Oʻzbekiston Respublikasi
Moliya vazirligi
1994-yil 1-yanvar
№ 53/25
DAVLAT MAJBURIY SUGʻURTASIGA OLINIShI KERAK BOʻLGAN FUQAROLARGA QARAShLI MOL-MULKNING DAVLAT MAJBURIY SUGʻURTASI TOʻGʻRISIDA
Yoʻriqnoma
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1994-yil 1-martda 25-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2001-yil 14-iyuldagi 94-mh-sonli buyrugʻiga asosan Davlat reyestridan chiqarilgan.
1. Davlat majburiy sugʻurtasiga olinishi kerak boʻlgan Fuqarolar mol-mulkini hisobga olish, badallarni hisoblash va undirish va sugʻurta qoplamasini toʻlash Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta toʻgʻrisida”, “Davlat turar-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 23-dekabrdagi “Fuqarolarga qarashli mol-mulkning davlat majburiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi 609-son qaroriga muvofiq va mazkur Yoʻriqnomada koʻzda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
I. boʻlim.
Fuqarolarga qarashli mol-mulkning davlat majburiy sugʻurtasi boʻyicha hisobga olish, badallarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
Fuqarolarga qarashli mol-mulkning davlat majburiy sugʻurtasi boʻyicha hisobga olish, badallarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
2. fuqarolarning quyidagi xususiy mol-mulki hisobga olinishi zarur:
imoratlar (uy-joylar, kvartiralar, shu jumladan xususiylashtirilgan kvartiralar, shuningdek yordamchi imoratlar);
hayvonlar (qoramol — 6 oylikdan boshlab, ot va tuyalar 1 yoshdan boshlab).
3. Bogʻdagi uylar, puturdan ketgan imoratlar. shuningdek, turar joyi nomaʼlum boʻlgan fuqarolarga qarashli imoratlar davlat majburiy sugʻurtasiga olinmaganligi uchun hisobga ham olinmaydi.
Turar joyi maʼlum boʻlmagan fuqarolarga qarashli imoratlar roʻyxati davlat sugʻurta muassasasi tomonidan tuziladi va qishloq (ovul) fuqarolari yigʻini tomonidan tasdiqlanadi. Bu roʻyxat 102-shaklli sugʻurtalanuvchilarning asosiy roʻyxatiga (2-ilova) qoʻshib qoʻyiladi.
4. Davlat sugʻurta muassasasi majburiy sugʻurtaga olinishi lozim boʻlgan mol-mulkni yilda bir marta, joriy yilning 1-yanvaridagi holatga koʻra ushbu tartibda hisobga oladi:
a) qishloqlarda:
imoratlar qishloq (ovul) fuqarolari yigʻinining xoʻjalik daftarlaridagi maʼlumotlar asosida hisobga olinadi.
Davlat sugʻurta muassasalari imoratlar toʻliq hisobga olinganligini tekshirib turishlari shart. Hisobga olinmagan. yangi qurilgan, qayta qurilgan va kapital taʼmirlangan imoratlar borligi aniqlangan taqdirda badallarni hisoblash uchun ular mazkur yilda hisobga olinishi zarur.
Joriy yilning 1-yanvaridan keyin qurilgan (qayta qurilgan va kapital taʼmirlangan) imoratlar ham badallarni hisoblash uchun shu yilning 1-oktabrigacha hisobga olinishi kerak.
Navbatdagi hisobga olishni amalga oshirishdan oldin 102-shaklli daftardagi maʼlumotlarni qishloq (ovul) fuqarolari yigʻinining xoʻjalik daftarlaridagi tegishli maʼlumotlar bilan solishtirish darkor.
Maʼlumotlar oʻrtasida farq borligi aniqlanganda, oʻsha joyning oʻzida tekshiruv oʻtkaziladi va bu holda hisobga olinmay qolgan, yangi qurilgan yoki boshqa jismoniy shaxsning xususiy mulkiga oʻtgan imoratlar hisobga olinadi hamda hisobdan chiqarilganlari roʻyxatdan oʻchiriladi.
Hayvonlar qishloq (ovul) fuqarolari yigʻinining xoʻjalik daftarlaridagi maʼlumotlar asosida hisobga olinadi. Ayni chogʻda davlat sugʻurta muassasalarining nazoratchilari hayvonlar qishloq (ovul) fuqarolari yigʻini tomonidan toʻliq hisobga olinganligini tanlab tekshiradilar;
b) shaharlarda:
imoratlar maishiy xoʻjalik idoralarining maʼlumotlari asosida hisobga olinadi.
Davlat sugʻurta muassasalari imoratlar haqidagi maʼlumotlarni maishiy xoʻjalik idoralarida aniqlashtirib olishlari shart. Bundan tashqari, mavjud imoratlar haqidagi maʼlumotlarni yakka tartibdagi uy qurilishi uchun ajratilgan yer uchastkalari va xususiylashtirilgan turar joy fondi haqida hokimiyatlarda bor boʻlgan maʼlumotlar bilan, shuningdek, tuman (shahar) soliq idoralarining hisoblangan soliqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlari bilan solishtirish lozim.
Maʼlumotlar bir-biridan farq qilganda oʻsha joyning oʻzida tegishli tekshiruv oʻtkaziladi.
Hayvonlar tuman (shahar) davlat statistika idoralarining maʼlumotlariga binoan hisobga olinadi. Mazkur maʼlumotlar boʻlmasa yoki ular haqiqatga toʻgʻri kelmasa, hayvonlar davlat sugʻurta muassasasi tomonidan xoʻjalikdagi hamma hovlilarni aylanib chiqish yoʻli bilan hisobga olinadi.
5. Qishloq va shaharlarda mol-mulkning hisobga olinganligi va sugʻurta badallari hisoblanganligi haqida sugʻurtalanuvchilarning 102-shaklli roʻyxati bir nusxada tuziladi. Ushbu roʻyxati davlat sugʻurta muassasasining nazoratchisi tomonidan xar yili har bir qishloq (ovul) fuqarolari yigʻini, shaharcha, shahar, shahar ichidagi tuman boʻyicha alohida-alohida tuzilib, shu muassasa boshligʻi tomonidan albatta tekshiriladi.
Agar mol-mulkning toʻgʻri hisobga olinganligi va badallar toʻgʻri hisoblanganligi tekshirilganda xatolar aniqlansa, u holda sugʻurtalanuvchilar roʻyxatiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritiladi. Bu oʻzgartish va qoʻshimchalar roʻyxatning oxirgi stunida izohlanadi hamda davlat sugʻurta muassasasining boshligʻi va bosh hisobchisi tomonidan imzolab tasdiqlanadi.
SUGʻURTA BADALLARINI HISOBLASh VA TOʻLASh
6. Mol-mulkning davlat majburiy sugʻurtasiga doir badallar tegishli mulk turining sugʻurtasi boʻyicha mazkur joy uchun belgilangan stavkalar asosida hisoblanadi.
Bunda:
— imoratlar sugʻurtasiga doir badallar imoratlarning majburiy sugʻurtasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan sugʻurta pulidan hisoblanadi;
hayvonlar sugʻurtasiga doir badallar har bir turdagi va yosh guruhidagi bitta hayvon uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan sugʻurta pulidan hisoblanadi.
