuniy vakillarining yozma arizasiga koʻra yoʻqolgan hujjatlarning dublikatlari beriladi.
Arizalardagi imzolar fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan shahodatlantiriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillariga berilgan ishonchnomalar matnida hujjatning dublikatini olish vakolati koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Hujjat dublikatida tasdiqlangan va berilgan asl hujjatning toʻliq matni boʻlishi shart. Hujjatlarning kseronusxalari uning asli nusxasi va dublikati oʻrnini bosa olmaydi.
Hujjat dublikatiga belgilangan shakldagi tasdiqlovchi yozuv qayd etiladi.
Vasiyatnomaning dublikati vasiyat qiluvchiga, u vafot etganidan keyin esa vasiyatnomada koʻrsatilgan yoki qonun boʻyicha merosxoʻrlarga yoxud ularning vakillariga vasiyat qiluvchining oʻlim haqidagi guvohnomasi taqdim etilganidan keyin beriladi.
Vasiyatnomada koʻrsatilgan merosxoʻrlar vafot etgan taqdirda, vasiyatnomaning dublikati vasiyat qiluvchining va (yoki) oʻzlaridan oldingi merosxoʻrning (merosxoʻrlarning) oʻlim haqidagi guvohnomasini (notarial tartibda shahodatlantirilgan guvohnoma nusxasini) yoxud oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirmani, zarur hollarda merosxoʻrlarning merosni qoldiruvchi bilan qarindoshlik munosabatlarini (agar bu hujjatlar ilgari taqdim etilmagan boʻlsa) tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan merosxoʻrlarga beriladi.
33. Notarial tartibda tasdiqlangan barcha vasiyatnomalar, ishonchnomalar, meros qolgan mulkni roʻyxatga olish dalolatnomalarining nusxalari fuqarolar yigʻinining yigʻmajildlarida saqlanadi.
34. Notarial harakatlarni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan jismoniy va yuridik shaxslar hamda ularning vakillarining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatning nomi, uning raqami, berilgan sanasi va shu hujjatni bergan organning nomi reyestrga yozib qoʻyilgach, qaytarib beriladi.
35. Taqdim etilgan hujjatning aynanligiga shubha tugʻilsa, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) bu hujjatni olib qolib, uni ekspertizaga yuborishga haqlidir.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) hujjatni ekspertizaga yuborish toʻgʻrisida qaror chiqaradi va unda qaror chiqarilgan sana, qaror chiqargan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning familiyasi, ismi va otasining ismi, fuqarolar yigʻinining nomi, hujjatning nomi, u kimning nomiga berilganligi, notarial harakatni amalga oshirish uchun hujjat kim tomonidan taqdim etilganligi (familiyasi, ismi, otasining ismi, turar joyi va shaxsini tasdiqlovchi hujjat, yuridik shaxs boʻlsa uning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), STIRi), hujjatni ekspertizaga yuborish zaruratini keltirib chiqargan holatlar, hujjat ekspertiza qilinishi uchun qayerga (qaysi ekspertiza muassasasiga) yuborilayotganligi va ekspertiza hal etishi uchun qoʻyilayotgan savollar koʻrsatiladi.
36. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) quyidagi hollarda notarial harakatni amalga oshirishni rad etadi, agar:
bunday harakatni amalga oshirish qonunga zid boʻlsa;
bu harakat notarius tomonidan amalga oshirilishi kerak boʻlsa;
muomalaga layoqatsiz fuqaro yoxud zarur vakolatlari boʻlmagan vakil notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan boʻlsa;
notarial harakatni amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq boʻlmasa.
Taqdim etilgan hujjatlarning qalbakilashtirilganligi yaqqol koʻrinib turgan boʻlsa yoki bunga shubha tugʻdiruvchi yetarli asoslarning mavjudligi ham notarial harakatni amalga oshirish uchun taqdim etilayotgan hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq emas deb hisoblanadi.
Notarial harakatni amalga oshirish rad etilgan taqdirda notarial harakatni amalga oshirishni rad etish haqida fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) murojaat qilingan kundan boshlab uch kundan kechiktirmasdan qaror chiqaradi hamda notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan shaxsga beradi.
Rad etish toʻgʻrisidagi qarorda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
qaror chiqarilgan sana, qaror chiqargan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning familiyasi, ismi va otasining ismi, fuqarolar yigʻinining nomi, joylashgan yeri (pochta manzili);
notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, turar joyi, agar yuridik shaxs boʻlsa, uning toʻliq nomi va joylashgan yeri (pochta manzili) va STIRi;
murojaat qiluvchi qanday notarial harakatni amalga oshirishni soʻraganligi;
notarial harakatni amalga oshirishni rad etishga sabab boʻlgan holatlar (qonun hujjatlariga asoslangan holda);
shikoyat qilish muddati va tartibi.
37. Notarial harakatlarni amalga oshiruvchi fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari)ning notarial harakatlarni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan harakatlari ustidan tushgan (belgilangan qabul soatlariga rioya etilmaganligi, muomala madaniyatining yoʻqligi, axloqi va hokazolar toʻgʻrisidagi) ariza va shikoyatlar tegishli mahalliy davlat hokimiyati organi tomonidan koʻrib chiqiladi.
38. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan stavkalar boʻyicha davlat boji undiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida jismoniy va yuridik shaxslar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan notarial harakatlar amalga oshirilganda, hujjatlar loyihalari tuzilganda, hujjatlarning nusxalari berilganda mazkur shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) notarial harakatni bajarish uchun oʻz ish joyidan tashqariga chiqqanida manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar uning amaldagi transport xarajatlarini qoplaydi.
39. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning yoʻl qoʻygan xatosi natijasida oʻzi amalga oshirgan notarial harakatning notoʻgʻriligini bilib qolgan taqdirda, u ana shu notarial harakatni belgilangan tartibda bekor qilish choralarini koʻrish uchun bu haqda prokurorga xabar qilishga majbur.
