OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI HAYʼATiNING
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARIGA NOTARIAL FAOLIYAT BILAN ShUGʻULLANISh HUQUQINI BERUVChI LITSENZIYA BERISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2006-yil 8-noyabrda 1637-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi ]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2010-yil 18-sentabrdagi 196-mh-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Hayʼat qarorini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 1637-1, 18.09.2010-y.) muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani berish, litsenziya berishni rad etish, qayta rasmiylashtirish, litsenziyani amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash, tugatish hamda bekor qilishni yanada takomillashtirish maqsadida hamda “Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 3-moddasiga muvofiq, Adliya vazirligi hayʼati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin va u davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshliqlari:
mazkur Nizom talablariga qatʼiy rioya etishni;
notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani berish malaka komissiyalarining qarorlari asosida berilishini taʼminlasinlar.
3. Notariat, FHDY va advokatura boshqarmasi (I.I. Yusubjonov):
joriy yilning noyabr-dekabr oylarida mazkur Nizomni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan adliya boshqarmalari qoshidagi malaka komissiyalari aʼzolari ishtirokida seminar mashgʻulotlari oʻtkazishni;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan mazkur Nizom talablarini bajarilishini muntazam ravishda nazorat qilib borishni taʼminlasin.
4. Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (S.U. Sattarov) ushbu hayʼat qarorini davlat roʻyxatidan oʻtkazsin va Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
5. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (U.T. Ayubov) ushbu hayʼat qarorini “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hayʼatining 2000-yil 28-aprel 33-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari E.S. Kanyazov zimmasiga yuklatilsin.
Hayʼat raisi, vazir B. MUSTAFOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 8-noyabr,
28-son
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom “Notariat toʻgʻrisida”gi, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 10-martdagi 126-sonli “Notariat faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalar berish va litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi hududida notarial faoliyat bilan shugʻullanishni litsenziyalash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani berish, litsenziya berishni rad etish, qayta rasmiylashtirish, litsenziyani amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash, tugatish hamda bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda matnda adliya boshqarmasi deb yuritiladi) huzuridagi malaka komissiyalari (keyingi oʻrinlarda matnda malaka komissiyasi deb yuritiladi) qarorlari asosida beriladi.
2. Malaka komissiyasi faoliyatini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mazkur komissiya toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan shaxslar, shu jumladan notariuslar litsenziat hisoblanadilar.
4. Notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaga:
a) oliy yuridik maʼlumotga ega Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan;
b) davlat notarial idorasida yoki xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius huzurida stajirovkani oʻtagan;
v) malaka imtihonidan oʻtgan shaxslar ega boʻlishi mumkin.
5. Stajirovkadan oʻtgan va notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olish toʻgʻrisida belgilangan tartibda ariza bergan shaxslar malaka komissiyasiga malaka imtihoni topshiradilar.
6. Notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida amal qiladi.
7. Notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani olgan litsenziat undan faqat oʻzi foydalanishi lozim. Litsenziyani yoki unga doir huquqlarni boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
Litsenziyaning amal qilish muddati cheklanmagan.
8. Notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani boshqacha tartibda yoki malaka imtihoni oʻtkazmasdan berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
II. Malaka imtihonini oʻtkazish tartibi
9. Litsenziya talabgori tegishli adliya boshqarmasiga shaxsan quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) litsenziya olish toʻgʻrisida ariza;
b) pasport nusxasi;
v) belgilangan shaklda toʻldirilgan shaxsiy varaqa;
g) mehnat daftarchasining notarial tasdiqlangan nusxasi;
d) oliy yuridik maʼlumoti toʻgʻrisidagi diplomning notarial tasdiqlangan nusxasi (lozim boʻlganda nostrifikatsiya haqidagi guvohnoma);
e) stajirovka oʻtalganligi toʻgʻrisidagi stajyor rahbarining xulosa va tavsifnomasi hamda stajyor etib tayinlash haqidagi buyruq nusxasi;
j) stajirovka oʻtash talab etilmaydigan shaxslarning mehnat faoliyati haqida ish joyidan tavsifnoma;
z) 3x4 hajmdagi 2 dona fotosurat;
i) malaka komissiyasi ishi bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash maqsadida eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Litsenziya talabgoridan mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Litsenziya talabgori quyidagi hollarda malaka imtihoniga kiritilmaydi:
b) mazkur Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni toʻliq boʻlmagan hajmda va lozim tarzda rasmiylashtirmay taqdim etganda;
v) taqdim etgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlarning mavjudligi aniqlanganda;
g) sud tartibida notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etilganda;
d) qasddan jinoyat sodir etganligi uchun sudlanganligi olib tashlanmaganda yoki sudlanganlik holati tugallanmaganida.