7. Sugʻurta badallari joriy yilning 1-yanvaridagi holatga koʻra hisobga olingan mol-mulk uchun hisoblanadi.
Davlat majburiy sugʻurtasiga olinishi kerak boʻlgan mol-mulkning tarkibi va narxi yil mobaynida oʻzgargan taqdirda sugʻurta badallari 1-oktabrga qadar hisoblanadi.
Hisobga olish notoʻgʻri boʻlganligi tufayli toʻlanmagan yoki keragidan ortiq toʻlangan sugʻurta badallari koʻpi bilan ikki yil (xato aniqlangan yil bu hisobga kirmaydi) uchun jarimasiz (penyasiz) undirib olinishi yoxud qaytarib berilishi zarur.
8. Ayrim fuqarolarga fuqarolar mol-mulkining davlat majburiy sugʻurtasi toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasi qarorining 3-moddasida nazarda tutilgan imtiyozlarni berish uchun davlat sugʻurta muassasasi xalq noiblari tuman yoki shahar hokimiyatiga; Qishloq (ovul) fuqarolari yigʻiniga maxsus komissiyaning moddiy jihatdan qiyin ahvolga tushib qolgan ayrim fuqarolarni ularning arizasiga binoan badallar toʻlashdan qisman yoki batamom ozod etish haqidagi xulosalarini taqdim qilishi kerak.
Davlat sugʻurta muassasasi bunday xulosalarni fuqarolar xoʻjaliklarini tekshirish materiallari asosida 134-shaklli roʻyxat qogʻozida (3-ilova) taqdim etadi.
Davlat sugʻurta muassasasi imtiyozlar beriladigan fuqarolar haqidagi 134-shaklli roʻyxatni hokimiyatga shunday hisob bilan taqdim etishi lozimki, sugʻurtalanuvchilarga sugʻurta guvohnomalari berilgunga qadar bu haqda qaror qabul qilish mumkin boʻlsin.
9. Davlat sugʻurta muassasasi sugʻurta badallarini hisoblaydi, shundan soʻng sugʻurtalanuvchilarga 136-shaklli sugʻurta guvohnomasi (ilova) beriladi.
Shahardagi imoratlar va hayvonlar sugʻurtasi boʻyicha beriladigan sugʻurta guvohnomalariga sugʻurtalanuvchilar xoʻjaliklari 102-shaklli roʻyxatda qanday raqamlar bilan qayd etilgan boʻlsa, oʻsha tartib raqamlari yoziladi. Qishloqdagi imoratlar va hayvonlar sugʻurtasi boʻyicha topshiriladigan sugʻurta guvohnomalariga kasr tartib raqami yoziladi. Kasrning suratida 102-shaklli roʻyxatdagi tartib raqami, maxrajida esa, mazkur xoʻjalik qishloq (ovul) fuqarolari yigʻinining daftarida qanday raqam bilan yozilgan boʻlsa, oʻsha raqam koʻrsatiladi.
10. Agar sugʻurta guvohnomalari topshirilgandan keyin xatolar aniqlanganligi munosabati bilan 102-shaklli sugʻurtalanuvchilar roʻyxatiga oʻzgartishlar kiritilgan (qoʻshimcha badallar hisoblangan yoki ilgari hisoblangan badallar miqdori kamaytirilgan) boʻlsa, u holda sugʻurtalanuvchiga: qoʻshimcha hisoblangan badallar uchun qoʻshimcha sugʻurta guvohnomasi, hisoblangan badallar miqdori kamaytirilganda esa — bu haqda 99-shaklli bildirish xati beriladi. Qoʻshimcha hisoblangan badallarni toʻlash muddatlari shunday hisob bilan belgilanishi kerakki, ularni toʻlashga sugʻurtalanuvchining ixtiyorida oldinda 30 kun boʻlishi lozim.
11. Davlat majburiy sugʻurtasi badallari har yili 1-oktabrgacha toʻlanadi.
12. Shahar va qishloqlarda sugʻurta badallarini Oʻzbekiston Respublikasi Jamgʻarma bankining boʻlimlari, davlat sugʻurta muassasalarining nazoratchilari, sugʻurta vakillari oladi. Bulardan tashqari, qishloqda — qishloq (ovul) fuqarolari yigʻinining hisobchi-kassirlari, shaharda esa — mahalla oqsoqollari-fuqarolari yigʻinining kotiblari ham olishlari mumkin.
Qishloqda ham, shaharda ham sugʻurta badallari davlat sugʻurta muassasasining schyotiga pochta orqali oʻtkazilishi ham mumkin.
13. Davlat majburiy sugʻurtasi badalini toʻlaganligi haqida sugʻurtalanuvchiga belgilangan namunadagi patta beriladi.
14. Belgilangan muddatda toʻlanmagan sugʻurta badallari boqimanda boʻlib hisoblanadi va toʻlashda kechiktirilgan har bir kun uchun boqimandaning 0,5 foizi miqdorida jarima (penya) hisoblangan holda undirib olinadi.
Toʻlash muddati boshlangan kunning ertasidan boshlab to muddati oʻtib ketgan pulni toʻlangan kunga qadar oʻtgan har bir kechiktirilgan kun uchun jarima hisoblanadi.
Agar belgilangan toʻlash muddatining oxiri dam olish yoki bayram kuniga toʻgʻri kelib qolsa, u holda jarima shu kundan keyingi ikkinchi kundan boshlab hisoblanadi. Jarima kechikib toʻlangan badalning yaxlit soʻmlari uchun (tiyinlar hisobga olinmaydi) hisoblanadi. Bunda mazkur jarima miqdori bir tiyingacha yaxlitlanadi (0,5 tiyindan kami hisobga olinmaydi, 0,5 tiyin va bundan ortigʻi esa bir tiyingacha yaxlitlanadi). Jarimaga jarima hisoblanmaydi. Boqimanda xalq sudining qarori bilan undirib olinadigan boʻlsa, sud hukmi chiqarilgan kundan boshlab jarima hisoblash toʻxtatiladi.
15. Quyidagi kunlar badallar toʻlangan kun boʻlib hisoblanadi:
a) badallar naqd pul bilan toʻlanganda — tegishli tashkilot yoki shaxsga pul toʻlangan kun;
b) pochta orqali oʻtkazilganda — pochtaga pul toʻlangan kun.
16. Sugʻurtalanuvchining boqimandasi bor boʻlganda u toʻlaydigan puldan avval oldingi yillar boqimandasi, keyin boqimandaga hisoblangan jarima, shundan soʻng navbatdagi badallar olinadi.
17. Qishloqlarda fuqarolar mol-mulkining majburiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlanadigan sugʻurta qoplanmasidan badallar ushlab qolingan taqdirda yoki badallar pochta orqali kelib tushgan holda davlat sugʻurta muassasasi bu haqda sugʻurtalanuvchining shaxsiy schyotida qayd qilib qoʻyilishi uchun tegishli qishloq (ovul) fuqarolari yigʻiniga xabar berishi zarur.
18. Agar sugʻurtalanuvchi sugʻurta badallarini keragidan ortiq toʻlagan boʻlsa, u holda tegishli davlat sugʻurta tashkiloti yoki qishloq (ovul) fuqarolari yigʻini ortiqcha olingan pulni Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida koʻzda tutilgan tartibda qaytarib beradi.
