Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 14-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3030-6]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2018-yil 28-apreldagi 16/18-son qarori (roʻyxat raqami 3030, 2018-yil 2-iyul) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2018-y., 27-son, 553-modda) bilan tasdiqlangan Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 9-dekabr,
26/7-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 9-dekabrdagi 26/7-son qaroriga
ILOVA
Bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qoʻyiladigan minimal talablar toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bandning uchinchi xatboshisi “veb-saytida” degan soʻzlardan keyin “, internet-banking tizimida va/yoki mobil ilovasida” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
2. 3-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Bank xizmatlari bank va isteʼmolchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma, shu jumladan ommaviy oferta tarzidagi shartnoma asosida koʻrsatiladi.”;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Shartnomalarning matni davlat tilida tuziladi. Isteʼmolchi va bankning oʻzaro kelishuviga muvofiq shartnoma matni boshqa tilda ham tuzilishi mumkin.”.
3. 61-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bank xizmatlari masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlari orqali koʻrsatilganda, bank isteʼmolchiga shartnoma tuzilishidan oldin mazkur tizim orqali shartnoma shartlari bilan tanishib chiqish va undan nusxa olish imkoniyatini yaratib berishi lozim.”.
4. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Bank oʻzining moliyaviy xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni isteʼmolchilarga davlat tilida yetkazishi lozim. Bankning moliyaviy xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qoʻshimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin.
Bank xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning matni loʻnda, oddiy va ravon tilda bayon etilishi kerak.”.
5. 12-banddagi “oʻn” degan soʻz “besh” degan soʻz bilan almashtirilsin.
6. 121-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Agarda shartnoma masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlari orqali tuzilganda, bank isteʼmolchiga ushbu shartnoma tuzilgan kunda, mazkur tizimlar orqali shartnomadan foydalanish va undan nusxa olish imkoniyatini yaratishi shart.”.
7. 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Bank oʻzining rasmiy veb-saytida, internet-banking tizimida va/yoki mobil ilovasida isteʼmolchi uchun shaxsiy kabinet yaratish va undan foydalanish imkoniyatini taʼminlab berishi lozim.
Bank isteʼmolchiga uning shaxsiy kabinetida:
kredit shartnomasi boʻyicha isteʼmolchi bilan tuzilgan shartnoma va unga kiritilgan oʻzgartirishlar hamda mazkur Nizomning 9-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlardan;
omonat (depozit) shartnomasi boʻyicha isteʼmolchi bilan tuzilgan shartnoma va unga kiritilgan oʻzgartirishlar hamda omonat qoldigʻi, omonat boʻyicha kirim-chiqim operatsiyalariga doir maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatini taʼminlab berishi shart.”.
8. 23-bandda:
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“isteʼmolchilarga bank xizmatlarini koʻrsatish tartibi, shartlari va qiymati, shu jumladan bank xizmati boʻyicha namunaviy shartnomalar matni (faqat rasmiy veb-saytda);”;
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“chet el valyutalarini sotish va sotib olish kurslari, chet el valyutalarini almashtirish kurslari, shuningdek valyuta ayirboshlash operatsiyalari uchun undiriladigan vositachilik haqi miqdorlari (agarda mavjud boʻlsa);”;
9. Quyidagi mazmundagi 242 — 245-bandlar bilan toʻldirilsin:
“242. Bank omonati (depoziti) shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim. Bunda shartnoma masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlaridan foydalanilgan holda tuzilganda, uni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ofertani akseptlash orqali ham rasmiylashtirish mumkin.
243. Bank va omonatchilar oʻrtasida bank omonati (depoziti) shartnomasi, omonat summasi bank kassasiga qabul qilingan yoki omonat hisobvaragʻiga tegishli mablagʻ naqd pulsiz shaklda kelib tushgan kundan boshlab tuzilgan hisoblanadi.
244. Bank omonatchiga uning pul mablagʻlari omonatga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi tegishli hujjatni yozma shaklda yoki masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlari orqali elektron tarzda tasdiqlab berishi lozim.
245. Fuqarolarning bankdagi omonatlari Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq kafolatlangan boʻlsa, bank omonati (depoziti) shartnomasida bu haqda maʼlumot aks ettirilishi shart.”.
10. 26-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“26. Bank omonati (depozit) shartnomasi tuzilgunga qadar bank isteʼmolchiga ogʻzaki tarzda quyidagi axborotni taqdim etadi:
omonat (depozit) turi (talab qilib olguncha, muddatli, jamgʻarma);
omonat (depozit) muddati (mavjud boʻlganda);
omonatning (depozitning) eng kam summasi;
mukofot stavkalari;
qoʻshimcha bitim tuzmagan holda omonat (depozit) muddatini uzaytirish shartlari;
omonatni (depozitni) toʻldirish imkoniyati;
omonatni (depozitni) toʻliq yoki qisman muddatidan oldin qaytarib olish shartlari;
foiz stavkalari;
omonat (depozit) boʻyicha asosiy summa va foizli daromadlarni toʻlab berish tartibi;
omonatga (depozitga) qoʻshimcha mablagʻ kiritish imkoniyati;
omonatga (depozitga) naqd pullarni kirim qilish qanday hujjat bilan rasmiylashtirilishi;
omonatga (depozitga) qoʻyish maqsadida bank kassasiga naqd pullarni topshirish yoki bank hisobvaragʻiga mablagʻlarni oʻtkazishdan avval bank bilan depozit shartnomasini rasmiylashtirish shartligi;
bank omonati (depoziti) shartnomasi boʻyicha nazarda tutilgan bank va isteʼmolchining huquq va majburiyatlari, ularning javobgarligi toʻgʻrisida.