III bob. Notarial harakatlarni amalga oshirish
1 §. Vasiyatnomalarni tasdiqlash
40. Fuqaroning oʻziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb eʼtirof qilinadi.
Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Vasiyatnoma matni vasiyat qiluvchi tomonidan yozilib, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli)ga shaxsan taqdim etilgan yoki uning soʻzlaridan fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan yozib olingan boʻlishi lozim.
Vasiyat qiluvchining soʻzlaridan fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan yozib olingan vasiyatnomani imzolashdan oldin vasiyat qiluvchi uning matnini fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) oldida toʻliq oʻqib chiqishi lozim.
Vasiyatnomani tasdiqlab berishda vasiyat qiluvchidan uning vasiyat qilinayotgan mol-mulkka boʻlgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab qilinmaydi.
Vasiyatnoma yozilgan joyi, sanasi va vaqti koʻrsatilgan holda yozma shaklda tuzilishi lozim. Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining oʻz qoʻli bilan imzolanishi, familiyasi, ismi va otasining ismi toʻliq yozilishi shart.
Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani oʻz qoʻli bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) hozir boʻlganida vasiyat qiluvchi oʻz qoʻli bilan imzolay olmaganligining sabablari koʻrsatilgan holda, vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qoʻyishi mumkin. Bunday holatda, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (bundan keyingi oʻrinlarda Fuqarolik kodeksi deb yuritiladi) 1128-moddasiga asosan vasiyat qiluvchining oʻrniga vasiyatnomani imzolagan fuqaroga meros ochilgunga qadar vasiyatnomaning mazmuni, uning tuzilishi, bekor qilinishi yoki oʻzgartirilishiga daxldor maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emasligini tushuntiradi va bu haqda vasiyatnoma matnida va tasdiqlovchi yozuvda qayd etadi.
Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalar reyestrda qayd etilib, ularni hisobga olib borish uchun alifbo kitobi yuritilishi lozim. Vasiyatnomalarning nusxasi fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari)ning yigʻmajildlarida saqlanadi.
41. Quyidagi shaxslar vasiyat qiluvchining oʻrniga vasiyatnomani imzolashi mumkin emas:
vasiyatnomani tasdiqlovchi shaxs;
vasiyatnoma kimning foydasiga tuzilgan yoki kimga nisbatan vasiyat majburiyati yuklatilgan boʻlsa, oʻsha shaxs, uning eri (xotini), bolalari, ota-onasi, nevaralari va chevaralari, shuningdek vasiyat qiluvchining qonun boʻyicha merosxoʻrlari;
toʻliq muomala layoqatiga ega boʻlmagan fuqarolar;
savodsiz boʻlgan shaxslar va vasiyatnomani oʻqiy olmaydigan boshqa shaxslar;
yolgʻon guvohlik berganlik uchun muqaddam sudlangan shaxslar.
42. Vasiyat qiluvchining iltimosiga binoan vasiyatnomani tasdiqlashda guvohlar ishtirok etishi mumkin. Bunday holda vasiyatnomaning har ikki nusxasiga bu haqda yozib qoʻyiladi.
43. Vasiyat qiluvchining xohishiga koʻra fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan uning mazmuni bilan tanishib chiqilmasdan (maxfiy vasiyatnoma) tasdiqlanadi.
Maxfiy vasiyatnomani vasiyat qiluvchi haqiqiy sanalmaslik xavfi ostida oʻz qoʻli bilan yozishi va imzolashi, familiyasi, ismi va otasining ismini toʻliq yozishi lozim. Bu haqda fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) vasiyat qiluvchidan ogʻzaki soʻraydi va tasdiqlovchi yozuvda koʻrsatadi. Vasiyatnoma ikki guvoh va fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) ishtirokida xatjildga solinib, xatjild yelimlanishi lozim, guvohlar oʻz familiyasi, ismi, otasining ismini va doimiy roʻyxatga olingan manzilni koʻrsatgan holda xatjildga imzo qoʻyadilar. Guvohlar imzo qoʻygan xatjild guvohlar va fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning ishtirokida boshqa xatjildga solinadi va bu xatjild ham yelimlanadi, unga fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tasdiqlovchi yozuvni yozib qoʻyadi.
Maxfiy vasiyatnoma reyestrda qayd etilib, alifbo kitobiga kiritiladi va vasiyatnomalar turadigan yigʻmajildda saqlanadi.
44. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan vasiyat qiluvchining vasiyatnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi arizasidagi imzoning haqiqiyligi notarial shahodatlantirilishi kerak. Bunda, ariza vasiyatnomani tasdiqlagan fuqarolar yigʻinining oʻziga beriladi.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) vasiyatnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida ariza olgan taqdirda vasiyatnomaning fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli)da saqlanayotgan nusxasiga, reyestrga va alifbo kitobiga bu xususda yozuv kiritadi. Vasiyatnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida ariza fuqarolar yigʻinida yuritiladigan bitimlarni bekor qilish toʻgʻrisidagi alohida yigʻmajildda saqlanadi.
Vasiyat qiluvchi oʻzida saqlanayotgan vasiyatnoma nusxasini taqdim etgan taqdirda, vasiyatnomaning oʻzgartirilganligi yoki bekor qilinganligi toʻgʻrisida bu nusxaga ham yozib qoʻyiladi.
45. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) vasiyatnomani tasdiqlashda vasiyat qiluvchiga Fuqarolik kodeksining 1127 va 1142-moddalari mazmunini tushuntirishi va bu haqda vasiyatnoma matnida koʻrsatib oʻtishi lozim.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan vasiyatnoma tasdiqlangandan keyin vasiyat qiluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, vasiyatnomani tasdiqlash sanasi, vaqti va reyestr raqami hamda unga oʻzgartirish kiritilganligi yoki bekor qilinganligi haqidagi maʼlumotlar meros rasmiylashtiriladigan tegishli davlat notarial idorasiga oʻn kun muddatda yuborilishi lozim.