19. Davlat sugʻurta muassasasi:
— davlat majburiy sugʻurtasiga olinishi kerak boʻlgan mol-mulkning toʻliq va toʻgʻri hisobga olinishini, badallarning toʻgʻri hisoblanishini hamda sugʻurta guvohnomalari oʻz vaqtida topshirilishini;
— hisoblangan badallar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan muddatlardan kechikmay kelib tushishini taʼminlashi kerak. Buning uchun davlat sugʻurta muassasasi qishloq va shaharlardagi fuqarolardan badallarning kelib tushishini muntazam ravishda tahlil qilishi, boqimanda yuzaga kelganda esa uni yoʻqotish choralarini koʻrishi zarur.
Davlat sugʻurta muassasasining boshligʻi davlat majburiy sugʻurtasiga olinishi kerak boʻlgan fuqarolar mol-mulkini hisobga olish va badallarni hisoblash natijalari haqida hokimiyatga xabar berishi kerak.
20. Davlat sugʻurta boshqarmalari davlat sugʻurta muassasalarini 102, 134, 136- shaklli ish qogʻozlari bilan taʼminlashlari shart.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sugʻurta bosh boshqarmasi, davlat sugʻurta boshqarmalari fuqarolar mol-mulkining davlat majburiy sugʻurtasiga doir ishni nazorat qilishga, hisobga olish, badallarni hisoblash natijalarini tahlil qilishga va sugʻurta badallari oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash choralarini koʻrishga majbur,
II. boʻlim.
Fuqarolarga qarashli imoratlar sugʻurtasi boʻyicha zarar
miqdorini aniqlash va sugʻurta qoplamasini toʻlash tartibi
Fuqarolarga qarashli imoratlar sugʻurtasi boʻyicha zarar
miqdorini aniqlash va sugʻurta qoplamasini toʻlash tartibi
22. Fuqarolarning xususiy mulki boʻlgan imoratlar (turar joylar, kvartiralar, xususiylashtirilgan joylar, bogʻdagi uylar, dalahovlilar va yordamchi imoratlar) sugʻurtasiga doir sugʻurta qoplamasini aniqlash hamda toʻlash davlat sugʻurta tashkilotlari tomonidan bu yoʻriqnomada koʻzda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
23. Imoratlar turli hodisalardan vayron boʻlganda yoki shikastlanganda (qirchumolilar, zamburugʻlar va kemiruvchilar taʼsirida vayron boʻlishi yoki shikastlanishidan tashqari) sugʻurta qoplamasi toʻlanadi.
24. Agar sugʻurtalangan imoratlar sugʻurta hodisalariga kirmaydigan hodisalar natijasida vayron boʻlsa yoki shikastlansa, sugʻurtalanuvchiga yetkazilgan zarar davlat sugʻurta tashkilotlari tomonidan qoplanmaydi.
25. Agar sugʻurtalanuvchining oʻzi yoki balogʻatga yetgan oila aʼzosi sugʻurta qoplamasi olish maqsadida qasddan sodir etgan xatti-harakatlari natijasida imoratlar vayron boʻlgan yoki shikastlangan boʻlsa, sugʻurta qoplamasi toʻlanmaydi.
26. Xatti-harakatlarning qasddan sodir etilganligi davlat sugʻurta muassasasi tegishli vakolatli idoralar (yongʻin nazorati, militsiya, prokuratura, xalq sudi va b.) dan olgan hujjatlar asosida aniqlanadi.
27. Basharti, sugʻurta hodisasi yuz berganda sugʻurtalanuvchining oʻzi, u yoʻqligida esa balogʻatga yetgan oila aʼzosi sugʻurtalangan imoratlarini saqlab qolish va yanada shikastlanishining oldini olish choralarini koʻrish imkoniga ega boʻlgani holda bu choralarni amalga oshirmagan boʻlsa, shu tufayli yetkazilgan qoʻshimcha zarar uchun sugʻurta qoplamasi toʻlanmaydi.
28. Agar sugʻurtalanuvchining oʻzi, u yoʻqligida esa balogʻatga yetgan oila aʼzosi*, vakolatli shaxs** imkoni boʻlgani holda imoratlarining vayron boʻlgani yoki shikastlangani haqida mazkur boʻlimning 30-bandida koʻrsatilgan tartibda va muddatda xabar qilmagan boʻlsa, davlat sugʻurta tashkilotlari sugʻurta qoplamasi toʻlashni rad etish huquqiga ega.
* Sugʻurtalanuvchining oila aʼzosi — u bilan birga (bir manzilgohda) yashab, umumiy xoʻjalik yuritadigan shaxs.
** Vakolatli shaxs — sugʻurtalanuvchi tomonidan berilgan, dalolatnoma tuzishda qatnashish huquqini beruvchi yozma ishonchnomasi (notarial shaklda boʻlishi talab etilmaydi) boʻlgan shaxs.
Mabodo sugʻurta hodisasi haqida xabar berish muddatini oxiri dam olish yoki bayram kuniga toʻgʻri kelib qolsa, u holda dam olish (bayram) kunidan keyingi birinchi ish kuni mazkur muddatning oxirgi kuni boʻlib hisoblanadi.
Sugʻurtalanuvchi xabar berish tartibi va muddatini buzganligi tufayli imoratlarning haqiqatan vayron boʻlgani yoki shikastlanganini, buning sabablarini, shuningdek, sugʻurta hodisasi yetkazgan zarar miqdorini aniqlashning imkoni boʻlmagan taqdirdagina shu buzish munosabati bilan sugʻurta qoplamasi toʻlashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinishi mumkin.
29. Davlat sugʻurta muassasasi mustaqil ravishda yoki Davlat sugʻurta boshqarmasining (Bosh boshqarmasining) vakili boshchiligida sugʻurta qoplamasini aniqlaydi va toʻlaydi.
30. Imoratlar sugʻurta hodisasi natijasida vayron boʻlganda yoki shikastlanganda sugʻurtalanuvchining oʻzi, u yoʻqligida esa balogʻatga yetgan oila aʼzosi yoxud vakalotli shaxs 24 soat ichida bu haqda:
shaharlarda — davlat sugʻurta muassasasiga;
qishloqlarda — davlat sugʻurta muassasasiga yoki ayrim hollarda (yashash joyi uzoq boʻlgani sababli) qishloq (ovul) fuqarolari yigʻiniga xabar berishi kerak.
Qishloq (ovul) fuqarolari yigʻini sugʻurtalangan imoratlar vayron boʻlgani yoki shikastlangani haqida tushgan arizalar toʻgʻrisida uzogʻi bilan 24 soat ichida davlat sugʻurta muassasasiga maʼlum qilishi shart.
31. Hududida mazkur sugʻurta hodisasi yuz bergan tuman (shahar) davlat sugʻurta muassasasi fuqarolarga qarashli imoratlar nobud boʻlgani yoki shikastlangani haqida 110-shaklli dalolatnoma (1-ilova) tuzishi shart.