11. Arizalarni qabul qilish, roʻyxatga olish, malaka imtihonini topshirishga hujjatlar tayyorlash va yigʻmajildga tikish malaka komissiyasining masʼul kotibi tomonidan amalga oshiriladi. Arizalar maxsus roʻyxatga olish kitobida qayd etiladi.
12. Malaka imtihoni ariza qabul qilingan kundan boshlab 1 oydan kechiktirmay belgilangan tartibda oʻtkaziladi va litsenziya talabgoriga malaka imtihoni tayinlanganligi, uni oʻtkazish joyi va vaqti toʻgʻrisida yozma ravishda malaka imtihoni oʻtkazilishidan 10 kun oldin xabardor qilinishi lozim.
13. Malaka imtihoni malaka komissiyasi tomonidan yozma-ogʻzaki ravishda oʻtkaziladi.
14. Malaka imtihoni malaka komissiya aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashgan taqdirda haqiqiy hisoblanadi. Malaka imtihoni barcha litsenziya talabgorlari uchun bir yoʻla bir xonada oʻtkaziladi.
Malaka imtihoni jarayonida komissiya aʼzolari va litsenziya talabgorlaridan tashqari begona shaxslarning hozir boʻlishiga ruxsat berilmaydi.
15. Komissiya majlisida masʼul kotib unda ishtirok etayotgan komissiya aʼzolarini hamda malaka imtihonida ishtirok etishga qoʻyilgan litsenziya talabgorlari roʻyxatini, shu jumladan malaka imtihoni kuni hozir boʻlgan va kelmagan litsenziya talabgorlarining roʻyxatini oʻqib eshittiradi.
Komissiya majlisida raislik etuvchi yoki komissiya masʼul kotibi har bir litsenziya talabgorining mehnat faoliyati, oʻtalgan stajirovka yakunlari boʻyicha xulosa va tavsifnoma toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot beradi.
16. Har bir litsenziya talabgoriga imtihon varaqasi tarqatiladi. Imtihon varaqasi adliya boshqarmasining rahbari tomonidan imzolangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi shart.
17. Malaka imtihoni biletidagi savollarga yozma javob yozish va ular boʻyicha ogʻzaki javobga tayyorlanish uchun ikki soat vaqt ajratiladi.
18. Malaka imtihoni 5 ta savoldan iborat bilet asosida oʻtkaziladi. Malaka imtihoni biletidagi savollarga yozma javoblar faqatgina imtihon varaqasiga yoziladi.
Litsenziya talabgoriga javob yozish uchun imtihon varaqasi yetarli boʻlmagan taqdirda, unga qoʻshimcha imtihon varaqasi beriladi.
19. Malaka imtihoni biletidagi savollarga tayyorlanish jarayonida litsenziya talabgoriga quyidagilar taqiqlanadi:
a) qonunchilik hujjatlari, maxsus adabiyotlar, uyali aloqa vositasi yoki boshqa materiallardan (maʼlumotlardan) foydalanish;
b) boshqa litsenziya talabgorlari bilan suhbatlashish;
v) oʻz imtihon varaqasini topshirgunga qadar malaka imtihoni oʻtkazilayotgan xonadan tashqariga chiqish.
20. Malaka imtihoni biletidagi savollarga javob tayyorlab boʻlgan litsenziya talabgori komissiyaga ogʻzaki javob beradi. Komissiya aʼzolari ayrim javoblarni hamda litsenziya talabgorining bilim darajasini aniqlashtirish maqsadida qoʻshimcha savollar berishlari mumkin.
