Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
VAZIRLAR MAHKAMASINING AGROSANOAT KOMPLEKSI DEPARTAMENTINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 20-maydagi 248-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparati tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Agrosanoat kompleksi vazirliklari va idoralarining iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga oid ishlarini muvofiqlashtirishni taʼminlash, ularning ishlab chiqarishni jadallashtirish ishidagi faoliyatini yanada chuqur oʻrganish hamda agrar sektor sohasida ilgʻor mamlakatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining Dehqonchilik sanoati kompleksi boʻlimi negizida Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi departamenti tashkil etilsin, uning xodimlari soni 20 kishidan iborat boʻladi.
3 Quyidagilar Vazirlar Mahkamasi Agrosanoat kompleksi departamentining asosiy vazifalari etib belgilansin:
davlat agrar siyosatini, agrosanoat kompleksi samaradorligini oshirishga qaratilgan texnik va texnologik chora-tadbirlarni amalga oshirish, agrosanoat kompleksining ahvolini tahlil etish, mintaqalarning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish tuzilmasini takomillashtirish va hududiy ixtisoslashtirishga oid takliflar tayyorlash;
agrar sektorda bozor munosabatlarini rivojlantirish, fermerlik harakati va xususiy tashabbusga har tomonlama yordam koʻrsatish, respublikada mahsulotlarni sotish boʻyicha yarmarkalar va kimoshdi savdolari, qishloq xoʻjaligi mahsulotining ulgurji va mayda ulgurji bozorlarini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirish;
moddiy-texnika resurslari va ishlab chiqarish ehtiyojlari muvozanatiga erishish maqsadida agrosanoat kompleksining tarkibiy boʻlinmalari tomonidan isteʼmolchilar va respublikadagi, shuningdek uning tashqarisidagi mahsulot yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalarning bajarilishiga oid ishlarni tashkil etish;
agrosanoat kompleksi vazirliklari va idoralarining respublika qishloq xoʻjaligiga texnika, oʻgʻit va boshqa turdagi moddiy-texnika resurslarini yetkazib beruvchi boshqa xalq xoʻjaligi komplekslari boʻlinmalari bilan hamkorligini muvofiqlashtirish, shu asosda agrosanoat kompleksi korxona va tashkilotlarining ushbu resurslarga boʻlgan ehtiyojlarini yanada toʻlaroq qondirishni taʼminlash;
qishloq xoʻjaligi va u bilan bogʻliq boʻlgan tarmoqlarni rivojlantirish masalalari boʻyicha qabul qilingan hukumat qarorlarining bajarilishini tashkil etish, qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirishga oid chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
qishloq xoʻjaligi yuksak rivojlangan davlatlarning tajribasini amalda tatbiq etish maqsadida tashqi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va yanada rivojlantirish;
agrosanoat kompleksi sohasida davlat kadrlar siyosatini amalga oshirish, oliy va oʻrta, shu jumladan bozor yoʻnalishi mutaxassisliklari boʻyicha qishloq xoʻjaligi taʼlimini tashkil etish, fermerlarni oʻqitish, kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
4. Belgilansinki, vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari majburiy tartibda:
agrosanoat kompleksini tarmoqlar va mintaqalar boʻyicha rivojlantirish dasturini, ekin maydonlari tuzilmasini va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini, qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha shartnomalar va bitimlarni Departament bilan birgalikda ishlab chiqadilar;
Agrosanoat kompleksi departamenti tomonidan soʻralgan zarur axborotlar oʻz vaqtida taqdim etilishini taʼminlaydilar.
5. Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi departamenti boshligʻi va uning oʻrinbosariga Oʻzbekiston Respublikasi vazirlari va ularning birinchi oʻrinbosarlari uchun belgilangan maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatish sharoitlari tatbiq etilishi belgilab qoʻyilsin.
