OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRINING
BUYRUGʻI
AUDITORLIK TAShKILOTLARI RAHBARLARINI ATTESTATSIYADAN OʻTKAZISh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 3-sentabrda 1709-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 29-oktabrdagi 136-sonli “Auditorlik tashkilotlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1709-1, 08.11.2018-y.) asosan 2019-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi).
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 4-apreldagi PQ-615-sonli “Auditorlik tashkilotlarining faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning javobgarligini oshirish toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil, 15-son, 155-modda) 6-bandiga muvofiq buyuraman:
1. Auditorlik tashkilotlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-avgust,
73-son
Auditorlik tashkilotlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 4-apreldagi PQ-615-sonli “Auditorlik tashkilotlarining faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning javobgarligini oshirish toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil, 15-son, 155-modda) 6-bandiga muvofiq auditorlik tashkilotlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Auditorlik tashkilotlari rahbarlarining attestatsiyasi ( keyingi oʻrinlarda — attestatsiya) ularning faoliyati samaradorligini va ishchanlik malakasini baholash, professionallik darajasini muntazam oshirib borishni qoʻllash, shuningdek “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-sentabrdagi 365-sonli “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshiruvlarining ahamiyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qarori (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 15-16-son, 136-modda), auditorlik faoliyatining milliy standartlari va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga auditorlik tashkilotlari tomonidan rioya qilinishi boʻyicha javobgarligini oshirish maqsadida oʻtkaziladi.
2. Attestatsiya quyidagilarni tasdiqlaydi:
auditorlik tashkiloti rahbarining (keyingi oʻrinlarda — rahbar) professional qobiliyatlilik (tegishli faoliyat sohasi boʻyicha maxsus tayyorgarlik, oʻzlashtirilgan bilimlar va toʻplangan tajribalar darajasi) talablariga mosligini;
rahbarning ishni sifatli tashkil qilish, shuningdek auditorlik tashkilotini boshqarish qobiliyatini;
rahbarning kasbiy axloq meʼyorlariga rioya etishini.
3. Attestatsiyani oʻtkazishdagi asosiy prinsiplar boʻlib quyidagilar hisoblanadi:
uni oʻtkazishning majburiyligi va davriyligi;
uni oʻtkazishdagi oshkoralilik, haqqoniylik va halollik.
4. Attestatsiya mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda tuziladigan Idoralararo attestatsiya komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — attestatsiya komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladi.
II. Attestatsiya komissiyasini tuzish va uning ishini tashkil qilish tartibi
5. Attestatsiya komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xodimlari, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston auditorlarining respublika jamoatchilik birlashmalari vakillaridan shakllantiriladi. Attestatsiya komissiyasining shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
6. Attestatsiya komissiyasi kamida yetti aʼzodan, shu jumladan attestatsiya komissiyasi raisidan tashkil topadi.
7. Attestatsiya komissiyasi ishining tashkil qilishini taʼminlaydigan ishchi organ boʻlib Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda — ishchi organ) hisoblanadi. Ishchi organ quyidagi vazifalarni bajaradi:
a) auditorlik tashkilotlari rahbarlarining reyestrini yuritish;
b) attestatsiyani oʻtkazish uchun taxminiy savollar roʻyxatini tuzish va tasdiqlash;
v) attestatsiyani oʻtkazish sanasi, joyi va vaqtini belgilash va bu haqda attestatsiya komissiyasiga va attestatsiyadan oʻtadigan rahbarlarga xabar berish;
g) auditorlik tashkilotlari tomonidan mazkur Nizom talablarining bajarilishini nazorat qilish.
8. Ishchi organ attestatsiya boshlanishidan kamida bir oy oldin tegishli vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlariga attestatsiya komissiyasi tarkibiga kiritish uchun vakillar nomzodlarini koʻrsatish haqida soʻrovnoma yuboradi va attestatsiya boshlanishidan kamida 10 kundan kechikmagan holda tegishli vazirliklar, idoralar va jamoat tashkilotlariga ularning vakillari attestatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilgani haqida va ularning qatnashishini taʼminlash maqsadida yozma shaklda xabar beradi.