32. Dalolatnoma sugʻurta hodisasi haqidagi ariza asosida tuziladi. Arizalar davlat sugʻurta muassasasiga tushgan kuniyoq 116-a shaklli daftarda (2-ilova) qayd qilib qoʻyiladi.
33. Dalolatnoma albatta sugʻurtalanuvchining oʻzi, u yoʻqligida esa. balogʻatga yetgan oila aʼzosi yoki vakolatli shaxs ishtirokida davlat sugʻurta muassasasining boshligʻi, yoki uning topshirigʻi bilan bosh mutaxassis (mutaxassis) tomonidan tuziladi.
Zarur hollarda dalolatnomaga vakolatli idoralar (gidrometeorologiya yoki seysmologiya xizmati, maishiy xoʻjalik, yongʻin nazorati, militsiya, prokuratura, xalq sudi va b.) ning imoratlar qayerda, qachon va nima sababdan vayron boʻlgani yoki shikastlangani toʻgʻrisidagi, shuningdek, sugʻurta qoplamasi toʻlash masalasini hal etish uchun ahamiyatga ega boʻlgan boshqa shart-sharoitlar haqidagi tegishli hujjatlari ilova qilinadi.
34. Davlat sugʻurta muassasasi sugʻurta hodisasi haqidagi arizani olganidan soʻng uzogʻi bilan 2 kun mobaynida dalolatnomani tuzadi.
35. Agar sugʻurta hodisasi natijasida bir yoʻla koʻpgina fuqarolarning imoratlari vayron boʻlgan yoki shikastlangan boʻlsa, u holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat sugʻurta bosh boshqarmasi:
a) dalolatnomalar tuzish muddatini bir oy va bundan koʻp muddatga. ammo koʻpi bilan ikki oy muddatga uzaytirish;
b) sugʻurta qoplamasi toʻlash uchun dalolatnoma va hisob-kitoblar tuzishga boshqa tuman hamda viloyatlardan davlat sugʻurta muassasalari boshliqlarini, boshliqlar oʻrinbosarlari, bosh mutaxassislar va mutaxassislarni jalb qilish;
v) ushbu bandning “a” kichik bandiga muvofiq, dalolatnomalarni tuzish muddati qanchaga uzaytirilgan boʻlsa, sugʻurta qoplamasi toʻlash muddatini ham shuncha muddatga uzaytirish huquqiga ega.
36. Dalolatnoma sugʻurta hodisasi natijasida imoratlari vayron boʻlgan yoki shikastlangan har qaysi xoʻjalik boʻyicha bir nusxada tuzilib, tuzishda qatnashgan shaxslar tomonidan imzolanadi va davlat sugʻurta muassasasining muhri 6ilan tasdiqlanadi.
Mabodo dalolatnomada tuzatishlar qilingan boʻlsa, ular albatta izohlanib, dalolatnomani tuzgan shaxslarning imzolari va davlat sugʻurta muassasasining muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
37. Dalolatnomadagi hamma savollarga aniq javob berilgan boʻlishi lozim.
Dalolatnomaning tegishli boʻlimlarini toʻlgʻazishda quyidagilarni nazarda tutish zarur:
a) imoratning haqiqatan vayron boʻlganligi yoki shikastlanganligi buning sabablari, uning shikastlanish turi va darajasi hamda zarar koʻlamini, sugʻurta qoplamasi miqdorini aniqlash uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar shikastlangan imoratni yoki undan qolgan narsalarni (poydevor, tsokol, qurilish materiallari va hokazo) joyida koʻzdan kechirish yoʻli bilan, zarur hollarda esa davlat sugʻurta muassasasi tegishli vakolatli idoralardan olgan hujjatlar asosida aniqlanadi;
b) agar imoratlarni taʼmirlash yoʻli bilan boshlangʻich maqsad boʻyicha foydalanishga yaroqli holatga keltirish mumkin boʻlsa, ular shikastlangan hisoblanadi. Qolgan hollarda imoratlar vayron boʻlgan hisoblanadi;
v) imoratning shikastlanish koʻlami (darajasi) imorat shikastlangan qismining butuni yoki butun imoratning foizida koʻrsatiladi;
g) imoratlarni, ularning qoldiqlarini saqlab qolish va tartibga keltirish (imoratning shikastlangan qismlarini mustahkamlash, axlatni chiqarib tashlash, suvni tortib chiqarib tashlash va hokazo) ishlari hajmi ish kunlarida, bu ishlarni bajarish xarajatlari qiymati esa belgilangan eng kam ish haqining 2 foizi miqdorida aniqlanadi;
d) vayron boʻlgan imoratlarning va ayrim qismlarining qoldiqlari (poydevor ham) bundan keyin qurilishda foydalanishga yaroqli boʻlsagina hisobga olinadi. Bu holda imoratlarning qoldiqlari imoratni yoki uning ayrim qismlarini buzganda olish mumkin boʻlgan materiallar (gʻisht, tosh, yogʻoch-taxta, cherepitsa, shifer va b.) miqdori boʻyicha hisobga olinadi. Bunday materiallar miqdori sanab chiqish yoʻli bilan yoki amaldagi materiallarning chiqish meʼyorlari asosida aniqlanadi.
Imoratlarning loy, paxsa, somon va tuproqdan qilingan devorlarining qoldiqlari hisobga olinmaydi.
38. Agar sugʻurtalanuvchining arizasi tekshirilganda sugʻurtalangan imoratlar sugʻurta hodisalariga kirmaydigan voqealar natijasida vayron boʻlganligi yoki shikastlanganligi aniqlansa yoki sugʻurtalanuvchi sugʻurta hodisasi haqida xabar berish tartibi va muddatini buzganligi tufayli imoratning haqiqatan vayron boʻlgani yoxud shikastlanganini hamda buning sabablarini, shuningdek, yetkazilgan zarar va sugʻurta qoplamasi miqdorini aniqlashning imkoni boʻlmasa, ixtiyoriy shaklda dalolatnoma tuzilib, unda belgilangan shakldagi dalolatnomaning tuzilmaganligi sababi koʻrsatiladi. Dalolatnomaga yoʻriqnomaning 33-bandida keltirilgan shaxslar imzo chekadilar.
39. Shikastlangan imoratni taʼmirlash qiymati imoratlarning ushbu turi uchun ishlab chiqilgan solishtirma ulushlar jadvalida keltirilgan imorat ayrim qismlari (tarkibiy qismlari) qiymatining uning umumiy qiymatiga foizdagi nisbatini (solishtirma ulushlarni) qoʻllash yoʻli bilan aniqlanadi.
40. Shikastlangan imoratlarni taʼmirlash qiymatining hisob-kitobini tuzishda quyidagilarni nazarda tutish kerak:
mazkur sugʻurta hodisasi tufayli bajarilgan ishlar, shuningdek, sugʻurta hodisasi natijasida imorat shikastlanganligi munosabati bilan zarur deb topilgan taʼmirlash ishlari, masalan, faqat shikastlangan devorlar va shu kabilarni emas, balki xonadagi hamma devorlarni boʻyash-oqlash ishlarigina hisob-kitobga kiritiladi. Shikastlangan imoratni qayta qurish (uning oʻlchamlarini oʻzgartirish, unga taqab boshqa imorat qurish va hokazo) bilan bogʻliq xarajatlar hisob-kitobga kiritilmaydi.