21. Savollarga javob berib boʻlgan litsenziya talabgoriga oʻz imtihon varaqasini topshirgandan soʻng xonadan chiqishga ruxsat beriladi. Imtihon varaqalari majlis bayonnomasiga ilova qilinadi.
22. Malaka imtihoni natijalari boʻyicha malaka komissiyasining qarori majlisda ishtirok etayotgan malaka komissiyasi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovoz berish malaka imtihoni topshiruvchining yoʻqligida ochiq ravishda oʻtkaziladi. Komissiya aʼzolarining alohida fikrlari bayonnomaga kiritiladi. Ovozlar teng boʻlganida komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
23. Malaka imtihoni oʻtkazuvchi malaka komissiyasi majlisida bayonnoma yuritiladi va u komissiya raisi, masʼul kotib va malaka imtihonida qatnashgan boshqa komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi va muhr bilan tasdiqlanadi.
24. Malaka komissiyasi majlisi bayonnomasida quyidagilar koʻrsatilishi shart:
malaka imtihoni oʻtkazish joyi va sanasi, uning boshlanish va yakunlanish vaqti;
malaka imtihonida qatnashgan komissiya aʼzolarining roʻyxati;
malaka imtihonida hozir boʻlgan va unga kelmagan litsenziya talabgorlari roʻyxati;
har bir litsenziya talabgori tomonidan olingan bilet raqami va undagi savollar mazmuni;
litsenziya talabgori tomonidan biletdagi savollarga javob bergan yoki bermaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ayrim javoblarni hamda litsenziya talabgorining bilim darajasini aniqlashtirish maqsadida komissiya aʼzolari tomonidan berilgan savollar va litsenziya talabgorining javoblari mazmuni;
ovoz berish natijalari;
malaka imtihoni yakunlari boʻyicha komissiya qarori;
komissiya qarori ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati;
malaka imtihonini oʻtkazish masalalariga taalluqli boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
25. Malaka komissiyasi majlisi bayonnomasi ikki nusxada tuziladi. Malaka imtihonidan soʻng uch kun ichida bayonnomaning bir nusxasi litsenziya berish toʻgʻrisida buyruq qabul qilish uchun adliya boshqarmasi boshligʻiga taqdim etiladi, ikkinchi nusxasi malaka imtihoni boʻyicha yigʻmajildga tikiladi.
26. Malaka komissiyasi qarori shu kunning oʻzida malaka imtihonida ishtirok etgan litsenziya talabgorlariga oʻqib eshittiriladi.
27. Masʼul kotib tomonidan malaka imtihonida ishtirok etgan litsenziya talabgorlariga uch kun ichida komissiya qaroridan koʻchirma beriladi va bu haqda tilxat olinadi. Qaror koʻchirmasida komissiya qarori ustidan shikoyat qilish tartibi koʻrsatiladi.
28. Malaka imtihonidan oʻta olmagan litsenziya talabgori malaka komissiyasining qarori chiqqan kundan boshlab kamida bir yildan soʻng qayta malaka imtihoni topshirishga qoʻyiladi.
29. Malaka imtihonidan oʻta olmagan litsenziya talabgorining yozma murojaatiga asosan komissiya qaroridan koʻchirma topshirilgandan keyin bir oy oʻtgach arizaga ilova qilingan barcha hujjatlar (ariza va yigʻim toʻlanganligi toʻgʻrisidagi hujjatdan tashqari) qaytarilishi mumkin.
30. Talab qilib olinmagan hujjatlar adliya boshqarmasida malaka komissiyasi qaror qabul qilgan kundan boshlab uch yil saqlanadi, soʻngra belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
III. Litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish tartibi
31. Malaka imtihoni natijalari boʻyicha malaka komissiyasi litsenziya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
32. Malaka komissiyasining litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarori adliya boshqarmasi tomonidan litsenziya berish uchun asos boʻladi.
33. Malaka komissiyasi qarori qabul qilinganidan soʻng uch kundan kechikmay malaka imtihonidan oʻtgan litsenziya talabgoriga bank hisobvaragʻi rekvizitlari va davlat bojini toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma ravishda xabarnoma yuboriladi (topshiriladi).