Ushbu maʼlumotlarni olgan davlat notariusi ularni vasiyatnomalarni hisobga olish alifbo kitobiga kiritadi.
2 §. Ishonchnomalarni tasdiqlash
46. Fuqarolik kodeksining 134-moddasiga asosan bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi. Ishonchli vakil oʻziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.
47. Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) bir yoki bir necha shaxs nomidan bir yoki bir necha shaxs nomiga yozilgan ishonchnomalarni tasdiqlaydilar.
Bir necha shaxslar nomidan berilgan ishonchnoma agar unda koʻrsatilgan harakatlar vakolat beruvchi shaxslarning har birini emas, balki hammasining bir turdagi manfaatlariga taalluqli boʻlgandagina tasdiqlanadi (masalan: bir necha vorislarning nomidan ularning meros ishlarini yuritish uchun ishonchnoma berish).
48. Notarial shaklni talab qiluvchi bitimlarni tuzish yoxud yuridik shaxslarga nisbatan harakatlarni amalga oshirish uchun berilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak, Fuqarolik kodeksining 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar va qonun hujjatlari bilan ishonchnomaning oʻzgacha shakli belgilab qoʻyilgan boshqa hollar bundan mustasno.
49. Ishonchnomani tuzish va tasdiqlash uchun ishonchli vakilning ishtiroki talab etilmaydi.
Ishonchli vakil haqidagi, shuningdek ishonchnoma obyekti haqidagi maʼlumotlar ishonchnoma beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar yoki uning soʻzlariga asosan yozilishi mumkin. Ishonchli vakil haqidagi, shuningdek ishonchnoma obyekti haqidagi maʼlumotlar ishonchnoma beruvchining soʻzlariga asosan yozilgan hollarda berilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun ishonchnoma beruvchi masʼuldir. Bu haqda ishonchnoma matnida va tasdiqlovchi yozuvda qayd etib qoʻyiladi.
50. Ishonchnoma matnida uning tuzilgan (imzolangan) joyi va sanasi, ishonch bildiruvchi va ishonchli vakilning familiyasi, ismi, otasining ismi (yuridik shaxsning toʻliq nomi va joylashgan yeri (pochta manzili), STIRi), doimiy roʻyxatga olingan manzili, ishonchli vakilga berilayotgan vakolatlar doirasi, Fuqarolik kodeksining 141 va 142-moddalari tushuntirilganligi koʻrsatilib oʻtilishi kerak.
51. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) uchun ishonchnomalarni Fuqarolik kodeksi 29-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilganlardan tashqari, ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzishi mumkin. Ishonchnomalarni tuzishda ota-onaning har ikkisining roziligi talab qilinadi.
Vasiylik sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan ham belgilanadi. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan ishonchnomalarni uning vasiysi amalga oshiradi.
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar, Fuqarolik kodeksi 27-moddasining ikkinchi qismida sanab oʻtilganlardan tashqari, ishonchnomalarni oʻz ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining yozma roziligi bilan tuzadilar. Ishonchnomalarni tuzishda ota-onaning har ikkisining roziligi talab qilinadi.
Homiylik sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan ham belgilanadi. Muomalaga layoqati cheklangan deb topilgan fuqaro ishonchnomalarni homiyning roziligi bilangina amalga oshiradi.
Vasiy va homiy, ularning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari vasiylik va homiylikdagi shaxs bilan ishonchnomalar tuzishga, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs bilan vasiy yoki homiyning eri (xotini) va yaqin qarindoshlari oʻrtasidagi sud ishlarini yuritishda vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning vakili boʻlishga haqli emas.
Ota-onalar, farzandlikka oluvchilar, homiylik va vasiylik qiluvchilar qandaydir sabablarga koʻra (xizmat safarida boʻlish, boshqa joyda yashashi va hokazo) ishonchnomani tasdiqlashga rozilik bera olmasalar, ishonchnoma vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokida tasdiqlanishi mumkin. Bu holda, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 184-moddasi talablariga rioya etiladi.
52. Fuqarolik kodeksining 505-moddasiga muvofiq hadya oluvchining nomi va hadya narsasi koʻrsatilmagan hadyani vakil tomonidan amalga oshirish ishonchnomasi oʻz-oʻzidan haqiqiy emas.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) mulkni hadya qilish shartnomasini tasdiqlash bilan bogʻliq ishonchnomani tasdiqlashda ishonchnoma matnida hadya oluvchining nomi va hadya narsasini koʻrsatishi shart.
53. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) koʻchmas mulkni tasarruf etish huquqi bilan ishonchnomani tasdiqlash paytida ishonchnoma beruvchi eri yoki xotinining mulkni tasarruf etishga roziligi haqidagi arizasi olinib, imzosi shahodatlantiriladi.
Agar er yoki xotin ishonchnoma tasdiqlanayotgan vaqtda fuqarolar yigʻiniga kelmagan hollarda ishonchnoma matnida Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 23 va 24-moddalari mazmuni tushuntirilganligi haqida va tasdiqlovchi yozuvda esa ishonchnoma beruvchining nikohdan oʻtganlik holatini koʻrsatib oʻtishi lozim.
54. Agar koʻchmas mulkni tasarruf etish huquqi bilan ishonchnoma berayotgan fuqaroning eri yoki xotini yoʻq boʻlsa (beva boʻlsa yoki boʻydoq), bu haqda fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli)ga yozma ariza taqdim etadi. Bunda fuqaroning eri (xotini) yoʻqligi (boʻydoq, beva ekanligi) fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan aniqlanadi. Ushbu holatni aniqlash uchun fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli)ga fuqaroning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlari, nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma yoki oʻlim haqidagi guvohnoma va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma yoxud bular haqidagi dalolatnoma yozuvlaridan koʻchirmalar asos boʻladi.