6. Xodimlarning lavozim maoshlariga yuqori malaka, kompyuter texnikasi bilan ishlashda koʻnikmalarga ega boʻlganligi uchun mehnatga haq toʻlashning belgilangan fondi doirasida maxsus ustamalar belgilanishiga ruxsat etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari Q.Gʻ. Obidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 7-yanvar,
5-son
Vazirlar Mahkamasi Agrosanoat kompleksi departamentining shtatlar jadvali
| T/r | Lavozimlar nomi | Shtatdagi xodimlar soni | Tarif setkasi boʻyicha razryad | Asosiy oylik maosh |
| 1. | Departament boshligʻi | 1 | 19 | 3145 |
| 2. | Boshliq oʻrinbosari — boʻlim boshligʻi | 1 | 18 | 2995 |
| 3. | Boʻlim boshligʻi | 3 | 17 | 2850 |
| 4. | Bosh mutaxassis | 9 | 15 | 2565 |
| 5. | Yetakchi mutaxassis | 4 | 14 | 2425 |
| 6. | Katta inspektor | 2 | 9 | 1755 |
| | Jami: | 20 | x | 50985 |
Agrosanoat kompleksi departamentining tuzilmasi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi departamenti toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi departamenti (keyingi oʻrinlarda “Departament” deb ataladi) Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining Agrosanoat kompleksi departamentini tashkil etish toʻgʻrisida” 1997-yil 7-yanvardagi 5-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Departamentning faoliyati agrar sektorda Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosatini amalga oshirishga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, sotish, saqlash, qayta ishlash va yetkazib berish, suv xoʻjaligi, qishloq qurilishi masalalari boʻyicha, Orolboʻyi, tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, respublikadagi ekologik vaziyat muammolari boʻyicha vazirliklar, davlat qoʻmitalari, ilmiy tashkilotlar, konsernlar va agrosanoat kompleksi boshqa tarkibiy boʻlinmalarining faoliyatini muvofiqlashtirib borishga qaratilgan.
Departament agrar siyosatni amalga oshirishga doir oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Raisi, Bosh vazir va Bosh vazirning agrosanoat kompleksi masalalariga mutasaddi boʻlgan birinchi oʻrinbosari rahbarligida amalga oshiradi, respublika Vazirlar Mahkamasining boʻlimlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib boradi.
Departament oʻz ishida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, mazkur Nizomga hamda boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi.
II. DEPARTAMENTNING TUZILMASI VA MAQOMI
Departamentga Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari mutasaddilik qiladi.
Departament tarkibiga quyidagilar kiradi:
Departament boshligʻi;
Departament boshligʻining oʻrinbosari boʻlimlardan birining boshligʻi;
iqtisodiy qayta oʻzgartirishlar va bozor islohotlari boʻlimi;
qishloq xoʻjaligi va ishlab chiqarish infratuzilmasi boʻlimi;
agrosanoat kompleksi sanoat tarmoqlari ishlari boʻlimi;
melioratsiya va suv xoʻjaligi, qishloq qurilishi, atrof-muhitni muhofaza qilish va yerdan foydalanish boʻlimi.
Boʻlimlar ishiga maqomiga koʻra Vazirlar Mahkamasining boʻlim mudirlariga tenglashtiriladigan boʻlim boshliqlari boshchilik qiladi.
Departament apparati maqomiga koʻra Vazirlar Mahkamasining shuʼba mudirlariga tenglashtirilgan bosh mutaxassislar, Vazirlar Mahkamasining katta ekspertlariga tenglashtirilgan yetakchi mutaxassislardan iboratdir.
III. DEPARTAMENTNING VAZIFALARI
Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari hisoblanadi:
davlatning agrar siyosatini, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, agrosanoat kompleksi barcha subyektlarining imkoniyatlaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan texnik va texnologik chora-tadbirlarni amalga oshirish;
vatanimizning ilgʻor tajribasini va eng yaxshi jahon yutuqlarini qoʻshib olib borish asosida agrosanoat kompleksi tarmogʻida yagona ilmiy-texnologik siyosatni hayotga tatbiq etish;
agrosanoat ishlab chiqarishining ahvolini tahlil qilish, mintaqalarning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish tuzilmasini takomillashtirish va hududiy ixtisoslashtirishga oid takliflar tayyorlash;
agrosanoat kompleksi tarmoqlarining qishloqqa texnika, xalq xoʻjaligining oʻgʻit va moddiy-texnika resurslari boshqa turlarini yetkazib beruvchi boshqa komplekslari bilan iqtisodiy oʻzaro munosabatlarini takomillashtirish, agrosanoat kompleksi korxonalari va tashkilotlarini ular bilan taʼminlashga koʻmaklashish;