34. Litsenziya talabgori malaka imtihonini topshirgandan soʻng, bir oy mobaynida eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgandan keyin unga litsenziya beriladi.
35. Agar litsenziya talabgori unga xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan eʼtiboran uch oy ichida litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan boʻlsa, malaka komissiyasining litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarori bekor qilinadi.
IV. Litsenziyani rasmiylashtirish va qayta rasmiylashtirish tartibi
36. Litsenziya tegishli blankda rasmiylashtiriladi va adliya boshqarmasi boshligʻi (boshliq oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
37. Litsenziya blanklari qatʼiy hisobot hujjati hisoblanadi va hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga hamda himoyalanganlik darajasiga ega boʻlishi lozim.
38. Litsenziya blankalari namunalari va ularni tayyorlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
39. Litsenziya yoʻqolgan taqdirda litsenziatning arizasiga koʻra uning dublikati beriladi. Dublikat berishda eng kam oylik ish haqining yarim baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
40. Litsenziatning familiyasi, ismi va otasining ismi oʻzgargan taqdirda, bir haftalik muddatda adliya boshqarmasiga ushbu maʼlumotlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart. Notarial faoliyatni ushbu talablarni buzgan holda amalga oshirish, faoliyat bilan litsenziyasiz shugʻullanganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
41. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish tegishli hujjatlar ilova qilingan holda besh kun ichida amalga oshiriladi.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar notarius notarial faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilganda litsenziyalarni roʻyxatga olish reyestriga tegishli oʻzgartishlar kiritiladi.
42. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun litsenziat arizasini koʻrib chiqqanligi uchun eng kam oylik ish haqining yarim baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
V. Litsenziyalar reyestrini yuritish tartibi
43. Adliya boshqarmasi notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Reyestrda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim:
litsenziatning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, pasport seriya raqami va kim tomonidan berilganligi;
litsenziyaning tartib raqami va berilgan sanasi;
litsenziya olingan sana va litsenziya oluvchining imzosi;
litsenziyani qayta rasmiylashtirish asoslari va sanasi;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash asoslari, sanasi;
litsenziyaning amal qilishini tugatish va litsenziyani bekor qilish asoslari, sanasi.
44. Notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyalarni roʻyxatga olish reyestri tikilgan, raqamlangan va adliya boshqarmasi rahbarining imzosi va boshqarmaning muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim. Reyestrning saqlanish muddati 75 yil.
VI. Litsenziyani amal qilishini toʻxtatib turish tartibi
45. Litsenziyaning amal qilishi malaka komissiyasi qaroriga binoan quyidagi hollarda 6 oygacha toʻxtatib turilishi mumkin:
notarius jinoiy javobgarlikka tortilganda, u ayblanuvchi sifatida javobgarlikka tortilganidan boshlab sud hukmi qonuniy kuchga kirgunga qadar yoxud oqlovchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingunga qadar;
notariusning qonun hujjatlari talablarini buzganligi aniqlanganda;
litsenziyalovchi organning notarius zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlari notarius tomonidan bajarilmaganda.
46. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror haqida notariusga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay asoslangan dalillar bilan xabar qilinishi lozim.
Notarius qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida Reyestr kitoblarini dalolatnoma tuzish yoʻli bilan tegishli adliya boshqarmasiga topshirishi lozim.
47. Litsenziyani amal qilishini toʻxtatilganligi va tiklanganligi toʻgʻrisida mahalliy matbuotda va “Inson va qonun” roʻznomasida eʼlon qilinadi.
48. Litsenziyaning amal qilinishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
VII. Litsenziyaning amal qilishini tugatish tartibi
49. Litsenziyaning amal qilishi malaka komissiyasining qaroriga asosan quyidagi hollarda tugatiladi:
litsenziatning litsenziyani amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi arizasiga binoan;
litsenziat qasddan jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilingan taqdirda — hukm qonuniy kuchga kirganda;
litsenziat qonunda belgilangan tartibda muomala layoqati cheklangan yoki muomala layoqatiga ega emas deb topilganda;
notarius oʻz kasbiy vazifalarini muntazam ravishda yoxud bir marotaba qoʻpol tarzda buzganda;
notarius litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish haqidagi malaka komissiyasining qarorini bajarmay faoliyatini davom ettirganda;
malaka komissiyasining litsenziya berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
litsenziat Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda.