Imoratning ayrim qismlari (tarkibiy qismlari) ancha shikastlangan taqdirda boshqa tarkibiy qismlarni taʼmirlash yoki almashtirish uchun zarur boʻlgan ishlar ham hisob-kitobga kiritiladi;
agar shikastlangan imoratning ayrim qismlari (tarkibiy qismlari) ni saqlab qolish uchun ularni mustahkamlash (gʻisht tirgovuchlar, tiraklar, tortqichlar oʻrnatish va hokaza) ishlarini bajarish kerak boʻlsa, bunday ishlar hamda shu maqsadda sarflangan materiallar qiymati imoratni taʼmirlash qiymatining hisob-kitobiga kiritiladi;
agar imoratning shikastlangan tarkibiy qismlarini u shikastlanmasidan oldingi holatiga keltirish uchun faqat ishchi kuchidan foydalanish (qoʻshimcha qurilish materiallari ishlatmagan holda pol yoki shiftni qayta toʻshash) talab etilsa, hisob-kitobga faqat ishlar qiymati kiritiladi;
yongʻin atrofga tarqalishining oldini olish tadbirlari yoki toʻsatdan qandaydir tabiiy ofat xavfi paydo boʻlishi munosabati bilan buzib olingan imoratlar boshqa joyga koʻchirilganda hisob-kitobga imoratni buzib olish va koʻrish hamda materiallar va imorat qismlarini boshqa joyga olib borish xarajatlari kiritiladi;
imorat shikastlanganidan yoki buzib olinganidan keyin qolgan materiallardan (singan gʻishtlar, koshinlar, shiferlar va b.) qurilishda foydalanib boʻlmasagina boshqa joyga koʻchiriladigan imoratni tiklash yoki shikastlangan imoratni taʼmirlash uchun zarur boʻlgan materiallarga qilingan xarajatlar hisob-kitobga kiritiladi.
SUGʻURTA QOPLAMASI MIQDORINI ANIQLASh
41. Vayron boʻlgan yoki shikastlangan imoratlar uchun sugʻurta qoplamasi miqdori imoratning vayron boʻlganligi (shikastlanganligi) haqidagi dalolatnomada keltirilgan maʼlumotlar asosida, zarur hollarda (zarur hollarda deyilganda sugʻurta hodisasining vaqti, joyi, sababini va u yetkazgan zarar miqdorini hamda sugʻurta hodisasi yuz berishida aybdor shaxslarni vakolatli idoralarning tekshiruvisiz aniqlab boʻlmaydigan hollar tushuniladi) tegishli vakolatli idoralardan olingan hujjatlarni inobatga olgan holda davlat sugʻurta muassasasi boshligʻi, bosh mutaxassisi (mutaxassisi) tomonidan aniqlanadi.
42. Davlat sugʻurta muassasasi xoʻjalikdagi mavjud imoratlar borligini tekshirishi, ularni 110-shaklli dalolatnomada sxema tarzida chizib, tashqi oʻlchamlarini koʻrsatishi, vayron boʻlgan yoki shikastlangan imoratning sugʻurta pulini aniqlashi shart.
43. Imoratlarning majburiy sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta qoplamasi quyidagi miqdorlarda hisoblanadi:
imorat vayron boʻlganda — uning majburiy sugʻurta uchun belgilangan sugʻurta puli miqdorida; bunda imoratning qurilishga yaroqli qoldiqlari qiymati chiqarib tashlanadi va imorat qiymatining pasayganlik darajasi hisobga olinadi; sugʻurta qoplamasi imoratni saqlab qolish va uning qoldiqlarini tartibga keltirish xarajatlari miqdorida, ammo sugʻurta puli doirasida oshiriladi;
imorat shikastlanganda — imoratni taʼmirlash (tiklash) qiymati miqdorida; imoratni saqlab qolish, uni va qurilishga yaroqli qoldiqlarini tartibga keltirish xarajatlari ham qoʻshiladi.
44. Ixtiyoriy tartibda sugʻurtalangan imoratlar vayron boʻlganda yoki shikastlanganda imoratning majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta qoplamasi ixtiyoriy sugʻurtaga doir sugʻurta pulining necha foizini tashkil etsa, sugʻurta shartnomasida kelishilgan sugʻurta pulining shuncha foizi miqdorida sugʻurta qoplamasi hisoblanadi.
45. Ixtiyoriy sugʻurta boʻyicha xoʻjalikdagi hamma imoratlar ularning 100 foiz qiymatidan (narxidan) kamroq umumiy sugʻurta puliga sugʻurtalangan taqdirda bunday imoratning har biri sugʻurta guvohnomasida koʻrsatilgan umumiy sugʻurta puli necha foizni tashkil etsa, ixtiyoriy sugʻurta boʻyicha uning eng yuqori sugʻurta pulining shuncha foizi miqdorida sugʻurtalangan hisoblanadi.
46. Agar tekshiruv natijasi imoratlarning majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta puli yanglishib ortiq yoki kam belgilanganligi aniqlansa, u holda majburiy sugʻurtaga doir sugʻurta qoplamasi mazkur tekshiruv natijasida aniqlashtirilgan sugʻurta pulidan kelib chiqib hisoblanadi.
47. Majburiy va ixtiyoriy sugʻurtaga doir sugʻurta qoplamasini davlat sugʻurta muassasasi mustaqil ravishda toʻlaydi.
48. Sugʻurta qoplamasi davlat sugʻurta muassasasi imoratning vayron boʻlganligi yoki shikastlanganligi haqidagi arizani olgan kundan boshlab kechi bilan 72 soat ichida toʻlanadi. Sugʻurta muassasasi xodimlarining aybi bilan toʻlashda kechiktirilgan har bir kun uchun, hisoblangan sugʻurta qoplamasining 0,1 foizi miqdorida jarima (penya) toʻlanadi.
Agar mazkur ish boʻyicha tekshiruv olib borilayotganligi tufayli sugʻurta qoplamasini belgilangan muddatida toʻlashning imkoni boʻlmasa, sugʻurta qoplamasi toʻlash yoki toʻlamaslik masalasi davlat sugʻurta muassasasi tergov idoralaridan ushbu ishni tugatish yoki maʼlum vaqtga toʻxtatib qoʻyish haqidagi qarorni olgandan soʻng, ish xalq sudiga oshirilgan taqdirda esa sud hukmini (ajrimini) olgandan keyin uch kun mobaynida hal etiladi. Sugʻurta qoplamasi toʻlash rad etilganda davlat sugʻurta muassasasi sugʻurtalanuvchiga bu haqda ushbu bandda koʻzda tutilgan muddatda xabar berishga majbur.
49. Imoratlar qaysi tuman yoki shaharda joylashgan boʻlsa, sugʻurta qoplamasini oʻsha tuman (shahar) davlat sugʻurta muassasasi toʻlaydi. Majburiy va ixtiyoriy sugʻurta boʻyicha sugʻurta qoplamasi bir vaqtda toʻlanadi.