55. Er (xotin)ni bedarak yoʻqolgan deb topish toʻgʻrisida sud hujjati mavjud boʻlgan hollarda fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) koʻchmas mulkni tasarruf etish huquqi bilan ishonchnomani tasdiqlashi mumkin. Bu holda fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) Fuqarolik kodeksining 35-moddasi mazmunini ishonchnoma matnida koʻrsatib oʻtishi va taraflarga tushuntirishi lozim.
56. Agar mulk nikoh qayd etilgunga qadar sotib olingan, meros tariqasida yoki hadya shartnomasi boʻyicha olingan, shuningdek nikoh davomida sotib olingan mulk nikoh shartnomasiga asosan taqsimlab olingan boʻlsa yoki er-xotin oʻrtasidagi mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi sud hujjati yoxud notarial tartibda rasmiylashtirilgan kelishuv mavjud boʻlsa, ishonchnomani tasdiqlash uchun er yoki xotinning roziligi talab qilinmaydi.
57. Ishonchnoma koʻpi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida oʻz kuchini saqlaydi.
58. Berilgan kuni koʻrsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas.
Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan tasdiqlanib, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida harakatlarni amalga oshirishga moʻljallangan, amal qilish muddati koʻrsatilmagan ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan bekor qilingunicha oʻz kuchini saqlaydi.
59. Vakolatlarning boshqa shaxsga berilishiga asos boʻlgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan boʻlishi kerak, Fuqarolik kodeksining 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
60. Fuqarolik kodeksining 140-moddasiga muvofiq ishonchnoma berilgan shaxs oʻz vakolatidagi harakatlarni shaxsan amalga oshirishi shart. Basharti, unga ishonchnoma bilan vakolat berilgan boʻlsa yoki uni ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilishga sharoit majbur qilsa, u harakatlarni amalga oshirishni boshqa shaxsga oʻtkazishi mumkin.
Oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnoma shunday ishonib topshirish huquqi koʻrsatib qoʻyilgan asosiy ishonchnoma taqdim etilganidan keyin yoki asosiy ishonchnoma boʻyicha vakil ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilish uchun vaziyat taqozosi bilan shunday ish tutishga majbur boʻlganligi haqida dalillar taqdim etganidan keyin notarial tasdiqlanishi kerak. Oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnoma asosiy ishonchnoma boʻyicha berilganidan koʻproq huquqni qamrab olmasligi kerak. Oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnomaning amal qilish muddati bu ishonchnomani berishga asos boʻlgan asosiy ishonchnomaning amal qilish muddatidan ortiq boʻlishi mumkin emas.
61. Oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnoma matnida asosiy ishonchnoma tasdiqlangan sana, joy va reyestr raqami, asosiy ishonchnoma olgan, bergan va vakolat ishonib topshirilayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va doimiy roʻyxatga olingan manzili, asosiy ishonchnoma bilan berilgan barcha yoki ayrim vakolatlarini (masalan, koʻchmas mulkni sotish, olish, hadya qilish, ayirboshlash, garovga qoʻyish, ijaraga berish, mulkdan foydalanish va shu kabilar) berilayotganligi haqida aniq koʻrsatilishi kerak. Tasdiqlovchi yozuvda esa vakolat berilgan shaxs asosiy ishonchnomaga asosan harakat qilayotganligi koʻrsatib oʻtiladi. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli)da qoldiriladigan asosiy ishonchnomaga esa mazkur ishonchnoma boʻyicha vakolatlar boshqa shaxsga berilganligi haqida yozib qoʻyiladi. Asosiy ishonchnomaning nusxasi fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli)da qoldiriladigan oʻz vakolatini boshqa shaxsga ishonib topshirish tartibida berilgan ishonchnomaga qoʻshib tikib qoʻyiladi.
62. Ishonchnoma beruvchi tomonidan ishonchnoma bekor qilingan taqdirda ishonchnoma bergan shaxsning bu haqdagi arizasidagi imzosining haqiqiyligi notarial tartibda shahodatlantiriladi. Bu haqda reyestrga hamda fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli)da saqlanayotgan ishonchnoma nusxasiga belgi qoʻyiladi. Ushbu ariza ishonchnoma nusxasiga yoki alohida yigʻma jildga tikib qoʻyiladi. Arizaning ikkinchi nusxasi ishonchli vakilni xabardor qilish uchun ishonch bildiruvchiga beriladi.
63. Koʻchmas mulkni tasarruf etish huquqi bilan berilgan ishonchnoma bekor qilingan taqdirda, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) uning bekor qilinganligi haqida mulk roʻyxatdan oʻtkazilgan joydagi taqiq va xatlov bazasini yurituvchi davlat notarial idorasiga (ishonchnoma boʻyicha toʻliq maʼlumotlar bilan) zudlik bilan xabar berishi lozim.
Taqiq va xatlov bazasini yurituvchi davlat notarial idorasi fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) xabarnomalari asosida taqiq va xatlov bazasiga mol-mulkni tasarruf etish huquqi bilan berilgan ishonchnoma bekor qilinganligi haqidagi maʼlumotni (bekor boʻlgan ishonchnoma kim tomonidan va kimga rasmiylashtirilganligi, sanasi va reyestr raqami, mulkni joylashgan joyi) kiritishi shart.
Taqiq va xatlov bazasini yurituvchi davlat notarial idorasi tomonidan mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi va xatlanmaganligi toʻgʻrisidagi notariuslarga beriladigan tegishli maʼlumotlarda, agar ushbu mol-mulkni tasarruf etish huquqi bilan berilgan ishonchnomani bekor qilinganligi haqida maʼlumot boʻlsa, bu haqdagi maʼlumotlar ham koʻrsatilishi shart.