Litsenziyaning amal qilishi sudning qaroriga binoan ham tugatilishi mumkin.
Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror u berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
Litsenziyani amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi malaka komissiyasi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
50. Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror haqida litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay asoslangan dalillar bilan xabar qilinishi lozim.
51. Litsenziat litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziyani adliya boshqarmasiga qaytarishi va u belgilangan tartibda yoʻq qilinishi lozim.
52. Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida mahalliy matbuotda va “Inson va qonun” roʻznomasida eʼlon qilinadi.
53. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishi tugatilgan taqdirda, u yuridik shaxs sifatida belgilangan tartibda tugatiladi.
54. Litsenziyasining amal qilishi tugatilgan notarius darhol idora muhri va shtamplarini adliya boshqarmasiga belgilangan tartibda yoʻq qilish uchun topshiradi. Shuningdek, u notarial harakatlar boʻyicha barcha hujjatlarni adliya boshqarmasi belgilagan notarial idoraga dalolatnoma asosida topshirishi lozim. Dalolatnoma adliya boshqarmasining masʼul xodimi ishtirokida tuziladi va imzolanadi.
55. Notarius bilan mehnat shartnomasining bekor qilinishi litsenziyani amal qilishini tugatilishiga olib kelmaydi.
56. Litsenziyaning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran notariusning faoliyati tugatiladi.
VIII. Litsenziyani bekor qilish tartibi
57. Litsenziyani bekor qilish malaka komissiyasining qaroriga asosan quyidagi asoslarga koʻra amalga oshiriladi:
litsenziatning arizasiga binoan;
agar litsenziat unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingani haqidagi xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan eʼtiboran uch oy ichida litsenziyalovchi organga litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan boʻlsa;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Litsenziya sudning qaroriga binoan ham bekor qilinishi mumkin.
Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror u berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Litsenziyaning bekor qilinishi notariusning oʻz kasbiy faoliyatini bajarishdagi harakatlarini noqonuniy deb topishga sabab boʻlmaydi, uning ayrim harakatlarini belgilangan tartibda noqonuniy deb topish hollari bundan mustasno.
58. Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror adliya boshqarmasi tomonidan litsenziatga yozma shaklda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay asoslantirilgan dalillar bilan yetkaziladi.
Litsenziat litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida litsenziyani adliya boshqarmasiga qaytarishi va u belgilangan tartibda yoʻq qilinishi lozim.
59. Litsenziyani bekor qilinganligi toʻgʻrisida mahalliy matbuotda va “Inson va qonun” roʻznomasida eʼlon qilinadi.
60. Xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notarius litsenziyasining amal qilishi tugatilgan taqdirda, u yuridik shaxs sifatida belgilangan tartibda tugatiladi.
61. Litsenziyasi bekor qilingan notarius darhol idora muhri va shtamplarini adliya boshqarmasiga belgilangan tartibda yoʻq qilish uchun topshiradi. Shuningdek, notarial harakatlar boʻyicha arxiv hujjatlarini adliya boshqarmasi belgilagan notarial idoraga dalolatnoma asosida topshirishi lozim. Dalolatnoma adliya boshqarmasining masʼul xodimi ishtirokida tuziladi va imzolanadi.
62. Notarius bilan mehnat shartnomasining bekor qilinishi litsenziyani bekor qilinishiga olib kelmaydi.
63. Litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran notariusning faoliyati tugatiladi.
IX. Malaka komissiyasi qarori ustidan shikoyat qilish tartibi
64. Malaka komissiyasining qarori ustidan tegishli qaror olingandan soʻng bir oy ichida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi apellatsiya komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda matnda — apellatsiya komissiyasi deb yuritiladi) shikoyat qilinishi mumkin.