agrosanoat kompleksi tarkibiy boʻlinmalari tomonidan ham respublika ichida, ham uning tashqarisida isteʼmolchilar va mahsulot yetkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar bajarilishiga doir ishlarni tashkil etish, ishlab chiqarish va moddiy-texnika resurslarining muvozanati masalalarini koʻrib chiqish, buning uchun taʼminot va xoʻjalik aloqalarining, iqtisodiy vositalarning ilgʻor shakllari va usullaridan foydalanish, kompleks tarmoqlaridagi ortiqcha hamda foydalanilmayotgan resurslarni sotish boʻyicha yarmarkalar va kimoshdi savdolari tashkil etish;
agrar sektorda bozor munosabatlarini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, fermerlik harakatini va xususiy tashabbusni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, respublikada qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ulgurji va mayda ulgurji bozorlarini tashkil etish, MDH mamlakatlarining umumiy agrar bozorida qatnashish;
atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanishning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflar ishlab chiqish, respublikada ekologik vaziyatni yaxshilash ishlarini tashkil etish;
agrosanoat ishlab chiqarishi sohasida davlat kadrlar siyosatini amalga oshirish, oliy va oʻrta taʼlimni, shu jumladan bozor yoʻnalishi mutaxassislari boʻyicha, tashkil etish, fermerlarni oʻqitish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
IV. DEPARTAMENTNING HUQUQ VA VAZIFALARI
Departament quyidagi huquqlarga egadir:
Vazirlar Mahkamasi boʻlimlaridan, vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, uyushmalar, birlashmalar, korxonalardan, shuningdek mahalliy boshqaruv va hokimiyat organlaridan Departament vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha materiallarni soʻrab olish;
vazirliklar va idoralar rahbarlarining, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining agrosanoat kompleksini rivojlantirish masalalari boʻyicha hisobotlarini eshitish;
dasturlarni ishlab chiqish, agrosanoat kompleksini rivojlantirishning eng muhim muammolarini hal etish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalarni tayyorlash uchun respublikaning olimlari, mutaxassislari va ekspertlarini, shuningdek boshqa mamlakatlarning olimlari, mutaxassislari va ekspertlarini jalb etish;
agrar sektorda hamkorlik masalalari boʻyicha xalqaro konferensiyalar, kongresslar, simpozium va kengashlar ishida, xalqaro shartnomalarni tayyorlash, imzolash va amalga oshirishda qatnashish;
vazirliklar, idoralar rahbarlari ishtirokida kengashlar oʻtkazish, hayʼatlar ishida, Vazirlar Mahkamasi, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari majlislarida qatnashish;
vazirliklar va idoralarning nizomlari va yoʻriqnomalarini oʻzgartirish va ularga qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar kiritish;
oʻz vakolati doirasida vazirliklar va idoralar rahbariyatiga topshiriqlar berish;
respublika vazirliklari va idoralari bilan, shuningdek agrar sektorda oʻzaro hamkorlik masalalari boʻyicha boshqa mamlakatlarning vakolatli organlari, hukumat muassasalari bilan yozishmalarni mustaqil yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining axborotlari va maʼlumotlarining elektron bazalaridan oʻz vakolati doirasida foydalanish.
Departament quyidagilarga majburdir:
Hukumat qarorlari, normativ hujjatlar, respublika agrosanoat kompleksi va uning tegishli tarmoqlarini rivojlantirish konsepsiyalari va dasturlari loyihalarini, shuningdek Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari bajarilishiga doir hisobotlarni ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasining rahbariyati koʻrib chiqishi uchun taqdim etish;
vazirliklar va idoralar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari hamda ularga yuklangan funksiyalar bajarilishi ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish;
oʻziga qarashli organlarning va boshqa mamlakatlar vakillarining davlatlararo bitimlar, shartnomalar va hujjatlar masalalari boʻyicha takliflarini puxta ishlash, ular boʻyicha ekspert baholar va takliflar tayyorlash.
V. DEPARTAMENT IShINI TAShKIL ETISh
Departamentga boshliq, u boʻlmagan vaqtda esa Departament boshligʻining oʻrinbosari boʻlim boshligʻi rahbarlik qiladi.
Departament faoliyati Vazirlar Mahkamasining istiqbol va choraklik ish rejalari, shuningdek Hukumatning Departament vakolatiga tegishli boʻlgan qarorlari bajarilishi ustidan nazorat qilishning alohida rejalari asosida amalga oshiriladi.
Departamentda tayyorlangan masalalar haqida Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga Departament boshligʻi yoki uning roziligi bilan masalalarni tayyorlashda qatnashuvchi Departamentning boshqa masʼul xodimlari tomonidan axborot beriladi.
Departamentning rahbarlari, bosh va yetakchi mutaxassislari Departament rahbariyati taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
Departament oʻzining rasmiy ish qogʻoziga ega boʻladi.