Davlat sugʻurta muassasasining bosh hisobchisi sugʻurta qoplamasi toʻlanguncha qadar toʻlashga doir hamma hujjatlar toʻgʻri rasmiylashtirilganini tekshirishi shart. Bergan tashkilotning muhri yoki tegishli imzolar boʻlmagan dalolatnomalar, hisob-kitoblar, maʼlumotnomalar va boshqa hujjatlarni toʻlash uchun qabul qilish man etiladi. Sugʻurta qoplamasi toʻlangandan keyin hamma hujjatlarga “Toʻlangan” yozuvli shtamp bosiladi.
50. Sugʻurtalanuvchining xohishiga qarab sugʻurta qoplamasi oluvchining nomi yozilgan chek boʻyicha davlat banki muassasasi tomonidan toʻlanadi yoki jamgʻarma bankiga oʻtkaziladi yoxud sugʻurtalanuvchi hisobidan pochta orqali unga yuboriladi.
51. Ziyon yetkazgan shaxsdan (yoki ziyon yetkazilishiga javobgar shaxsdan) zarar uchun toʻliq tovon olgan sugʻurtalanuvchi sugʻurta qoplamasi olish huquqini yoʻqotadi. Agar zarar qisman qoplangan boʻlsa, u holda sugʻurtalanuvchiga sugʻurta qoplamasi u ziyon yetkazgan shaxsdan olgan tovon miqdorida kam toʻlanadi.
52. Davlat sugʻurta tashkiloti sugʻurta qoplamasini qancha toʻlagan boʻlsa, sugʻurta qoplamasini olgan sugʻurtalanuvchining yoki oʻzga shaxsning sugʻurtalangan imoratlari vayron boʻlishi yoki shikastlanishida aybdor shaxsdan talab qilish huquqi shu qoplama doirasida sugʻurta tashkilotiga oʻtadi.
Mazkur talab (daʼvo):
sugʻurtalanuvchining oila aʼzosiga;
ushbu sugʻurta hodisasi boʻyicha sugʻurta qoplamasini olgan boshqa sugʻurtalanuvchiga qoʻyilmaydi.
53. Toʻlanadigan sugʻurta pulidan quyidagilar ushlab qolinadi;
a) majburiy sugʻurta boʻyicha — sugʻurta badallari boʻyicha boqimanda, jarima (penya) va yaqin oʻrtada toʻlanmagan badal, shuningdek, tekshiruv natijasida sugʻurta hujjatlarida sugʻurta puli notoʻgʻri koʻrsatilganligi tufayli imorat uchun sugʻurta qoplamasi aniqlashtirilgan sugʻurta pulidan kelib chiqib hisoblanganligi va toʻlanganligi aniqlanganda qoʻshimcha hisoblangan badal;
b) ixtiyoriy sugʻurta boʻyicha — sugʻurtalanuvchiga yangi shartnoma tuzish (tiklash) uchun berilgan, lekin hali shartnoma tuzilmagan imtiyozli bir oy muddat mobaynida vayron boʻlgan yoki shikastlangan imoratlar uchun badallar.
Davlat sugʻurta muassasasi qishloqdagi vayron boʻlgan yoki shikastlangan imoratlar uchun toʻlanadigan sugʻurta qoplamasidan boqimanda, jarima (penya) va navbatdagi badal ushlab qolinganligi haqida qishloq (ovul) fuqarolari yigʻiniga maʼlum qilishga majbur.
Bundan tashqari, imoratlarning ixtiyoriy sugʻurtasiga doir sugʻurta qoplamasi sugʻurta guvohnomasida koʻrsatilganidan kam sugʻurta pulidan kelib chiqib hisoblangan boʻlsa, u holda sugʻurta badallari yangi belgilangan sugʻurta puliga moslab oʻzgartiriladi, ortiqcha olingan badallar esa sugʻurtalanuvchiga sugʻurta qoplamasini toʻlash bilan bir vaqtda qaytarib beriladi.
Imoratlarning majburiy sugʻurtasiga doir badallarni qayta hisoblash, ushlab qolish yoki qaytarib berish koʻpi bilan ikki yil uchun (xatoni aniqlangan yil hisobga olinmaydi), ixtiyoriy sugʻurta boʻyicha esa bir yil uchun amalga oshiriladi.
III. boʻlim.
Fuqarolarga qarashli hayvonlar sugʻurtasiga doir sugʻurta qoplamasini aniqlash va toʻlash tartibi
Fuqarolarga qarashli hayvonlar sugʻurtasiga doir sugʻurta qoplamasini aniqlash va toʻlash tartibi
54. Sugʻurtalangan hayvonlar kasalliklar, baxtsiz hodisalar, tabiiy ofatlar natijasida nobud boʻlganda va oʻgʻirlab ketilganda sugʻurta qoplamasi toʻlanadi.
Quyidagi hollarda ham sugʻurta qoplamasi toʻlanadi:
hayvon baxtsiz hodisaga uchrab, oʻlishi muqarrarligi tufayli majburan soʻyilganda;
epizootiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari oʻtkazilayotganligi yoki hayvon tuzalmaydigan kasallik bilan ogʻrishi natijasida bundan keyin undan foydalanish mumkin emasligi sababli veterinariya xizmati mutaxassisining farmoyishi bilan majburan soʻyilganda yoxud yoʻq qilinganda.
55. Sugʻurtalangan hayvon nobud boʻlgan oʻgʻirlab ketilgan, majburan soʻyilgan yoki yoʻq qilingan taqdirda sugʻurtalanuvchining oʻzi, u yoʻqligiga esa balogʻatga yetgan oila aʼzosi 24 soat mobaynida bu haqda sugʻurta tashkilotiga, ayrim hollarda esa (boriladigan joy uzoqligi sababli) Qishloq (ovul) fuqarolari yigʻiniga yozma ravishda maʼlum qilishi shart.
Hayvonning nobud boʻlganligi haqida xabar berish muddatining oxiri dam olish (bayram) kunlariga toʻgʻri kelib qolsa, dam olish (bayram) kunidan keyingi birinchi ish kuni xabar berish muddatining oxirgi kuni boʻlib hisoblanadi.
DALOLATNOMA TUZISh
56. Sugʻurtalangan hayvonlarning nobud boʻlganligi, oʻgʻirlab ketilganligi haqida 22-shaklli dalolatnoma (1-ilova) tuziladi.
Dalolatnoma sugʻurtalangan hayvonlar nobud boʻlganligi haqida ariza olingan kundan soʻng 24 soat mobaynida davlat sugʻurta tashkilotlarining xodimlari, ayrim hollarda esa (boriladigan joy uzoqligi sababli) Qishloq (ovul) fuqarolari yigʻinining vakillari tomonidan tuziladi. Qishloq (ovul) fuqarolari yigʻinining vakillari tomonidan tuzilgan dalolatnoma tezda sugʻurta tashkilotiga joʻnatilishi shart.
Dalolatnoma sugʻurtalanuvchining oʻzi, u yoʻqligida esa balogʻatga yetgan oila aʼzosi yoki vakolatli shaxs ishtirokida tuzilishi shart. Dalolatnoma uni tuzishda qatnashgan shaxslar tomonidan imzolanadi va sugʻurta tashkilotining yoki Qishloq (ovul) fuqarolari yigʻinining muhri bilan tasdiqlanadi.