Shikoyat tegishli adliya boshqarmasi orqali yoki bevosita apellatsiya komissiyasiga berilishi mumkin.
65. Adliya boshqarmasi shikoyat qabul qilingan kundan boshlab uch kundan kechiktirmay shikoyat bilan birgalikda unga tegishli barcha hujjatlarni apellatsiya komissiyasiga yuboradi.
66. Shikoyat berish muddati davomida Adliya vazirligi tomonidan qonunchilik talablari buzilganligi holatlari aniqlansa, mazkur masala, shikoyat berilgan yoki berilmaganligidan qatʼi nazar, apellatsiya komissiyasida koʻrib chiqiladi.
Bunday holda, apellatsiya komissiyasi barcha hujjatlarni tegishli adliya boshqamasidan koʻrib chiqish uchun talab qilib olishga haqli.
67. Apellatsiya komissiyasi tegishli shikoyatni koʻrib chiqish jarayonida shikoyatda koʻrsatilmagan, lekin toʻgʻri qaror qabul qilish uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa holatlarni oʻrganib chiqishi va inobatga olishi mumkin.
68. Apellatsiya komissiyasiga kelib tushgan shikoyatlar boʻyicha komissiya quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli:
a) malaka komissiyasi qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va shikoyatni qanoatlantirishni rad etish;
b) malaka komissiyasi qarorini bekor qilish va malaka komissiyasi tomonidan takroran malaka imtihoni oʻtkazish;
v) malaka komissiyasi qaroriga oʻzgartirish kiritish yoki yangi qaror chiqarish.
69. Malaka komissiyasining qarorini oʻzgarishsiz qoldirish va shikoyatni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
a) shikoyat ushbu Nizom talablariga taalluqli boʻlmasa;
b) shikoyatda koʻrsatilgan vajlar oʻz tasdigʻini topmasa.
70. Malaka komissiyasi qarorini bekor qilish va malaka komissiyasi tomonidan takroran malaka imtihoni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:
a) malaka imtihoni mazkur Nizom talablariga zid ravishda oʻtkazilgan boʻlsa;
b) malaka imtihoni oʻtkazish jarayonida litsenziya talabgorlarining javoblari noxolis baholanganligi toʻgʻrisida asoslantirilgan xulosaga kelinsa.
71. Malaka komissiyasi qaroriga oʻzgartirish kiritish yoki yangi qaror chiqarish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
a) qaror mazkur Nizom talablariga zid ravishda qabul qilingan boʻlsa;
b) litsenziyani amal qilinishini toʻxtatib turish muddati toʻgʻri belgilanmaganligi aniqlansa.
72. Takroran malaka imtihoni oʻtkazish toʻgʻrisidagi apellatsiya komissiyasining qarori nusxasi keyingi kundan kechiktirilmay tegishli adliya boshqarmasiga yuboriladi. Adliya boshqarmasi qaror nusxasini olgandan soʻng mazkur Nizomda belgilangan tartibda takroran malaka imtihoni oʻtkazadi.
73. Adliya boshqarmasi arizachiga takroran malaka imtihoni tayinlanganligi, uni oʻtkazish joyi va vaqti toʻgʻrisida yozma xabar qilishi lozim.
74. Takroran oʻtkazilgan malaka imtihoni natijalari boʻyicha qabul qilingan qaror nusxasi u qabul qilingan kundan boshlab uch kun ichida apellatsiya komissiyasiga taqdim etiladi.
75. Apellatsiya komissiyasi shikoyatlarni koʻrib chiqish bilan bir vaqtda mazkur Nizom talablarining buzilishiga aybdor boʻlgan adliya idoralari xodimlarining aybdorlik darajasini aniqlaydi va aybdor shaxslarni javobgarligi masalasini hal etish boʻyicha tegishli adliya boshqarmasi boshligʻi yoki Adliya vaziriga aniq takliflar kiritadi.
76. Apellatsiya komissiyasiga shikoyat bergan shaxs har qanday bosqichida oʻz shikoyatini yozma murojaati asosida qaytarib olishga haqli.
77. Apellatsiya komissiyasi qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 45-son, 450-modda)