9. Ishchi organ attestatsiyadan oʻtadiganlar roʻyxatiga muvofiq attestatsiyani oʻtkazish jadvalini ishlab chiqadi, attestatsiya uchun taxminiy savollar roʻyxatini tayyorlaydi va bu haqda attestatsiya boshlanishidan kamida bir oy oldin attestatsiyadan oʻtadigan rahbarlarga xabar beradi.
10. Attestatsiya komissiyasi:
a) attestatsiyani oʻtkazish paytida:
attestatsiyadan oʻtadigan rahbar haqida qisqacha axborotni tinglaydi;
attestatsiyadan oʻtadigan rahbarga savollar beradi;
attestatsiyadan oʻtadigan rahbarga berilgan savollarning javoblari natijalari boʻyicha ochiq ovoz berishni oʻtkazadi;
b) attestatsiya natijasi boʻyicha rahbarga baho beradi;
v) attestatsiyadan oʻtgan rahbar faoliyatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar beradi;
g) rahbarning attestatsiyaga kelmaganligining uzrli (uzrsiz) sababliligi haqida qaror qabul qiladi;
d) ishchi organiga attestatsiya natijalarini taqdim etadi;
e) bevosita attestatsiyani oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.
III. Attestatsiya oʻtkazishning muddatlari va davriyligi
11. Ishchi organ attestatsiyadan oʻtadigan rahbarlarni muntazam aniqlab borish maqsadida rahbarlar reyestrini yuritadi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
rahbarning familiyasi, ismi va sharifi;
rahbar boshchilik qiladigan auditorlik tashkilotining nomi va uning rahbar lavozimiga tayinlangan sanasi;
rahbarning pasport maʼlumotlari va yashash joyi;
rahbarga auditor malaka sertifikati berilgan sana va uning raqami;
rahbarning har yili malaka oshirish kurslaridan oʻtganligi haqida maʼlumotlar;
rahbarning oldingi attestatsiyadan oʻtganligi haqida maʼlumotlar;
rahbarning faoliyatiga oid boshqa axborotlar.
12. Auditorlik tashkilotlarining rahbarlari hisoblangan va bir yoki bir necha auditorlik tashkilotlarida mazkur lavozimda olti oydan ortiq umumiy (yigʻindi) ish stajiga ega shaxslar attestatsiyadan oʻtkaziladi.
13. Attestatsiyaga quyidagi rahbarlar jalb qilinmaydi:
mazkur lavozimda umumiy ish staji olti oydan kam boʻlgan shaxslar;
homilador ayollar va uch yoshgacha boʻlgan farzandini tarbiyalash boʻyicha taʼtilda boʻlgan ayollar.
14. Rahbarlar uch yilda bir marta attestatsiyadan oʻtishi shart. Attestatsiyadan oʻtmagan rahbar ikki yil mobaynida auditorlik tashkiloti rahbari sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega emas.
15. Attestatsiya komissiyasi yigʻilishlari kamida yarim yilda bir marta oʻtkaziladi. Attestatsiyani oʻtkazish sanasi, muddatlari va joyi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
IV. Attestatsiyani oʻtkazish tartibi
16. Attestatsiya komissiyasi yigʻilishi attestatsiya komissiyasining tasdiqlangan tarkibining kamida 3/4 qismi ishtirokida oʻtkaziladi.
17. Attestatsiyadan oʻtadigan rahbar:
attestatsiyadan oʻtish uchun uni oʻtkazish joyiga oʻz vaqtida yetib kelishi;
oʻzi bilan pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatga ega boʻlishi shart.
Oʻzi bilan pasporti yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjati boʻlmagan yoki attestatsiyaga kechikkan rahbarlar attestatsiyaga kelmagan deb hisoblanadi va navbatdagi attestatsiyaga qoʻyilgan rahbarlar roʻyxatiga koʻchiriladi.
