LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Qayd etilsinki, respublikada Kadrlar tayyorlash milliy dasturining amalga oshirilishi natijasida namunaviy loyihalar bo‘yicha, zamonaviy o‘quv hamda laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, ilg‘or texnologiya uskunalari va mashinalar namunalari bilan jihozlangan 1075,4 ming o‘quvchi o‘rinlariga ega 1,5 mingdan ziyod akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari qurildi. Iqtisodiyotning real tarmoqlari va sektorlarida talab etilayotgan kasblar bo‘yicha o‘rta maxsus ma’lumotga ega yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltirilgan yangi ta’lim standartlari ishlab chiqildi va o‘quv jarayoniga tatbiq etildi.
Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining yaratilgan moddiy-texnika bazasi O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq holda 12 yillik ta’limga to‘liq o‘tishni ta’minlaydi hamda umumta’lim maktablarining barcha 9-sinf bitiruvchilariga kasb-hunar ta’limini olish va aniq kasbni egallash imkoniyatini yaratadi.
Shu bilan birga bir qator viloyatlar — Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida kasb-hunar kollejlarini hududlar bo‘yicha joylashtirishni maqbullashtirishda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan, har yili umumta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilari soniga muvofiq tarzdagi quvvatlarga ega bo‘lgan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘z vaqtida ishga tushirilishi ta’minlanmagan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturining prinsipial qoidalarini izchil va to‘liq hajmda amalga oshirish, respublikaning ayrim mintaqalaridagi olis hamda borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari umumta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilarining ta’lim olishni davom ettirishga teng imkoniyatlar yaratilishini ta’minlash, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quv maydonlarini maqbul tarzda joylashtirish va ulardan samarali foydalanish maqsadida:
1. Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarining hokimlariga, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markaziga joylarda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi obyektlarini foydalanishga topshirishdagi mavjud qoloqlik hamda topshiriqlar to‘la hajmda bajarilmagani va ularni maqbul tarzda joylashtirishda yo‘l qo‘yilgan xatolar qat’iy ravishda ko‘rsatib o‘tilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan ilovaga* muvofiq ishlab chiqilgan, 10-sinflarga qabul istisno tariqasida yana 5 yilga saqlanib qoladigan respublika mintaqalarining olis aholi punktlaridagi umumta’lim maktablari ro‘yxati ma’qullansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilab qo‘yilsinki, ilovada ko‘rsatilgan umumta’lim maktablarining 10-11-sinflaridagi o‘quvchilar kontingenti mazkur umumta’lim maktablari xizmat ko‘rsatadigan hududda yashaydigan, olis aholi punktlaridagi 9-sinflarni bitiruvchilardangina shakllantiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarining hokimliklari bilan birgalikda mazkur maktablarning 9-sinf bitiruvchilari 10-sinflarga qabul qilinishlarini aniq-puxta tashkil etishni ta’minlasin hamda yuqori sinflarni yuksak malakali o‘qituvchilar bilan mustahkamlagan holda 10-11-sinflarda ta’lim-tarbiya jarayonining sifatli amalga oshirilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin.
Bunda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi bilan birgalikda ushbu Qaror ilovasida ko‘rsatib o‘tilgan umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilariga mustaqil ravishda o‘z istaklariga ko‘ra tanlab olgan mutaxassisliklari bo‘yicha kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarga kirish huquqi va imkoniyati berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha davlat komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi joylarda umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilari va ularning ota-onalari o‘rtasida ularga qonun hujjatlarida mustaqil ravishda o‘z istaklariga ko‘ra tanlab olingan mutaxassislik bo‘yicha kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘qishni davom ettirish huquqi berilganligi to‘g‘risida keng tushuntirish ishlarini olib borsinlar.
5. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.