3 §. Meros mulkini qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻrish
64. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli), basharti qonun boʻyicha merosxoʻrlarning yoki vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilarning, kreditorlar yoki davlatning manfaatlari uchun zarur boʻlsa, jismoniy va yuridik shaxslarning xabariga yoki meros ochilgan joydagi davlat notarial idorasining topshirigʻiga koʻra yoxud oʻz tashabbusi bilan meros mol-mulkning qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻradi.
65. Meros mol-mulkning qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida topshiriq olgan fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) topshiriq olgan kundan eʼtiboran bir oy muddat ichida meros ochilgan joydagi davlat notarial idorasiga koʻrilgan chora-tadbirlar haqida xabar qiladi va meros mol-mulk roʻyxatining nusxasini yuboradi.
66. Meros mol-mulkning qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida topshiriq, xabar yoki yozma ravishda ariza berilishi mumkin. Meros mol-mulkining qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan tushgan murojaatlar yozishmalarning kirim daftariga qayd etiladi.
67. Meros mol-mulkini qoʻriqlashga doir ishlarni amalga oshirish jarayonida fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) ushbu mol-mulkni qoʻriqlanishini taʼminlovchi quyidagi chora-tadbirlarni koʻradi:
meros ochilgan joyi, meros mulkning tarkibi va joylashgan joyini aniqlaydi;
yashash joyi maʼlum boʻlgan merosxoʻrlarni yoki boshqa manfaatdor shaxslarni meros ochilganligi haqida va mol-mulkni roʻyxatga olinishi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
oʻlim faktini tasdiqlash uchun oʻlim haqidagi guvohnomani yoki oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvidan koʻchirmani talab qiladi;
meros mol-mulkni qoʻriqlashga dastlabki chora-tadbirlar koʻrilgan yoki koʻrilmaganligini, agar koʻrilgan boʻlsa, unda bu chora-tadbir kim tomonidan koʻrilganligini, meros qoldiruvchining mol-mulki turgan xona (xonalar) muhrlanganligini, bu xona (xonalar)ning kaliti kimdaligini aniqlaydi;
meros mol-mulkni roʻyxatga olish haqida mahalliy davlat hokimiyati organini, zarur boʻlgan hollarda ichki ishlar organini yoki manfaatdor shaxslarni xabardor qiladi;
meros mulkini qoʻriqlanishi uchun fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) bu mol-mulkni roʻyxatga oladi va mol-mulkni saqlash uchun merosxoʻrlarga yoki boshqa shaxslarga topshiradi.
68. Meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashab kelayotgan merosxoʻrlar yoki boshqa shaxslar oʻz xohishlari bilan roʻyxatga olish uchun mol-mulkni taqdim etgan taqdirdagina, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) ushbu mol-mulkni roʻyxatga oladi. Meros mulkini roʻyxatga olish kamida ikki xolis ishtirokida amalga oshiriladi.
Agar meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashab kelayotgan merosxoʻrlar yoki boshqa shaxslar mol-mulkni roʻyxatga olishga qarshilik qilishsa, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) mol-mulkni roʻyxatga olish uchun taqdim etishdan bosh tortganlik toʻgʻrisida dalolatnomani tuzadi va merosxoʻrlarni bu haqda xabardor qiladi, ularga bu masala yuzasidan daʼvo bilan sudga murojaat etish yoki daʼvoni taʼminlash maqsadida sud tartibida mol-mulkni roʻyxatdan oʻtkazish huquqlarini tushuntiradi.
Agar roʻyxatga olish uchun joyiga chiqilganda, roʻyxatga olinishi lozim boʻlgan mol-mulk mavjud boʻlmasa va merosxoʻrlar yoki boshqa shaxslar tomonidan olib ketilgan boʻlsa, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) mol-mulk mavjud emasligi toʻgʻrisida yoki mol-mulk olib ketilganligi toʻgʻrisida dalolatnoma tuzadi va bu haqda merosxoʻrlarga yoki boshqa manfaatdor shaxslarga xabar beradi, ularning buzilgan huquqlarini himoya qilish va mol-mulkni qaytarish talabi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etish huquqini tushuntiradi.
69. Roʻyxatga olish dalolatnomasida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
meros mol-mulk toʻgʻrisidagi xabar yoki ariza yoxud meros mol-mulkini qoʻriqlashga doir chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisidagi topshiriqning kelib tushgan sanasi;
roʻyxatga olish sanasi, roʻyxatga olishda ishtirok etuvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy roʻyxatdan oʻtgan joyi;
meros qoldiruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, uning vafot etgan sanasi;
roʻyxatga olinayotgan mol-mulkning joylashgan joyi, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) kelishidan oldin xona (xonalar) muhrlanganligi va muhrlash kim tomonidan amalga oshirilganligi, plomba va muhrlar buzilmaganligi haqidagi maʼlumotlar;
qayd etilgan barcha predmetlarning batafsil tavsifi;
meros mol-mulki saqlash uchun topshirilgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy roʻyxatdan oʻtgan joyi, shuningdek shaxsini tasdiqlovchi hujjatning nomi, raqami va kim tomonidan berilganligi haqidagi maʼlumotlar.
70. Roʻyxatga olishni amalga oshirishda ishtirok etgan merosxoʻrlar va boshqa manfaatdor shaxslarning kelishuviga koʻra roʻyxatga olinayotgan har bir meros mol-mulki alohida baholanishi kerak. Kelishuv boʻlmaganida esa meros mol-mulkiga yoki uning kelishuvga erishilmagan qismiga nisbatan baholash meros mol-mulkining baholanishini talab qilgan shaxsning hisobidan baholovchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
Agar merosxoʻrlar tomonidan meros qabul qilinmasa, baholovchi tashkilotning xizmat haqi meros mol-mulki hisobidan undiriladi.
71. Uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismi, bino va inshootlar ularni “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi hududiy boʻlinmasi tomonidan, avtomototransport vositalari esa baholovchi tashkilotlar tomonidan baholanadi.
72. Roʻyxatga olish dalolatnomasining har bir betida buyumlar (predmetlar) miqdori va ularning bahosi koʻrsatiladi, roʻyxat tugaganidan soʻng esa buyumlar (predmetlar) miqdori va ularning bahosining umumiy yakuni chiqariladi.
Roʻyxatga olish dalolatnomasiga meros qoldiruvchining barcha mol-mulki kiritiladi.
Qoʻshnilar va boshqa shaxslarning ayrim buyumlari ularga tegishli ekanligi toʻgʻrisidagi arizalari roʻyxatga olish dalolatnomasiga kiritiladi, manfaatdor shaxslarga sudga daʼvo bilan murojaat etib, ushbu mol-mulkni roʻyxatdan chiqarish tartibi tushuntiriladi. Agar mulkni roʻyxatga olish uzilsa yoki bir necha kun davom etsa fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) har safar binoni muhrlaydi. Roʻyxatga olish dalolatnomasida roʻyxatga olishni toʻxtatish sabablari va vaqti hamda uning yana tiklanishi, shuningdek binoni keyingi ochish vaqtida plombalar va muhrning holati toʻgʻrisida roʻyxatga olish dalolatnomasiga yozib qoʻyiladi.
Roʻyxatga olish dalolatnomasi kamida uch nusxada tuzilib, bir nusxasi meros mol-mulk saqlash uchun topshirilgan shaxsga beriladi, ikkinchi nusxasi meros ochilgan joydagi davlat notarial idorasiga yuboriladi, uchinchi nusxasi esa fuqarolar yigʻinida qoldiriladi.
73. Meros mol-mulkini roʻyxatga olish dalolatnomasi asosida reyestrda meros mol-mulkining qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlarni koʻrish boʻyicha notarial harakatni roʻyxatga olish navbatdagi raqam bilan amalga oshiriladi va ushbu notarial harakat uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat boji undiriladi.
74. Vafot etgan shaxsdan qolgan pul mablagʻlari merosxoʻrlarga guvohnoma berilgunga qadar yoki meros olish huquqi boʻyicha meros mulkini davlat foydasiga oʻtish hollarida davlat notarial idorasining depozit hisob raqamiga topshiriladi.
75. Oltin, kumush, platina va tangadagi, quymadagi va xom turdagi platina guruhdagi metallarga, chet el valyutasiga, chet el valyutasida berilgan toʻlov hujjatlariga, hujjatli shakldagi qimmatli qogʻozlarga, qimmatbaho metallardan, toshlardan ishlab chiqarilgan buyumlarga, shuningdek qimmatbaho toshlarga alohida roʻyxat tuziladi, ular konvertga yoki yumshoq idishga solinadi, muhrlanadi, plombalanadi va roʻyxatga olingan kunning keyingi kunidan kechiktirmay, merosxoʻrlarga berilgunga qadar yoki meros olish huquqi boʻyicha meros mol-mulki davlatga oʻtish holatida davlat foydasiga topshirilgunga qadar tegishli bankka saqlash uchun topshiriladi.
Hujjatsiz shakldagi qimmatli qogʻozlar depozitariyning hisobga olish registrlaridagi yozuvlar tarzida tegishli depozitariylarda saqlanadi.
Eng kam ish haqining oʻn baravaridan kam boʻlgan narxdagi qimmatbaho ashyolar (buyumlar) meros mol-mulk saqlash uchun topshirilgan shaxslarda qoldiriladi.
Roʻyxatga olingan qimmatbaho ashyolarni (buyumlarni) tegishli bankka saqlash uchun topshirishdan oldin fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) qimmatbaho ashyolar (narsalar)ni roʻyxatga olish kitobida ularni qayd etishi lozim. Qimmatbaho ashyolar (buyumlar)ning roʻyxati kamida uch nusxada tuziladi. Ulardan biri tegishli bankka beriladi, ikkinchisi meros ochilgan joydagi davlat notarial idorasiga yuboriladi, uchinchisi esa fuqarolar yigʻinida qoldiriladi.
76. Agar roʻyxatga olish vaqtida eskirishi sababli hech qanday qiymatga ega boʻlmagan narsalar yoki uy hayvonlari mavjud boʻlsa, merosxoʻrlarning roziligi bilan ularning biriga, merosxoʻrlar boʻlmaganida esa fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan meros mulkini saqlash uchun tayinlangan boshqa shaxslarga dalolatnoma tuzish orqali topshiriladi.
77. Oziq-ovqat mahsulotini fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) merosxoʻrlarga, ular boʻlmaganda tegishli tashkilotlarga topshiradi. Oziq-ovqat mahsulotlarini topshirish alohida dalolatnoma boʻyicha amalga oshiriladi.
78. Aksiyalar, obligatsiyalar, veksellar va boshqa qimmatli qogʻozlarni roʻyxatga olish dalolatnomasida har bir aksiyalar, obligatsiyalar, veksellar va boshqa qimmatli qogʻozlarni chiqargan tashkilot nomi, seriyasi va raqami ularning nominal qiymati va soni koʻrsatiladi.
79. Omonat daftarchalari va marhumga tegishli boʻlgan narsalarga lombard tomonidan berilgan garov pattalari roʻyxatga olinadi va merosxoʻrlarga saqlash uchun beriladi. Merosxoʻrlar boʻlmagan taqdirda, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan meros mulkini saqlash uchun boshqa shaxslarga topshiriladi.
80. Marhumning mol-mulki tarkibida boʻlgan barcha turdagi qurol, shu jumladan, ov miltigʻi va portlovchi moddalar maxsus roʻyxat boʻyicha ichki ishlar organlariga topshiriladi.