18. Attestatsiya, attestatsiya komissiyasi yigʻilishida attestatsiyadan oʻtayotgan rahbar bilan suhbat shaklida oʻtkaziladi. Attestatsiya komissiyasi attestatsiyadan oʻtayotgan rahbarni taklif etadi va u haqida qisqacha maʼlumotni tinglaydi.
Komissiya aʼzolari attestatsiyadan oʻtayotgan rahbarga qonunchilik hujjatlarini, Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarning umumiqtisodiy va siyosiy jihatlarini bilishi boʻyicha, shuningdek bevosita lavozim majburiyatlarini bajarishi yuzasidan savollar beradilar. Attestatsiyadan oʻtkazilayotgan rahbarning faoliyati auditorlik tashkiloti oldida turgan vazifalarning, litsenziya talablari va shartlarining bajarilishini taʼminlashda uning shaxsiy xizmatiga bogʻlagan holda, shuningdek lavozim majburiyatlarini bajarishi baholanadi.
19. Attestatsiya komissiyasi yigʻilishida begona shaxslar va kuzatuvchilarning qatnashishi taqiqlanadi.
20. Attestatsiyadan oʻtkazilayotgan rahbarni baholashda ovoz berish ochiq boʻlib hisoblanadi va u attestatsiyadan oʻtayotgan rahbarning ishtirokisiz oʻtkaziladi.
Ovoz berishda mazkur yigʻilishda ishtirok etgan barcha attestatsiya komissiyasi aʼzolari qatnashadi. Ovoz berish natijalari oddiy koʻpchilik ovoz bilan aniqlanadi va attestatsiya komissiyasi yigʻilishi bayonnomasida qayd etiladi. Ovozlar teng boʻlganda attestatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi boʻladi.
21. Attestatsiyadan oʻtayotgan rahbarning javoblari asosida uning ishi natijalari va ishbilarmonlik fazilatlarini muhokama qilib, komissiya quyidagi baholardan birini beradi:
a) egallab turgan lavozimiga loyiq;
b) egallab turgan lavozimiga loyiq emas.
22. Har bir attestatsiyadan oʻtkazilayotgan rahbar uchun mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda ikki nusxada attestatsiya varaqasi tuziladi.
Attestatsiya komissiyasining attestatsiyadan oʻtkazilayotgan rahbar faoliyatini baholash boʻyicha qarori attestatsiya varaqasiga kiritiladi. Attestatsiya varaqasi attestatsiya komissiyasi raisi va ovoz berishda ishtirok etgan aʼzolari tomonidan imzolanadi. Attestatsiya natijalari bevosita ovoz berish tugaganidan soʻng attestatsiyadan oʻtkazilayotgan rahbarga attestatsiya varaqasiga imzo chektirib maʼlum qilinadi va uning ikkinchi nusxasi attestatsiyadan oʻtkazilayotgan rahbarga beriladi.
Attestatsiyada ishtirok etgan rahbarning attestatsiya varaqasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligida attestatsiyadan oʻtkazilayotgan rahbarning shaxsiy ish hujjatlarida saqlanadi.
23. Attestatsiyadan oʻtadigan rahbar attestatsiya komissiyasi yigʻilishiga uzrli sabablarga (kasalligi, yaqin qarindoshlari oʻlimi, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida boʻlishi va hokazolar) koʻra kelmasa, attestatsiyadan oʻtadigan rahbar navbatdagi attestatsiyaga qoʻyilishi uchun attestatsiya oʻtkazilgan kundan boshlab bir oylik muddatdan kechiktirmay ishchi organga attestatsiyaga kelmaganligining uzrli sabablarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi lozim. Koʻrsatilgan muddatda tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmasa rahbar navbatdagi attestatsiyaga qoʻyilmaydi va attestatsiyadan oʻtmagan hisoblanadi.
24. Mazkur Nizomning 17 va 23-bandlarida koʻrsatilgan rahbarlarning navbatdagi attestatsiyasi dastlabki attestatsiya tayinlangan sanadan keyin ikki oydan kechiktirmay oʻtkaziladi.
25. Agar attestatsiya komissiyasi qaroriga koʻra rahbar egallagan lavozimiga loyiq emas deb tan olinsa, ishchi organ bu haqda auditorlik tashkilotiga qaror qabul qilingan kundan boshlab oʻn ish kuni davomida yozma shaklda xabarnoma beradi. Auditorlik tashkiloti, xabarnomani olgandan keyin bir oy davomida ishchi organga rahbarning egallagan lavozimidan ozod etilgani haqidagi buyruqning nusxasini taqdim etadi.
V. Attestatsiya komissiyasi qaroridan shikoyat qilish
26. Attestatsiya natijalaridan norozi boʻlgan rahbarlarning apellatsiya arizalarini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi buyrugʻi bilan apellatsiya komissiyasi tashkil qilinadi.
27. Apellatsiya arizasi apellatsiya komissiyasi raisi nomiga attestatsiya natijalari eʼlon qilingan kundan keyin bir oy ichida beriladi.
28. Apellatsiya komissiyasi apellatsiya arizasini kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni davomida koʻrib chiqishi shart va koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha uch ish kunida arizachiga apellatsiya komissiyasining qarorini apellatsiya komissiyasi raisi tomonidan imzolangan apellatsiya komissiyasi yigʻilishining bayonnomasidan koʻchirmani yuboradi.
Apellatsiya komissiyasining yigʻilishida arizachi ishtirok etishi mumkin.
29. Apellatsiya arizasini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha apellatsiya komissiyasi quyidagi qarorlarni qabul qilishi mumkin:
ariza beruvchining daʼvo va dalillarini asosli deb eʼtirof etishi va rahbarning egallab turgan lavozimiga loyiqligi haqida yangi qaror qabul qilishi;
ariza beruvchining daʼvo va dalillarini asossiz deb eʼtirof etishi va attestatsiya komissiyasi qarorini oʻz kuchida qoldirishi.
30. Attestatsiyaga bogʻliq nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda koʻriladi.
VI. Yakuniy qoidalar
31. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston auditorlar palatasi va Oʻzbekiston Buxgaltyerlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-avgust
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-avgust
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-avgust
Oʻzbekiston auditorlar palatasi raisi R. XAYDAROV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-avgust
Oʻzbekiston buxgaltyerlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi M. TOʻLAXOʻJAYEVA
Toshkent sh.,
2007-yil 1-avgust
Auditorlik tashkilotlari rahbarlarini attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
|
ATTESTATSIYA VARAQASI | |||
|
| |||
|
(familiyasi, ismi-sharifi, | |||
|
__________________________________________________________________ | |||
|
ish joyi va egallagan lavozimi) | |||
| Tugʻilgan yili va joyi: ______________________________________________ Millati: __________________________________________________________ Maʼlumoti: ________________________________________________________ Umumiy mehnat staji: _______________________________________________ Shu jumladan auditorlik tashkiloti rahbari lavozimidagi mehnat staji: ___________________________________________________________________ Mukofotlari: ______________________________________________________ Intizomiy javobgarlikka tortilganmi: _______________________________ ___________________________________________________________________ | |||
|
| |||
| __________________________________________________________________ __________________________________________________________________ __________________________________________________________________ __________________________________________________________________ __________________________________________________________________ __________________________________________________________________ __________________________________________________________________ __________________________________________________________________ __________________________________________________________________ | |||
Attestatsiya komissiyasi raisi: _____________________ | |||
| Komissiya aʼzolari: _______________________ | | ||
| | _____________________ _____________________ _____________________ _____________________ _____________________ _____________________ _____________________ _____________________ |
| |
20___ y “_____” __________________ |
| | |
Attestatsiya komissiyasi xulosalari bilan tanishib chiqdim, mazkur attestatsiya varaqasining ikkinchi nusxasini oldim _____________________ | |||
| | |
(sana va imzo) | |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 35-36-son, 367-modda)