Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi sudlov hayʼatining
Qarori
Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona va tashkilotlar korxonaning aybi bilan mexnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatida nogironlik uchun tayinlangan pensiyalarni toʻlash uchun ish haqi toʻlashga moʻljallangan mablagʻlar hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga xarajatlarni qoplovchi pul oʻtkazadi
[Koʻchirma]
Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi Fargʻona viloyat boshqarmasi Rishton tuman boʻlimi (bundan buyon matnda — Pensiya jamgʻarmasi) xoʻjalik sudiga murojaat qilib, fuqaro O.Imomovning mehnatda mayiblanganligi tufayli unga toʻlangan 12 857 300 soʻm qarzdorlikni javobgarlar “85-XMKK” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda — “85-XMKK” MChJ), “Bunyodkor boʻjay qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda — “Bunyodkor boʻjay qurilish” MChJ), “426 XIKMK” masʼuliyati cheklangan jamiyatlaridan (bundan buyon matnda — “426 XIKMK” MChJ) solidar tartibda undirishni soʻragan. (15-1504/5521-sonli ish)
Shuningdek, Pensiya jamgʻarmasi xoʻjalik sudiga murojaat qilib, fuqaro S. Teshaboyevning mehnatda mayibligi tufayli unga toʻlangan 4 053 500 soʻm qarzdorlikni javobgarlar “85-XMKK” MChJ, “Bunyodkor boʻjay qurilish” MChJ, “426 XIKMK” MChJlardan solidar tartibda undirishni soʻragan. (15-1504/5522-sonli ish)
Sudning 2015-yil 3-apreldagi ajrimi bilan 15-1504/5521 va 15-1504/5522-sonli xoʻjalik ishlari birlashtirilgan.
Birinchi instansiyasi sudining 2015-yil 7-apreldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo talablari qisman qanoatlantirilib, javobgar “85-XMKK” MChJning hisobidan daʼvogar foydasiga 16 910 800 soʻm asosiy qarz, 3000 soʻm pochta harajatlari undirilgan. Daʼvo talabining “Bunyodkor boʻjay qurilish” MChJ, “426 XIKMK” MChJlardan undirish haqidagi qismini qanoatlantirish rad etilgan.
Ish apellatsiya instansiyasi sudida koʻrilmagan.
Kassatsiya shikoyatida sud hal qiluv qarorida Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 50-moddasiga asoslangan boʻlsada, shu qonun talabiga mutlaqo rioya etmagan holda qaror qabul qilganligi, qarzdorlik summasi faqat “85-XMKK” MChJdan undirilishi notoʻgʻri ekanligi, “Bunyodkor boʻjay qurilish” MChJ, “426 XIKMK” MChJ 2010-yilda “85-XMKK” masʼuliyati cheklangan jamiyatidan ajralib chiqayotganida qonun talabiga koʻra majburiyatlar ularning zimmasiga ham oʻtishi haqida vajlar keltirilib, hal qiluv qarorini bekor qilib, qarzdorlik summasining 3 yilligini qayta hisob-kitob qilib daʼvo arizasida koʻrsatilgan javobgarlardan ularning mulkdan olgan hissasiga qarab undirish soʻralgan.
Sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birgalikda muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Ish hujjatlaridan koʻrinishicha, “85-XMKK” MChJda muqaddam ishlagan O.Imomov va S.Teshaboyevlar ish vaqtida baxtsiz xodisa tufayli mehnatga layoqatsiz boʻlib qolishgan. “85-XMKK” MChJ tomonidan ushbu holatlar yuzasidan tegishli dalolatnomalar tuzilgan.
“85-XMKK” MChJning ishchi xizmatchilari ish vaqtida baxtsiz hodisa roʻy berib, mehnatga layoqatsiz boʻlib qolganligi tufayli Pensiya jamgʻarmasi tomonidan O. Imomovga 12 857 300 soʻm va S. Teshaboyevga 4 053 500 soʻm pensiya puli toʻlab berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 1994-yil 11-maydagi 249-sonli qarori bilan tasdiqlangan (15-ilova) “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni 66-moddasining 2-3 bandlariga muvofiq pensiya toʻlashga sarflanadagan xarajatlarni qoplash toʻgʻrisidagi Tartib” talablaridan kelib chiqib, Pensiya jamgʻarmasi tomonidan “85-XMKK” MChJga qarzdorlikni toʻlash toʻgʻrisida talabnoma yuborilgan. Ammo “85-XMKK” MChJ tomonidan talabnoma oqibatsiz qoldirilgan.