Bank omonati (depozit) shartnomasi masofaviy xizmat koʻrsatish tizimi orqali tuzilganda, bank mazkur tizim orqali isteʼmolchiga shartnoma tuzilishidan oldin mazkur bandda koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim.”.
11. 351-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“351. Tijorat banklariga:
mikroqarz shartnomalari boʻyicha yillik qarz summasining yarmidan koʻp miqdorida foizlar hisoblash, komissiya va neustoyka (jarima, penya) undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qoʻllash;
kredit buyurtmalarini koʻrib chiqish, ssuda hisob raqamlariga xizmat koʻrsatish, kreditlar ajratish uchun toʻlovlar, shuningdek, jismoniy shaxslar va kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan kreditlar (mikroqarzlar)ni muddatidan ilgari qoplash uchun neustoyka (jarima, penya) undirish;
jismoniy shaxslarga xorijiy valyutada kreditlar (qarzlar) berish va kreditlar (qarzlar) boʻyicha ularning majburiyatlarini xorijiy valyutada hisobga olish;
ilgari olingan kreditlar (qarzlar) boʻyicha soʻndirilmagan muddati oʻtgan qarzdorlik mavjud boʻlgan taqdirda jismoniy shaxslarga yangi mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish taqiqlanadi.”.
12. Quyidagi mazmundagi 352-band bilan toʻldirilsin:
“352. Bankning dasturiy taʼminotida yuzaga kelgan nosozliklar isteʼmolchilarning majburiyatlarini ortishiga va ularning qonuniy manfaatlariga zarar yetishiga olib kelmasligi lozim.”.
13. 37-bandning ikkinchi xatboshisi uchinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xabarnomani qoʻlga topshirish hamda u haqida telefon vositalari orqali ogʻzaki eslatmalar qilish mahalliy vaqt bilan soat 20:00 dan 8:00 gacha yoʻl qoʻyilmaydi.”.
14. 373-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“373. Qarz oluvchi-yuridik shaxsning xorijiy valyutada kredit olishga boʻlgan tanlovi va bunday tanlovga koʻra xorijiy valyuta kursining oʻzgarishi natijasida xorijiy valyutada olingan kredit boʻyicha milliy valyutadagi qarz yukining oshishi bilan bogʻliq ravishda kelib chiqadigan oqibatlar qarz oluvchining tavakkalchiligi hisoblanishi haqidagi shart bank va qarz oluvchi oʻrtasida tuzilgan kredit shartnomasida aks ettirilishi lozim.”.
15. Quyidagi mazmundagi 375-band bilan toʻldirilsin:
“375. Bank kredit boʻyicha tuziladigan garov shartnomasida bankning garov taʼminotiga qoʻyilgan talablardan kelib chiqqan holda qarz oluvchining kreditning qoplanmagan qismidan ortiq summada garov taʼminoti summasini kamaytirish huquqini, shuningdek garov taʼminotini kamaytirish tartibi va usullarini aks ettirishi shart.”.
16. Quyidagi mazmundagi 384-band bilan toʻldirilsin:
“384. Bank oʻz filiali yoki uning tarkibiy tuzilmasida terminal orqali toʻlovlarni amalga oshirish yoki bank kartasidagi pul mablagʻini naqdlashtirish boʻyicha xizmat koʻrsatganda bank kartasini taqdim etuvchiga (bank karta egasi yoki kartani ishlatish vakolati berilgan shaxs) ushbu kartaning “PIN-kod”ini mustaqil terishga imkon yaratib berishi lozim.”.
17. Quyidagi mazmundagi 401-band bilan toʻldirilsin:
“401. Bank tomonidan isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda aniq tartib va qoʻllanmalar koʻrsatilgan, shu jumladan mijozlar bilan muloqotga kirishish, ehtiyojlarini aniqlash, mahsulot/xizmatni taqdim etish, taklif shakllantirish, eʼtirozlar bilan ishlash va muloqotni yakunlash jarayonida bank xodimlarining xulq-atvori va kasbiy odob-axloq qoidalarini nazarda tutuvchi mijozlarga xizmat koʻrsatish standartlari joriy etilishi shart.”.
18. 44-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44. Bank yoʻllaydigan talabnomada quyidagi axborot koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
bank nomi va uni identifikatsiyalash uchun yetarli maʼlumotlar;
talabnoma rasmiylashtirilgan sanadagi isteʼmolchining joriy qarzi miqdori va tarkibi;
qarzni toʻlash usul(lar)i;
isteʼmolchi oʻz majburiyatlarini bajarishi lozim boʻlgan muddat (oʻn kundan kam boʻlmasligi lozim);
talabnomada koʻrsatilgan muddatgacha isteʼmolchi oʻz majburiyatlarini bajarmasligi oqibatlari;
nizoni sudgacha hal qilish usullari.”.
19. 45-banddagi “hal qilishning suddan tashqari” degan soʻzlar “sudgacha hal qilish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
20. 46-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“46. Isteʼmolchi nizoni sudgacha hal qilish yuzasidan talabnomada belgilangan muddatda koʻrsatilgan talablarni lozim darajada bajarmaganda, bank sudga daʼvo bilan murojaat etishga haqli.”.
21. 6-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yakuniy qoidalar”.
22. Quyidagi mazmundagi 60-band bilan toʻldirilsin:
“60. Bank oʻz xodimining xizmat vazifasini bajarishi davomida yoʻl qoʻygan nojoʻya xatti-harakatlari natijasida omonatchiga yetkazilgan zararlar boʻyicha javobgardir.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.01.2021-y., 10/21/3030-6/0039-son)