81. Meros qoldiruvchiga tegishli boʻlgan orden, medallar, faxriy unvonlar, koʻkrak nishonlari, shuningdek ularni taqdirlash toʻgʻrisidagi hujjatlar esdalik sifatida saqlash uchun meros qoldiruvchining oila aʼzolarida qoldiriladi yoki merosxoʻrlarning roziligi bilan ular muzeylarga topshirilishi mumkin.
82. Mol-mulkni roʻyxatdan oʻtkazish vaqtida fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) qaysi mol-mulkni oddiy uy-roʻzgʻor buyumlariga, qaysilarini esa qimmatbaho ashyolar (buyumlar) tarkibiga kiritish masalasini hal etishi lozim.
Mol-mulkni oddiy uy-roʻzgʻor buyumlari qatoriga kiritishning asosiy xususiyati, bu ularni nafaqat meros qoldiruvchi tomonidan, balki meros qoldiruvchi bilan birga yashagan merosxoʻrlar yoki boshqa shaxslarning kundalik maishiy ehtiyojlarini qondirish uchun ulardan foydalanilganligi hisoblanadi.
Qimmatbaho ashyolar (buyumlar) tarkibiga zeb-ziynatlar, qimmatbaho metallardan ishlangan buyumlar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar, noyob narsalar, noyob daraxt navlaridan yasalgan mebellar, asl rasmlar, qimmatbaho gilamlar, shuningdek qimmatbaho servislar, nodir kitoblarning maxsus toʻplamlari, qimmatbaho toʻplamlar kiritiladi.
83. Merosxoʻrlar oʻrtasida meros mol-mulkini qimmatbaho ashyo (buyum) yoki oddiy uy-roʻzgʻor buyumlariga kiritilishi toʻgʻrisida kelib chiqqan nizo sud tomonidan hal etiladi.
84. Meros qoldiruvchining shaxsiy buyumlari, shuningdek kasbiy faoliyatiga oid predmetlari (masalan, yozuv mashinkasi, kompyuter, musiqa asboblari, tibbiy asboblari va hokazo) roʻyxatga olinishi shart.
85. Agar mol-mulkning tarkibida qimmatbaho qoʻlyozmalar, adabiyot asarlari, tarixiy yozishmalar mavjud boʻlsa, ushbu hujjatlar alohida roʻyxatga olinib, merosxoʻrlarga yoki tegishli tashkilotlarga saqlash uchun topshiriladi, merosxoʻrlar mavjud boʻlmagan taqdirda, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) ushbu hujjatlar va qimmatbaho ashyolar (buyumlar) saqlanadigan xonani (xonalarni) muhrlab qoʻyadi.
86. Meros tarkibida boshqarishni talab qiladigan mol-mulk mavjud boʻlsa, shuningdek meros qoldiruvchining kreditorlari merosxoʻrlar tomonidan merosni qabul qilib olguniga qadar daʼvo qoʻzgʻatgan hollarda, fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) meros mol-mulkini boshqaruvchisini tayinlaydi va bu haqda qaror chiqaradi.
Fuqarolik kodeksiga koʻra fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) mol-mulkni ishonchli boshqarish muassisi sifatida ishtirok etib, ishonchli boshqaruvchi bilan mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasini tuzadi.
87. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) meros mol-mulk saqlash uchun topshirilgan shaxslarni, vasiy va homiylarni hamda meros boshqaruvchilarini meros mol-mulkini talon-toroj qilganlik, boshqa shaxsga oʻtkazganlik yoki uni yashirganlik uchun va merosxoʻrlarga zarar yetkazganliklari uchun javobgarlikka tortilishlari toʻgʻrisida ogohlantiradi. Qilingan ogohlantirish toʻgʻrisida koʻrsatilgan shaxslardan tilxat olinadi. Bu haqda saqlanishga topshirilayotgan meros mol-mulkini roʻyxatga olish dalolatnomasida yoki meros mol-mulkini saqlash uchun topshiriladigan shaxslarni tayinlash toʻgʻrisidagi qarorida bayon etilishi mumkin.
88. Meros mulkini qoʻriqlash merosxoʻrlar tomonidan meros qabul qilib olingunga qadar, agar meros ular tomonidan qabul qilib olinmagan boʻlsa, qonunda belgilab qoʻyilgan merosni qabul qilib olish muddati oʻtgunga qadar davom etadi. Bu haqda davlat notariusi meros ochilgan joydagi fuqarolar yigʻiniga xabar beradi.
Meros ochilgan joydagi notarius meros mol-mulkning qoʻriqlanishiga doir chora-tadbirlar toʻxtatilishi haqida merosxoʻrlarni, agar mol-mulk vorislik huquqi boʻyicha davlatga oʻtsa, tegishli davlat organini oldindan xabardor qilishi shart.
Meros boshqaruvchilari va saqlovchilar agar merosxoʻr boʻlmasalar, meros mol-mulkni saqlaganlik uchun merosxoʻrlardan haq olishga haqlidir. Koʻrsatib oʻtilgan shaxslarning meros mol-mulkni saqlash va boshqarish uchun qilgan zarur xarajatlari ham qoplanadi, bunda mol-mulkdan foydalanish hisobiga amalda olingan foyda chegirib tashlanadi.
89. Meros mol-mulki qoʻriqlanishi va uni boshqarish, shuningdek meros ochilganligi haqidagi xabarni eʼlon qilish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlashga meros ochilgan joydagi davlat notariusi tomonidan farmoyish beriladi.
4 §. Hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan koʻchirmalarning toʻgʻriligini shahodatlash
90. Fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari) jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan hujjatlar nusxalarining va hujjatlardan olingan koʻchirmalarning toʻgʻriligini ushbu hujjatlar qonunga zid boʻlmagan, yuridik ahamiyatga ega boʻlgan hamda ularning nusxalari va ulardan olingan koʻchirmalarning toʻgʻriligini shahodatlash qonun bilan taqiqlanmagan hollardagina shahodatlaydi.