Shu bois Pensiya jamgʻarmasi xoʻjalik sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 16 910 800 soʻm qarzdorlikni “85-XMKK” MChJ, “Bunyodkor boʻjay qurilish” MChJ, “426 XIKMK” MChJlardan solidar tartibda undirishni soʻragan.
Birinchi instansiya sudi “85-XMKK” MChJning Pensiya jamgʻarmasi oldidagi jami 16 910 800 soʻm qarzdorligini undirish haqida toʻgʻri xulosaga kelgan.
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni 66-moddasining ikkinchi qismida mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona va tashkilotlar korxonaning aybi bilan mehnatda mayiblanish yoki kasb kasalligi oqibatida nogironlik uchun tayinlangan pensiyalarni toʻlash uchun ish haqi toʻlashga moʻljallangan mablagʻlar hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga xarajatlarni qoplovchi pul oʻtkazilishi nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1001-moddasida boshqa shaxs (mehnat majburiyatlarini bajarayotgan hodim, transport vositasi xaydovchisi) tomonidan yetkazilagan zararni toʻlagan shaxs bu shaxsga nisbatan, agar qonunda boshqacha miqdor belgilanmagan boʻlsa, toʻlangan tovon miqdorini qaytib olish xuquqiga ega ekanligi belgilangan.
Sudlov hayʼati “85-XMKK” MChJning kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlari bilan kelisha olmaydi. Chunki, “85-XMKK” MChJ ulushdorlarining 2010-yil 31-avgustdagi umumiy yigʻilishi qarori bilan “85-XMKK” MChJ taʼsischilari “426-XIKMK” MChJ va fuqaro Gʻ. Salimovlarning (keyinchalik “Bunyodkor boʻjay qurilish” MChJ rahbari) arizalariga asosan jamiyat ulushdori tarkibidan chiqarilgan va ularga jamiyat balansidagi mulklardan ajratib berilgan.
Yaʼni, “85-XMKK” MChJning sobiq taʼsischilari “426-XIKMK” MChJ va fuqaro Gʻ. Salimovlar jamiyatdan ajralib chiqmagan, balki ulushdor sifatida taʼsischilar safidan chiqib ketgan. Ushbu holatda esa, “85-XMKK” MChJ taʼsischilari safidan chiqib ketgan shaxslar, MChJning majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi.
Shu sababli birinchi instansiya sudi Pensiya jamgʻarmasining qarzdorlikni “Bunyodkor boʻjay qurilish” MChJ va “426 XIKMK” MChJlardan solidar tartibda undirish toʻgʻrisidagi talabini asosli ravishda rad etgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Sudning hal qiluv qarori haqida”gi 161-sonli qarorining 1-bandiga koʻra sud tomonidan qabul qilingan qaror moddiy va protsessual qonunchilik normalari bilan toʻliq mos kelishi, ish hujjatlari va sud aniqlagan holatlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Sud hujjati ushbu Plenum qarori talablariga rioya qilingan holda rasmiylashtirilgan boʻlib, sud tomonidan ish uchun ahamiyatli holatlar toʻliq aniqlangan, sudning xulosalari ish holatlariga muvofiq keladi.
Bu holda, sudlov hayʼati, birinchi instansiyasi sudi tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari bilan asoslantirilgan qaror qabul qilingan deb hisoblab, hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topadi.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati kassatsiya shikoyatida keltirilgan vajlar asosida hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻla olmaydi deb hisoblab, uni oʻzgarishsiz, shikoyatni esa qanoatlantirmasdan qoldirishni, “85-XMKK” MChJ tomonidan ishni kassatsiya instansiyasi sudida koʻrish uchun oldindan toʻlangan 84 554 soʻm davlat boji va 7 000 soʻm pochta xarajatlarini uning zimmasida qoldirishni, ortiqcha toʻlangan 46 soʻm davlat bojini unga qaytarishni, shuningdek, undan sud majlisini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish bilan bogʻliq 30 000 soʻm sud xarajatlarini undirishni lozim topadi.
2015-yil 24-iyun,
15-1504/5521-son