Agar dalolatnomada tuzatishlar qilingan boʻlsa, ular izohlangan va dalolatnomani tuzgan shaxslarning imzolari hamda muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi zarur.
Dalolatnoma nobud boʻlgan hayvonni koʻzdan kechirish asosida tuziladi. Bunda hayvon nobud boʻlgan shart-sharoit aniqlanadi. Agar hayvonlar kimningdir (muayyan shaxs yoki tashkilotning) aybi bilan nobud boʻlgan, majburan soʻyilgan yoki yoʻq qilingan boʻlsa, u holda dalolatnomada aybdor shaxsning ismi, ota ismi, familiyasi va yashash joyi yoki tashkilotning nomi hamda manzilgohi, shuningdek aybi koʻrsatiladi.
Sugʻurtalangan hayvonlar majburan soʻyilgan yoki yoʻq qilingan taqdirdagina sugʻurta dalolatnomalarida veterinariya xizmati mutaxassislarining xulosalari boʻlishi talab etiladi.
57. Xoʻjalikda bir turdagi hayvonlardan bir yoʻla bir nechtasi nobud boʻlganda bitta dalolatnoma tuziladi. Bu holda, nobud boʻlgan hayvonlar soni dalolatnomada yozuv bilan koʻrsatiladi.
58. Hayvonlar sugʻurtalanuvchining xoʻjaligi joylashgan qishloq (ovul) dan uzoqda, boshqa hududda nobud boʻlgan hollarda dalolatnoma hududida hayvonlar nobud boʻlgan Qishloq (ovul) fuqarolari yigʻinining vakili tomonidan tuziladi. Bu holda dalolatnoma va unga taalluqli boshqa hujjatlar tezda davlat sugʻurta tashkilotiga yuborilishi kerak.
59. Sugʻurta tashkilotiga kelgan dalolatnomalar va uning oʻzi tuzgan dalolatnomalar oʻsha kuniyoq 114-a shaklli daftarda (2-ilova) qayd qilib qoʻyilishi lozim.
Dalolatnoma qayd etilgandan soʻng sugʻurta tashkilotining boshligʻi uning toʻgʻri tuzilganini, hamma savollarga aniq va toʻliq javob berilganini tekshirishi shart. Agar dalolatnomada keltirilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligiga shubha paydo boʻlsa, sugʻurta tashkilotlari uning toʻgʻri va asosli ravishda tuzilganini tekshirishi zarur.
60. Sugʻurta tashkilotining vakili hayvonlarning nobud boʻlganligi haqida dalolatnoma tuzishda qatnashadigan shaxslarga tegishli yoʻl-yoʻriqlar berishi, bu ishning oʻtkazilishini nazorat qilib turishi va qishloq (ovul) fuqarolari yigʻinini toza dalolatnoma qogʻozlari bilan taʼminlashi shart.
SUGʻURTA QOPLAMASINI MIQDORINI ANIQLASh
61. Majburiy sugʻurta olingan hayvonlar nobud boʻlgan, yoʻq qilingan taqdirda sugʻurta qoplamasi hayvonlarning ushbu turi va yoki guruhi uchun belgilangan sugʻurta puli miqdorida toʻlanadi. Majburiy va ixtiyoriy sugʻurta boʻyicha sugʻurtalangan hayvonlar nobud boʻlganda, oʻgʻirlab ketilganda yoki yoʻq qilinganda sugʻurta qoplamasi majburiy sugʻurta boʻyicha belgilangan sugʻurta puli haqida ixtiyoriy sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurta puli miqdorida toʻlanadi.
62. Hayvon nobud boʻlgan kunda sugʻurtalanuvchida mavjud boʻlgan shu turdagi, jinsdagi, yoshdagi va rang-tusdagi hayvonlar soni sugʻurtalanganidan koʻp boʻlsa va aynan qaysi hayvon sugʻurtalanganini aniqlab boʻlmasa, ixtiyoriy sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurta puli hayvon nobud boʻlgan kunda sugʻurtalanuvchida bor boʻlgan ana shunday hayvonlarning haqiqiy soniga boʻlinadi. Bunda bitta hayvonga necha soʻm toʻgʻri kelsa, shuncha miqdorda sugʻurta qoplamasi toʻlanadi.
63. Faqat majburiy sugʻurtaga yoki faqat ixtiyoriy sugʻurtaga olingan hayvonlar majburan soʻyilganda sugʻurta pulining 20 foizi miqdorida sugʻurta qoplamasi toʻlanadi.
Majburiy sugʻurtaga qoʻshimcha ravishda ixtiyoriy sugʻurtalangan hayvonlar majburan soʻyilganda majburiy va ixtiyoriy sugʻurta pulining 20 foizi miqdorida sugʻurta qoplamasi toʻlanadi.
Hayvonlar majburan soʻyilgan hamma hollarda soʻyish uchun veterinariya mutaxassisi tomonidan ruxsat berilganligi haqidagi maʼlumotnoma davlat sugʻurta muassasasiga taqdim etilishi zarur.
Sugʻurtalanuvchi shaxs hayvonni majburan soʻyish uchun topshirgan taqdirda u hayvonni qabul qilib olgan tashkilotning maʼlumotnomani yoki sotilgan goʻsht haqidagi maʼlumotnomani taqdim etadi.
Agar hayvonni majburan soʻyishga olib kelgan sabablar tufayli goʻshtini ovqatga ishlatishga mutlaqo yaroqsiz deb topilgan boʻlsa, sugʻurta qoplamasi harom oʻlgan hayvon uchun toʻlanadi.
Goʻshtning ovqatga ishlatishga yaroqsizligini veterinariya xizmatining mutaxassisi “Soʻyilgan hayvonlarni koʻzdan kechirish hamda goʻshtni va goʻsht mahsulotlarini veterinariya-sanitariya ekspertizasidan oʻtkazish qoidalari”ga muvofiq aniqlaydi.
SUGʻURTA QOPLAMASI TOʻLASh
64. Sugʻurtalangan hayvonlar nobud boʻlganda, majburan soʻyilganda, yoʻq qilinganda sugʻurta qoplamasi 22-shaklli dalolatnoma va unga ilova qilingan hujjatlar: hayvonni yorib koʻrish bayoni, zarur hollarda, veterinariya laboratoriyasining xulosasi, hayvon yoʻq qilinganligi haqida komissiyaning dalolatnomasi, tergov yoki boshqa vakolatli idoralarning maʼlumotlari asosida toʻlanadi.
Hayvonlar tabiiy ofatlar va baxtsiz hodisalardan nobud boʻlganligi ishonchli maʼlumotlardan aniqlangan boʻlsa, sugʻurta qoplamasi veterinariya idoralarining maʼlumotlarisiz, hayvonlarning nobud boʻlganligi haqidagi dalolatnomalar asosida toʻlanaveradi.
65. Sugʻurtalangan hayvonlarning nobud boʻlish sabablari toʻgʻrisida mol shifokori (vetfeldsher, vettexnik) bergan xulosaning toʻgʻriligiga shubha tugʻilgan taqdirda davlat sugʻurta muassasasi bunday xulosali dalolatnomalarni tekshirish uchun tuman (shahar) ning bosh mol shifokoriga yuborishga majbur.