91. Fuqaroning pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarining nusxasi shahodatlantirilmaydi, xalqaro shartnomalarda shahodatlantirilishi talab qilingan hollar bundan mustasno.
92. Matni noaniq boʻlgan, oʻchirilgan, qoʻshimcha soʻzlar yozilgan, hujjatga doir maʼlumotlar toʻliq yozilmagan hamda nazarda tutilmagan boshqa oʻzgartirishlar qilingan, lekin tegishli tartibda izoh berilmagan hujjatlarning nusxalari shahodatlanmaydi.
93. Koʻchirma olinayotgan hujjatda oʻzaro bogʻliq boʻlmagan bir nechta alohida masalalarga oid qarorlar boʻlgan taqdirdagina koʻchirmaning toʻgʻriligi shahodatlanishi mumkin. Koʻchirma hujjatning muayyan masalaga doir qismining toʻla matnini aks ettirishi kerak.
94. Hujjat nusxasidan koʻchirilgan nusxaning toʻgʻriligini fuqarolar yigʻinlarining raislari (oqsoqollari), basharti avvalgi nusxaning toʻgʻriligi notarial tartibda shahodatlangan boʻlsa yoki hujjatning nusxasi uning asl nusxasi tayyorlangan tashkilot tomonidan berilgan boʻlsa, shahodatlaydi. Hujjatning nusxasi uning asl nusxasi tayyorlangan tashkilot tomonidan berilgan boʻlsa, hujjatning nusxasi mazkur yuridik shaxsning blankasida bayon etilgan, muhr bosib tasdiqlangan va unda shu hujjatning asli mazkur tashkilotda ekanligi yozib qoʻyilgan boʻlishi kerak.
95. Hujjatning shahodatlanayotgan nusxasi yoki koʻchirmasi uning asli bilan solishtirilib chiqiladi.
96. Shahodatlantirilgan hujjatlarning nusxasi yoki koʻchirmasi fuqarolar yigʻinida qoldirilmaydi.
5 §. Hujjatlardagi imzoning haqiqiyligini shahodatlash
97. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) mazmuni qonun hujjatlariga zid boʻlmagan hujjatlardagi imzolarning haqiqiyligini shahodatlaydi.
98. Fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) imzoning haqiqiyligini shahodatlar ekan, hujjatda bayon etilgan faktlarni emas, balki faqat imzoning muayyan shaxs tomonidan qoʻyilganligini tasdiqlaydi.
99. Jismoniy nuqsoni, kasalligi, savodsizligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga koʻra oʻz qoʻli bilan imzo qoʻya olmaydigan shaxs uchun imzo qoʻygan shaxsning imzosini shahodatlash paytida fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) imzo qoʻygan shaxsning va imzo qoʻyishni iltimos qilgan shaxsning ham shaxsini aniqlaydi, ularning muomala layoqatini tekshiradi.
100. Tegishli davlat tashkilotlaridagina qayd etiladigan holatlar tasdiqlangan (masalan, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma, nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma, oʻlim haqidagi guvohnoma) hujjatdagi imzoning haqiqiyligi fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) tomonidan shahodatlantirilishi mumkin emas. Bunday hujjatdagi imzoning haqiqiyligi, agar bu hujjat chet el davlati sudiga yoki boshqa idoralariga taqdim etish uchun moʻljallangan holdagina shahodatlantirilishi mumkin.
101. Yuridik shaxsning ustavdagi imzolarning haqiqiyligini shahodatlashda, ularning ustav fondiga (kapitaliga) hissa sifatida kiritilayotgan roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan mulkning tegishliligini tasdiqlovchi hujjat yoki ustav vakil orqali rasmiylashtirilgan hollarda esa uning vakolati tekshiriladi va bu haqda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning tasdiqlovchi yozuvga yozib qoʻyiladi.
102. Banklarga taqdim qilinadigan kartochkalarda yuridik shaxs mansabdor shaxslarining va yakka tartibdagi tadbirkorning imzolari namunalarini shahodatlash paytida fuqarolar yigʻinining raisi (oqsoqoli) ularning imzosi haqiqiyligini va imzo qoʻyish huquqi vakolatini tekshiradilar.
Vakolatlarning tasdigʻi sifatida quyidagilar taqdim etiladi:
yuridik shaxsning ustavi (nizomi) va (yoki) taʼsis shartnomasi;
yuridik shaxs ijro organi rahbarining tayinlanganligi haqidagi hujjat (qaror, umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va hokazo);
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
bank kartochkasi va bittadan fotosurat.
Bank kartochkalaridagi imzolar haqiqiyligi shahodatlantirilganda bitta bankda bitta hisob raqami ochish uchun taqdim etiladigan bank kartochkalari uchun bitta reyestr raqami beriladi.
Belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmagan shaxslarning bank kartochkasidagi imzolarining haqiqiyligini shahodatlash mumkin emas. Yuridik shaxsni ixtiyoriy tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan (bankrot deb topilgandan) soʻng yuridik shaxsni tugatish komissiyasi tomonidan tayinlangan shaxsning (tugatuvchining) (sud boshqaruvchisining) bank kartochkasidagi imzosini haqiqiyligini tasdiqlashda yuqorida koʻrsatilgan hujjatlardan tashqari uning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, yagona hisobvaraqni ochish toʻgʻrisida bankka taqdim etilgan xatning nusxasi ham talab etiladi.
103. Bank kartochkalaridagi yuridik shaxs mansabdor shaxsining va yakka tartibdagi tadbirkorning imzolarining haqiqiyligini shahodatlashda reyestrga ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazgan organning nomi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnomaning raqami va sanasi yozib qoʻyiladi.
IV bob. Yakuniy qoida
104. Mazkur Yoʻriqnoma talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 16-son, 127-modda)