VI. DEPARTAMENT BOShLIGʻI
Departamentga yuklangan vazifalarning hal etilishi uchun shaxsan javob beradi;
boʻlim xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Departament xodimlari tomonidan davlat va mehnat intizomiga rioya etilishini taʼminlaydi.
Departament boshligʻi quyidagi huquqlarga egadir:
Departament vakolatiga kiruvchi joriy masalalar boʻyicha (bir necha boʻlimlarning koʻrib chiqishi uchun mavzu hisoblanmagan hamda ilgari qabul qilingan farmoyishlar va qarorlarga, qonun hujjatlari va normativ hujjatlarga zid boʻlmagan), bu haqda keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosariga axborot bergan holda, qarorlarni mustaqil qabul qiladi;
Departamentda ishlash uchun tavsiya qilinayotgan nomzodlarni tanlash va ular toʻgʻrisida, boʻlim xodimlariga maoshga shaxsiy ustama summasi belgilash boʻyicha Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga takliflar kiritish;
amaldagi yuridik asosga (qonunlar, Hukumat qarorlari, nizomlar, yoʻriqnomalar, normativ hujjatlarga) asoslanuvchi maʼlumot-axborot tusidagi soʻrovlarga doir joʻnatiladigan xat-xabarlarni imzolash;
fuqarolarni qabul qilishda, ularning arizalari, shikoyatlari va takliflarini koʻrib chiqishda qatnashish hamda, zarurat boʻlsa, fuqarolarning yozma va ogʻzaki soʻrovlariga javoblar yuborish.
VII. DEPARTAMENT XODIMLARINING ASOSIY HUQUQ VA VAZIFALARI
Departament boshligʻining oʻrinbosari, boʻlim boshligʻi boʻlimlar faoliyatini yoʻnaltiradi, oʻzi mutasaddilik qiladigan masalalar boʻyicha Departament ish rejasining bajarilishini taʼminlaydi.
Departamentning boʻlim boshliqlari, bosh va yetakchi mutaxassislariga quyidagi huquqlar beriladi:
Vazirlar Mahkamasining oʻzlari mutasaddilik qiladigan vazirliklar va idoralar ishi bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqiladigan majlislarida qatnashish;
oʻzlari mutasaddilik qiladigan vazirliklar va idoralar hayʼatlari ishida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari majlislarida, shuningdek ular tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlar va kengashlarda qatnashish;
zarur hollarda vazirliklar va idoralarning rahbarlari va mutaxassislarini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari xodimlarini Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan materiallarni tayyorlash uchun jalb etish, mutaxassislarning Departament vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha axborotini eshitish;
rahbariyatning topshirigʻiga koʻra vazirliklar va idoralardan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hokimliklardan respublika Hukumatida koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha zarur materiallarni, shuningdek Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga axborot berish uchun, soʻrab olish.
Boʻlim boshliqlari:
oʻzlari mutasaddilik qiladigan tarmoqlar masalalari boʻyicha ishlarni tashkil qiladilar, Hukumat qarorlari tayyorlanishi va bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
oʻzlarining vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha materiallar bilan, shu jumladan vazirliklar va idoralarda tanishish, shuningdek Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallarni ulardan olish huquqiga egadirlar;
qarorlar loyihalari, Departament rahbariyatiga axborot berish uchun materiallar va takliflar tayyorlanishini taʼminlaydilar;
boʻlimlar shugʻullanishiga taalluqli boʻlgan masalalar boʻyicha oʻzlari mutasaddi boʻlgan vazirliklar va idoralar faoliyatini oʻrganadilar, shuningdek yuqori organlar qarorlarining ular tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
oʻzlari mutasaddi boʻlgan vazirliklar va idoralarga asosli va kelishilgan qarorlar qabul qilish uchun masalalarni dastlabki tarzda ishlab chiqish zaruriyati bilan bogʻliq topshiriqlar beradilar.
Bosh va yetakchi mutaxassislar:
oʻzlari mutasaddi boʻlgan vazirliklar va idoralar ishini puxta tahlil qiladilar hamda ularning materiallari boʻyicha xulosalar beradilar, zarurat boʻlganda joyning oʻziga borib ular oldiga qoʻyilgan vazifalarni hal etishda ularga amaliy yordam beradilar;
masala boʻyicha mutasaddi boʻlgan xodim vaqtincha boʻlmagan davrda uning vazifalarini boʻlim boshligʻi tomonidan tayinlangan xodimlar bajaradilar;
vazirliklar va idoralar tomonidan respublika Hukumati qabul qilgan qarorlar bajarilishi boʻyicha materiallarning oʻz vaqtida taqdim etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar.