OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TAʼLIMI VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGINING OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI MARKAZINING
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGINING OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI MARKAZINING
Qarori
UMUMTAʼLIM MAKTABLARINING 9-SINF BITIRUVChILARINI AKADEMIK LITSEY VA KASB-HUNAR KOLLEJLARIDA OʻQITISh BILAN QAMRAB OLISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI VAQTINChALIK NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 18-iyunda 1691-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 29-oktabrdagi “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimiga izchil oʻtishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 473-sonli qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi qaror qiladi:
1. Ilova qilinayotgan Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻqitish bilan qamrab olish tartibi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizom tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Xalq taʼlimi vaziri T. JOʻRAYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 18-iyun,
17-son
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi direktori A. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 18-iyun,
12/QQ-son
Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining
2007-yil 18-iyundagi 17 va 12/QQ-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
2007-yil 18-iyundagi 17 va 12/QQ-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻqitish bilan qamrab olish tartibi toʻgʻrisidagi
VAQTINChALIK NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Vaqtinchalik nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 29-oktabrdagi “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimiga izchil oʻtishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 473-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-yil 20-son, 199-modda) muvofiq, umumtaʼlim maktablarining 9-sinf bitiruvchilarini (keyingi oʻrinlarda matnda bitiruvchilar deb yuritiladi) oʻzlari tanlagan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida majburiy oʻqitishni taʼminlash masalalari boʻyicha nazorat qilish tartibi, hisobga olish shakli va masʼul shaxslarning hisobot berish turlarini belgilaydi.
2. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qabul qilish tartibi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
II. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olishni hisobga olish
3. Bitiruvchilarning oʻzlari tanlagan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻqishni davom ettirishi toʻgʻrisidagi arizalari asosida umumtaʼlim maktablari direktorlari tomonidan hujjatlar yigʻma jildi shakllantiriladi.
4. Umumtaʼlim maktablari direktorlari bitiruvchilar hujjatlarini tegishli akademik litsey va kasb-hunar kollejlari direktorlariga toʻgʻridan toʻgʻritopshiradi. Maktab va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi direktorlari oʻrtasida bu haqda topshirish-qabul qilish maʼlumotnomasi toʻrt nusxada rasmiylashtiriladi.
Ushbu maʼlumotnomaning bir nusxasi hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi boshligʻiga, bir nusxasi hududiy xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻiga hamda qolgan ikki nusxasi maktab va akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji direktorlarida saqlanadi.
5. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining qamrab olish imkoniyati doirasida oʻqish istagini bildirgan bitiruvchilar akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilarining safiga toʻgʻridan toʻgʻrirasmiylashtiriladi.
6. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining qamrab olish imkoniyatidan ortiq bitiruvchilar oʻqish istagini bildirgan holatlar quyidagicha tartibga solinadi:
a) bolalikdan nogiron bolalar, etim bolalar va ota-onasining qarovisiz qolgan bitiruvchilar Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi qarori bilan tegishli akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilarining safiga toʻgʻridan toʻgʻriqabul qilinadilar;
b) xalqaro, Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar bosqichidagi fan olimpiadalari gʻoliblari, aʼlo darajadagi umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnomaga ega boʻlgan bitiruvchilar ustunlikka ega boʻladi;
v) yuqoridagi “a” va “b” kichik bandlardagi toifaga kirmagan bitiruvchilar: shahodatnomaning oʻrtacha bali boʻyicha, ushbu ballar teng boʻlib qolgan hollarda tanlagan akademik litsey va kasb-hunar kolleji tayyorlov yoʻnalishlari boʻyicha bitiruvchining tegishli (“g” kichik bandida koʻrsatilgan) fanlardan olgan ballar yigʻindisi boʻyicha hisoblanadi;
g) taʼlim muassasalarining tayyorlov yoʻnalishlari boʻyicha quyidagi fanlardan toʻplangan ballar yigʻindisi hisobga olinadi:
Akademik litseylarning — aniq fanlar, kasb-hunar kollejlarining — taʼlim, fan hamda muhandislik, ishlov berish va qurilish tarmoqlari: matematika, fizika, ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti);
Akademik litseylarning — ijtimoiy-gumanitar fanlar hamda madaniyat va sanʼat, kasb-hunar kollejlarining — ijtimoiy fanlar, biznes va huquq hamda gumanitar fanlar va sanʼat: tarix, ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), matematika.
Akademik litseylarning — tabiiy fanlar, kasb-hunar kollejlarining — qishloq va suv xoʻjaligi hamda sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot: kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti);
Akademik litseylarning — xorijiy filologiya, kasb-hunar kollejlarining — xizmatlar: oʻrta maktabda oʻqigan xorijiy tili, ona tili va adabiyot (oʻzbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti), matematika.
d) bitiruvchilarning umumiy ballari teng boʻlib qolgan va boshqa nizoli hollarda ushbu masala Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish jarayonida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalaridagi nizoli hollar yuzasidan axborotni Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasiga kiritadi.
7. Ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan tartib asosida qamrab olinmagan bitiruvchilarning hujjatlari ularning xohishiga koʻra akademik litsey va kasb-hunar kolleji hamda hududiy oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmasi tomonidan kelishuv asosida boshqa oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalariga oʻtkaziladi.
Bu borada oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari direktorlari tomonidan hujjatlarni topshirish-qabul qilish maʼlumotnomasi rasmiylashtiriladi va hududiy boshqarmalarga topshiriladi.
Hududiy boshqarma boshliqlari maʼlumotlarni umumlashtirib bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markaziga yozma axborot beradi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bitiruvchilarning akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olinganligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish Davlat komissiyasiga hisobot beradi.
9. Bitiruvchilarning akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi tomonidan nazorat qilinadi.
Bitiruvchilarning hujjatlari akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga toʻliq topshirilishiga maktablar va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalari direktorlari shaxsan javobgardir.
III. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olishini rasmiylashtirish
10. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga qamrab olish jarayoni yakuniga koʻra tegishli hujjatlar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasi direktori tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
11. Xorijiy fuqarolar, respublikada doimiy istiqomat qilayotgan, lekin fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida oʻqishlari qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
IV. Bitiruvchilarni akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida oʻqitish bilan qamrab olishni nazorat qilish
12. Majburiy oʻqishni davom ettirishda bitiruvchilarga toʻsqinlik qilayotgan maktablar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining mansabdor shaxslari, shuningdek oʻquvchilarning ota-onalari yoki ularning qonuniy vakillari Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
V. Yakuniy qoidalar
13. Mazkur Vaqtinchalik nizom Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 2007-yil 4-iyundagi majlisi 1-son bayoni bilan maʼqullangan.
14. Mazkur Vaqtinchalik nizom 2008-yil 1-yanvargacha amal qiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 25-26-son, 266-modda)