66. Dalolatnomalarni tuzish, taqdim etish tartibi va muddatlari buzilganligi yoki hayvonlarning nobud boʻlishi, majburiy soʻyilishi, yoʻq qilinishi sabablari yoxud oʻgʻirlab ketilishi haqida vakolatli idoralar tomonidan berilgan maʼlumotlarning notoʻgʻriligi aniqlanganda davlat sugʻurta muassasasi bu haqda tuman (shahar) hokimiyatiga xabar qilishi shart.
67. Quyidagi hollarda sugʻurta qoplamasi toʻlanmaydi:
— agar hayvonlar sugʻurtalanuvchining yoki balogʻatga yetgan oila aʼzosining qasddan qilgan xatti-harakatlari yoki xoʻjasizligi oqibatida nobud boʻlgan yoki majburan soʻyilgan boʻlsa;
— agar hayvonlar veterinariya mutaxassisining yuqumli kasalliklarga qarshi kurash uchun oldini olish tadbirlarini koʻrish haqidagi koʻrsatmalari yoki kasal hayvonni soʻyish toʻgʻrisidagi farmoyishi sugʻurtalanuvchi yoki uning balogʻatga yetgan oila aʼzosi tomonidan ataylab bajarilmaganli sababli harom oʻlgan boʻlsa;
— agar sugʻurtalanuvchi ixtiyoriy sugʻurta shartnomasi kasalligi oldindan maʼlum boʻlgan hayvon uchun tuzgan boʻlsayu, keyinchalik bu hayvon shartnoma tuzilgan paytdagi kasalligi natijasida xarom oʻlgan boʻlsa.
Hatti-harakatlarning qasddan sodir etilganligi, veterinariya koʻrsatmalari ataylab bajarilmaganligi 22-shaklli dalolatnomadagi maʼlumotlar, veterinariya xizmati, militsiya, yongʻin nazorati va boshqa vakolatli idoralar mutaxassislarining xulosalari asosida aniqlanadi.
68. Agar sugʻurtalanuvchi yoki uning balogʻatga yetgan oila aʼzosi, imkoni boʻlgani holda, sugʻurtalangan hayvon nobud boʻlgani, oʻgʻirlab ketilgani, majburan soʻyilgani yoki yoʻq qilingani haqida belgilangan tartibda va muddatda xabar qilmaganligi tufayli hayvonning haqiqatan nobud boʻlganini va buning sababini aniqlashning imkoni boʻlmasa, sugʻurta tashkiloti sugʻurta qoplamasi toʻlashni rad etadi.
69. Sugʻurta tashkiloti sugʻurtalangan hayvonlarning nobud boʻlganligi haqidagi joyida tekshirishni talab qilmaydigan dalolatnomalar boʻyicha sugʻurta qoplamasi toʻlash yoki toʻlamaslik toʻgʻrisida qarorni ular sugʻurta tashkilotiga kelib tushgan kundan boshlab kechi bilan uch kun mobaynida, joyida tekshirishni talab etadigan dalolatnomalar boʻyicha esa uzogʻi bilan yetti kun ichida qabul qilishi kerak.
Qabul qilingan qaror haqida sugʻurtalangan hayvonlarning nobud boʻlganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni qayd qilish daftarida yozib qoʻyiladi. Sugʻurta qoplamasi toʻlashni rad etilgan taqdirda sugʻurtalanuvchiga bu haqda uch kun mobaynida yozma ravishda xabar beriladi.
Davlat sugʻurta muassasasi xodimlarining aybi bilan toʻlashda kechiktirilgan har bir kun uchun sugʻurtalanuvchiga sugʻurta qoplamasining 0,1 foizi miqdorida jarima (penya) toʻlanadi.
70. Sugʻurtalangan hayvonlarning kasalliklardan nobud boʻlgani, majburan soʻyilgani yoki yoʻq qilingani haqida dalolat beruvchi 22-shaklli sugʻurta dalolatnomalarining soni har oyda veterinariya xizmatining hisobot maʼlumotlari bilan solishtirib tekshiriladi.
71. Sugʻurta tashkiloti sugʻurta qoplamasini qancha toʻlagan boʻlsa, sugʻurta qoplamasini olgan sugʻurtalanuvchining hayvoni nobud boʻlishida aybdor shaxsdan talab qilish huquqi shu qoplama doirasida sugʻurta tashkilotiga oʻtadi.
72. Hayvonlarning majburiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlanadigan sugʻurta qoplamasidan sugʻurta badallari boʻyicha boqimanda jarima (penya) va navbatdagi badal ushlab qolinadi.
Hayvonlarning ixtiyoriy sugʻurtasi boʻyicha toʻlanadigan sugʻurta qoplamasidan hech narsa ushlab qolinmaydi, lekin yangi shartnoma tuzish uchun beriladigan imtiyozli bir oy muhlat ichida nobud boʻlgan hayvon uchun ushlab qolinadigan sugʻurta badali bundan mustasnodir.
Agar sugʻurtalanuvchi uchun oʻgʻirlab ketilgan hayvoni uchun sugʻurta qoplamasi olganidan keyin u topilib, egasiga qaytarilsa sugʻurtalanuvchi olgan pulni uch oy mobaynida sugʻurta tashkilotining hisobiga qaytarishi shart.
SUGʻURTA TAShKILOTLARI IShIDAN NORO3I BOʻLIB ShIKOYAT ARIZASI BERISh
73. Sugʻurtalanuvchilarning ariza va shikoyatlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan muddatlarda koʻrib chiqiladi.
74. Shikoyatlar boʻyicha qabul qilingan qarorlar yuzasidan belgilangan daʼvo muddati ichida yuqori turuvchi sugʻurta tashkilotiga yoki xalq sudiga shikoyat arizasi berish mumkin.
75. Ariza berilishi bilan sugʻurta badallarini undirish toʻxtatib qoʻyilmaydi. Shikoyatni koʻrib chiqayotgan tashkilot toʻlanishi kerak boʻlgan pulni undirishni shikoyat hal etilgunga qadar toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
Mazkur Yoʻriqnoma 1994-yilning 1-yanvaridan kuchga kiradi, shu kundan boshlab quyidagilar kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
— SSSR Moliya Ministrligining 1982-yil 22-yanvardagi “fuqarolarga qarashli mol-mulkning davlat majburiy sugʻurtasi boʻyicha hisobga olish, badallarni hisoblash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi 11-son yoʻriqnomasi;
— SSSR Moliya Ministrligining 1977-yil 31-avgustdagi “Qishloqlardagi fuqarolarga karashli imoratlarni majburiy sugʻurtaga olish maqsadida baholash tartibi toʻgʻrisida”gi 70-son yoʻriqnomasi;
— Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 1992-yil 1-apreldagi “Fuqarolarga qarashli imoratlar sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta qoplamasini aniqlash va toʻlash yuzasidan” 19 son yoʻriqnomasi;
— SSSR Moliya Ministrligining 1982-yil 6-iyunidagi “Fuqarolarga qarashli hayvonlar sugʻurtasi boʻyicha sugʻurta qoplamasini aniqlash va toʻlash yuzasidan” 88-son yoʻriqnomasi.
Oʻzbekiston Respublikasi
moliya vazirining muovini
S.S.Buzrukxoʻjayev